Qrim-Kongo gemorragik isitmasini virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar virus manbalaridir.
Kasallik asosan cho‘l hududlarida faoliyat yurituvchi kasb egalari (cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar juni qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar)da uchraydi. Kasallik asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq. Gemorragik isitma 20-60 yoshdagi erkaklarda ko‘proq (80 foiz) uchraydi. Kasallikning yana bir xavfli tomoni shuki, bemorning qoni orqali ham (gemokontakt yo‘l bilan) sog‘lom odamga yuqadi.
Respublikamizning juda kata maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanib, bugungi kunda ushbu hududlarda kasallik tarqoq holatlarda (sporadik) uchrab turadi. Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin. Bundan tashqari, ushbu kasallikning respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi ham mavjud.
Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi. Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39-40°C), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuqqotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, inyeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi.
Kasallik gemorragik belgilarsiz shaklda ham kechishi mumkin. Bunda badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, a’zolardan qon ketmaydi, kasallik asosan isitma va intoksikatsiya alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonlarida epidemiyaga qarshi talablarga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga kasallik yuqishi mumkin. Gemorragik isitma kasalligidan saqlanish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi.
Badanga kana yopishganligi aniqlansa, yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilish kerak. Agar yosh bolaga kana yopishgan bo‘lsa, kattalardan biri kanani ehtiyotkorlik bilan olishi mumkin. Zinhor kanani himoyalanmagan qo‘llar bilan olib tashlamaslik kerak. Dastlab kana yopishgan joyga 2-3 tomchi o‘simlik yog‘i tomizib, 10-15 daqiqa kutiladi, shundan so‘ng qo‘llarga rezina qo‘lqop kiyib, pinset yoki ip yordamida sekin-asta teriga yopishgan kana olinadi. Kana olingan joyga paxtali tayoqcha yordamida yod surtiladi va ustiga bakteritsid plastir yopishtiriladi. Olingan kana pensillin flakoniga solinib, og‘zi tiqin bilan bekitiladi va flakondagi kana yoqib tashlanadi.
Qo‘llarga kiyilgan rezina qo‘lqoplar yechilmasdan turib 70°C li etil spirti bilan ishlov berilib, so‘ngra yechiladi va yoqib yuboriladi. Kana chaqishdan ehtiyot bo‘lish maqsadida teri yuzasi imkon qadar kiyimlar bilan bekitilish kerak. Kana ko‘pincha oyoqlar orqali kirishini inobatga olib, shim pochalari mahkam bog‘lanishi kerak.
Biror kishini kana chaqsa, yoki badaniga kana yopishganini ko‘rsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, shuningdek isitmasi chiqqan, burundan, milklardan, oshqozon-ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarga yordam ko‘rsatsa, bemorning qoni teri va shilliq qavatlariga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan odam ham tibbiyot muassasasiga murojaat etishi shart!
Kanalarni qo‘l bilan ezib va qaychi bilan kesib o‘ldirmaslik, qirqim mavsumiga yosh bolalarni, o‘smirlarni va homilador ayollarni jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik, shuningdek, qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlaridan (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, rezina etikdan) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga puxta amal qilish kasallikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘xshash maqola: Qrim-Kongo gemorragik isitmasi
© Bahrom ALMATOV, Respublika Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi. "Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
To‘shak qandalasi (klapa) - tuzilishi, chaqishi oqibatlari va yo‘qotish usullari