Gastrit oshqozon shilliq qavatining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘p uchraydigan kasalliklar sirasiga kiradi. Ayrim mutaxassislarning fikricha, gastritning yengil turi deyarli hammada bo‘lar ekan. Albatta, bu holatning zo‘rayib ketishi, kasallikning avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Gastritning kelib chiqishiga noto‘g‘ri ovqatlanish, ichkilikka ruju qo‘yish, ruhiy iztiroblar, ayrim dorilarni (masalan, ba’zi antibiotiklar) uzoq muddat qabul qilish, chekish, ichak infeksiyalari, xelikobakter pilori mikrobi, oshqozon osti bezi va o‘t pufagining xastalanishi sabab bo‘ladi.
Gastrit kechishiga ko‘ra o‘tkir va surunkali turlarga bo‘linadi.
Gastrit belgilari
O‘tkir gastritga yo‘liqqan bemorlar umumiy behollik, ko‘krak osti sohasida og‘riq, kekirish, ko‘ngil aynishi va hazm bo‘lmagan ovqatni qusish, tana harorati ko‘tarilishidan shikoyat qiladilar. Gohida qon tomir faoliyatining keskin susayishi ustunlik qilsa, ayniqsa, qariyalarda teri rangi bo‘zaradi, til sathi karash bog‘laydi. Oshqozon shirasi ajralishi oldin ko‘payib, keyin kamayadi. O‘tkir gastrit yuqorida tilga olingan sabablardan tashqari, o‘tkir kislota (xlorat, sulfat, sirka), o‘yuvchi ishqor (natriy yoki kaliy, kaustik soda), og‘ir metallar tuzi (simob birikmalari), o‘tkir etil spirtining oshqozonga tushishi natijasida ham sodir bo‘ladi. Zaharli modda yutilgandan so‘ng og‘izda, qizilo‘ngach bo‘ylab, oshqozonda achishish va og‘riq kuzatiladi. Bemor iste’mol qilgan ovqatini ko‘pincha bir necha bor qon aralash qusadi. Kasallik oqibati ko‘p hollarda qizilo‘ngach torayishi, oshqozonning pilorik (chiqish) qismi torayishi bilan yakunlanadi. O‘tkir gastritni oshqozon shilliq qavatining yot jismlar (baliq qiltanog‘i, mayda suyaklar va metallar) bilan shikastlanishi ham keltirib chiqaradi. Bu o‘z navbatida oshqozon devorining yiringli shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Bunda kasallik o‘tkir boshlanib, isitmalash, badan uvishishi, qorinning yuqori qismida kuchli og‘riq, ko‘ngil aynishi, ko‘p marta yiringli qusish kuzatiladi. [su_quote]O‘tkir gastritning o‘z vaqtida davolanmasligi kasallik surunkali turga o‘tishiga olib keladi.[/su_quote] Surunkali gastrit bilan ko‘proq 25-40 va undan katta yoshdagi kishilar, asosan, erkaklar kasallanadilar. Mutaxassislarning fikricha, Yer kurrasidagi balog‘atga yetgan aholining yarmidan ko‘pi mazkur xastalikka chalingan, lekin faqat ulardan 10-15 foizigina kasallikdan shikoyat qilib, shifokorga murojaat qiladilar. Kasallik asta-sekinlik bilan avj olib boradi. Bemorlar qorinning yuqori sohasidagi og‘riqdan, ishtahasizlik, jig‘ildon qaynashi, ko‘p tashna bo‘lishdan, qorinning dam bo‘lishi, ovqatlanib bo‘lgach, ovqatni qayt qilib tashlashdan, ichning ravon kelmasligidan shikoyat qiladilar. Surunkali gastrit oshqozon shirasi kislotaliligining oshishi yoki kamayishi bilan kechadi. Birinchisi asosan yoshlarda uchrab, unga ovqatlangandan keyin to‘xtaydigan og‘riq, jig‘ildon qaynashi, qusish kabi belgilar xos. Ikkinchi xil surunkali gastrit esa ko‘pincha yoshi katta kishilarda uchraydi. Bunda bemorning ko‘ngli ayniydi, ishtahasi yo‘qoladi, ichi ketadi. Gastritdan xalos bo‘laman desangiz, parhezga rioya qiling – juda achchiq va issiq, hazmi og‘ir taomlar, qahva, achchiq damlangan choy, gazli suv, spirtli ichimliklar, chekishdan tiyiling, ruhiy iztiroblarga yo‘l qo‘ymang. Shifokor tavsiyalariga amal qiling. Kasallikka aslo beparvo bo‘lmang, aks holda asoratlar kelib chiqishi mumkin. Gastrit asoratlaridan biri – oshqozon yarasi. Bilasizki, bu kasallik bemorning bir umrlik hamrohi. Bundan tashqari, o‘z vaqtida davolanmagan gastrit oshqozon saratoniga ham sabab bo‘lishi mumkin.Gastritga chalinmay desangiz…
- Ovqatni yaxshilab qaynating, qovuring. Yaxshi pishirilmagan go‘sht, baliq, sut xelikobakter pilori manbaiga aylanadi;
- yuvilmagan qo‘l va idish-tovoq bakteriyaga yo‘l ochib beradi;
- ovqatlarda yetarli miqdorda oqsil, yog‘, uglevod va vitamin bo‘lsin, turib qolgan ovqatni yemang;
- ovqatni juda to‘yib, shoshib, tikka turib, uyqudan oldin yemang, uzoq och qolmang. Hazmni yaxshilash uchun ovqatdan oldin va keyin 1 stakan mineral suv iching;
- juda sovuq va qaynoq, yog‘li, dudlangan, o‘tkir ta’mli ovqatdan saqlaning;
- kariyesga chalingan tishlar va surunkali yallig‘lanish o‘choqlarini (surunkali tonzillit, gaymorit, xolesistit) davolating;
- jismoniy va ruhiy zo‘riqishlardan o‘zingizni ehtiyotlang. Kayfiyatingiz oshqozon holatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi;
- yiliga ikki marta (kuz va bahorda) gastroenterolog ko‘rigidan o‘ting.
© X. Ochilova, oliy toifali gastroenterolog.
Xalq tabobati usullaridan na’munalar:
- Gastrit xurujining oldini olish uchun 2 osh qoshiq tirnoqgul (kalendula)ni 1 stakan qaynagan suvga solib, 15 daqiqa suv hammomiga qo‘ying. Suzib, dastlabki miqdorga yetishi uchun qaynagan suv qo‘shing. Kuniga 2-3 mahal, ovqatlanishdan oldin 1 osh qoshiqdan ichasiz.
- Jig‘ildon qaynaganda kuniga 2 mahal, ovqatlanishdan oldin 1 osh qoshiqdan zig‘ir yog‘i iching.
- O‘tkir gastrit xuruj qilsa, 2 hissadan moychechak va tirnoqgul, 1 hissa qalampir yalpiz (myata perechnaya)ni aralashtiring. Aralashmaning 2 osh qoshig‘ini 1 stakan qaynagan suvga solib, 15 daqiqa suv hammomiga qo‘ying. Sovigach suzib, dastlabki miqdorga yetguncha qaynagan suv qo‘shing. Ovqatlanishdan oldin yarim stakan ichasiz.
- Oshqozon kislotaliligi oshishi bilan kechuvchi gastritda yarim stakan yangi kartoshka suviga 1 choy qoshiq asal aralashtiring. Kuniga 2-3 mahal, ovqatlanishdan yarim soat oldin ichasiz. Muolaja muddati – 10 kun. Keyin 10 kun tanaffus qilib, muolajani takrorlaysiz.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )