Xalq tabobatida turli xastaliklarga qarshi tabiat in’om etgan giyohlardan foydalanish bizga qadimdan ma’lum.
Kimyoviy dorivor preparatlarni uzoq vaqt mobaynida uzluksiz ravishda qabul qilish inson organizmida turli noxush o‘zgarishlarning, ayniqsa, keyingi vaqtda allergik kasalliklarning ko‘payib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Shu sababli dorivor o‘simliklarga va ulardan olinadigan dorivor vositalar – fitopreparatlarga talab katta.
Quyida dorivor yig‘malardan tayyorlangan, foydali fitochoylarni havola etamiz:
“Gastrofit” fitochoyi
Tarkibi: moychechak gullari, dorixona ukropi mevalari, gulxayri ildizlari, qizilmiya ildizlari va ildizpoyalari. Ushbu choy gastrit, oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yarasi kasalliklarida, parhez bilan ularning oldini olish majmuasi tarkibida, ovqat hazm qilish, oshqozon-ichak yo‘llari faoliyatini meyorlash uchun mo‘ljallangan. Tayyorlanishi: 2 gramm fitochoyga 500 ml. qaynagan suv quyib, 10-15 daqiqa davomida tindiriladi. Kun davomida 3-5 marta, ovqatlanishdan 15-20 daqiqa oldin qabul qilinadi. Muddati 1-2 oy.O‘t haydovchi fitochoy
Tarkibi: Qalampir yalpiz barglari, oddiy bo‘yimadaron o‘ti, qumloq yoki samarqand bo‘znochi gullari, moychechak gullari, kashnich va na’matak mevalari. Choy jigar, safro va safro chiqarish yo‘llarining funksional holatini meyorlash uchun mo‘ljallangan. Tayyorlanishi: 2 gramm fitochoyga 500 ml. qaynagan suv quyib, 10-15 daqiqa tindiriladi. Kun davomida 3-5 marta ovqatlanishdan yarim soat oldin iste’mol qilinadi. Muddati 1-2 oy.Vitaminli va qonni ko‘paytiruvchi fitochoy
Tarkibi: Qorag‘at mevasi, na’matak, gazanda o‘t bargi, chetan mevasi barchasi bir qismdan aralashtiriladi. Tayyorlanishi: 1 oshqoshiq yig‘mani 2 stakan qaynatilgan suvga solib, og‘zi yopiladigan idishda qorong‘i joyda, 1 soat davomida tindiriladi. So‘ngra dokadan o‘tkazib, kun davomida 3-4 mahal yarim stakandan ichish lozim. Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )