O‘z vaqtida aniqlash muhim
Odatda, erta yoshdagi bolaning qornida og‘riq paydo bo‘lganida u bezovtalanadi, yig‘laydi, shu yo‘l bilan kattalar e’tiborini o‘ziga jalb qiladi. Turgan gapki, bunday kezlarda ota-onalar o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qoladilar, og‘riqni tezroq qoldirish uchun davo izlashga tushadilar. Ayrimlari bolani bilar-bilmasdan o‘zlari uy sharoitida davolay boshlaydilar, bola qorniga issiq “grelka” qo‘yadilar, unga moychechak (romashka)dan huqna qiladilar, sano yoki boshqa dori-darmonlarni ichiradilar. Haqiqatan ham, ba’zi hollarda, xususan, yasli-bog‘cha yoshidagi bolalar ichaklarida yel to‘planib qolishi yoki ichi yaxshi yurishmasligi tufayli qorni og‘risa arpabodiyon suvi ichirish yohud grelka qo‘yishdan so‘ng bola tinchlangandek bo‘ladi. Lyokin bu — hamisha ham shunday bo‘ladi, degan gap emas. Amaliyotimizda ko‘p uchraydigan holatlardan kelib chiqib kuyidagi misollarni keltirishimiz mumkin. 2 yoshli Davlatbekning qorni to‘satdan og‘rib qoladi. Ota-onasi «o‘g‘limizning me’dasi buzilibdi» deb o‘ylab, unga o‘zlaricha og‘riq qoldiruvchi dorilarni berib davolashadi. Ammo, qorindagi og‘riq bosilmagach, bolani kasalxonaga olib kelishadi. Xirurglar tekshirib ko‘rganda, ichak tutilishi kasaliga duchor bo‘lganligi aniqlanadi va bemor zudlik bilan operatsiya qilinib, zarur dori-darmonlar bilan davolanadi. Oradan ko‘p o‘tmay Davlatbek sog‘ayib uyiga ketadi. Ammo hayotda aksincha xolatlar xam ko‘p ko‘zga tashlanadi. Bu misoldan ko‘rinib turibdiki, bolalarning qorin og‘rig‘i turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelar ekan.Anginadan parotitgacha
Ko‘p xollarda angina, gripp, zotiljam, quloq yiringlashi kabi kasalliklar ham ba’zan qorinda og‘riq hosil qilishi, qizamiq, qizilcha, suvchechak, tepki (epidemik parotit)singari yuqumli kasalliklar esa «o‘tkir qorin» holatini yuzaga keltirishi mumkin. Bolada ko‘ngil aynashi, haroratning ko‘tarilishi, ich ketishi bilan bir vaqtda sodir bo‘ladigan qorindagi og‘riq, o‘tkir xirurgik kasallikdan dalolat beradi. Ayniqsa, shamollash, gripp va boshqa kasalliklar bilan ayni bir paytda appenditsit yoki ichak tutilishi kabi xirurgik kasalliklar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bolalar qorin og‘rig‘inining kaysi turi bilan kasallanganligini va sababini to‘g‘ri topish kiyin ish hisoblanadi va uni har tomonlama tekshirib ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi ota-onalarning kamchiliklari shundaki, ular bolaning fiziologik xususiyatlarini, qorindagi og‘riqning asl sababini bilishga urinmaydilar. O‘sib kelayotgan erta yoshdagi bola organizmining tabiatan kasallikka chidamsizligi, ko‘pgina a’zolari hali yaxshi rivojlanmaganligi sababli qorin bo‘shligidagi kasallik asorati tez rivojlanadi. Katta charvi hali o‘smaganligi uchun yiringlash jarayoni qorin bo‘shlig‘iga darhol tarqaladi va kutilmagan fojialarni keltirib chiqarishi mumkin.O‘zgaruvchan simptomlar
Bolalarda o‘tkir qorin sindromi bilan kechuvchi turli tuman kasalliklarning xar xil og‘riq tarikasida kechishi, ular organizmining o‘ziga xos anatomo fiziologik xususiyatlari va tez rivojlanib o‘sib borayotgan bola organizmidagi chuqur bioximik jarayonlar va ulardagi barcha nerv turlarining to‘liq yetilmaganligi bilan asoslanadi. Bunday xar xil klinik simptomlarning o‘zgarib turishi yoki xar xil kechishi ko‘p jixatdan tajribasiz shifokorlarni ham noqulay vaziyatga qo‘yib, tashhisda xato qilishlariga olib keladi. Yuqorida keltirilgan misollardan va aytilgan fikr-mulohazalardan shu narsa kelib chiqayaptiki, bolalar qorin a’zolarining anatomik-fiziologik xususiyatlari va ularda uchraydigan kasalliklardan xabardor bo‘lish har bir ota-onaning oz bo‘lsada burchidir. Ana shundagina, bola qornida og‘riq paydo bo‘lganda va shifokor yetib kelguncha dori-darmon qilish zaruriyati tug‘ilsa, ota-onalar o‘z farzandlarini kasalligiga to‘g‘ri munosabatda bo‘la oladilar. Bemor bola ota-onasining beparvoligi tufayli qimmatli vaqtni o‘tkazib yuborishi va kasallik bola umriga zavol bo‘lishi mumkin! Shuning uchun 3 yoshgacha qorin og‘rig‘i bilan og‘rigan bolalarda xirurgik kasalliklarni aniqlash murakkabligini yengillashtirish maksadida ularni albatta dastlab xirurgiya bo‘limiga yotqizish va tekshirish lozim bo‘ladi. Erta yoshgacha bolalarda o‘tkir xirurgik kasalliklarning oldini olish noxush holat ro‘y bermasligida muhim o‘rin tutadi. Bunday holatda, shifokor xuzuriga zudlik bilan borishning iloji topilmasa, unda to shifokor kelguncha qoringa sovutgich muz qo‘yib turish va “tez tibbiy yordam”ni zudlik bilan chaqirish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, bemor bolalar oilaviy, markaziy tashxisiy va tuman poliklinikalarida va xirurgik statsionarlarning qabul bo‘limlarida bolalar xirurglari navbatsiz qabul qilinadi.Abdurashid XAMROYEV, Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti “Gospital bolalar xirurgiyasi” kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali bolalar jarrohi.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )