— Juda ham ko‘p terlayman. Havo issiqmi yoki sovuqmi buning ahamiyati yo‘q, terlayveraman. Shu sababli o‘zimni qiynamay sekinroq yurishga harakat qilaman. Chunki biroz tezroq xarakat qilsam bas — a’zoi badanimdan ter quyilib chiqaveradi. Bu qanday kasallik belgisi bo‘lishi mumkin va qaysi shifokorga murojaat qilishim kerak?
— Ko‘p terlashingiznaing sabablarini aniqlash uchun bir necha mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan o‘tishni maslahat beramiz. Chunki ko‘p terlashingizga sabab bo‘layotgan kasallikni aniqlash lozim bo‘ladi. Ha, aynan kasallikni! Tibbiyotda gipergidroz deb ataluvchi ko‘p terlash aslida bir qator kasalliklar sababli yuzaga kelishi mumkin. Masalan:
- gormonal muvozanatning buzilishi;
- qattiq asabiylashish, stress, hayajon, xavotir;
- og‘ir jismoniy mashqlar, mushaklar zo‘riqishi;
- noto‘g‘ri teri parvarishi;
- noto‘g‘ri ovqatlanish (alkogol, yog‘li va achchiq ovqatlar iste’mol qilish);
- yuqumli kasalliklar:
- endokrin kasalliklari, zararli shishlar;
- markaziy nerv sistemasining har qanday patologiyasi;
- qandli diabet;
- tomirlarning varikoz kengayishi;
- qalqonsimon bez kasalliklari gipergidroz sababchilari bo‘lishi mumkin. Bu kasalliklardan ma’lum bo‘ladiki, siz endokrinolog, nevrolog, terapevt, dermatolog kabi mutaxassislarga murojaat qilishingiz va ularning tavsiyasi bilan boshqa mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan ham o‘tishingiz kerak bo‘ladi. Hozirda gipergidroz dermatologiya klinikalarida zamonaviy muolajalar yordamida davolanmoqda.
© Orif QUDRATOV, oliy toifali shifokor.
"Salomatlik sandig‘i" gazetasi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )