Kuzatishlarga ko‘ra, bu kasallik asosan uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini (tuzlamalarni) iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi. Buning sababi shundaki, sabzavotlar (masalan, bodring, pomidor, baqlajon singarilar) ning band qismiga tuproq orqali botulizm sporalari tushgan bo‘lishi mumkin. Ular konservalanganda, idish ichidagi havosiz muhitda ana shu sporalar o‘zidan botulotoksin ajratib chiqaradi. Botulizm kasalligini aynan shu toksinlar keltirib chiqaradi. Uy sharoitida tayyorlangan sabzavot marinadlarini iste’mol qilish oqibatida botulizm toksini ajralib, u ichakda tez so‘riladi, qonga o‘tadi va butun organizmga tarqalib asosan, markaziy hamda vegetativ nerv tizimini shikastlaydi. Kasallik toksinli marinad (tuzlama) iste’mol qilingandan 12-24 soat o‘tgach odatda to‘satdan boshlanadi. Bemorlarda umumiy darmonsizlik, lanjlik, ko‘ngil aynashi, qusish holatlari kuzatiladi. Ko‘pincha og‘iz quriydi, oshqozonda og‘riq sezilishi mumkin. 6 yoki 24 soat o‘tgandan keyin botulizmga xos nevrologik alomatlar paydo bo‘ladi. Ko‘z oldi xiralashgan bemor buyumlarni aniq ko‘rolmaydi, ba’zan narsalar ko‘ziga ikkita bo‘lib ko‘rinadi (diplopiya). Shuningdek, qovoqlari osilib, ko‘zini ocholmaydi, ko‘z qorachiqlarining kengligi o‘zgaradi va soqqalarining harakati buziladi, ovqat yutish qiyinlashadi, tovushi pasayadi, u manqalanishi, dimog‘ida gapirishi ham mumkin. Yutish faoliyati buzilganligi sababli aksariyat hollarda bemor ichgan suyuqlik uning burnidan oqib chiqa boshlaydi. Ko‘p hollarda botulizm kasalligining xilma-xil simptomlari (belgilari) bemorni turli soha vrachlariga (masalan nevropatolog, okulist, otorinolaringolog, terapevt va boshqalarga) murojaat etishiga sabab bo‘ladi. Bu holat esa kasallikni o‘z vaqtida aniqlanmasdan qolishiga olib keladi. Yuqorida aytib o‘tilgan alomatlar sezilishi bilanoq shifokorni uyga chaqirish zarur. “Tez yordam” kelguncha, bemorda yutish faoliyati buzilmagan bo‘lsa, unga qaynatilgan suvni iliq holida ichirish yoki 2-3 litr iliq suv bilan huqna (klizma) qilish mumkin. Bu bemor ahvolini biroz yengillashtiradi. Botulizmga chalingan kishi imkon qadar tezroq shifoxonaga yetkazilishi zarur. Chunki kasallik mikroblarining zahari dastlab qonga o‘tadi, keyin ular to‘qimalar sari shiddat bilan harakatlanadi. Bordiyu davolash kechiktirilsa og‘ir asoratlar (masalan, qon-tomir tizimi faoliyatining buzilish va nafas yetishmovchiligi, zotiljam, miokardit singarilar) ro‘y berishi, hatto bemor nobud bo‘lishi ham mumkin. Maslahatlarimiz shuki, bodring, pomidor va boshqa shu singari sabzavotlarni uy sharoitida tuzlamang. Yaxshisi ularni savdo shahobchalaridan xarid qiling!

Sohibjon ALIMOV, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasining reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi. "Sihat-salomatlik" jurnali.