Homiladorlikning 5-haftasidagi sezgilar
Agar bo‘lg‘usi ona o‘z holatidagi o‘zgarishlarni hali sezmagan bo‘lsa, homiladorlikning dastlabki belgilari uni tez orada xabardor qiladi. Ayollarning aksar qismi o‘zlarining o‘zgargan maqomlari haqida aynan homiladorlikning 5-haftasida bilib qoladilar. Mazkur davr simptomlarning namoyon bo‘lishi boshlanishi bilan kechadi va ular bo‘yicha homiladorlik ro‘y berganini tahmin qilsa bo‘ladi. Albatta, bunda eng birinchi va muhim belgi-alomat hayz ko‘rishning kechikishi hisoblanadi. Oy ko‘rishning to‘xtashidan tashqari, ayolni lohaslik va o‘zini noxush his etish bezovta qilishi mumkin, bular ayol organizmida ro‘y berayotgan gormonal qayta qurilish boshlanishi bilan bog‘liqdir. Sirtdan qaraganda hali hech qanday o‘zgarishlar sezilmaydi. Ammo o‘z tanasiga sinchiklab nazar tashlasa, bo‘lg‘usi ona emchaklarining gardishi qoraya boshlayotganini, shuningdek, avvallari o‘ziga mos tushib turgan byustgalteri birdan tor kelib qolganini sezishi mumkin. Kamdan-kam hollarda kindikdan pastga qarab qoraygan chiziqcha paydo bo‘ladi. Mazkur belgilar homiladorlikning kechki muddatlarida aniq ko‘rinsa-da, lekin ular hozir ham o‘z nishonalarini ko‘rsatishi ehtimoldan holi emas.Homiladorlikning 5-haftasidagi alomatlar:
Homilaning besh haftalik muddatida test doim ham orziqib kutilgan ikkita chiziqchani ko‘rsatavermaydi. Sababi qonda homiladorlik gormonining darajasi hali juda kam bo‘ladi. Lekin bo‘lg‘usi ona o‘zida qayd etishi mumkin bo‘lgan quyidagi bir qator belgilar yuzaga chiqa boshlaydi:- ko‘ngil aynishi, ayniqsa ertalabki vaqtlarda;
- sut bezlarining kattalashuvi va sezuvchanligining oshishi;
- ba‘zilarda qorin tortqilab og‘riydi;
- shuningdek turli hidlarga nisbatan ta’sirchanlik oshganligi qayd etiladi;
- uyquchanlik, lanjlik, tez toliqish va h.k.
Homiladorlikning 5-haftasida nimalar sodir bo‘ladi
Homiladorlikning 5-haftasida homila hali juda kichik bo‘ladi. Lekin UZIdan o‘tayotganda uning mavjudligini sizga aniq aytishadi. Aksariyat hollarda shifokor bachadon bo‘shlig‘ida otalangan tuxum borligini aniqlay oladi xolos. Bo‘lg‘usi kichkintoyda ichki organlar murtaklarining shakllanishi davom etmoqda. Shu davrda jajji bolakayning nafas yo‘l va asab tizimlari shakllanishni boshlaydi. Ayni paytda u bosh miya murtagi bilan tugaydigan bor-yo‘g‘i birgina asab trubkasi sifatida namoyon bo‘ladi. Homila organizmining hujayralari faol tarzda bo‘linishni davom ettirmoqda. Aynan shu muddatda qon tomirlari va yurak tizimi shakllana boshlaydi. Tez vaqt oralig‘ida u o‘z faoliyatini boshlab yuboradi. Garchi tasavvur qilish qiyin bo‘lsa-da, lekin jimitning yuraklari ura boshlaydi. Homiladorlikning 5-haftasida homilaning hajmi uzunasiga bor-yo‘g‘i 2 mm ni tashkil etadi. Ushbu muddatda bolaning tushib qolish xavfi hali ham yuqoriligicha qoladi. Shuning uchun o‘ta faol harakatlar qilish, sport bilan shug‘ullanish va jismoniy zo‘riqishlardan yaqin to‘qqiz oyga o‘zni cheklab turish kerak.Homiladorlik.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )