3
(2)

Insult va nevrologik buzilishlar

— Insult sababli ro‘y beradigan nevrologik va neyropsixologik buzilishlar haqida ma’lumot bersangiz.

— Hali aytib o‘tganimdek, miya insultlari eng ko‘p uchraydigan kasalliklardan biri bo‘lib, to‘satdan paydo bo‘lgan nevrologik buzilishlar bemor ruhiyatida og‘ir asoratlar qoldiradi. Ushbu kasallikning kechagina sog‘lom deb hisoblangan odamda o‘tkir boshlanishi, oyoq-qo‘llarda to‘satdan paydo bo‘lgan falajliklar, nutq buzilishlari, ya’ni bir og‘iz so‘zni ham eplab gapira olmasligi bemor uchun ham, uning yaqinlari uchun ham katta falokatdir.

Miya insultida kuzatiladigan patologik o‘zgarishlar ushbu kasallik bosh miyaning qaysi sohasida rivojlanganligi, kasallik turi, zararlangan o‘choqning hajmi va insult davriga bog‘liq. Miya insultining deyarli 70 foizi bosh miya katta yarim sharlari tashqi yuzasining katta bir qismini qon bilan ta’minlovchi arteriyada kuzatiladi.

Bu arteriya bosh miyaga kon olib keluvchi ichki uyqu arteriyasining bevosita davomchisi hisoblanadi. Rasmda ko‘rinib turganidek, ushbu arteriya harakat, sezgi va nutq markazlarini qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham ushbu arteriyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi oyoq-qo‘llar falajligi (gemiparez, monoparez), tananing bir tomonida sezgi buzilishlari (gemianesteziya, monoanesteziya) va nutk buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi.

Insultda hulq-atvor nega o‘zgaradi?

— Insult o‘tkazgan odamning hulq-atvori keskin o‘zgaradi. Ularning ba’zilari indamaydigan odamovi, ba’zilari esa injiq, sal narsaga jaxli chiqib ketadigan yoki tez-tez yig‘laydigan bo‘lib qoladi. Nega shunday?

— Hulq-atvori kay darajada buzilishi bosh miyaning kaysi yarim shari zararlanganiga ko‘p darajada bog‘liq. Agar insult bosh miyaning chap yarim sharida rivojlansa, tananing o‘ng tomonida kuzatiladigan falajliklar (gemiparez) va sezgi buzilishlari (gemianesteziya) nutq buzilishlari (afaziyalar) bilan namoyon bo‘ladi, agar insult bosh miyaning o‘ng yarim sharida ro‘y bersa, falajliklar va sezgi buzilishlari tananing chap tomonida kuzatiladi, biroq nutq buzilmaydi.

Bosh miyaning chap yarim sharida insult ro‘y bersa qanday belgilar paydo bo‘ladi?

Javob: Tananing o‘ng tomonida falajliklar va sezgi buzilishlari rivojlanadi, nutq buziladi. Oyoq-qo‘llardagi falajliklar (gemiparez)  va sezgi buzilishlari (gemianesteziya) nutq buzilishlari (motor va sensor afaziyalar) bilan birgalikda namoyon bo‘lishi bemor uchun og‘ir psixologik jaroxatdir. Insonni boshqa jonzotlardan farq qildirib turuvchi nutqning to‘satdan buzilishi bemor psixologiyasini o‘zgartirib yuboradi, u atrofdagilar nutkini faqat tovush holatida eshitadi, ma’nosini tushunmaydi.

O‘zi ham fikrini tushuntirib bera olmaydi, buning natijasida bemor jizzaki bo‘lib qoladi, yaqinlarini urishadi, hadeb gapirishga urinaveradi, biroq fikrini to‘g‘ri bayon qila olmaydi. Bu holat sensor afaziya uchun xosdir. Ba’zan bemor indamay yotadi, faqat atrofdagilarning savoliga javob berishga urinadi, oddiyroq savollarga javob beradi ham, biroq o‘zi gapirmay yotadi. Bu holat motor afaziya uchun xosdir. Nutq odatda falajliklarga qaraganda oldinroq tiklanadi. Masalan, insultning o‘tkir davridayoq (21 kun ichida) nutq tiklana boshlaydi. Nutqning tiklanish darajasi insultning turi, zararlangan joy hajmi va, albatta, davolash jarayoning qanday olib borilayotganiga ko‘p bog‘liq.

Hulq-atvor qanday o‘zgaradi?

— Surunkali alkogolizmdan aziyat chekayotgan bemorda insult rivojlansa, nutq buzilishlari hulq-atvorning keskin buzilishlari bilan namoyon bo‘ladi va nutq ham kech tiklanadi. Bunday bemorlar bilan muloqot qilish juda qiyin bo‘lib, ular vrach va yaqinlarining aytganlarini bajarmaydi, tez urishib ketadi yoki yig‘layveradi, ovqat yeyishdan bosh tortadi, tagiga siyib yuboradi. Uni parvarish qilish (soch-soqolini olish, cho‘miltirish va h.k) ga yo‘l qo‘ymaydi, davolash muolajalaridan voz kechadi. Tabiiyki, bunday bemorlarni davolash shifokorlar uchun qiyinchiliklar tug‘diradi. Odatda nutqi buzilgan odamning hulq-atvori ham tez o‘zgaradi. Bunga nutqi rivojlanmay qolgan bolalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

Ularning aksariyatida hulq-atvor o‘ta buzilgan bo‘ladi. Inson hulq-atvorining boshqaruvchanligi ham unda nutq funksiyasining mavjudligiga ko‘p bog‘liq. Agar insult uzoq paytdan buyon hafaqon kasalligi, ateroskleroz, qandli diabet va yurak kasalliklari bilan og‘riyotgan bemorlarda rivojlansa, nutq tiklanishi xam qiyin kechadi. Insult o‘tkazganlarda nutq tiklangandan so‘ng davolash jarayonidagi ba’zi qiyinchiliklar bartaraf topadi, bemor endi o‘z tanasida kechayotgan kasallik alomatlarini yaqinlari va shifokorlarga bemalol aytib bera oladi, ularning tavsiyasini bajara boshlaydi va natijada davolash jarayonida ijobiy natijalar yuz beradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Dismorfofobiya: tasavvurdagi jismoniy nuqsonlardan aziyat chekish

Bemorda qo‘rquv va xavotir ham kuzatiladimi?

— Bosh miyaning chap yarim sharida ro‘y bergan insultlarda xavotir bilan kechuvchi nevrotik holatlar ko‘p kuzatiladi. Aynan mana shu xavotirli nevrozning mavjudligi chap yarim shar insultini o‘ng yarim shar insultida kuzatiladigan hulq-atvor buzilishlaridan farqlovchi belgilardan biridir. Xavotir qanday ko‘rinishda namoyon bo‘ladi? Bemor insult oqibatida tanasida paydo bo‘lgan kasallik alomatlaridan aziyat chekaveradi, vrachning har bir tashrifida nutqi va harakat faoliyatning tiklanib ketish-ketmasligi haqida so‘rayveradi, vrachning har bir so‘ziga xavotir bilan quloq tutadi, uning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishga intiladi, davolash natijasida ro‘y berayotgan har bir ijobiy o‘zgarishdan hursand bo‘ladi.

Albatta, miyaning chap yarim shari insultlari uchun xos bo‘lgan xavotir bilan kechuvchi bunday simptomlar uning tezroq sog‘ayib ketishiga yordam beradi. Shuning uchun ham miyaning chap yarim shari insultlarida nevrologik funksiyalarning tiklanish jarayoni o‘ng yarim shari insultlariga qaraganda tezroq kechadi. Chunki xavotirli nevroz o‘ng yarim shar insultlarida kuzatilmaydi.

Bosh miyaning o‘ng yarim sharida insult ro‘y bersa qanday belgilar paydo bo‘ladi?

Tananing chap tomonida falajliklar va sezgi buzilishlari rivojlanadi. Nutq va u bilan bog‘liq bo‘lgan aksariyat oliy ruhiy funksiyalar (o‘qish, yozish) saqlanib qoladi. Buning sababi miyaning o‘ng yarim sharida nutq markazlarining bo‘lmasligidir (o‘naqaylarda). Bosh miyaning o‘ng yarim shari asosan o‘z tanasining tuzilishi haqida miyaga kelayotgan ta’sirotlarni analiz va sintez qilish uchun javob beradi. Demak, o‘ng yarim sharning zararlanishi tana tuzilishini noto‘g‘ri qabul qilish simptomlarini yuzaga keltiradi.

Bemorning boshi yoki bir qo‘li kattalashib ketayotgandek, qo‘li yoki oyog‘i tananing boshqa qismlarida joylashgandek, tananing chap tomoni xuddi birovning tanasidek, chap qo‘li o‘ziniki emas birovnikidek yoki yonida g‘o‘la yotgandek tuyuladi. Ba’zi hollarda bemorning yarim falajlangan chap qo‘li uni bo‘g‘moqchi bo‘lsa, o‘ng qo‘li esa bunga yo‘l qo‘ymaydi, chap qo‘lni itarib yuboradi. Ba’zan chap qo‘l xuddi kichik hayvonlar (mushuk, olmaxon, quyon) ko‘rinishida bemorga erkalanadi yoki bemor o‘ng qo‘li bilan chap qo‘lini silaydi. “Nimaga bunaqa qilayapsiz?” desa, u “Mushugimni erkalatayapman” deydi.

Go‘yoki tana ikkiga bo‘linganu, uning har yarmi o‘zicha faoliyat ko‘rsatayapdi. Bemor insult oqibatida o‘z tanasida paydo bo‘lgan nuqsonlarni (falajliklarni) inkor qiladi, mening oyoq-qo‘llarim ishlayapdi deydi. Bunday holat anozognoziya deb ataladi.

O‘ng yarim shar insultida ham hulq-atvor o‘zgaradimi?

Bemor falajliklar sababli bir necha kundan buyon to‘shakka mixlanib qolgan bo‘lsa-da, “Men hozirgina tualetga borib keldim, turib hovlida yurdim” deydi. Bemor kiyinayotganda ham chap tomonni to‘la inkor qiladi: ko‘ylagining o‘ng yengini, oyoq kiyimining o‘ng tomondagisini kiyadi, lagandagi ovqatning (masalan, oshning) faqat o‘ng tomondagisini yeydi, eshikdan kirayotganda chap yelkasini eshikka urib kiradi.

Soqol olayotganda yuzining chap tomoni qolib ketadi, tishini yuvayotganda faqat o‘ng tomonini yuvadi va h.k. Demak, chap tomon butunlay inkor qilinadi, go‘yoki fazoning chap tomoni yo‘qdek. Bemor o‘z kasaliga juda befarq bo‘ladi, vrachlar va yaqinlarining kasallikka oid bergan tavsiyalarini inkor qiladi: “Joyingizdan turmang, Sizga turib yurish mumkin emas” desa “Xo‘p bo‘ladi” deb javob beradiyu, baribir turib yuradi, vrach tavsiyasiga ko‘ra vaqtida bajarish lozim bo‘lgan jismoniy mashqlarni bajarmaydi, falajlangan qo‘l va oyoqlari qanday holatda bo‘lsa, shu holatda yotaveradi, biroz bo‘lsa-da paydo bo‘lgan harakatlarni faollashtirishga urinmaydi.

Bemorning hissiyotida qanday o‘zgarishlar yuzaga keladi?

Bemor o‘zidan-o‘zi yig‘laydigan bo‘lib qoladi, ba’zan arzimagan narsaga kuladi. Tabiiyki, ularda harakat funksiyalarining tiklanishi o‘ta sust kechadi. Shuning uchun ham o‘ng yarim sharda yuz bergan insultlarda bemorning sog‘ayib ketishi chap yarim shar insultiga qaraganda sust kechadi. Bemorda o‘z tanasini idrok qilishning buzilishi atrof-muhitni idrok qilishning buzilishi bilan birgalikda namoyon bo‘ladi. Masalan, bemor uydan chiqib ketib, o‘z uyini to‘g‘ri topib kela olmaydi, ko‘chaning boshqa tomoniga ketib qoladi, avval tanish bo‘lgan do‘kon yoki bozor qaysi tomonda joylashganligini adashtiradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Oppengeym miopatiyasi

Insult ro‘y bersa nima qilish kerak? Bemorni o‘rnidan qo‘zgamaslik kerak, degan gaplar to‘g‘rimi?

— Insult rivojlangan zaxoti bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilishi va tibbiy-psixologik yordam kasallikning dastlabki soatlaridanoq boshlanishi kerak! Bu yerda ikkilanishga hech qanday o‘rin yo‘q! «Bemorni qo‘zg‘amaslik kerak, biron soat uyda bo‘lsin, hozir mumkin emas» qabilidagi gaplar noo‘rindir. Aksincha, insult rivojlangandan so‘ng 3-6 soat ichida ko‘rsatilgan malakali tibbiy yordam bemorning to‘la tuzalib ketishi, endi boshlanayotgan falajliklarning oldini olish va qolaversa bemorning hayotini saqlab qolishga juda katta imkoniyatlar yaratib beradi.

Ba’zan insult rivojlangandan so‘ng “Tez yordam” mashinasi yetib kelgach, bemorning yaqinlari «Hozir bemorning ahvoli og‘ir, biroz shoshmay turaylik, qon bosimi joyiga kelsin, yo‘lda bir gap bo‘lib qolishi mumkin», deb yetib kelgan vrachni arosatda qoldirishadi. Odatda bemorning bir nechta qarindoshlari orasida qolgan vrach ularning aytganiga ko‘nadi yoki «Bemor yo‘lda yomon bo‘lib qolsa javob berasizmi?» qabilidagi savollardan cho‘chib, bemorni uyda qoldiradi.

Vrach bu so‘zlarga e’tibor qilmasdan bemorga dastlabki tibbiy yordamni ko‘rsatib darhol shifoxonaga yetkazishi zarur. Mabodo tibbiy yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilishiga qaramasdan bemorning ahvoli shifoxonaga olib borayotganda og‘irlashib qolsa, darrov vrachni ayblash kerak emas, chunki insultning dastlabki kuni o‘lim va boshqa og‘ir holatlar ko‘p kuzatiladi. Bunday vaziyatlarda bemorga malakali tibbiy yordamni faqat shifoxona sharoitida ko‘rsatish mumkin. Bu qoidani vrach ham, bemorning yaqinlari ham bilishi lozim. Chunki insultning birinchi kuni o‘lim darajasi juda yuqori bo‘ladi, uyda qoldirilgan bemorga esa malakali tibbiy yordam ko‘rsatish o‘ta mushkul. Kasallikning dastlabki kuniyoq diagnostik maqsadda orqa miya suyuqligi tekshirilib yoki MRT qilinib insultning turi aniklanishi kerak!

Odatda insult rivojlangandan boshlab 21 kungacha bo‘lgan davr insultning o‘tkir davri hisoblanib, bu davrda bemor shifoxonada davolanadi. Kasallikning o‘tkir davrida bemorning hushi buzilib, falajliklar, nutq va hulq-atvor buzilishlari yaqqol ifodalangan bo‘ladi. Bu davrda unga ruhiy tinchlik o‘ta zarurdir! Shuning uchun bemorni ko‘rishga kelayotganlar sonini keskin kamaytirish lozim, uning yonida turmush o‘rtog‘i yoki farzandlaridan biri parvarish qilish uchun qolishi mumkin.

Chunki har qanday tashrif kechagina oyoq ustida yurgan, bugun esa to‘shakka mixlanib qolgan bemorga ruhiy jaroxat yetkazishi mumkin. Bunday holatlar, ayniqsa, birga ishlaydiganlar va qo‘ni-qo‘shnilar tashrif buyurganda ro‘y berishi ehtimoldan xoli emas. Agar bemor “Tanishlarim meni ko‘rgani kelishayapdimi?” deb so‘rasa, unga “Albatta kelishayapdi, biroq doktorlar ularga ruxsat berishmayapdi, biroz tuzalganingizdan so‘ng ularni yoningizga qo‘yishadi.

Barcha kelib ketayotganlarSizni tezroq sog‘ayib ketsin deyishmoqda” qabilidagi so‘zlar bilan bemorni tinchlantirish lozim. Ayniqsa, nutqi buzilgan bemorlar yoniga keluvchilar sonini nutq tiklangunga qadar to‘xtatib turish lozim. Nutq esa aksariyat hollarda 2-3 hafta ichida tiklana boshlaydi. Davolash muolajalari to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilsa, oldin bemorning oyog‘larida harakat paydo bo‘ladi, qo‘lning tiklanishi esa biroz sust boradi.

Chunki miya po‘stlog‘ida joylashgan oyoq markazlarini ikkala qon tomir qon bilan ta’minlaydi, Qo‘l markazlarini esa faqat bitta kon tomir qon bilan ta’minlaydi. Shuning uchun ham ushbu arteriya sohasida kuzatilgan insultlarda qo‘l harakatlarining tiklanishi sust chekadi.

Bemor shifoxonadan chiqqandan so‘ng uni qanday parvarish kilish kerak?

— Bemor shifoxonadan har doim ham tuzalib chiqib ketmaydi. Chunki 3 haftada falajlangan qo‘l va oyoqlar to‘la tiklanmasligi mumkin. Ba’zi hollarda nutq ham to‘la tiklanmay qoladi. Insultda buzilgan funksiyalarning tiklanishi odatda bir yil mobaynida davom etadi. Biroq vaqt o‘tgan sayin tiklanish jarayoni sustlashib boradi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  «Bezovta oyoqlar» sindromi nima?

Shuning uchun ham ushbu davrda reabilitatsiya usullari o‘ta ustamonlik bilan olib borilishi kerak. Afsuski, insult o‘tkazgan bemorlarda turli darajada ifodalangan nogironlik 80 % ga yetadi. Hech qanday o‘tkir rivojlanuvchi kasallikda nogironlik bu darajada yuqori emas. Demak, ushbu bemorlarni normal hayot tizimiga qaytarish lozim. Bu yo‘nalishda bir qancha mutaxassislar, ya’ni reabilitologlar, nevropatologlar, psixologlar, logopedlar, terapevtlar, ishtirok etadi. Umumiy amaliyot shifokori esa ushbu mutaxassislarning ko‘rigini ta’minlaydi va ularning tavsiyalariga asoslanib bemorni davolab kuzatib boradi.

Insultning og‘ir turini o‘tkazgan bemorlarga o‘z-o‘zini eplay olish, ya’ni ovqatlanish, yuvinish, cho‘milish, soqol olish, kiyinib-yechinish, xojatxonaga borib kelish kabi kundalik yumushlarni  mustaqil ravishda bajara oladigan holatga keltirish reabilitatsiyaning asosiy vazifalaridan biridir.  Insult yengil kechgan holatlarda esa mehnat qobiliyatining tiklanish darajasiga qarab, bemorni avval o‘zi faoliyat ko‘rsatgan ishlarga yana jalb qilish mumkin.

Insultda kuzatiladigan falajliklarda mushaklar tonusining keskin oshishi bo‘g‘imlarda xarakatlarning pasayishiga sababchi bo‘ladi. Mushak-bo‘g‘im kontrakturalari (qotib qolishlar) ayniqsa qo‘l panjalari va tirsak bo‘g‘imida kuchli ifodalangan bo‘ladi. Bu holat tabiiyki bemorga o‘zini eplash bilan bog‘liq bo‘lgan yumushlarni bajarish imkoniyatini chegaralaydi. Bu muammolarni bartaraf etish yoki oldini olish uchun turli jismoniy mashqlar mavjud. Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra bemor ushbu mashqlarni bajarishi, falajlangan oyoq-qo‘llarga nuqtali uqalashlar olishi, fizioterapevtik muolajalarni va mushak tonusini pasaytiruvchi dorilarni istyemol qilishi zarur.

Nutq buzilishlarini davolashda dorivor vositalardan tashkari logopedik muolajalar o‘tkazish ham o‘ta muhimdir. Odatda kasallik sababli paydo bo‘lgan nutq va hulq-atvor buzilishlarini neyropsixologlar davolashi zarur. Neyropsixologlar yo‘q joylarda neyropsixologik muolajalarni yaxshi tushunadigan nevropatolog yoki tibbiy psixolog davolash muolajalarini o‘tkazishi mumkin.

Zarifboy Rajapovich! Insult o‘tkazgan bemorlar ishlashi mumkinmi?

— Insult o‘tkazgan bemorlarni jamiyatdan va oilada bo‘layotgan tadbirlardan chekkalab tashlash aslo mumkin emas. Bemorni oilaviy va mahallada rejalashtirilayotgan ishlarga uning imkoniyat darajasiga qarab jalb qilish lozim. Aks holda bemor o‘zini oilaga ham, jamiyatga ham keraksiz deb his qilib chuqur depressiyaga tushadi va psixologik izolyatsiyada qoladi. Ba’zi hollarda kasallik sababli bir oyi ichida ish joyi va yaqinlarining e’tiborini yo‘qotgan bemorda o‘z joniga qasd qilishlar ham ro‘y berib turadi. Ushbu bemorning hayot tajribasidan mahalla faollari, qarindoshlar va oila a’zolari unumli foydalanishlari lozim.

Odam kasal bo‘lmasa, u nega o‘ladi?

— Zarifboy Rajapovich! Odam uzoq yashab hayotdan ko‘z yumsa, u odam o‘z ajali bilan o‘lgan deyishadi, ya’ni kasal bo‘lmay o‘ldi deyishadi. Odam kasal bo‘lmasa, u nega o‘ladi? Shunga izoh bersangiz!

— Siz juda qiziq savol berdingiz! Menimcha odam o‘z ajali bilan o‘lmaydi! Odam 90 ga kiradimi, 100 gami, u yo infarktdan, yo insultdan vafot etadi. Agar ajalning 2 ta eshigi bo‘lsa, uning biriga “Infarkt”, ikkinchisiga “Insult” deb yozib  qo‘yilgan. U qaysi eshikni taqillatsa, unga o‘sha eshik ochiladi.

Qizig‘i shundaki, ushbu ikkala eshikka olib boradigan yo‘laklar “Ateroskleroz” va “Arterial gipertoniya” nomi bilan ataladi. Obrazli qilib aytganda, ushbu havfli yo‘laklarga osib qo‘yilgan “Ajal eshigi ko‘rsatkichlari” esa noto‘g‘ri hayot tarzi, yog‘li ovqatlarni ko‘p tanovvul qilish, ichish, chekish, jismoniy mehnat bilan shug‘ullanmaslik, bo‘lar-bo‘lmasga siqilaverish, tinmay televizor ko‘rish va kompyuter oldida soatlab o‘tirish, sport bilan shug‘ullanmaslik, urush-janjallar va h.k. Bularning barchasidan voz kechib boshqa yo‘lni tanlash kerak.

Birinchi qismi >>>

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz