Saraton bugungi kunda boshqa kasalliklar ichida xavfliligi va o‘lim ko‘rsatkichi yuqoriligi jihatidan dunyo bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Ayanchlisi, bemorlarning aksariyati kasallikning oxirgi bosqichida shifokorga murojaat qilmoqda, bu esa o‘z navbatida davolash samaradorligining pasayishi va o‘lim ko‘rsatkichi oshishiga sabab bo‘layapti.
Davolashda asosiy usul jarrohlik, o‘smaga qarshi kimyoterapiya va nur bilan davolash muolajasi qo‘llaniladi. Bu davo usullari kasallikning bosqichi va tarqalganlik darajasiga qarab belgilanadi.
Kimyoterapiya xavfli o‘sma hujayralariga qarshi ta’sir qiluvchi dori vositalari yordamida davolash usulidir. Bunda bemor organizmiga yuborilgan dori vositasi o‘sma hujayralarini o‘sishdan to‘xtatadi va ularni sekin-asta nobud qiladi. Kimyoterapiya bir yoki bir necha kun davomida qo‘llanilib, 21-25 kun ichida bir marotaba takrorlanib turadi. Kimyoterapiya kurslari kasallikning bosqichi va tarqalganlik darajasi, gistologik shakli hamda davoning samarasiga qarab 4-6 kursgacha davom ettiriladi.
O‘smaga qarshi dori vositalarini bemor organizmiga tabletka va kapsulada yoki vena ichiga (90 foiz hollarda), arteriya qon tomiriga, bo‘shliqlar orqali (qorin, ko‘krak qafasi, qovuq bo‘shliqlariga) yuborish mumkin. Kimyoterapiya qay tarzda qo‘llanilishi bemorga individual yondoshgan holatda, bir necha mutaxassislar ishtirokidagi konsilium asosida hal qilinadi.
Xirurgik yoki nur bilan davolashdan oldin qo‘llaniladigan kimyoterapiya (неоадъювант) o‘sma hujayrasi o‘lchamlarini maksimal darajada kichraytirishga xizmat qiladi. Undan keyin qo‘llaniladigan kimyoterapiya (адъювант) esa mikrometastazlarga qarshi kurashish va kasallikni erta qaytalanishining oldini olish uchun profilaktika maqsadida tavsiya qilinadi.
Bemorlarga o‘smaga qarshi dori vositasi sifatida kimyopreparatlar, gormonlar, targentpreparatlar, immunopreparatlar, bisfosfanatlar beriladi. Bu esa saratonga chalingan bemorning kasallik tufayli o‘lim ko‘rsatkichining kamayishiga va natijada bemorning umrini uzaytirish, hayot sifatini yaxshilashga olib kelmoqda.
Onkologik kasalliklarni barvaqt aniqlash va davolashni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, saratonga chalinganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mamlakatimizning barcha viloyat va tumanlarida tibbiyot muassasalarini onkolog mutaxassislar va yangi tibbiy uskunalar bilan ta’minlash hamda maxsus tibbiy ko‘rik joylarini tashkil etish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirishga bo‘lgan e’tibor kuchaytirilmoqda.
Xalq orasida kimyoterapiya so‘ziga nisbatan kuchli qo‘rquv hissi hosil bo‘lgan. Shuning uchun bemor va uning yaqin qarindoshlariga ushbu xastalik va uning oqibatlari xaqida ma’lumot berilib, davo maqsadida kimyoterapiya tavsiya qilinganda, aksariyat hollarda ikkilanish yoki davolashdan bosh tortish holatlari kuzatiladi. Bunga asosiy sabab, ko‘pgina hududlarda aholi tibbiy savodxonligining pastligidir.
Kimyoterapiya kursini olishdan qat’iy bosh tortadigan bemorlarning ko‘pchiligi asosan sochlari to‘kilishidan qo‘rqishadi. Ayollar orasida bu holat ko‘proq uchraydi. Ammo aytingchi, sog‘ligi yaxshilanmagan ayol ko‘zguga qarashga ham xohishi bo‘larmikan? Sog‘ligimiz nafaqat o‘zimizga balki, yaqinlarimiz ota-onamiz, farzandlarimizga ham kerakligini unutmasligimiz zarur.
Ta’kidlab o‘tish kerakki, nafaqat kimyoterapevtik dori vositalari, balki barcha dori vositalarning davo samarasi bo‘lishi bilan bir qatorda, ular kutilmagan yoki nojo‘ya toksik ta’sirlarni ham yuzaga chiqarishi mumkin. Agar boshqa kasalliklarda buyurilgan dori vositalar qo‘llanilgandan so‘ng kuchli nojo‘ya ta’sirlar kuzatilsa, bunday holatda ularni qabul qilishni to‘xtatishga ko‘rsatma beriladi. Ammo unutmaslik kerakki, o‘smaga qarshi dori vositalar har doim o‘ziga xos toksik reaksiyalar bilan birga kechadi. Biroq hayot uchun xavfli asoratlar kuzatilsa, unda keyingi kursda o‘smaga qarshi dori vositasini yoki keyingi kimyoterapiya kursini zarur bo‘lgan miqdoridan biroz kamaytirilgan holatda o‘tkazish mumkin.
Kimyoterapiya kursidan keyingi kelib chiqadigan toksik reaksiyalar har doim ham kuzatilmasligi mumkin, bu o‘smaga qarshi dori vositasini olayotgan bemorlarning umumiy ahvoliga, yondosh kasalliklari bor-yo‘qligiga va albatta immun holatiga bog‘lik.
O‘smaga qarshi kimyoterapevtik dori vositalari nafaqat eng faol saraton hujayralarini, balki shilliq qavat, qon va suyak ko‘migi tarkibidagi sog‘lom hujayralarni ham nobud qiladi. Shuningdek:
- kimyoterapiya davolash kursini olgan bemorlarda soch, kiprik va qoshlar to‘kilishi mumkin;
- oshqozon-ichak nerv tugunlari dori preparatlaridan ta’sirlanishi natijasida ko‘ngil aynishi, qayt qilish holati ro‘y berishi mumkin;
- oshqozon shilliq qavatining zararlanishi hisobiga stomatit, diareya kelib chiqishini kuzatish mumkin;
- qon va suyak ko‘migi hujayralari nobud bo‘lishi oqibatida qon tarkibida gemoglobin, leykotsit va trombotsitlar miqdori pasayadi va organizmning immun holati susayishi mumkin.
© Dilbar ALMURADOVA, Surayyo SA’DULLAYEVA, Nazira YODGOROVA, Toshkent shahar onkologiya dispanseri mutaxassis shifokorlari. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Bosh miya o‘smalari - sabablari, belgilari, tashxislash va davolash usullari