— Qizimga shifokorlar displaziya tashxisini qo‘yishdi. Iltimos, shu kasallikning kelib chiqish sabablari va davo yo‘llari haqida ma’lumot bersangiz?
— Displaziya (lotincha «noto‘g‘ri rivojlanish») chanoq-son bo‘g‘imining tug‘ma kasalligidir. Aslida bu holat bola bo‘g‘imidagi boylam va mushaklar tonusining bo‘shligi sabab yuzaga keladi va bir oyligida o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi. Lekin har ming chaqaloqning to‘rt-besh nafari son suyagining chiqishi kuchli bo‘lishi sabab shifokorga murojaat qiladi. Chanoq-son bo‘g‘imi tug‘ma displaziyasi uch xil ko‘rinishda bo‘ladi: displaziya, chala chiqish, son suyagining to‘liq chiqishi.
Displaziya qizlarda ko‘p uchraydi
Chanoq-son bo‘g‘imi tug‘ma displaziyasi o‘g‘il bolalarga nisbatan qizlarda 5-7 marta ko‘proq uchraydi. Dumbasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarning 50 foizida displaziya kuzatiladi. Homiladorlikning birinchi yarmidagi turli xastaliklar, jumladan, toksikoz kasallikni keltirib chiqaruvchi asosiy omildir. Bo‘lajak onaning yashash va ish joyidagi ekologik holat ham katta ahamiyatga ega. Bular displaziya rivojlanishiga va hatto, son suyaklarining tug‘ma chiqishiga olib keladi. Ayrim oilalarda son suyagi tug‘ma chiqishiga moyillik nasldan naslga o‘tadi.
Son suyagining tug‘ma chiqishi
Son suyagining tug‘ma chiqishi — tayanch-harakat tizimi tug‘ma nuqsonlarining eng ko‘p uchraydigan turi. Unda chanoq-son bo‘g‘imi barcha elementlarining noto‘g‘ri rivojlanishi oqibatida bo‘g‘im kosachasi va son suyagi boshchasining bir-biriga nisbatan to‘liq siljishi kuzatiladi. Son suyagi boshchasi bo‘g‘im kosachasidan tashqariga va yuqoriga siljiydi.
Qanday aniqlash mumkin?
Bolaning tayanch-harakat va asab tizimi to‘liq rivojlanmagani sabab son suyagi tug‘ma chiqishida og‘riqlar kuzatilmaydi. Bolalar shifokori klinik, ultratovush apparati va rentgenografiya usuli yordamida tashxis qo‘yishi mumkin.
Agar bolada quyidagi belgilar kuzatilsa, ortopedga murojaat qilish zarur:
Bir yoki ikkala son ochilishining chegaralanishi. Bolaning oyoqlari chanoq-son va tizza bo‘g‘imlaridan to‘g‘ri burchak ostida bukib, yon tomonga ochiladi. Me’yorda uning ochilish burchagi 160 — 180 daraja. Displaziyada bu burchak kamayadi.
«Qirsillash» belgisi chaqaloqlarda uch oylikkacha kuzatiladi. Buni aniqlash uchun chaqaloqning oyoqlari chanoq-son va tizza bo‘g‘imlaridan to‘g‘ri burchak ostida bukib turib, o‘rta chiziqqa keltirilib, so‘ngra sekin ochiladi, shunda chiqish tomonda qirsillash eshitiladi.
Oyoqlarning kaltaligi. Chaqaloqning oyoqlari chanoq-son va tizza bo‘g‘imlaridan bukilib, qoringa simmetrik yaqinlashtiriladi va tizzalar sathida kaltalik aniqlanadi.
Teri burmalari asimmetriyasi. Me’yorda bolaning oyoqlari yozilgan va birlashtirilganda old va orqa sonda teri burmalari simmetrik bo‘ladi. Ularning asimmetriyasi o‘sha tomonda chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi borligini ko‘rsatadi.
To‘liq forig‘ bo‘lish mumkin
Aniq tashxis qo‘yilgandan so‘ng bemorning yoshi va kasallik darajasiga qarab, ambulator sharoitda yoki statsionarda davolash ishlari olib boriladi. Davolash davomiyligi o‘rtacha to‘qqiz-o‘n bir oyni tashkil etadi. Kasallik o‘z vaqtida aniqlanib (3-12 oylikkacha), shifokor ko‘rsatmasiga rioya qilinsa, undan to‘liq forig‘ bo‘lish mumkin.
Quyidagi maqolani ham o‘qishingizni tavsiya etamiz: Son suyagining tug‘ma chiqishi
© Rustam SHAROPOV,
Travmatologiya va ortopediya ilmiy tekshirish instituti
bolalar ortopediyasi bo‘limi ilmiy xodimi.
"Oila davrasida" gazetasi.
Bolalar immuniteti uchun foydali vitaminlar to’plamining eng ko’p qo’llaniladigan komplekslardan biri Alfavitdir.
Alfavit bu – vitamin va minerallar kompleksidir. Har bir yoshdagi chaqaloq yoki maktab o’quvchisi uchun alohida to’plamlardan birini tanlasa bo’ladi.
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi — https://apteka.uz/product/alfavit
Boshqa keng qo’llaniladigan vitaminli komplekslar: Komplivit, Supradin, Magvit, Aminoplyus, Rotafer kids va hk…
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.