Chaqaloqlarga so‘rg‘ich olishdan oldin quyidagi maslahatlar bilan tanishib chiqishingizni tavsiya qilamiz.
So‘rg‘ichning qanday turlari mavjud?
Lateksli so‘rg‘ichlar tabiiy hisoblanib, rangi to‘q sarg‘ish bo‘ladi. Ular ko‘pincha muddatidan oldin tug‘ilgan va nozik chaqaloqlarga tavsiya etiladi. Sababi, lateksli so‘rg‘ichlar og‘iz haroratida isib yumshaydi va ona ko‘kragini eslata oladi. Lekin lateksli so‘rg‘ichlar tarkibida oqsillar mavjudligi tufayli bolada allergiyani keltirib chiqarishi mumkin. Lateksli so‘rg‘ichlarni tanlashda yuqori sifatli taniqli brendlarga mansub bo‘lganini tanlash zarur. Sifatsiz lateks o‘zidan konseragen (salomatlik uchun o‘ta zararli) moddalarni chiqarish xususiyatiga ega. Silikonli so‘rg‘ichlar sun’iy materialdan tayyorlanadi. Ular rangsiz bo‘ladi. Silikonli sorg‘ichning asosiy xususiyati bolada unga allergiya bo‘lmaydi, chunki silikon lateksdan farqli ravishda sun’iy moddadir. Silikonli so‘rg‘ich lateksli so‘rg‘ichdan ko‘ra uzoqroq muddatga yaroqlidir.So‘rg‘ichni shakliga qarab farqlash:
- Oddiy so‘rg‘ich - asosan lateksdan tayyorlangan bo‘lib, ona ko‘kragi shaklida bo‘ladi. Uning uchi kattaroq va dumaloq shaklga ega bo‘ladi.
- Anotomik so‘rg‘ich - yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan. Uning uchi biroz ezilgan shaklga ega bo‘lib, chaqaloq tanglayiga taqalib turadi.
- Ortopedik so‘rg‘ich - tomchi shaklini eslatadi. Bu shakldagi so‘rg‘ichlar bolaning og‘iz bo‘shlig‘ini butunlay qoplamaydi, natijada tish va jag‘ deformasiyalanmaydi.
So‘rg‘ich tanlashda nimaga e’tibor berish zarur?
- Chaqaloqning vazni;
- Og‘iz bo‘shlig‘i kattaligi;
- Ko‘krak suti yoki aralashmani ichishi;
- Chaqaloq yoshi;
- So‘rg‘ich qaysi maqsadda berilishi.
- Har bir bola va alohida vaziyat uchun o‘ziga yarasha so‘rg‘ich talab etiladi.
So‘rg‘ichdan foydalanish davomida quyidagilarni bilish muhim:
- Bir so‘rg‘ichdan faqat bir bola foydalanishi kerak;
- So‘rg‘ich teshilgan, shakli buzilgan, rangi o‘zgargan yoki deformasiyalangan bo‘lsa, undan foydalanish mumkin emas;
- So‘rg‘ichni kamida 6-8 haftada almashtirib turish lozim;
- So‘rg‘ichni muntazam ravishda tozalab yuvib, sterilizasiya qilish talab etiladi;
- So‘rg‘ichni issiqlik yoki quyosh nurlari yonida qoldirish mumkin emas;
- Sorg‘ichni bolaning bo‘yniga ipga ilish o‘ta xavfli, bo‘g‘ilib qolish ehtimoli katta. Uning o‘rniga kiyimga qadaladigan maxsus so‘rg‘ich ilmoqlaridan foydalanish tavsiya etiladi.
© Uzbaby.uz nashri.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )