Infeksion endokardit – asosan yurak klapanlarining zararlanishi va yurak endokard qavatining og‘ir yallig‘lanishi bilan kechadigan kasallikdir. Endokard – yurak devorining tashqi tomondagi uchinchi – ichki qavati bo‘lib, yurak bo‘shlig‘ini o‘rab turadi. Infeksion endokardit og‘ir kechuvchi va aniqlanishi ancha qiyin bo‘lgan kasalliklardan biridir. Agar u o‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmasa jiddiy asoratlar qoldirib, bemorni ancha qiynab qo‘yadi, hatto nogironlikka olib kelishi ham mumkin.
Kuzatishlar natijasiga ko‘ra, infeksion endokarditning birlamchi turi yurak qopqoqlari zararlanmagan bemorlarda uchrasa, ikkilamchi turi esa ko‘pincha orttirilgan va tug‘ma yurak nuqsonlari bor kishilarda rivojlanadi. Ilgari yurak kasalliklari tufayli jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan, sepsis, urologik, invaziv diagnostik muolajalarni qabul qilgan yoki qon tomirlariga tez-tez dori yuborish muolajasini olib turadigan kishilarda va giyohvandlarda va infeksion endokardit xastaligi ro‘y berishi mumkin.
Bundan tashqari, o‘tkir respirator kasalliklar, og‘iz bo‘shlig‘ida yiringli o‘choqlarning bo‘lishi va shu sohada qilingan operatsiyalar, tanosil a’zolari jarrohligi yoki bu a’zolarda asboblar yordamida uzoq vaqt tekshirilishi tekshiruv davomida zond (kateter)larning uzoq turib qolishi singari holatlarda organizmda infeksiya o‘chog‘i paydo bo‘ladi va kasallik kelib chiqishi mumkin.
Klinik kechishi bo‘yicha kasallikning o‘tkir, yarim o‘tkir va surunkali (qaytalanib turuvchi) turlari mavjudligi aniqlanilgan.
Kasallikning rivojlanishi
Infeksiya-bakteriyalar qon orqali yurak qopqoqchalari (klapanlari)ga o‘tib boradi va shu yerda to‘xtab, ikkilamchi infeksiya o‘chog‘ini hosil qiladi. Qopqoqchalarda va uning yaqinida-arterial tomirlarga o‘rnashib olgan mikroblar yig‘ilib to‘plamlar hosil qiladi, kasallik rivojlanishi jarayonida shu o‘choqli to‘plamlar uzilib bo‘lakcha (embol)lar ajralib chiqadi va qon tomir orqali tarqalishi natijasida septik holat yuzaga keladi. Embollar qon oqimi bilan tanadagi turli a’zolarga tushib to‘xtashi oqibatida tromboemboliya yoki absess – yiringli o‘choq asoratlari sodir bo‘ladi. Yurak qopqoqlarida joylashib olgan infeksiyalar a’zo va to‘qimalarda haddan tashqari kuchli reaksiya paydo bo‘lishiga olib keladi. Umuman bu kasallikning rivojlanishi va zo‘rayishi kasallangan a’zolarda distrofik o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi. Rivojlanish jarayonida infeksion endokardit oxirgi bosqichga o‘tib tana a’zolari faoliyatining buzilishi (masalan yurak-tomir, jigar, taloq hamda buyrak yetishmovchiligi) kuzatilishi mumkin.
Infeksion endokarditning rivojlanish bosqichlari tanadagi a’zolar tizimining qay darajada shikastlanishi bilan bog‘liq. Agar xastalik sababi virulent – patogen infeksiya bo‘lsa, endokarditning o‘tkir kechishi kuzatiladi. Bunda bemorlar qaltiraydi, kuchli terlash holati ro‘y beradi, tana harorati juda ham baland bo‘ladi. Bunda yurak va ichki a’zolar shikastlanib, 1-2 oy davomida zo‘rayib boruvchi yurak-tomir hamda nafas yetishmovchiligi, jigar, taloq va buyrak faoliyati izdan chiqishi yoki bosh miya tomirlarida trombo emboliya holati ro‘y beradi. Bunday holatlarda bemorning hayoti xavf ostida qoladi.
Kasallikning o‘rtacha o‘tkir kechishida esa umumiy holsizlik, charchoq, ishtaha pasayishi, ozish, bosh og‘rig‘i, terlash va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Bemorlarning taxminan uchdan bir qismida infeksion endokardit ko‘pincha angina, zotiljam, yiringli otit, siydik yo‘llari infeksiyasi, bola oldirish (abort qildirish) yoki tug‘ruqdan keyin rivojlanishi mumkin. Ayrimlarda bu xastalik gemorragik belgilar (masalan oshqozon-ichak yoki burundan qon ketishi) bilan boshlansa, boshqa bir xil kishilarda esa septik gepatit, o‘pka abssessi, tromboembolik bo‘yin venalarining shishishi bilan kuzatiladi. Kasallikning boshlang‘ich davrlarida bemor terisi rangpar, kulrang, kechki davrlarda esa “sutli qahva” rangida bo‘lishi mumkin.
Infeksion endokarditda mayda tomirlar devori shikastlanishi sababli ko‘z qovoqlarida, qattiq va yumshoq tanglayda, bo‘yinda, ko‘krak, bilak va qo‘l-oyoq kaftlarida ko‘kimtir dog‘lar paydo bo‘ladi va ularda qontalashlar kuzatiladi. Ba’zi bemorlarning bo‘g‘imlarida og‘riq turadi, ya’ni mayda yoki yirik bo‘g‘imlarida artrit rivojlanadi. Umuman olganda infeksion endokarditning asosiy belgisi yurak shikastlanishi bo‘lib, bu xol ko‘krak sohasida stenokardiya yoki miokard infarktiga o‘xshash og‘riq bilan ifodalanadi.
[box type="info" align="aligncenter" ]Kasallikning erta davrida o‘choqli nefrit, kechki davrlarida glomerulonefrit belgilari rivojlanadi. Shuningdek jigar, taloq kattalashishi mumkin. Hatto bemorda asab tizimi shikastlanib, meningoensefalit va ruhiy o‘zgarishlar bilan ifodalanadi.[/box]
Infeksion endokarditning dastlabki bosqichlari turli bemorlarda turlicha boshlanadi. Masalan:
- Kasallikning asta-sekin boshlanishida bo‘shashish, o‘zini yomon his etish, bosh va bo‘g‘imlarda og‘riq turishi holatlari ro‘y beradi. Bu vaqtda infeksion endokarditni ayrim kasalliklar (ya’ni revmatizm, aorta qopqoqlari yetishmovchiligi, perikardit, poliserozit, bo‘g‘im kasalligi singarilar) dan farqlash lozim.
- Endokardit o‘tkir yuqumli kasallikka o‘xshash holatda boshlanganda bemor kuchli terlaydi, titraydi va tana harorati baland ko‘tariladi. Shunday paytda infeksion endokarditni gripp, terlama, bezgak kabi yuqumli xastaliklardan ajrata bilish muhim.
- Xastalik tromboembolik asorat bilan (ko‘pincha miya, taloq, buyrakda) boshlanganda uni buyrak tosh kasalligi bilan adashtirmaslik kerak.
- Infeksion endokardit o‘tkir glomerulonefrit, tizimli qizil yugurik, bezgak, brutsellyoz, zahmli aortit belgilari bilan yuzaga kelishi yoki kamqonlik va taloq kattalashishi bilan kechadigan “gematologik niqobli” bo‘lishi ham mumkin. Shunday holatlarda bu kasallikni qon tizimining boshqa ko‘plab xastaliklaridan farqlab olish zarur.
Tashxislash
Infeksion endokarditni tashxislash uchun bemorda EKG, ExoKG (iloji bo‘lganda transtorakal ExoKG), ko‘krak qafasining rentgenografiyasi, periferik qon tomirlar dopplerografiyasi, 3 soatlik termometriya, umumiy qon tahlili, umumiy peshob tahlili, qonning bakterial ekmasi va boshqa biokimyoviy tekshirishlar o‘tkaziladi.
Davolash
Davolash kasallikni yuzaga keltirgan sabablarga qarab amalga oshiriladi. Infeksion endokarditning boshlang‘ich davrida uzoq vaqt katta miqdorda kasallikka sezgir bo‘lgan antibiotiklar qo‘llanilsa xastalik tezroq tuzaladi. Bemorning immun tizimi ishini yaxshilovchi gormonal, nosteroid, peshob haydovchi, umumquvvatni oshiruvchi dori-darmonlar ham berish mumkin. Bordiyu antibiotiklar bilan davolash yaxshi natija bermasa, yurak qopqoqlarini jarrohlik yo‘li bilan sun’iy qopqoqlarga almashtirish mumkin.
Har bir kishi bilishi zarurki, kasallikning oldini olish uchun yurak xastaligi bilan og‘rigan bemor doimiy dispanser nazoratida turishi, og‘iz, burun va boshqa sohalardagi yiringli infeksiyalar o‘chog‘ini o‘z vaqtida aniqlab, muolajalarni barvaqt boshlashi dard tuzalishida muhim ahamiyatga ega.
© Gulchehra JABBOROVA, oliy toifali kardiolog.
«Sihat-salomatlik» jurnali