Bexosdan bola burni qonaganda nima qilish kerak?  Aytishlaricha, bolani yotqizish ham aks samara berishi mumkin ekan. Shu rostmi? Agar bolaning burnidan qon oqayotgan bo‘lsa uni yotqizish mumkin emas. Chunki gorizontal holatda qon boshga quyilishi mumkin. Qattiq qon ketganda burun-halqum devorining orqa qismidan qon oqib, bola tiqilib qolishi mumkin. Burundan qon oqqanda quyidagilarni bajarish maqsadga muvofiq: 1. Bolani o‘rindiq yoki karavotga o‘tqazib orqasiga baland yostiq qo‘yiladi. 2. Burnini yaxshilab qoqiladi. Agar burun bo‘shlig‘ida qon qoldiqlari qolib ketsa burun shilliq qavati yaxshi qisqarmay qon to‘xtamasligi mumkin. 3. Endi burun bo‘shlig‘iga qon-tomirlarini toraytiradigan tomchilar – naftizin, sanorin, galazolin kabilar tomizish mumkin bo‘ladi. 4. Paxtani dumaloq shaklga keltirib 3% li vodorod peroksid eritmasida namlab, burun bo‘shlig‘iga kiritiladi va bosh barmoq yordamida burun teshiklari bir oz siqiladi. 5. Toza dokani sovuq suvda namlab yoki yelim xaltaga muz bo‘lakchasini solib qanshar (qovoqlarning ikki o‘rtasiga) qo‘yish ham yaxshi yordam beradi. 6. 5 yoshdan katta bo‘lgan bolaga 2-3 dona askorbin kislota tabletkasi va bir osh qoshiq 10% li kalsiy xlor eritmasini ichirish lozim. [caption id="attachment_2625" align="aligncenter" width="531"]Infografika Infografika[/caption]

Shifokorga ko‘rsatish zarur

Odatda, bunday muolajalardan keyin qon oqishi to‘xtaydi, lekin bolani baribir shifokorga ko‘rsatish zarur. Chunki qon oqishi qaytalashi, yoki atrofdagilarga sezilmagan holda (burun bo‘shlig‘ining orqa devoridan oqishda) davom etishi mumkin. Oqayotgan qonni bola beixtiyor yutsa qon qusishi, goho esa ko‘p qon yo‘qotish natijasida ahvoli og‘irlashishi ham mumkin. Tez-tez burni qonashining asl sababini (qon ivishining buzilishi yoki boshqa qon kasalliklari, qizlarda hayz davrining buzilishi, qon-tomirlarning patologik kengayishi, burun o‘smasi, jigar, yurak va o‘pkalar patologiyasi bo‘lishi mumkin) albatta shifokor ko‘rigidan o‘tib aniqlatish kerak. Agar qon oqishi operatsiyadan keyin yuzaga kelgan bo‘lsa darhol shifokorni chaqirib, bemorni kasalxonaga yotqizish kerak. Agar qon oqishi burunga yot jismlar kirishi natijasida vujudga kelsa, o‘zboshimchalik bilan uni olishga unnash yaramaydi. Chunki u burun bo‘shlig‘idan nafas a’zolariga o‘tib ketib, tiqilib, bo‘g‘ilib qolishga olib kelishi mumkin. Bunday holatda darhol shifokorga murojaat qilish lozim.

Tib.uz nashri