Echki suti o‘ziga xos ta’mga ega shifobaxsh ne’matdir. Tarkibida yurak tomir, asab kasalliklari uchun foydali bo‘lgan nikotin kislotasi mavjud. Ibn Sinoning ta’rificha, u ichni suradi, tomoqdagi, qovuqdagi yaralarni davolaydi, yo‘tal, qon tuflash, bosh og‘rig‘i, me’da xastaliklarida foyda qiladi. Quruq mijozdan bo‘ladigan xafaqon, vasvasa hamda esda saqlayolmaslik kasaliga ham yaxshi davodir. Bu sut bilan g‘arg‘ara qilinsa tomoq og‘riq, tilcha, bodomsimon bezlar shishlari, sil va nihoyat darajada ozib ketishga foyda beradi. Olimlarning ta’kidlashicha, echki suti kimyoviy tarkibiga ko‘ra ko‘proq ona sutiga yaqin turadi. Kalsiy, magniy, temir, marganes, kaliy kabi qimmatli moddalarga boy. Tarkibida, ayniqsa, yog‘ va oqsillar mo‘l bo‘lib, ularni organizm tez va oson hazm qiladi. Yog‘ donachalari sigir sutinikidan ikki barobar kichik, oqsillari esa nozik bo‘ladi. Shu bois echki sutini go‘daklarga ham bersa bo‘ladi. Raxit, jigar, o‘pka sili, allergiya kasalliklarini davolashda echki sutidan foydalanilsa, yaxshi samara beradi. U ishqorli bo‘lganidan oshqozoni oshiqcha kislota ajratadigan odamlarga yaxshi davodir. Ekzema, qichima, astma bilan og‘rigan kishilarga ham echki suti ichish tavsiya qilinadi. Bo‘g‘inlar og‘rig‘ini qoldirishda, o‘t xaltadagi toshni tushirishda ham qo‘llaniladi. Echki sutini faqat pishirib iste’mol qilish zarur. Undan xushta’m qatiq, suzma, qurut tayyorlash mumkin. Shuningdek, suzmasining zardobi sariq kasalligining oldini olishda foydali. Shakar bilan ichilsa, yuz rangini chiroyli qiladi.
Ushbu maqolani ham o'qing:
D vitamini haqida