Ayollardan farqli o‘laroq, erkaklar orasida salomatlik borasida nimadir bezovta qilsa, shifokorga murojaat etadiganlar ko‘p emas. Ularning aksariyati ish ko‘pligi, vaqt tig‘izligi yoki shunchaki xafsalasizlik tufayli kasallikni oyoqda o‘tkazishadi. Keyin esa asta-sekin asoratlar bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Shunday holat yuzaga kelmasligi uchun avvalo ayollar turmush o‘rtoqlarining salomatligiga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Ana shunday e’tiborli ayollarni o‘ylantirayotgan savollarga sahifamizda bugun oliy toifali shifokor-urolog Mirazim HAKIMOV javob beradi.
Prostatit
— Erim ko‘p yillardan buyon haydovchi bo‘lib ishlaydi. Kam harakatlik va bir joyda uzoq vaqt o‘tirib ishlash natijasida prostatit kasalligi kelib chiqar ekan. Shu rostmi?Muqaddas, Samarqand shahri
Prostatit — prostata bezi yallig‘lanishi. U o‘tkir va surunkali turlarga ajratiladi. Bu kasallikning kelib chiqishiga sovqotish, muntazam o‘tirib ishlaydigan mehnat turi, jinsiy yaqinlikdan tiyilish yoki o‘ta faol jinsiy hayot, kamharakatlik, organizmdagi surunkali shamollash jarayonlari (surunkali bronxit, tonzilit), turli infeksiya va bakteriyalar ta’siri sabab bo‘ladi. Belgilari: tez-tez hojatga qatnash, peshob ajralish vaqtining qisqarishi. Surunkali prostatitda ba’zan tana harorati 37 darajaga ko‘tariladi, peshob ajratish og‘riqli bo‘ladi, chov orasi va bel sohasida og‘riq seziladi. O‘tkir prostatitda isitma ko‘tarilib, alahsirash, chov orasi va belda o‘tkir sanchiqli og‘riqlar kuzatiladi, peshob ajralishidagi og‘riqlar kutilmaganda yuz beradi. Tashxislash uchun shifokor tomonidan a’zo barmoq bilan paypaslab tekshiriladi, UTT, rentgen, kompyuter tomografiyasi tekshiruvlari amalga oshiriladi. Prostatitni davolashda muolaja turi kasallik darajasiga ko‘ra belgilanadi. Jumladan:- antibakterial (preparatlar yordamida);
- mahalliy davolash turiga ko‘ra — uqalash;
- elektr toki yordamida blokada qilish;
- siydik yo‘liga dori yuborish orqali.
Prostata adenomasi
– Turmush o‘rtog‘imga prostata adenomasi deya tashxis qo‘yishdi. Eshitishimcha, bunda qandaydir o‘simta paydo bo‘lar ekan. Bu o‘simta xavflimi va u qanday davolanadi?Sanobar.
Adenoma kasalligi asosan 40 yoshdan oshgan erkaklarda uchraydigan, prostata bezi ichida rivojlanadigan yaxshi sifatli o‘simtadir. Bu o‘simta boshqa a’zo va to‘qimalarga tarqalmaydi. Belgilari: peshob ajratishning qiyinlashuvi, tez-tez peshob ajratish, peshobning tutilib qolishi, chov, moyak xaltasi va oraliqda og‘riq sezish. Qanday aniqlanadi? Rektal barmoqli ko‘rik, adenoma o‘lchamini aniqlash uchun UTT va urouflometriya tadqiqotlari o‘tkaziladi. Adenoma ikki usulda davolanadi: preparatlar va jarrohlik amaliyoti yordamida. Dori-darmonlar bilan davolash bez kichik o‘lchamda bo‘lganda tavsiya etiladi. Jarrohlik amaliyotida ham ikki xil usul mavjud: bezni uretra kanali orqali lazer yordamida va an’anaviy qorin orqali ochiq jarrrohlik amaliyoti yordamida olib tashlash. Asoratlari: kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, adenoma bezi kattalashib, peshob yo‘lini to‘sib boradi. Shuningdek, buyrak yetishmovchiligi, peshob suyuqligi cho‘kmalari hisobiga siydik qopchasida tosh yig‘ilishi va juda qattiq og‘riqlarni keltirib chiqarishi mumkin.Eriktil disfunksiya
– Jinsiy hayotda erkakning ayol bilan qo‘shila olmasligi va undan kelib chiqadigan asoratlar bepushtlikka olib kelishi mumkinmi?Nozima , Toshkent viloyati
Erkakda ayol bilan qo‘shila olmaslik, erkak ereksiyasining yetishmasligi eriktil disfunksiya nomi bilan yuritiladi. Sog‘lom hayot tarziga nomutanosib bo‘lgan bu holat asoratlari bepushtlikka olib kelish ehtimoli ham yo‘q emas. Bu holatning kelib chiqishiga qandli diabet, yurak-qon tomir faoliyatidagi o‘zgarishlar, spirtli ichimliklar, psixotrop moddalar, asabiylik, o‘tkir kasalliklar, vitamin yetishmasligi sabab bo‘lishi mumkin. Belgilari: jinsiy hayotda zaiflik, jinsiy yaqinlikka xohish kamayishi, kayfiyatning tez-tez o‘zgarishi. Davolash. Aksariyat erkaklar shifokorga ko‘rinishdan shunchaki uyalishadi. Aslida esa kasallikning ilk belgilari sezilgan zahoti mutaxassisga murojaat etilsa, natijasi ijobiy bo‘ladi. Kasallikni davolashda avval bir qator tekshiruvlar o‘tkaziladi:- qon va peshob tahlili;
- arterial bosim;
- EKG;
- qondagi qand miqdori;
- gormonlar (testesteron, estradiol, ganodropin) miqdori.
Varikotsele
— Erim quruvchi bo‘lib ishlaydi. Ish jarayonida og‘ir yuklarni ko‘tarishiga to‘g‘ri keladi. Yaqinda bir dugonam og‘ir yuk ko‘tarish erkaklarda varikotsele degan kasallikni keltirib chiqarishini aytdi. Bu qanday kasallik o‘zi?Xurramoy, Bo‘ka tumani
Varikotsele kasalligida chap yorg‘oq vena qon tomirlari o‘z funksiyasini bajara olmay, qon chiqishi sekinlashadi. Natijada qon tomirlari kattalashib ketadi. Yuzaga kelish sabablari: qon tomir devorlarining tug‘ma zaifligi; moyak xaltasi va kichik tos tomirlarida qon bosimining yuqori bo‘lishi (bunga og‘ir yuk ko‘tarish, qattiq kuchanish kabi holatlar sabab) Belgilari: moyak funksiyasining buzilishi natijasida yoqimsiz og‘riqlar, jinsiy yaqinlikdan so‘ng a’zolarda og‘riq. Ba’zan kasallik belgilarsiz ham kechishi mumkin. Tashxislashda shifokor ko‘rigi, UTT dopler tekshiruvi, rentgen ko‘rsatmasi zarur. Davolash. Kasallikning yengil ko‘rinishida shifokor tomonidan konservativ davolash buyuriladi. Jarrohlik amaliyotida esa 2 xil ko‘rinish mavjud: kengaygan tomir olib tashlanadi yoki tomir plastik usul bilan tiklanadi. Asoratlari: agar kasallik vaqtida davolanmasa, moyak kichiklashib, o‘z funksiyasini yo‘qotadi.Uretrit
— Yaqinda erim qattiq shamolladi. Ahvoli yomonlashgach, shifokorga ko‘rinsak, shamollash bilan bir qatorda siydik yo‘lida ham yallig‘lanish yuzaga kelganini aytishdi. Bu xavfli emasmi?Munavvar, Olmaliq shahri
Erkaklarda siydik kanali yallig‘lanishining tibbiy atamasi uretrit deb atalib, o‘tkir va surunkali ko‘rinishga ega. Yuzaga kelish sabablari: jinsiy yo‘l bilan yuqadigan kasalliklar, noinfeksion turdagi yallig‘lanish, buyrakda tosh yig‘ilishi, a’zolardagi yuqumli xastaliklar, siydik kanaliga ta’sir etuvchi jarohatlar, allergiya, bakteriyalar (stafilokok, streptokok...) Tashxislash uchun quyidagi tekshiruvlardan o‘tish kerak: peshob suyuqligi namunasi, UTT, siydik yo‘lidan chiqadigan suyuqlikni mikroskop orqali tekshirish. Davolash: pala-partish jinsiy yaqinlik natijasida kasallik boshqa odamga ham yuqadi. Xastalik o‘tkazib yuborilganda peshob yo‘lidan yiring yoki qon aralash suyuqlik kelishi kuzatiladi. Agar uretritga oid o‘zgarishlarni sezsangiz, bee’tibor bo‘lmang. Yo‘qsa, kasallik surunkali tusga aylanishi mumkin. Shifokor tahlil natijalariga ko‘ra kerakli muolaja turini (antibakterial yoki mahalliy davolash) belgilaydi.Buyrak tosh kasalliklari
— Xo‘jayinim og‘ir ishda ishlamasa-da, bel og‘rig‘idan ko‘p shikoyat qiladi. Ba’zida bel va qovuq sohasini sanchiqli og‘riq bezovta qiladi. Bu nimadan bo‘lishi mumkin? Erkaklarning bel sohasidagi og‘riqlar mushak-nerv tolalari shamollashi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ammo bu holat qattiq sanchiqli emas, nafas olganda ham u bilan birga kechadigan og‘riqqa yaqin bo‘ladi. Ko‘pincha beldagi og‘riq buyrakda qum, tuz va tosh yig‘ilishi bilan ham izohlanadi. Belgilari: bel sohasidagi sanchiqli og‘riqlar, kasallik o‘tkazib yuborilganda peshobning qon aralash kelishi, tana harorati ko‘tarilishi, peshob yo‘llaridagi surunkali yallig‘lanish jarayonlarining avj olishi. Yuzaga kelish sabablari: peshob ajratish tizimidagi surunkali kasalliklar (sistit, prostatit, adenoma, pileonefrit), ovqat hazm qilish tizimidagi surunkali xastaliklar (kolit, gastrit...), organizmda suv miqdori tanqisligi (asosan achchiq, sho‘r mahsulotlarni iste’mol qiladiganlar orasida ko‘proq uchraydi), avitominoz. Tashxislash uchun shifokor tomonidan quyidagi tekshiruvlar buyuriladi: klinik tekshiruv (barmoqli paypaslanish), UTT, peshob ajratish yo‘lini rentgen qilish. Davolash. Agar tosh buyrakning o‘zida kichik o‘lchamda bo‘lsa, maydalab, peshob ajratish yo‘li orqali chiqarib yuboradigan va og‘riqni kamaytiradiga preparatlar buyuriladi. Biroq buyrakdagi tosh o‘lchami kattalashgan bo‘lsa, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi mumkin. Har qanday muolajadan so‘ng albatta qat’iy parhezga rioya qilish zarur. Asoratlari: agar kasallikka bee’tibor bo‘linsa, buyrakdagi qum asta-sekin toshga aylanib, peshob yo‘liga o‘tishi va peshob ajralishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. Bu esa kuchli og‘riq va qovuq sohasida shishlarga olib keladi.Uy sharoitida…
- Prostata adenomasida…
- Peshob ajratish yo‘li yallig‘lanishida…
- Buyrak toshini maydalash uchun…
- Varikotseleda…
© Dildora YUSUFBЕKOVA.
"Sug‘diyona" gazetasi.
Sugdiyona.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )