Hansirash – havo yetishmaslik hissi bilan kechadigan holat. U nafas olishning me’yordagidan ko‘payishi bo‘lib, turli xastaliklar oqibatida yuzaga kelishi mumkin. Aksariyat hollarda hansirash nafas olish a’zolari, yurak qon-tomir tizimi, qon kasalliklari va tomoq-burun xastaliklarida uchraydi.
Nafas olish yo‘llari va o‘pka kasalliklari
Bu xastaliklarda hansirash alomatlari bronxlar yallig‘lanishi natijasida, ularning diametrlari kamayib torayishi va shilliq qavati yallig‘lanishi natijasida sekret ishlab chiqarish xususiyati kuchayishi hisobiga yuzaga keladi. Bronxlarning diametri kamayishi albatta yallig‘lanish yoki immun tizimdagi patologiik o‘zgarishlardan so‘ng va allergik reaksiyalardan keyin yuzaga keladi. Hansirash o‘pka zotiljami (pnevmoniya) kasalliklarida ham kuzatiladi. Bunda ko‘pincha yallig‘lanish natijasida o‘pka alveolalarida suyuqlik to‘planib nafas olish tizimini zararlaydi va qonning kislorod bilan to‘yinishini kamaytiradi. Surunkali o‘pka kasalliklari, zotiljam, sil bilan xastalangan insonlarda o‘pkaning to‘qimasida fibroz jarayoni sodir bo‘ladi va qondagi kislorod miqdori kamayishi natijasida hansirash yuzaga keladi. Ba’zi o‘pka kasalliklari, yurak va jigar, shuningdek nafas olish tizimi kasalliklarida ko‘krak kafasining plevra bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘iladi va o‘pkani harakatini chegaralab qo‘yadi, bu holat ham hansirashga sabab bo‘lishi mumkin. Hansirash sabablari to‘g‘risida fikr yuritilganda tamakining ta’siri haqida ham eslatib o‘tish zarur. Tamaki nafas yo‘llariga ta’sir qilishi natijasida bronxlar shilliq kavatida yallig‘lanish va bo‘rtish yuzaga keladi, bronx va bronxiolalar diametri kamayadi. Vaqt o‘tgan sari o‘pka to‘qimasida fibroz yuzaga keladi va keyinchalik bu joyda xavfli o‘sma rivojlanishiga zamin yaratiladi. Umuman, tamaki chekish natijasida hansirash juda erta yuzaga keladi. Kashandalarda balg‘am ajralishi qiyinlashadi, bemor quv-quv yo‘taladi, balg‘am o‘pkaga yopishib, qatlamlashadi. Borgan sari nafas olish yo‘li torayib, havo o‘tishi qiyinlashadi, bemor odam hansiraydi. Bronxial astma kasalligida hansirash alomatini allergiya chaqiruvchi vositalar o‘simliklar gulchangi, bakteriyalar, dorilar va (oziq-ovqat mahsulotlari) keltirib chiqaradi. Agar sizda bu holat tez-tez takrorlanib tursa, shifokor-pulmonologga murojaat qiling. Siz shamollab, tuzalganingizdan keyin yo‘tal 3 haftadan ziyod davom etsa-yu, unga hansirash “sherik” bo‘lsa, bu surunkali bronxit yohud bronxial astma rivojlanayotganidan dalolat berishi mumkin. Shuning uchun shamollash davri o‘tgandan so‘ng ham yo‘tal va hansirashingiz qolmasa, shifokor-terapevtga murojaat qilib, tekshiruvdan o‘ting.Yurak-qon tomir kasalliklari
Agar tomirlar tanadagi a’zolarga qon orqali kislorod yetkazishning uddasidan chiqmasa, odam tez-tez nafas olish yordamida yetishmagan kislorod o‘rnini to‘ldiradi. Bu asosan yurak nuqsonlari, gipertoniya, yurak toliqishi, stenokardiyada (tez yurganda, zinadan ko‘tarilganda, asabiy zo‘riqqanda) ro‘y beradi. Yurak xastaliklari o‘z vaqtida davolanmasa yurak yetishmovchiligiga olib keladi. Yurak qon-tomir yetishmovchiligi bor bemorlarda hansirash alomati tunda hech qanday sababsiz yoki jismoniy zo‘riqishdan so‘ng paydo bo‘ladi, bemor gorizontal holatda yotolmaydi, yuragi tez-tez uradi, quruq yo‘taladi. Kasallikning ilk bosqichlarida himoya ta’siri, ya’ni hansirash faqatgina jismoniy zo‘riqishdan keyingina paydo bo‘lsa, dard rivojlanganda hansirash bemorni, hatto tinch turgan paytda ham bezovta qila boshlaydi. Ayniqsa, yotgan holatda bu jarayon kuchayadi. Agar yurak xastaligi o‘z vaqtida davolanmasa, hansirash alomati odatiy hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, kundalik bajariladigan ishlarni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladi.LOR a’zolarining yallig‘lanish jarayonlari
Bu kasalliklarda hansirash belgisi nafas olib chiqarayotganda kuzatiladi. Bunday paytda nafas olishning qiyinlashishi kasallikning og‘ir kechayotganidan dalolat beradi. Demak, bemorni kasalxonaga yotqizishga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, polip (surunkali yallig‘lanish natijasida burun shilliq pardasining ma’lum qismida paydo bo‘lgan so‘rg‘ichsimon o‘siq), tungi apnoe sindromi (bir necha marta chuqur nafas olingandan so‘ng nafas pasayib, uning bir necha daqiqaga yo‘qolishi yoki mutlaqo to‘xtab qolishi)da ham nafas olish qiyinlashib, kishi og‘zi bilan nafas ola boshlaydi. Ba’zan kuchli hansirash, nafas bo‘g‘ilishi kuzatiladi. Shunisi qiziqki, sog‘lom odamlarda ham katta jismoniy zo‘riqish natijasida hansirash paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, uyingiz binosidagi lift ishlamayapti deylik, siz esa 5-qavatda yashaysiz, sport bilan ham juda kam shug‘ullanasiz. Tabiiyki, yuqoriga piyoda chiqqaningizdan keyin, chiniqmagan organizm toliqadi va sizda hansirash alomatlari kuzatiladi. Shunda siz biroz vaqt o‘tib, nafasingizni rostlab olishga majbur bo‘lasiz. Agar sizni hansirash tez-tez bezovta qilib tursa, albatta uning sababini aniqlashingiz va tegishli maslahat va davo muolajalarini olish uchun o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilishingiz zarur.Abror HAMRAYEV, tibbiyot fanlari doktori, professor.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )