Ilm olamida shunday fikr bor « Yoshlikda olingan bilim, toshga o‘yilgan naqshdir». Tibbiyotda ham shu mulohaza o‘z aksini topgan. Ya’ni, bolangizni qancha yoshligidan chiniqtirsangiz u shuncha, kuchli va baquvvat bo‘ladi. Shuni hisobga olib, maqolamizda «Bolalarni chiniqtirish» mavzusini «ko‘tarib» chiqdik.
Harakat
Bola qancha ko‘p toza havoda harakat qilsa, shunchalik foydali. Masalan, maktabga avtobusda emas, balki piyoda borgani, kino ko‘rgandan ko‘ra, ko‘chada futbol o‘ynagani, yakshanba kuni uy yumushlari bilan shug‘ullangandan ko‘ra, tabiat qo‘yniga chiqqani ma’quldir. Eng asosiysi harakat to‘rt devol orasida emas, balki ochiq havoda bo‘lishi foydali.
Kiyim
Kiyim terlatmaydigan bo‘lishi shart. Shamollashga sovuqqotishdan ko‘ra terlash ko‘proq sababchi bo‘ladi.
Ovqatlanish
Ishtaha bo‘lgandagina ovqatlanish lozim.
Agar siz bolangiz tabiiy ravishda chiniqqan bo‘lishini istasangiz quyidagilarga amal qiling:
1. Bolani har qanday havoda ko‘chaga olib chiqing.
2. Bolani harakatchan o‘yinlarga jalb qiling.
3. Bolani terlash darajasida kiyintirmang.
4. Ovqatni kuch bilan yedirmang.
5. Agar bola ko‘p kasal bo‘layotgan bo‘lsa, o‘qish jarayonini bo‘shashtiring (musiqa, chet tili, qo‘shimcha darslarni kamaytiring).
6. Bola xonasini changdan holi qiling.
7.Dengiz, o‘rmon va toqqa bolani ko‘proq olib boring.
8. Bola xonasini tez-tez shamollatib turing.
Chiniqish davomida quyidagilarga ahamiyat bering:
- Muntazamlik - chiniqishni boshlagan bo‘lsangiz, uni har kuni qoldirmasdan bajaring;
- Asta-sekinlik - mashg‘ulotlar davomiyligi va og‘irligini asta-sekinlik bilan oshiring;
- Shaxsiy xususiyatlarni inobatga olish - yosh, vazn, bolaning psixologik yondashuvi, bolaning mavjud bo‘lgan kasalliklari va boshqalar.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )