Andrologiya

MAQOLALAR

ico
Prostatit - davolasa bo‘ladigan dard

Ayrim insonlarda prostataning tug‘ma o‘smay qolganligi yoki nimjonlanib qolishi jinsiy qobiliyatda aks etishi mumkin.
Lekin,
prostata bezidagi asab tolalarining uchlari va asab tugunlari uning ba’zan unchalik ahamiyatga ega bo‘lmagan patologik o‘zgarishlarga ham sezgirligini ta’minlaydi. Hatto surunkali ich qotishi yoki bavosil kasalligi prostata bezida vaqtinchalik jinsiy noqobillik tug‘dirishi mumkin.

Prostata bezi adenomasi

Keksalikda jinsiy bezlar faoliyati susayganda prostata bezining faoliyati ham pasayadi. Uning yopishqoq to‘qimasi qisman biriktiruvchi to‘qima bilan aralashib qoladi. Ellik yoshdan oshgada ba’zan uretra atrofi bezlari
o‘sib ketadi. Bu bezlar, ma’lumki, prostataga taqalib turadi. Natijada prostatada shishga o‘xshash bezarar hosila (adenoma) paydo bo‘ladi. Adenoma jom, ya’ni qovuqdagi ulanish apparatini siqib, uning normal faoliyatini buzadi. Bunda siydik chiqarish qiyinlashadi. Adenoma to‘g‘ri ichakni qisib qo‘yishi oqibatida esa, keksalarda ich qotishi yuzaga keladi.
Prostata bezi faoliyatining buzilishi ulg‘aymagan kishilarda ham kuzatiladi. Buning boisi bavosil kasalligi, jinsiy yaqinlikdan tiyilib yurish, zahar tang‘iganda tutib yurish odatda, surunkali qabziyat, oz harakatli turmush tarzi, ovqatlanishdagi betartiblik va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishdir.

Prostatit bu – prostata bezining yallig‘lanishidan kelib chiquvchi kasallik bo‘lib, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 73-90 foiz erkak aynan shu xastalikdan aziyat chekadi.

Prostatit kasalligi bezga

  • siydik pufagi;
  • siydik yo‘li;
  • to‘g‘ri ichak;
  • qon tomirlari va kichik tozning limfa tomirlari orqali infeksiya tushish yo‘li bilan paydo bo‘ladi.

Prostata bezining yallig‘lanishi o‘tkir shamollash kasalliklari belgilari bilan kechadi. Bunda bemorning tana harorati 38-39 darajagacha ko‘tarilishi, hojat chiqarayotganda orqa teshikda qattiq og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda kasallik surunkali ravishda kechgani uchun erkaklarni hech narsa bezovta qilmaydi. Bunday paytda bemorda yuqoridagi belgilar kuzatilishi, ba’zan esa umuman og‘riq sezilmasligi mumkin:

  • tana harorati 37 darajagacha ko‘tarilishi;
  • tez-tez hojatga borish, borganda tomchilab siydik kelishi (dizuriya);
  • og‘riq bilan qiynalib siyish;
  • qovuq bo‘shlig‘i oralig‘ida og‘riqlar paydo bo‘lishi.

Prostata bezi ishlab chiqargan suyuqlik qonga so‘rilmagani uchun ushbu kasallik bilan og‘rigan erkaklarda ereksiya buzilishi kuzatiladi. Surunkali prostatitdan aziyat chekayotgan erkaklarda asablar tarangligi, ko‘ngil to‘lmaslik, sal narsaga ”tutab“ ketish holatlari ko‘p uchraydi. Shuning uchun bunday bemorlarni davolovchi shifokor nafaqat tajribali urolog, balki yaxshi ruhshunos bo‘lishi darkor.

Prostatit kasalligi profilaktikasi

Agar bemor vaqtida shifokorga murojaat etmasa, keyinchalik prostata bezida yiringlash paydo bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilib, siydik yo‘llarida qattiq og‘riq seziladi.
Shuni unutmaslik kerakki, kasallikning surunkali turi murakkab kechishi bilan xavflidir. Bu kasallik ko‘p yillar mobaynida inson tanasida yashirin kechgani bois o‘zini sezdirmaydi. Shuning uchun ham ko‘p erkaklar o‘zlarida prostata bezi borligini bilishmaydi. Vaqt o‘tgan sari bezning yallig‘lanishi hisobiga vaziyat yanada murakkablashib boraveradi. Erkak organizmida kechayotgan bu jarayon keyinchalik siydik yo‘liga o‘tib, quyidagi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin:

  • sistit (qovuqning yallig‘lanishi);
  • piyelonefrit (buyrak va buyrak jomchasi
  • shilliq pardasining yuqoridan pastga qon
  • orqali tushuvchi yoki pastdan siydik yo‘lidan yuqoriga ko‘tariluvchi
  • infeksiya orqali yallig‘lanishi);
  •  vezikulit (urug‘ pufakchalarining yallig‘lanishi);
  • epididimoorxit (moyaklar va ularning ortiqlari (pridatkalari)ning yallig‘lanishi).

Yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklar erkaklarda bepushtlikni keltirib chiqaruvchi omilga aylanadi. Tabiiyki, bunday bemorlarning davolanishi qiyin kechadi. Eng achinarlisi, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tish va salomatligini mustahkamlashga jiddiy yondoshmagan ba’zi erkaklar bepushtlik dardiga chalinishlari mumkin. Shu bois har bir erkak yilda kamida bir marta urolog, androlog hamda seksopatolog ko‘rigidan o‘tishga odatlanishi kerak.

Prostatit kasalligini davolashning zamonaviy usullari

Hozirgi kunga kelib, prostatitdan aziyat chekayotgan bemorlar og‘riqsiz va samarali davolash usullari yordamida shifo topmoqdalar. Buning uchun avval ularni quyidagi tekshiruvlardan o‘tkazish lozim:

  • kompyuter orqali skaner qilish;
  • uch tomonlama ultratovush tashxisi;
  • Immunofermentli muolaja – PSA (prostata maxsus antigeni).
  • Bemorning yakuniy natijalarini o‘rganib chiqqach, unga prostatit, adenoma,
    ya’ni giperplaziya (bez to‘qimadan vujudga kelgan o‘sma) yoki prostata bezi
    saratoni deb aniq tashxis qo‘yish mumkin.

Ushbu kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlarning tushkunlikka tushishlariga hojat yo‘q. Chunki olimlar allaqachon bunday bemorlarning dardiga ham shifo topish usulini ishlab chiqishgan. Prostata bezi saratoni kasalligini boshlang‘ich davrida davolash ijobiy natija beradi. Lekin xavfli o‘sma hujayralarining boshlang‘ich o‘chog‘idan boshqa a’zolarga qon yoki lifa oqimi bilan o‘tishi natijasida hosil bo‘ladigan ikkilamchi o‘sma (metastaz) paydo bo‘lgan bo‘lsa, kasallikni davolash mushkul kechadi. Shuning uchun erkaklarga vaqti-vaqti bilan shifokor ko‘rigidan o‘tib turishni maslahat beraman.

© "Darmon" jurnali.

ico
Urolog, androlog ko‘rigi - erkaklar salomatligi uchun juda muhim

Andrologiya erkaklarning sog‘ligini asrash, muammolarini hal qilish, bepushtligini davolash, qolaversa, jinsiy ahvolini aniqlaydigan soha hisoblanadi. Dunyo miqyosida oladigan bo‘lsak, erkaklar ayollarga nisbatan 5-10 yil kam umr ko‘radi. Demak, bugungi kunda erkaklar sog‘ligiga ham alohida e’tibor berish, unga jiddiy yondashish zarur.

androlog

E’tibor berilsa, aholi orasida qorindor erkaklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Katta qorin erkaklar uchun juda xavfli hisoblanadi. Uning oldini olish uchun androlog mutaxassis ko‘rigidan o‘tish zarur. Aks holda, bunday erkaklarning uzoq umr ko‘rish ehtimoli kamayib boradi. Bundan tashqari, erkaklardagi qon bosimi, yurak va qand kasalliklarining kelib chiqish zamirida ham andrologik muammolar yotadi. Eng muhimi, er-xotin munosabatlari a’lo darajada bo‘lishi uchun erkaklar vaqti-vaqti bilan androlog tekshiruvidan o‘tib turishlari kerak.

30 yoshgacha erkaklar organizmida testosteron (erkaklar jinsiy gormoni) moddasi oshib boradi. Qanday temperament egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, 30 yoshdan oshgan kishilarda bu modda har yili bir foizga kamayib boraveradi. 11 foizga yetganida erkaklar klimaksi boshlanadi. Ayollar klimaksidan farqli jihati shundaki, erkaklarda bu kasallikning boshlanishi ularning individual holatiga bog‘liq.

Erkaklar klimaksi quyidagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi:

  • Qorin paydo bo‘lishi;
  • Tez-tez charchab qolish;
  • Uyquning chuqur bo‘lmasligi yoki uyqudan vaqtli uyg‘onish;
  • Ayollarga bo‘lgan moyillikning susayishi;
  • Suyaklarning mo‘rtlashishi;
  • Terining qurib ketishi;
  • Ajinlarning paydo bo‘lishi.

O‘zidan sog‘lom va baquvvat nasl qoldirishni istagan erkaklar yuqorida sanab o‘tilgan belgilarni sezishi bilan androlog shifokorga murojaat etishi lozim. Androlog ko‘rigidan nafaqat erkaklar, balki tug‘rikdan so‘ng to‘lishib ketgan ayollar ham o‘tishlari zarur. Ularni tekshirish uchun qon tahlili olinib, natijaga ko‘ra kerakli davo usullari qo‘llaniladi.

ico
Kriptorxizm bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkinmi?!
Yaqinda farzandli bo‘ldim. O‘g‘limda tug‘ma kriptorxizm aniqlandi. Shifokorlar buning sababini homiladorlikda chala rivojlanish tufayli, deya izohlashdi. Shunday bo‘lishi mumkinmi? – Kriptorxizm – tug‘ma kasallik bo‘lib, bo‘lg‘usi otalarning reproduktiv salomatligiga, ya’ni farzand ko‘rish qobiliyatiga katta xavf soladi. Bolalarda moyakning yorg‘oqqa tushmasligiga ko‘pincha yaqin qarindoshlarning qiz olib, qiz berish, ya’ni quda-anda bo‘lishi, chov churrasi, yaqin qarindoshlarda kriptorxizm bo‘lishi, kasbga oid zarar (jismoniy, kimyoviy), ekologiyaning yomonligi, bo‘yida bo‘lganda yoki homiladorlik davrida zararli ta’sir qilganda homila ona qornida chala rivojlanadi. Soxta va chin kriptorxizm, joyiga qarab chov (moyaklar chov sohasida bo‘ladi) va abdominal (moyaklar qorin sohasida bo‘ladi) kriptorxizm farqlanadi. Chin kriptorxizmda moyak qorin sohasida yoki qorin devorida bo‘ladi. Shunisi ham borki, yorg‘oq moyak tushib qolgan tomonda chala rivojlanadi. Moyak yorg‘oqqa odatda bola hayotining birinchi yilida o‘zi tushadi, buning uchun hech qanday maxsus davo talab qilinmaydi. Soxta kriptorxizm chin kriptorxizmga qaraganda ikki marta ko‘p uchraydi. Bunda moyakni vaqti-vaqti bilan mushaklar tepaga tortadi va u yorg‘oqdan tepaga chiqib ketadi. Qo‘rqish, sovqotish, og‘riq oqibatida moyakni ko‘targan mushaklar reflektor qisqaradi, shunda moyak chov kanali tepasiga o‘tib ketishi mumkin. Qo‘lni isitib moyakni ohista paypaslab, ushlab yorg‘oq tubiga tushirib qo‘yish mumkin, ana shunga soxta kriptorxizm deyiladi va hech qanday davo qilishga hojat qolmaydi. Odatda, birinchi yillari yoki balog‘atga yetish davrida moyak yorg‘oqqa tushib, butunlay joylashishi kerak. Yorg‘oqqa tushmagan moyak ko‘pincha chala rivojlanadi, unda distrofik o‘zgarishlar ro‘y beradi, ayniqsa ikki tomonlama kriptorxizm keyinchalik bepushtlikka olib kelishi mumkin. Chov kanalida turib qolgan moyak buralib qolish va nobud bo‘lish xavfida bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘smalar rivojlanishi xavfi ko‘p marta oshadi. Agar bolada moyakning yorg‘oqqa tushganiga shubha qilsangiz, iloji boricha tezroq uni bolalar shifokori yoki endokrinologga olib boring, zarur bo‘lsa vrach davo buyuradi, maslahatlar beradi. Zarur bo‘lsa jarrohlik usuli qo‘llaniladi.

© Akmal ABDURAIMOV, urolog. "Salomatlik sandig‘i" gazetasi.