Odam va hayvonlarning a’zo va to‘qimalari hisobiga yashovchi mayda chuvalchanglar – gijjalar (gelmintlar), ular keltirib chiqaradigan kasalliklar gelmintozlar deyiladi. Insoniyatga gelmintozlar juda qadim zamonlardan ma’lum bo‘lib, ular barcha parazitar kasalliklarning 90 foizni tashkil qiladi. Kasallik manbai bemor odam va gijjalar bilan zararlangan hayvonlar hisoblanadi. Qo‘zg‘atuvchining turi, yuqish yo‘li va yuqish omillariga ko‘ra gelmintozlar uchga bo‘linadi:

Biogelmintozlar

Bu turdagi kasallikda gijja lichinkalarining invaziya (yuqumlilik darajasi) bosqichiga qadar yetilishida oraliq xo‘jayin, tirik organizm – ya’ni, biologik muhit kerak bo‘ladi.

Geogelmintozlar

Bu turdagi gelmintozda lichinkalarning yuqumlilik bosqichiga qadar yetilish jarayoni tuproqda yuzaga keladi.

Kontagioz

Kontagioz ya’ni, muloqot orqali yuqadigan gelmintozlar – ushbu turdagi gelmintlar odamdan odamga bevosita iflos qo‘llar, uning ichki kiyimi, choyshablari, yuvinishda ishlatiladigan buyumlari va maishiy anjomlar orqali yuqadi. Muloqot yo‘li orqali yuqadigan gijjalarga enterobioz va gimenolepidoz kasalliklari kiradi. Xastalikning bu turlari asosan bolalar orasida keng tarqalgan. Ular najaslari orqali tashqi muhitni gijja tuxumlari bilan ifloslantiradilar. Zararsizlantirilmagan najasni dala hamda ekinzorlarda o‘g‘it sifatida ishlatilishi va rezavor meva hamda sabzavotlarning ifloslangan suvlar bilan sug‘orilishi ham bu xastalikning keng tarqalishiga zamin yaratadi. Bundan tashqari gijja kasalligi bilan kasallangan itlarning ekinzorlarda oralab yurishi natijasida yetishtirilayotgan sabzavotlar, rezavorlar va ko‘katlar gijja tuxumlari bilan ifloslanadi. Odamlar yaxshi yuvilmagan sabzavotlar, rezavor mevalar va ko‘katlarni iste’mol qilish orqali o‘zlariga gijja tuxumlarini yuqtirib oladilar. Aynan sabzavotlar, rezavor mevalar va ko‘katlar orqali askaridoz, trixotsefalyoz, ankilostomidoz, strongiloidoz va exinokokkoz kabi gijja kasalliklari kelib chiqadi.

Asorati Siz o‘ylagandan ham og‘ir dard

Gijjalar inson organizmiga zaharli ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ular allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Yana organizmning har xil yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyatini pasaytiradi. To‘qima va qon tomir devorlarini mexanik shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Odam tanasiga tushgan vitaminlar va mineral moddalarni o‘zlashtiradi. Ular asab tizimiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Kasallik belgilari

Gijja kasalligiga chalingan bemorlarda holsizlik, tez charchash, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, ko‘ngil aynishi, asabiylik, allergik toshmalar va terida har xil dog‘larning paydo bo‘lishi kabi klinik belgilar kuzatiladi. Ushbu dard o‘z vaqtida to‘liq davolanmasa yosh bolalarda jismoniy va aqliy rivojlanishning ortda qolishi, epileptik tutqanoq kasalligi kabi jiddiy asoratlarni kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bundan shunday xulosa qilish mumkin, ya’ni gelmintoz nafaqat alohida a’zo, balki butun organizmning og‘ir dardi bo‘lib, uning belgilari paydo bo‘lganda o‘z vaqtida shifokorga murojaat etish zarur.

Xastalikdan saqlanish yo‘llari

Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olish muhim hisoblanadi. Gelmintozning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya kilish shart. Har bir odam o‘zining shaxsiy gigiyena vositalariga ega bo‘lishi lozim. Ovqatlanishdan oldin, hojatxonaga kirib-chiqqach, eshik tutqichlarini ushlagach, tuproq bilan ishlagandan so‘ng va bolalar ko‘chada o‘ynab kelganda qo‘lni sovun bilan yaxshilab yuvish lozim. Shuningdek, tirnoqlarni kalta qilib olish zarur. Polizda, bog‘da ishlash vaqtida qo‘lni og‘izga solishdan saqlanish kerak. Ayniqsa, qo‘lni og‘izga tiqish kabi salbiy odat ko‘pincha yosh bolalarga xos. [su_quote]Gijja tuxumlarini meva-sabzavotlar va ko‘katlar orqali yuqishini oldini olish uchun ularni oqar suvda yaxshilab yuvish shart. Ko‘katlarni avval sho‘r suvda ivitib qo‘yib, keyin oqar suvda obdon yuvib, so‘ngra iste’mol qilish tavsiya etiladi.[/su_quote] Uyda va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni parvarish kilishda ishlatiladigan buyumlar va o‘yinchoqlarning toza saqlanishiga doim e’tibor qilish zarur. Bolalar tuvagi, stullar, o‘yinchoqlar, hojatxona eshigi va poli har kuni zararsizlantiruvchi vositalar yoki qaynoq suv bilan yaxshilab tozalanishi shart. Havodagi chang bilan birga gijja tuxumlarini og‘iz va nafas olish yo‘llari orqali organizmga tushishini oldini olish maqsadida xonalarda muntazam namli tozalash ishlari olib borilishi, hovlilar suv sepib supirilishi maqsadga muvofiqdir. Ochiq suv havzalari suvini faqat qaynatib ichish, har doim yaxshi pishirilgan va qovurilgan go‘shtni iste’mol qilish talab etiladi. Gelmintoz kasalligi belgilari paydo bo‘lganda darhol mutaxassisga murojaat qilish darkor. Yana tegishli laboratoriya tahlillarini topshirish va uning natijalari asosida shifokor maslahati bilan o‘z vaqtida davolash kurslarini to‘liq amalga oshirish bemorning ushbu dardni jiddiy asoratsiz yengib tezda oyoqqa turib ketishiga sabab bo‘ladi.

 Xurshida AHMЕDOVA, Respublika DSENM parazitologiya bo‘limi mutaxassisi. "Sog‘lom avlod" gazetasi. Soglom.uz nashri.