So‘nggi paytlarda yog‘li gepatoz tashxisi qulog‘imizga tez-tez chalinyapti. Bu dard aholi orasida jigarini yog‘ bosibdi, deb ataladi. Xo‘sh, bu qanday kasallik, uning belgilari, oqibatlari va eng muhimi, uning oldini olish choralari nimalardan iborat?
Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi
Jigar kasalliklari orasida keng tarqalgan bo‘lib, inson hayotiga jiddiy xavf soladi, turmushini yomonlashtirib, nogiron qilib qo‘yadi. Hatto, o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur holat alkogolsiz steatogepatit, jigar sirrozi va saratoniga aylanishi bilan xavflidir. Jigarning alkogolsiz yog‘ kasalligi ko‘pincha belgilarsiz o‘tib, shifokor ko‘rigidan o‘tayotgan bemorda qonning biokimyoviy tahlili yoki ultratovushli tekshiruvi natijasida aniqlanadi. Bemorda deyarli shikoyat bo‘lmaydi. Holsizlanish, tez charchash, kayfiyatning tez buzilishi, o‘ng qovurg‘aosti sohasida noxushlik, qorin dam bo‘lishi, ba’zida yog‘li ta’omlarni ko‘tara olmaslik singari belgilarga esa ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Teri qichishishi, ko‘ngil aynish va ishtahasizlik, teri va shilliq pardalarda sariqlikni paydo bo‘lishi, jigar va taloqning kattalashishi mazkur jarayonning o‘zoq muddat yashirin kechganligi hamda asoratlanganligidan dalolat beradi. Tanadagi quyidagi metabolik o‘zgarishlar jigardagi ham o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi:- Tana vaznining meyoridan ortiqligi;
- Arterial qon bosimning yuqoriligi;
- Ikkinchi tur qandli diabet;
- Qonda lipid va xolesterin miqdorining meyoridan ko‘pligi.
- turmush va ovqatlanish tarzi ( jismoniy yuklamasini hisobga olgan holda);
- Tana vazni, son va belning aylanasiga o‘lchami;
- Arterial qon bosimning ko‘rsatgichlari, EKG holati;
- lipid ko‘rsatgichlarini baholash: triglitsiridlar, umumiy xolesterin, xolesterin lipoprotoidlarning yuqori va past zichligi;
- Nahorda qonda glyukoza va insulinning miqdori.
Foydali maslahatlar...
Mazkur kasallikning olidin olish yoki rivojlanishini kamaytirish uchun quyidagilarga qat’iy amal qilish lozim:- avvalo ovqatlanish tartibini ko‘rib chiqish kerak. Mintaqamizga xos yog‘li va xamir ovqatlarni ko‘p iste’mol qilishdan tiyilish: sariyog‘, hayvon yog‘i, margarinning qattiq navini kundalik taomnomadan chiqarish lozim;
- yarimto‘yinmagan yog‘ javxarlariga boy mahsulotlarni iste’mol qilish: o‘simlik moylari (zaytun, kungaboqar, danak), dengiz mahsulotlari, baliq, parranda, zaytun mevasi, kishining quvvatga bo‘lgan talabiga muvofiq mag‘izlar;
- xolesteringa boy mahsulotlarni kamaytirish: hayvon jigari va buyragi, ikra, tuxum sarig‘i, dudlangan kolbasa, yog‘li go‘sht va sut mahsulotlari;
- qovurdoq, mo‘l yog‘da qovurilgan ovqatlarni iste’mol qilmaslik;
- ovqatlarni vitaminlar va tabiiy prebiotiklar bilan boyitish (mevalar, yer noki-topinambur, artishok, brokolli-yashil gul karam, safsar-piyoz, dolchin, sarimsoq);
- na’matak, zirk, jo‘xori popugidan damlamalar tayyorlab ichib yurish;
- jismoniy mashg‘ulotlar tana vaznini kamaytiradi, insulinga bo‘lgan sezgirligini oshirib, yog‘larni eritadi, umuman inson vujudiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
- naslida o‘t-tosh kasalligi, jigar sirrozi va saratoni, qandli diabet, xafaqon kasalligi bo‘lganlar ixtiyoriy profilaktik tibbiy ko‘riklardan o‘tib turishi lozim, ayniqsa, 35-40 yoshdan keyin;
- dorilarni nazoratsiz qabul qilishdan ehtiyot bo‘lish.
© Jamolxon o‘g‘li Mubashshir Qosim.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )