Tovondagi nuqson kishi qaddi-qomatidagi buzilishlarning sababchisi ekanini ko‘pchiligimiz bilamiz. Ammo bilasizmi, 98% yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning tovonida hech qanday fiziologik og‘ishlar kuzatilmaydi. Lekin 60% kattalarda ana shu og‘ishlar mavjud. Ushbu buzilishlarning oldini olish va farzandingizni undan himoyalash uchun bola hayotining ilk oylaridanoq uning oyoqlarini ehtiyot qilish va ularni to‘g‘ri parvarishlash zarur. Iloji boricha ertaroq aniqlangan muammoning profilaktikasi kelajakda bu boradagi muvaffaqiyatning garovi hisoblanadi. Go‘dakning oyoqchalari sog‘lom bo‘lishi to‘la-to‘kis ota-onalarning diqqat-e’tiboriga bog‘liq. Xo‘sh, ota-onalar aynan nimaga e’tibor berishlari kerak? Eng keng tarqalgan muammolar – bu oyoqlarning terlashi, yassi tovonlik va o‘sayotgan tirnoqning barmoq etiga kirib og‘ritishi hisoblanadi. Keling ularni ko‘rib chiqamiz. Oyoq terlashi Oyog‘i ko‘p terlaydigan bola bir nechta muammolarni orttirishi mumkin. Ularga oyoq poyabzalda sirpanishi natijasida kelib chiqadigan oyoq qavarishi, qadoq bosishi ham, mikozlar va oyoq osti so‘gali ham kiradi. Odatda ter bezlari tuzilishining individual o‘ziga xosligi va faoliyati yoki vegetativ-tomir distoniyasi kuchli terlash sababchisi bo‘ladi. Uning oldini olish oddiy. Qumda, massaj gilamida va boshqa g‘adir-budirli yuzada oyoq yalang yurish juda foydali. Shuningdek go‘dakning tovonini yaxshi havoda tez-tez ochiq qoldirish ham foydadan holi emas. Bundan tashqari ketma-ket iliq va salqin suvda bola oyoqchalarini vannachaga solish ham yaxshi natija beradi. Bunday bolalar uchun «nafas oladigan» materiallardan tayyorlangan poyabzalni xarid qilish lozim. Paypoqlar esa tabiiy paxta yoki ipakdan tayyorlangan bo‘lishi shart. Paypoqlarni tez-tez almashtirish va tovonlarni shamollatib turish ham zarar qilmaydi. Davolovchi muolajalar individual tarzda va faqat dermatolog hamda nevrolog bilan maslahatlashgandan keyingina tayinlanadi. Yassi tovonlik Yassi tovonlikning ikkita asosiy sababchisi bor – salbiy nevrologik mavqe va bola tovonining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olmagan holda tayyorlangan noto‘g‘ri poyabzal. Buning oldini olish uchun vaqti-vaqti bilan nevrolog va ortoped qabuliga borib turishni unutmang. Tashriflar go‘dak 1 oyligida, 3 oyligida, 6 oyligida va 1 yoshida amalga oshirilishi kerak. Keyin esa yiliga bir marta. Yassi tovonlikda g‘adir-budur yuzada oyoq yalang yurish juda foydali, ammo hech qanday holatda ham tekis polda oyoq yalang yoki paypoqda yurmaslik kerak, bu yanada katta asoratlarga olib kelishi mumkin. Raqs, yengil atletika va badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishdan ham voz kechgan ma’qul. Bunda oyoq joyida mahkam va to‘g‘ri turishi uchun qayishqoq tagcharmli, orqasi mustahkam va bog‘ichli poyabzalni tanlash lozim. Poyabzal patagi anatomik, ya’ni o‘rtasida supinatorli bo‘lishi shart. Davolovchi gimnastika individual tarzda ortoped-shifokor bilan maslahatlashgandan so‘ng tayinlanadi. Tirnoqning barmoq etiga kirib og‘ritishi Bunga irsiyat, tor poyabzal va tirnoqlarni noto‘g‘ri olish sababchi bo‘ladi. Buning oldini olish uchun bolaning tirnoqlarini to‘g‘ri va tekis olib tashlash va tirnoq chetlarini ozroq egovlash kerak bo‘ladi. Poyabzal aynan bola oyog‘ining anatomik xususiyatlarini hisobga olgan holda xarid qilinadi. Oyoqlar botinkada siqilmasligi va shu bilan birga poyabzal keng bo‘lmasligi lozim. Poyabzal patagining ichki uzunligi go‘dak tovoniga qaraganda 3 mm.ga uzunroq, eni esa 1,5 mm kengroq bo‘lishi kerak. Buning uchun uyda karton qog‘ozga oyoq yalang barmoqlari to‘g‘ri turgan farzandingizning tovonini chizish juda qulay. [highlight]Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni o‘qishingiz mumkin:[/highlight]