Statistik ma’lumotlarga qaraganda jig‘ildon qaynashi katta yoshli axolining 40 foizidan ortig‘ida uchraydi. Yetakchi olmon gastroenterolog olimi A. Simon «XXI asrda qandli diabet bilan bir katorda jig‘ildon qaynashi ham keng tarqaladi. Shunday ekan, bu dardni to‘liq o‘rganish, davolash usullarini takomillashtirish lozim» degan edi.
Jig‘ildon qaynashi tibbiyotda gastroezofageal reflyuks kasalligi deb ataladi. Uning kelib chiqish sabablariga to‘xtalishdan oldin qizilo‘ngachning me’daga o‘tish qismi – kardial sfinkter hakida so‘z yuritsak. Ushbu muhim anatomik qurilma ovqat luqmasining qizilo‘ngachdan me’daga o‘tishini va aksincha, me’da shirasining qizilo‘ngachga quyilmasligini ta’minlaydi. Me’da shirasi aralashgan ovqat qizilo‘ngachga chiqib, uning shilliq qavatiga ta’sir etishi natijasida jig‘ildon qaynashi kelib chiqadi. Kardial sfinkter faoliyatining buzilishiga sabablar bir talay, jumladan:
- tamaki chekish, spirtli ichimliklar ichish
- gazlangan ma’danli va shirin ichimliklar ichish
- achchiq va sho‘r, issiq va sovuq, nordon, yog‘li, o‘ta qovurilgan taomlar eyish
- ziravorlar: yalpiz, zira, xantal, murch, sirka, zirk sinagarilarni ko‘p ishlatish
- limon, apelsin, mandarin greypfurut kabi sitrus mevalarni ko‘p iste’mol qilish
- ayrim dorilar jumladan, nitratlar (uzoq muddat qabul qilinsa), tarkibida asetilsalisil kislota tutgan dori preparatlar
- ortiqcha vazn
Gastroezofageal reflyuks kasalligida – vaqti-vaqti bilan to‘sh osti sohasi yoki orqasida achishish, kekirish, ba’zan nordon suyuqlikning kekirish bilan og‘iz bo‘shlig‘iga qaytib kelishi, tunda so‘lak oqishi kuzatiladi. Ayrim hollarda esa sanab o‘tilgan belgilar yaqqol darajada va tez-tez takrorlanadi. Ko‘pchilik jiddiy e’tibor bermaydigan jig‘ildon qaynashi - jiddiy kasalliklar – peptik ezofagit, diafragmaning qizilo‘ngach tirqishi churrasi, Barett qizilo‘ngachi ya’ni, saraton oldi holati belgilari bo‘lishi mumkin.
Jig‘ildon qaynaydigan kishilar, avvalo, turmush tarzini sog‘lomlashtirish ya’ni quyidagilarga e’tibor qaratishlari lozim:
- Tamaki chekish va spirtli ichimliklardan mutlaqo voz kechish;
- Tez-tez, oz-ozdan ovqatlanish
- Yog‘li, qovurilgan, dudlangan taomlar, qahva, shokolad, asaldan tiyilish
- Kechkurun yotganda bosh tarafini sal balandrok qilish (bitta yostik ortiqcha qo‘yish)
- Kechqurun ovqatni uyquga yotishdan 3 soat oldin eyish
- Aralash-quralash ovqatlanish, juda to‘yib ketishdan saqlanish
- Ovqatlanib bo‘lgandan so‘ng 1,5-2 soatgacha yotmaslik, yonboshlab olmaslik yoki pastga egilmaslik, pastga egilish bilan bajariladigan mashqlarni qilmaslik zarur bo‘lsa ozish
- Qisib turadigan kiyim qiymaslik, tasma taqmaslik.
Jig‘ildon qaynaganda xom no‘xat chaynash, kartoshka va sabzi suvlari ichish yordam beradi, lekin ichimlik sodasidan foydalanmang.
2007 yili Shveysariyaning Gshtad shahrida bo‘lib o‘tgan gastroenterologlarning xalqaro anjumani tavsiyasiga ko‘ra gastroezofageal reflyuks kasalligida quyidagi dorilardan birini 3-5 kun davomida qabul qilish mumkin (ular dorixonalarda reseptsiz sotiladi): maaloks, fosfalyugel, almasid gel, maludroks, relser, filmasid. Dori kuniga uch mahal, ovqatlanishdan 1-1,5 soat keyin 1 osh qoshiqdan (kattalar uchun) va lozim bo‘lsa uyquga yotishdan oldin ichiladi. Agar dorilar suspenziya (suyuq) shaklida bo‘lsa, ichishdan oldin obdon chayqatiladi, hab dori shaklida bo‘lsa so‘riladi.
Har qaysi dorini ichishdan oldin yo‘riqnomasini yaxshilab o‘qib chiqing!!!
Jig‘ildon qaynashi dori ichgandan keyin ham o‘tib ketmasa shiforkorga murojaat eting. Mabodo ishtahasizlik, kamqonlik, nafas olishning qiyinlashishi, tana vaznining keskin kamayishi, ovkatning qizilo‘ngachdan o‘tishida qiyinchilik va tizilishi, ko‘ngil aynishi va qayt qilish, qusuqda kon bo‘lsa vaqtni o‘tkazmay shifokor qabuliga shoshiling.
Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:
- Oshqozon kasalliklariga sabab qidiramiz
- Og‘iz hidlanishiga qarshi 10 ta muhim tavsiya
- Allergiyani diyeta bilan davolash mumkinmi?
© Jamolxon o‘g‘li Mubashshir Qosim.
Gastro.uz nashri.
Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo'llaniladigan dori vositalardan biri ITOMEDdir:
https://apteka.uz/uz/product/itomed
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.