Miyaga o‘rnashib qolgan qo‘rquvga fobiya deb aytiladi. Oddiy qo‘rquvdan farqli o‘laroq, fobiya birmuncha uzoq davom etadi. Turli xil fobiyalar farqlanadi: kanserofobiya – rak bo‘lib qoldim deb qo‘rqish, kardiofobiya – yuragim kasal deb qo‘rqish, lisofobiya – ruhiy xastalikka chalindim deb qo‘rqish, klaustrofobiya – yopiq joydan qo‘rqish (masalan, lift kabinasi, kichik xona), agarofobiya – aksincha, ochiq joylardan qo‘rqish va hokazo. Balandlik, metroda yurish, biror yuqumli kasallik yuqib qolishi, iflos bo‘lish va odamlar oldida so‘zga chiqishdan qo‘rqish kabi simptomlar ham fobiyalar uchun xosdir.
Qo‘rquv qanday paydo bo‘ladi?
Dastlabki qo‘rquv muayyan vaziyatlarda paydo bo‘ladi va u miyaga o‘rnashib qoladi. Masalan, bemor hamma yoqni ko‘rish uchun tomga chiqadi va pastga qaragan zahoti qattiq qo‘rqib ketadi, boshi aylanadi, u go‘yo pastga qarab, qulab tushayotgandek xavfsiraydi. Buning oqibatida bemorda balandlikdan qo‘rqish miyaga o‘rnashib qoladi va keyinchalik u boshqa vaziyatlarda ham paydo bo‘laveradi. Fobiyalar paydo bo‘lganda bemorning yuzi qizaradi yoki rangi o‘chadi, og‘zi quriydi, yuragi tez-tez uradi, arterial bosim oshib ketadi, ter bosadi, ko‘z qorachiqlari kengayadi va hokazo. Ichki a’zolarning birorta og‘ir kasalligi paydo bo‘lishidan qo‘rqish, odatda, psixosomatik simptomlar bilan birga kechadi, ya’ni bemor o‘z salomatligiga haddan ortiq e’tibor beradi. Masalan, kardiofobiyada yurak urishini eshitib turadi, tomir urishini sanaydi yoki qon bosimini o‘lchayveradi, har safar yuragi noto‘g‘ri ishlayotganidan gumonsirab, terapevtdan EKG qilishini va puxta tekshiruv o‘tkazishini iltimos qiladi. Jigarim shishib ketgan yoki qurib borayapti, deb ultratovush tekshiruvlardan o‘tadi, rak bo‘lib qoldim deb doktorma-doktor qatnab yuradi, hadeb kompyuter tomografiyaga tushaveradi. Doktorlarga ishonmay qo‘yadi. Bunday bemorlar yo professorga qatnaydi, yoki undan oddiy qishloq doktorini afzal ko‘radi. Ba’zi bemorlar Toshkentdagi kuchli professorlarda davolana olmadim deb, uzoq viloyatdagi kichik bir qishloqdagi savodsiz tabib yoki vrachdan tuzalib keladi. Chunki ularga antiqa davolanish usullari yaxshi ta’sir qiladi. Kasallik xuruji qo‘zg‘alib qolishidan qo‘rqib bemor yo‘lda odamlar bor joydan yuradi, tibbiyot muassasalariga yaqin bo‘lgan yo‘lni tanlaydi, yo‘l-yo‘lakay dorixonaga kirib turadi, u yerda yurak dorilari va tibbiy xodimlar borligini ko‘rib tinchlanadi.Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.
© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz
Ushbu maqolani ham o'qing:
Disk churrasi shu qadar xavflimi?