3.3
(10)

Sharq tabobati inson tanasida 7 ta energetik markaz aylanma (chakra)lar mavjudligini ta’kidlaydi. Tadqiqotlar ham buni tasdiqlagan: xromosomalar tomonidan chiqariladigan elektromagnit va akustik to‘lqinlar mazkur 7 ta nuqtada to‘qnashdi. Agar “energetik” anatomiyani tana tuzilishi haqidagi hissiy taassurot va tushunchalarga bog‘laydigan bo‘lsak, g‘alati o‘xshashliklar ma’lum bo‘ladi. Shunday qilib, inson tanasida yettita aylanma (chakra) mavjud. Quyida ular ta’rifini bayon etamiz.

Saxasrara aylanmasi

Bu markaz bosh tepasida chaqaloqning liqildoq o‘rnida joylashgan (quvvati binafsharang) va ruhiy holatni ifodalaydi. U g‘uddasimon bezga bog‘langan va boshqa barcha aylanmalar bilan shunday aloqadadir. Bu markazdan uzatilgan nurlanish Koinot bilan bog‘langanda, odam o‘zini huzur-halovatda sezadi. Uning yordamida o‘ta yuqori ongga erishadi va yangi qobiliyatlari ochiladi. Yuqori markazli odamlar kam uchraydi.

Qadimgi hindularning aytishlaricha, u ichki hissiyot (intuitsiya), zehn va yagona axbor kosmik manba orasidagi aloqani boshqaradi. Quvvat-axborot maydonidan kelayotgan bilimlar ana shu aylanma orqali qabul qilinadi.

Anatomik jihatdan unga epifiz (g‘uddasimon bez) mos kelib, uning hajmi qariyb no‘xatga teng bo‘ladi. U emotsional qatlamga ta’sir ko‘rsatadi va intuitsiyani boshqaradi. Uning qanday ishlashiga qarab, inson ruhiy jihatdan naqadar yuksak pog‘onada ekanligini bilish mumkin. Buyuk olim Mendeleyevning epifiziga tan berish kerak: u odatdagi tunlardan birida kimyoviy unsurlarning davriy tizimini tushida ko‘rgan. Isaak Nyutonning boshiga mashhur olma tarsillab tushganligi tufayli uning ham epifizi ishi faollashdi va odam butun dunyo tortishish qonuni formulasiga ega bo‘ldi.

Ajna aylanmasi

Ikki qosh o‘rtasida joylashgan (“qalb ko‘zi” ko‘krang). Bu markazga fikr mujassam qilinganda, fahmlash xislati kuchayadi. Yoga ta’limotiga ko‘ra, bu yerda boshlang‘ich kuch va dil joylashgan. Mazkur markaz gipofiz va g‘uddasimon bez hamda bosh miyaning sezgiga tegishli qismini kuzatib turadi.

U Qadimgi Hindistonda “Jiva”, musulmon Sharqida “dunyoviy idrok”, parapsixologiyada “quvvat axborot maydoni” deb nom olgan. Kuchli g‘uddasimon markazli odam o‘z maqsadlariga erishadi. Mashhur yozuvchilar, ulug‘ olim va mutafakkirlarda bu markaz kuchli bo‘lgan. Kuchsiz markazli odamlar aksincha, nopok, razil, toshbag‘ir va badjahldir.

U vaqt pardasi orqali olis o‘tmishdagi hodisalarga kirib borishga yordam beradi. “Uchinchi ko‘z”ga gipofiz to‘g‘ri keladi – u yuqori endokrin bezlaridan biri bo‘lib, bosh miyaning gipofizar chuqurligida joylashgan. Bu kichkina a’zo tanamizning qariyb barcha tashqi xususiyatlarini (bunga bo‘y ham kiradi), shuningdek, modda almashinuvi tezligini ham aniqlab beradi. G‘oyibdan bilish holatini ilm-fan nuqtai nazaridan tushuntirib bo‘lmaydi, ammo olimlar “uchinchi ko‘z”ni faollashtirishga yordam beradigan qadimgi hindularning tavsiyalarini qo‘llab-quvvatlaydilar: rasmlar chizing, she’rlar ijod qiling, san’at asarlaridan zavqlaning… Ajna aylanmasi quvvat-axborot maydoni bilan bog‘liq payg‘ambarlar, avliyolar, bashoratchilar – insoniyatning eng aql-idrokli vakillari shu yerdan axborot olishgan, hozirgi ekstrasenslar ham mazkur aylanma bilan ishlashadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Radikulit - faqat bel og‘rig‘i emas

Buddaviylarning shu nuqtaga xol qo‘yishlari, nasroniylar ikki barmog‘ini shu nuqtaga tekkizib cho‘qinishlari, musulmonlar namozda sajdaga bosh qo‘yishlaridan maqsad mazkur aylanma kuchini oshirishdan iborat. Hatto bashorat qiluvchi bo‘lib yetishganingizda ham, magnit to‘lqinlari, ob-havo injiqliklariga e’tibor qilmang: tasavvur o‘yini bizning ichki jarayonlarimizni tashqi dunyo ritmi bilan hamohang qiladi.

Vishudxa aylanmasi

Bu markaz bo‘yinning tomoq sohasida, bodomcha bezlariga yaqin yerda joylashgan bo‘lib, til bilish qobiliyati va telepatiya uchun “javobgar” hisoblanadi (quvvati havorang).

Mazkur a’zolar orasidagi aloqa aniq bilinadi: ko‘p tilni biladiganlar va telepatlar bu markazlarini zo‘riqtirib ishga solganliklari tufayli, boshqalardan ko‘ra, laringit va angina bilan ko‘proq og‘riydilar). Kimki bu aylanmaga fikrni mujassamlasa, katta yutuqlarni qo‘lga kiritadi. Unga o‘tmishni, hozirgi vaqtni va kelajakni bilish nasib etadi. Bu markaz efir nafs unsuriga to‘g‘ri keladi. U tomoq, qalqonsimon bez, so‘lak bezi va ayrisimon (timus)ni nazorat etadi. Asosiy vazifasi ovoz va tilni kuzatib turishdir. Bu asosan, mehr-muhabbat, kirishuvchanlik, ruhiy-hissiy faoliyat markazi hisoblanadi.

Sog‘lom efir markazli odamlar sezuvchi va sadoqatli, xushro‘ydir. Nosog‘lom efir markazlilar dangasa, erinchoq va beparvo bo‘lishadi.

Qisman yoki to‘la yopiq tomoq aylanmasi deyarli barcha odamlarga xos. Uning faoliyati rivojlantirilganda xotirjamlik, kirishuvchanlik, ijodkorlik tuyg‘usi, to‘g‘ri va mantiqiy fikrlash, narsa va hodisalarning mohiyatini aniq va ravshan qilib tushuntirish qobiliyatlari kuchayadi.

Anaxata aylanmasi

Yurak sathida joylashgan (rangi yashil) bo‘lib, yurakka to‘g‘ri keladigan markazdir. Yogalar odamning o‘tmishdagi timsoli haqidagi xotiralari aynan ana shu joyda ekanligini ta’kidlaydilar. Bu fikrni endilikda olimlar ham tan olishgan. Ular inson qavmining genlarida Odam Ato va Momo Havodan boshlangan barcha evolyutsiya (rivojlanish) iz qoldirgan, deb ta’kidlaydilar. Balki, yurak hujayralari yadrosi bo‘lgan kardiomiotsitlar – o‘ziga xos oilaviy va tur tarixlarining xromosom tarixlaridir. Faqat bizning ko‘pchiligimiz ana shu ma’lumotlarga yo‘l topolmaymiz, xolos. Yogalarning ta’biricha, insonning yaratilish mohiyati va mavjudligi haqidagi xotiralar shu yerda joy olgan. Olimlar bunga unchalik e’tiroz bildirmay, yurak hujayrasi kardiolitsitlar yadrosining xromosomalari tur va oila tarixi saqlanadigan kutubxonadir, deb faraz qilmoqdalar.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Leyshmaniozlar

Insonlardagi mehr-muruvvat, oqibat, or-nomus, hurmat-ehtirom, aql-farosat kabi ijobiy his-tuyg‘ular sihat-salomatlik uchun nihoyatda foydali. Biroq buning aksi o‘laroq, kimda-kim salbiy his-tuyg‘ularni o‘zida saqlab yuraversa, ularning har biri xastalik, dard ko‘rinishida o‘zidan biron asorat qoldiradi.

Bu quvvat markazining ishi buzilganda qat’iyatsizlik, o‘ziga ishonchsizlik, besabrlik, yalqovlik, kibr, maydakashlik kabi illatlar paydo bo‘ladi. Uning faoliyati izga solinganda esa mehr-muhabbat, umid, ilhom, ijodkorlik, ishonch-e’tiqod singari fazilatlar kuchayadi. Inson barcha axborotni ko‘z, quloq, burun, og‘iz orqali oladi, bu axborot shu markaz orqali qayta ishlanadi, ruhiy jihatdan tahlil etiladi. Odamdagi quvonish, qayg‘urish, hayratlanish va hokazo tuyg‘ular ana shu bilan bog‘liq.

Manipura aylanmasi

Kindikdan 7 sm yuqorida joylashgan, rangi sariq. Bu olov unsuriga to‘g‘ri keladi. Inson biotizimining issiqlik manbaidir. U jismoniy kuch va irodani ifodalaydi. o‘z tanasining harorati bilan qorni erituvchi Tibet zohidlari aynan ana shu joydan energiya oladilar.

Sharqda quyosh chigalini kulala bo‘lib yotgan ilon sifatida tasvirlaydilar. Energetik markazlarning ochilish vaqtida u uyg‘onib ketadi va harakatga keladi – bunday vaqtda odamda hech bir sababsiz bosh aylanishi va ko‘ngil aynishi yuz beradi. Tadqiqotchilar bu “ilon” transportda yurishni “yoqtirmasligi”ni sezib qoldilar. U taloq, jigar, me’da osti bezi va buyrak usti bezlarini nazorat qilib turadi. Kuchli “olov” markazli kishilar dovyurak, mard, qo‘rqmas bo‘ladi. Aksincha, kuchsizi asabiy, takabbur va sabrsizdir.

Svadxistana aylanmasi

Kichik tos suyagidagi kindikdan 4-6 sm pastroqda, alvon rang markaz bo‘lib, u buyrak, peshob chiqaruvchi kindikdan va jinsiy tizim ishlarini boshqaradi. U “suv” unsuriga to‘g‘ri keladi va jismoniy kuch, farosat, yulduzlar mohiyati ilmini kuzatib turadi. Yomon sifatlar va fikrlarni bartaraf etadi. U jinsiy quvvatni va siydik chiqarishni muvofiqlashtiruvchi markazdir.

Qadimgi Xitoyda buyrak, buyrak usti bezlari va jinsiy bezlar birgalikda qo‘rquv a’zolari hisoblanib kelgan: chap tarafdagisi – SI hayotiy kuchni bildiruvchi olovli asosni ishlab chiqaradi. Asosiy vazifasi – his-tuyg‘ular, kechinmalar barqarorligini ta’minlash.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Shifobaxsh bahoriy salatlar

Buyraklar odam organizmida muhim o‘rinni egallaydi. Uni sog‘lom tutish uchun g‘ozdek yurishni bir kunda 3 martadan, bir necha daqiqa davomida qo‘llang va Siz uzoq vaqt davomida salomatligingizni boy bermay yurasiz.

Kuchli “suv” markazli odamlar yumshoq mijoz, odatlari o‘zgaradigan va hamma holatga moslasha oladigan kishilardir. Psixofiziologik buzilishlari: jinsiy aloqaga ruju qo‘yish, fikrlash cheklanib qolishi, javobgarlikni his qilmaslik, hasad, badgumonlik, g‘iybatga moyillikdir.

Mazkur aylanma ishi kuchaytirilganda xasislik, hasad, shahvoniy hirs kabi illatlar o‘z aksiga aylanib, tejamkorlik, havas, pok sevgi singari fazilatlarga evriladi. Axloqiy-ma’naviy jihatdan yuksalish, ishda muvaffaqiyatga intilish ortadi. Boshqacha aytganda, insonning ko‘nglidan badbin, chirkin niyatlar ketadi va ezgulik sari yo‘l ochiladi.

“Suv” markazli nosog‘lom odamlar xasis, ziqna, jahldor va o‘ta shahvoniydir.

Muladxara aylanmasi

Bu markaz umurtqa boshida, ya’ni dumg‘azada joylashgan rangi olov markaz bo‘lib, unda quvvat to‘planadi: quvvatning biri ichki bo‘lib, bu ichki quvvatni inson organizmining o‘zi ishlab chiqaradi, tashqisi kosmosdan (koinotdan) qabul qilinadi va u bu joyga umurtqa pog‘onasi bo‘ylab tushadi. Bu aylanmaga muroqaba qilinganda, hayot kuchini sezamiz va uyg‘onishni kuzatamiz. Tananing barcha qismi shu markaz orqali kuzatib turiladi (suyak, tana, yog‘, teri va bo‘g‘im). U “yer” unsuri bilan belgilangan. Kuchli “yer” markazli odamlar, asosan durkun, harakati sustlashgan, beparvodir. U tayanch-harakat a’zolarini ham boshqaruvchi markaz hisoblanadi. Mushaklar quvvat, tog‘aylar, suyak to‘qimasi, bo‘g‘imlar va orqa miya ishiga javob beradi. Psixofiziologik buzilishlari kibr, g‘azab, xudbinlik, ta’ma, xasislik kabi illatlar sifatida ko‘rinsa, faoliyatiga tuzatish kiritilgandan so‘ng immunitet, hayotiy quvvat oshadi, yashashga qiziqish, ko‘tarinki kayfiyat uyg‘onadi.

Abdukarim Usmonxo‘jayev.
“Dorisiz qalb davosi” kitobi.
Tib.uz nashri.