4.3
(78)

Agar jinsiy quvvatni oshirish usullarini qidirayotgan yoki bu holat sizni oʻylantirayotgan boʻlsa, xotirjam boʻling, siz yolgʻiz emassiz. Hozirgi davrga kelib, jinsiy quvvat, yaʼni potensiyani oshirish,  dolzarb mavzuga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Jinsiy hayotni yaxshilash, uni qaysidir maʼnoda mustahkamlash, turli noqulay holatlarga tushib qolishdan qochish va boshqa shu kabi sabablar tufayli potensiyani oshirish mavzusida doimiy savollar boʻlishi tabiiy hol. Erlik quvvati, ya’ni jinsiy quvvatni oshirish mashqlari hamda juda koʻplab tabiiy usullari turganda, dorixonalarga jinsiy quvvatni oshiruvchi dorilar izlab chopish ham maqsadga muvofiq emas. Shunday ekan, ushbu maqolamiz orqali jinsiy quvvatni uy sharoitida, tabiiy hamda zararsiz oshirish usullari haqida imkon qadar batafsil javob berib oʻtamiz. 

Agar mavzu yuzasidan javobi topilmagan savollaringiz boʻlsa yoki erlik quvvatini oshirishning sinalgan usullarini bilsangiz, maqola soʻngida, izoh sifatida yozib qoldirishingiz mumkin.

Jinsiy quvvatni oshirish
Qaynoq jinsiy hayotni saqlab qolish uchun juftliklardan umr davomida harakat va izlanish talab etiladi.

Shifokor konsultatsiyasi

Diagnostika va muolajalar

Biroz yosh va jinsiy quvvat haqida

Yoshlikda koʻpchilik erkaklar giperseksual boʻlishadi va taxminan 18-23 yoshda jinsiy faoliyatning birinchi choʻqqisi kuzatiladi. Bu balogʻat yoshi, erkaklik gormoni testosteronning koʻp ishlab chiqarilishi, oʻz-oʻzini anglash va ayollar bilan munosabatlarga bogʻliq holda biroz oʻzgarishi mumkin.

Shundan soʻng, asta-sekin erkak kishida jinsiy tajriba toʻplanishi va gormonal fon barqarorlashishi, testosteron darajasi esa optimal darajaga yetishi natijasida jinsiy xatti-harakatni yaxshiroq nazorat qilish imkoniyati paydo boʻladi. Tashqi tomondan, bu jinsiy faoliyatning pasayishi kabi koʻrinishi mumkin, ammo aslida bu aloqalarning miqdoridan koʻra sifatining oshganligi bilan baholanadi. Bu davr oʻrtacha 23 yoshdan 30-35 yoshgacha davom etadi.

Erkaklar yoshi oshgan sari testosteron darajasi pasayadi, bu ham jinsiy istakka taʼsir qiladi. 40-45 yoshga kelib, koʻpchilik erkaklar jinsiy faollikning biroz pasayishini oʻzlarida sezishlari mumkin.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, jinsiy aloqa, ereksiyani saqlab qolish haqida ortiqcha xavotirlanish, koʻpincha yaqinlik vaqtidagi noqulay holatlarga asosiy sabab hisoblanadi.

Jinsiy quvvatni tabiiy oshirish usullari nafaqat reproduktiv tizimingizni takomillashtirishga, balki erkaklar jinsiy funksiyasiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan butun organizmni sogʻlomlashtirishga qaratilgan boʻladi.

Jinsiy quvvatni oshirish mashqlari 

Muntazam ravishda tana mushaklarining quvvatini oshirish, ularni chiniqtirish jinsiy aloqadan kutilgan natijani beradi. Bunga asosiy sabab, mashgʻulotlar erkaklik gormoni — testosteron gormonining ajralib chiqishini ragʻbatlantiradi. Va bu oʻz navbatida jinsiy quvvat oshishi uchun xizmat qiladi. Erkak organizmida testosteronning pasayishi potensiya va jinsiy imkoniyatlarning zaiflashuviga sabab boʻladi. Bu, ayniqsa, oʻrta va katta yoshdagi erkaklarga tegishlidir, chunki 25 yoshdan soʻng testosteron miqdori yil sayin asta-sekin kamayib boradi.

Garvard olimlari oʻtkazgan tadqiqotlarga koʻra, muntazam jismoniy mashqlar bajarish jinsiy zaiflik kasalligida bemorlarning potensiyasi tiklanishiga yordam bergan.

Mashgʻulotlarda bitseps, tritseps, koʻkrak, qorin mushaklariga, ayniqsa chanoq-son sohasi mushaklariga ishlash jinsiy quvvatni oshirishda muhim ahamiyatga ega.  

Jinsiy quvvatni oshirish mashqlari
Gantellar bilan oʻtirib-turish mashqi chanoq-son aʼzolarini, shu jumladan reproduktiv aʼzolarni ham chiniqtiradi.

Yuqoridagi mushaklarni chiniqtirishda, asosan otjimaniya, press, shtanga, gantel koʻtarish kabi mashq usullaridan foydalanishingiz mumkin.

Jinsiy quvvatni oshirish mashqlari ichida Kegel mashqlari alohida ahamiyatga ega. Kegel mashqlari tos aʼzolarida qon aylanishni yaxshilab, erkaklarda erta boʻshalish, jinsiy zaiflik kabi qator muammolarga yechim hisoblanadi. Bu mashqlar faqatgina ayollar uchun emas, balki erkaklar jinsiy muammolarini bartaraf qilishi mumkinligi  uchun ham eʼtirof etiladi.

Kegel mashqlari qanday qilib toʻgʻri bajarilishi haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin:
Kegel mashqlari qanday bajariladi?

Quyidagi videoda keltirilgan mashqlarni bajarib borish, yuqorida taʼkidlaganimizdek organizm chidamliligini oshirib, jinsiy quvvatning oshishi uchun ham zamin yaratadi.  
Jinsiy quvvatni oshirish mashqlari sizni jinsiy hayotingiz bardavomligi uchun ham juda zarur. Shunday ekan, jinsiy barqarorlikka erishib, uzoq muddat faol boʻlishni istasangiz jismoniy mashgʻulotlar bajarish boshlang!

fsf

Jinsiy quvvatni oshiruvchi tabiiy mahsulotlar

Organizmimiz faoliyat yuritarkan u oqsil, yogʻ, uglevod, vitamin hamda mineral moddalarga doimiy ravishda ehtiyoj sezadi. Shuningdek, reproduktiv tizim aʼzolari ham normal faoliyat olib borishi uchun yuqoridagi moddalar zarar.

Quyida sanab oʻtadigan mahsulotlarimiz organizm umumiy faoliyatiga taʼsir etibgina qolmay, jinsiy faoliyatga ham ragʻbatlantiruvchi taʼsir oʻtkazadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Inseminatsiya - sun'iy urug‘lantirish

Qalampir

Qalampirni ovqat bilan birga isteʼmol qilish mumkin, lekin uni jinsiy aloqadan oldin isteʼmol qilish yaramaydi.

Achchiq qalampir yoki garmdorida kapsaitsin moddasi boʻlib, u miyada baxtiyorlik hissini uygʻotib, chidamlilikni oshiradi. Garmdori metabolizmni kuchaytiradi, tana haroratini oshirib, yurak urishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Kapsaitsin qalampirdan tashqari, zanjabil ildizida ham koʻp miqdorda boʻladi.

Kaliy

Organizmdagi eng muhim elektrolitlardan biri boʻlgan kaliy sizning mushaklaringiz va hujayralaringizni bir maromda ishlashiga, tiklanishiga yordam beradi hamda metabolizmni kuchaytiradi. Bu esa, oʻz navbatida jinsiy quvvatning oshishiga turtki beradi.

Kaliy quyidagi mahsulotlarda koʻp miqdorda saqlanadi:

  • banan;
  • ismaloq;
  • brokkoli;
  • kartoshka;
  • pomidor;
  • sabzi;
  • qovun;
  • kam yogʻli sut yoki yogurt.

Jinsiy quvvatni oshirish uchun murakkab uglevodlar

Makaron va oq non tarkibidagi oddiy uglevodlar organizmda tezda sarflanib ketishi mumkin. Ammo murakkab uglevodlar buning teskarisini aks ettiradi: ular tanangizni uzoq vaqt energiya bilan taʼminlashga yordam beradi.

Murakkab uglevodli mahsulotlarga quyidagilar kiradi:

  • joʻxori uni;
  • qora non;
  • jigarrang guruch;
  • makkajoʻxori;
  • noʻxat va quritilgan loviya.

Oqsil

Oqsil parchalanishi uchun uglevodlarga qaraganda koʻproq vaqt talab etiladi, bu sizning tanangizga uzoq muddatli energiya manbayi boʻlib xizmat qiladi.

Oqsilga boy mahsulotlarga quyidagilar kiradi:

  • yongʻoq;
  • tuxum;
  • yogʻsiz goʻsht va baliq;
  • yogurt, pishloq va sut.

B guruhi vitaminlari

B guruhi vitaminlari — ayniqsa, B1 dan B5 gacha va B12 — jinsiy gormonlar darajasi va funksiyalarini tartibga soladi bu esa, jinsiy quvvat oshishi uchun asosiy omil hisoblanadi. 

Vitaminlari yuqorida taʼkidlaganimizdek, gormon darajasini muvozanatlashtiradi, stressning salbiy oqibatlarini kamaytiradi, natijada ereksiyani yana-da barqarorlashadi.

B guruh vitaminlariga boy oziq-ovqatlarga quyidagilar kiradi:

  • yogʻsiz mol goʻshti, baliq, parranda goʻshti;
  • tuxum;
  • yongʻoq;
  • avokado;
  • sut va sut mahsulotlari;
  • sabzavotlar.

Omega-3

Jinsiy gormonlarning muvozanatlashishiga omega-3 yordam berib, libido va jinsiy quvvatga yaxshi turtki beradigan muhim yogʻli kislotadir.

Quyidagi mahsulotlar tarkibida omega-3 moddasi koʻproq boʻladi:

  • zaytun yogʻi;
  • karam va ismaloq;
  • grek yongʻogʻi;
  • mollyuska;
  • losos va boshqa yogʻli baliqlar.

Bundan tashqari, erkaklarda jinsiy quvvatni ragʻbatlantirishda magniy, nitratlar, arginin kabi moddalarning ham ahamiyati nihoyatda katta.

Sport bilan shugʻullanish, ovqatlanish rejimini oʻzgartirish va qoʻshimcha vitaminlar qabul qilish jinsiy quvvatni oshirishning eng samarali usullari hisoblanadi. Ammo jinsiy faollikni oshirish imkoniyatlari shu bilan toʻxtamaydi. Sizga foydali boʻlishi mumkin boʻlgan yana bir qancha omillarga ham quyida toʻxtalib oʻtamiz.

Jinsiy quvvatni oshirish uchun seksopatologlardan TOP-5 maslahat

Jinsiy aloqa — bu juftliklar oʻz ehtiroslarini oʻrganishlari, bir-biri bilan bogʻlanish va oʻzaro munosabatlaridan zavq olishlari uchun ajoyib imkoniyatdir.

Ochiq muloqotga kirishing!

Sherigingiz bilan jinsiy munosabatlaringiz oʻzaro ochiq boʻlsin. Erkin gaplashish jinsiy hayotni sezilarli darajada yaxshilaydi hamda jinsiy quvvatga ham ijobiy taʼsir etadi.

Agar jinsiy aloqa bilan bogʻliq muammolar tashvish tugʻdirayotgan boʻlsa, buni sherigingiz bilan muhokama qilish yaxshidir. Yechim ustida birgalikda ishlash ruhiy bosimni ancha kamaytirib, har qanday muammoni yengishga yordam beradi.

Ortiqcha vazndan xalos boʻling!

Semirish testosteron darajasiga jiddiy taʼsir qiladi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, semirib ketgan erkaklarda testosteron miqdori ozgʻin erkaklarga qaraganda koʻp. Aromataza fermenti erkak androgenlarni ayol estrogenlarga aylantiradi. Shu sababdan semirish bilan birga jinsiy faollikning pasayishi, erektil disfunksiya ham yuzaga keladi.  Shunday ekan yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, jismoniy mashqlar bilan shugʻullanishni hech kanda qilmang. 

Bir xillikdan qoching!

Jinsiy zavq ehtiros va hayajon muhitida rivojlanadi. Lekin koʻp yildan beri birga yashab kelayotgan juftliklarda, jinsiy aloqa odatiylikni his qila boshlaydi va hayajonlanish, diqqatni jamlash yoki bir-birini xursand qilish tobora qiyin boʻlib tuyulishi mumkin. Buning natijasida esa, baʼzi erkaklarda xudiki jinsiy quvvat oshirish uchun ehtiyoj tugʻilgandek his paydo boʻladi.

Shuning uchun doimiy izlanishda boʻling, yangi pozitsiyalarni sinab koʻring. Shuningdek, jinsiy hayollar haqida gaplashish ham jinsiy aloqani yana-da hayajonli qilishi mumkin.

Jinsiy hayotning normal kechishi uchun turli yangi sogʻlom usullarni qoʻllash maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu esa, oʻz-oʻzidan jinsiy hayot sifatining oshishiga taʼsir etadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Jinsiy aloqaning miyaga ta’siri

Saytimizdagi mana bu maqola orqali mutaxassislar tomonidan jinsiy hayotni yana-da zavqli va sifatli qilish uchun tavsiya qilingan usullari haqida maʼlumot olishingiz mumkin: Jinsiy aloqa qilish usullari va pozalar →

Stressdan saqlaning!

Stress qancha koʻp boʻlsa, jinsiy quvvat darajasi ham shuncha past boʻladi. Afsuski, stressni kamaytirish uchun yagona usul yoʻq, oʻzingizga mos keladigan usulni toping. Sayohatlar, doʻstlar bilan muloqot qilish, meditatsiya, suzish bilan shugʻullanish — stressni yengish uchun istagan usulingizni sinab koʻrishingiz mumkin.

Kasalliklar profilatikasi uchun shifokorga boring!

Reproduktiv tizim kasalliklari, shuningdek yurak-qon tomir kasalliklari, qandli diabet kabi xastaliklar jinsiy quvvatning pasayishiga, bora-bora jinsiy zaiflikka olib kelishi mumkin. Shuning uchun har qanday kasallik belgilarini oʻzingizda sezib boshlasangiz darhol shifokor koʻrigiga boring. Har qanday kasallik oʻz vaqtida davolansa, turli asoratlarning kelib chiqish ehtimoli yoʻqoladi.

Xalq tabobati usullari orqali potensiyani oshirish

Yong‘oq erlik quvvatini oshiruvchi mahsulotlarning eng yaxshilaridandir. Uning tarkibida ko‘pgina foydali mikroelement va vitaminlar mavjud. Ayniqsa, unda B guruhi vitaminlari hamda rux ko‘p. Agar erkak organizmiga bu moddalar yetishmasa, erlik quvvati sustlashib boradi.

Erlik quvvatini oshirish uchun yong‘oq mag‘zi va asaldan qo‘lbola dori tayyorlash mumkin. Buning uchun ikki mahsulotdan teng miqdorda olamiz. Yong‘oqni go‘sht qiymalagichdan o‘tkazamiz yoki hovonchada tuyamiz. So‘ng uni asal bilan aralashtiramiz. Bu dorini ovqatlangandan yarim soat o‘tgandan so‘ng kuniga ikki mahal 2 choy qoshiqdan yeyish kerak.

Yetilmagan yong‘oq pishganidan foydaliroq bo‘ladi. Hatto undan murabbo ham tayyorlanadi. Aynan pishmagan yong‘oqdan erlik quvvati uchun yaxshigina dori tayyorlash mumkin.

Buning uchun 15 dona yetilmagan (ko‘k) yong‘oqni olasiz. Bu yong‘oqlarni iyunning 20 sanasidan 5 iyulgacha terib olishingiz kerak. Shuningdek, sizga 750 gramm shakar kerak bo‘ladi. Yong‘oqlarni po‘sti bilan ishlatamiz. Uni bir necha bo‘lakka bo‘lib, bankaga solasiz. Bir qator yong‘oq, bir qator shakar terib chiqasiz. So‘ng banka og‘zini qopqoq bilan mahkam yopib, bir oy davomida qorong‘i joyda saqlaysiz. Bir oy o‘tgach, yong‘oqdan hosil bo‘lgan shirani boshqa idishga quyib olasiz. Uni qopqog‘i yopiq idishda sovitkichda saqlaysiz. Bu shirani ovqatlangandan so‘ng yarim soat o‘tib bir osh qoshiqdan ichasiz.

Jenshenli choy ham jinsiy quvvatni ragʻbatlantirish bobida ham inson salomatligiga ajoyib taʼsir koʻrsatadi. Bunday choyni tayyorlash uchun quritib yanchilgan jenshen ildizi ustidan qaynab turgan suv quyiladi, ustini yopib 20 daqiqa tindiriladi, soʻng dokadan oʻtkaziladi. Choyni sutkasiga 3 mahal 1 osh qoshigʻidan 1 oy davomida ichiladi, soʻng 30 kun tanaffus qilib, muolaja kursi takrorlanadi.

Bu kabi jenshenli choylarni ichish jinsiy quvvatni oshirish mashqlari kabi organizmni umumiy mustahkamlaydi, kuch-quvvat bagʻishlaydi va tinchlantiradi. Oʻsimlikning faol moddalari asab tizimi faoliyatini mustahkamlaydi, jismoniy va aqliy charchoqni pasaytiradi, yurak va qon tomirlari faoliyatini yaxshilaydi, ishtahani ochadi, arterial qon bosimini meʼyoriga keltiradi, ishchanlik qobiliyatini oshirib, jinsiy hayotni barqarorlashtiradi.

Abu Ali ibn Sino jinsiy quvvatni oshirish borasida oʻzining “Shahvoniy quvvat haqida” risolasida qayd etishicha, quyidagilar quvvatbaxsh mahsulotlar sirasiga kiradi: barcha yogʻsiz boʻlmagan quritilgan goʻshtlar, piyoz va piyozdan tayyorlanadigan tabohalar (tuxum, piyoz va toʻgʻralgan goʻsht qoʻshib pishiriladigan taom), halim, tandirda pishadigan taomlar, qovurmalar.


Yangi sogʻilgan sutga arablarda oʻsadigan xurmo mevasidan va dolchindan bir kecha-kunduz ivitib qoʻyib, keyin yeyilsa va ustidan yangi sut ichilsa, jinsiy aʼzoni baquvvat qilib, shahvatni kuchaytiradi. 


Baliqning barcha turi shahvoniy quvvatni oshiradi, agar baliq piyoz bilan isteʼmol qilinsa, maniyni koʻpaytiradi. Mayda baliq kabobini qurigan gazakoʻt, sedana urugʻi, petrushka urugʻini teng miqdorda olib kerakli miqdordagi zaytun yogʻi bilan nonxurush qilib yeyilsa, erlik quvvatini kuchaytiradi.


Olma gulining murabbosi, yaʼni gulqandi jinsiy aʼzoni quvvatli qilib, harakatga keltiradi, yurakni baquvvat qiladi. Buning uchun olma gulini ikki baravar koʻp qizil atirgul yaproqlari bilan aralashtirib, gulqand tayyorlanadi. Tayyorlangan gulqanddan kuniga oʻttiz grammgacha isteʼmol qilish mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kriptorxizm bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkinmi?!

Jinsiy quvvatni oshiruvchi dorilar zararsizmi?

Jinsiy potensiyani oshirish uchun hozirgi kunda koʻplab, dori vositalari farmatsevt va shifokorlar tomonidan taklif qilinmoqda. Lekin tadqiqotlarga koʻra, ushbu dorilar potensiyani qaysidir maʼnoda oshirib berish mumkin-u, biroq hammasi ham zararsiz emas, deb topilmoqda. Yurak, jigar va buyrak kasalliklari bilan xastalangan bemorlar jinsiy quvvatni oshiruvchi tabletkalar, qoʻshimchalarni qabul qilishdan tiyilishlari zarur.

Agarda jinsiy quvvat pasayishi sezilsa, albatta shifokorga murojaat qilib, kerakli dori vositasini tanlash uchun muammoning sababini bilish kerak.

Masalan, erektil disfunksiya asosida gormonal buzilishlar yotsa, davolash gormonlarni meʼyorlashtirishga yoʻnaltirilishi lozim. Agar muammo yurak-qon tomir tizimidagi muammolar tufayli yuzaga kelayotgan boʻlsa, shunga mos preparatlarni tanlash muhim ahamiyatga ega.

Savol-javob

SAVOL: Yoshim 28 da. 1 yil avval uylandim. Bir yil ichida jinsiy aloqa hayotimiz boshidagidan ko‘ra ancha pasaydi. Avval jinsiy aloqa kuniga 2-3 bora bo‘lgan bo‘lsa, hozir 2-3 kunda bir bo‘layapdi. Oldini olsam yaxshi deb o‘yladim. Bu iqlim va mavsum, ya’ni qish va bahor ta’sirimi? Nima maslahat berasiz?

JAVOB: Oilaviy hayot boshida jinsiy aloqa kuniga 2-3 marta bo‘lgani normal holat. Bu shiddat keyin oilaviy hayotda o‘z me’yoriga tushib qoladi. Sizni yoshingizda jinsiy aloqani har 2 kunda qilish norma ( vaholanki norma degan narsa o‘ta cho‘ziluvchan, nisbiy va nozik mavzu).

Shahvat pasayishi iqlim yoki mavsumga aloqador emas. Umumiy tonus biroz o‘zgarishi oqibatida shahvat pasaysa, boshqa organizm faoliyatlari orasida eng oxirida pasayadi. Shahvat ham instinkt, ya’ni tabiiy refleks. Aytaylik, g‘am-tashvishda ham va qish-bahorda ham qorin ochadi, uyqu keladi. Shahvat ham shulardan biri. Qolaversa, 28 yosh hali mavsum ta’sir qilib, shahvatni pasaytiradigan yosh emas. Bu holat balki, 40 yoshdan keyin bo‘lishi mumkindir.

Bonus: Ayollarda jinsiy quvvatni oshirish

Juftliklar har qanday vaziyatda ham bir-birini tushunishi va qoʻllab-quvvatlashi munosabatlarning barqarorlashuviga olib keladi.

Jinsiy munosabat – ikki qarama-qarshi jinslarning biologik, ruhiy va ijtimoiy jihatdan birlashishidir. Bu birlashishning maʼlum va qatʼiy qoidalari yoʻq, juftliklar oʻzaro ushbu munosabatni yaratadilar. Shunday ekan, bu munosabatning qanday va qancha davom etishi nafaqat erkakka, balki ayolga ham bogʻliq. 

Ayollarda koʻpincha, jinsiy aloqaga boʻlgan mayl pasayishi hissiy jihatdan juftining ayoliga nisbatan eʼtiborning yetishmasligi natijasida yuzaga kelishi mumkin. Bundan tashqari, reproduktiv tizim kasalliklari, gormonal muvozanat buzilishi, psixologik omillar taʼsirida ham ayolda jinsiy quvvat susayishi kuzatiladi.

Agar ayol kishida turli kasalliklar inkor qilinsa, turmush tarzini oʻzgartish orqali jinsiy maylni normallashtirish mumkin. Buning uchun yuqorida seksopatologlar tomonidan tavsiya etilgan maslahatlarga, erkaklar ham ayollar ham birdek, amal qilishlari kerak. Yaʼni turli stressli holatlardan qochish, juftliklar oʻzaro munosabatlardagi tushunmovchiliklarga oydinlik kiritishlari, yangilik usullarni sinab koʻrish va bir xillikdan qochish, jinsiy quvvatni oshirish mashqlari bilan doʻstlashish jinsiy hayotning yana-da mazmunli hamda qiziqarli boʻlishiga turtki boʻladi. 

Agarda baʼzi kasalliklar bezovta qilib jinsiy aloqa uchun noqulayliklar tugʻdirsa, jinsiy aloqa vaqtidagi ogʻriqlar yoki jinsiy aloqadan qoʻrqish ayol kishini bezovta qilsa, albatta shifokorga koʻrinishlari shart. Bunday vaqtlarda ham erkak kishi ayolini qoʻllab-quvvatlashi, unga psixologik yordam berishi kelgusida munosabatlarning tez tiklanishiga zamin yaratadi. 

Mavzu yuzasidan yana qandaydir savollar tugʻilgan boʻlsa, “Izohlar” boʻlimi orqali savolingizni yozib qoldirishingiz mumkin. Bundan tashqari, jinsiy quvvatni oshirishning noyob yoki sinalgan usullarini bilsangiz, boshqalar bilan boʻlishishni unutmang. Agar reproduktiv salomatlik borasida ushbu maqola kabi foydali maʼlumotlarga ega boʻlishni istasangiz, Jinsiy faollikni ragʻbatlantiruvchi Kegel mashqlari haqiqatdan foydalimi? hamda Jinsiy aloqaning miyaga taʼsiri maqolalarimizni oʻqishingizni tavsiya etamiz.