Bolalar urologiyasi deganda peshob-tanosil a’zolarining peshob ishlab chiqarishi va uni organizmdan chiqarib tashlash tizimi tushuniladi. «Uro» – peshob (siydik), «logos» – fan so‘zlaridan olingan bo‘lib, peshob haqidagi fan ma’nosini bildiradi.
Moddalar almashinuvi jarayonida organizmda keraksiz moddalar paydo bo‘lib, ularni vujuddan chiqarib tashlash talab etiladi. Agar mana shu tizim mukammal ishlamasa, zaharli moddalar organizmda ko‘payib ketishi natijasida inson tanasi halokatga yuz tutishi mumkin. Peshob ishlab chiqarish tizimida, avvalo, buyraklarning ahamiyati katta. Buyraklar 180-200 gramm og‘irlikda bo‘lib, umurtqa pog‘onasining ikki tarafida joylashadi. Ular xuddi loviyasimon ko‘rinishga ega qo‘sh a’zodir.
Buyraklarning asosiy ishchi tizimi – nefronlardir. Nefronlar orqali qon o‘tadi va undan so‘ng qonga o‘xshash suyuqlik kanalchalarga o‘tkaziladi. Har bir buyrakda 1,5 2 millionta nefron mavjud bo‘lib, sog‘lom odamda ular muntazam ishlab turadi. Hatto, zahirada ham bir necha million nefron mavjud. Nefronlar bir kecha-kunduzda katta insonlarda 200 250 litr suyuqlikni o‘zidan kanalchalar sari chiqarib yuboradi. Suyuqlik kanalchalarga tushgach, qayta so‘rilish jarayoni kuzatiladi. Ana shu jarayonda kerakli moddalar organizmga so‘rilib, keraksizlari 1,5 2 litr peshob bo‘lib yig‘iladi. Peshob buyrak jomiga yig‘ilib naychalar orqali qovuqqa tushadi. O‘z navbatida esa qovuq peshobni tashqariga chiqarib tashlaydi. Mana shu jarayonda ishtirok etuvchi a’zolar umumiy urologik tizimga kiradi.
– Ma’lumki, bolalarda kasallikning ikki xil turi uchraydi, ya’ni: tug‘ma va orttirilgan kasalliklar. Tug‘ma kasalliklarning ikki foizigina naslga borib taqalishi mumkin. Qolgan qismi orttirilgan kasalliklardir. Tug‘ma urologik kasalliklar asosan onaning homiladorlik davrida paydo bo‘ladi. Homila paydo bo‘lgandan to uch oygacha bo‘lgan davrga nisbatan dastlabki homiladorlik deyilsa, ushbu davrda bo‘lajak onaga katta e’tibor qaratib, uni kuchli parvarishlash talab etiladi. Chunki, turli xil ruhiy zo‘riqish(stress)lar, jismoniy zo‘riqishlar, ma’naviy tazyiqlar avvalambor o‘ta sezgir bo‘lgan homilaga, jumladan, to‘ppa-to‘g‘ri uning buyrak tizimiga ta’sir qiladi. Natijada, buyrak koptokchalari yoki kanalchalarining qisman, butunlay ishlamasligi, bitta buyrakning mutlaqo bo‘lmasligi yoki buyraklarning meyordagidan ko‘proq (3 4 ta bo‘lishi), qovuqning oldingi devori bo‘lmaganligi sababli, oldinga chiqib qolishi kabi noxush holatlar yuzaga keladi. Buning oldini olish uchun homilador onani iloji boricha yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ruhiy va jismoniy zo‘riqishlardan himoya qilish, dastlabki uch oy mobaynida nihoyatda asrash talab etiladi.
Orttirilgan buyrak kasalliklariga esa buyrak koptokchalarining yallig‘lanishi (glomerulonefrit), buyrak kanalchalarining yallig‘lanishi (piyelonefrit) va qovuqning yallig‘lanishi (sistit), buyrak yoki qovuqda tuz va toshlarning paydo bo‘lishini keltirib o‘tishimiz mumkin. Hozirgi kunda yurtimiz aholisi o‘rtasida glomerulonefrit hamda buyrak-tosh kasalliklari ko‘proq uchramoqda.
– Farzandlarimiz bolaligidan qancha ko‘proq harakatda bo‘lsa, o‘rtoqlari bilan turli harakatli o‘yinlar o‘ynasa, ularda ushbu kasallikning paydo bo‘lish ehtimoli shunchalik kamayadi. Buning sababi bolalar harakatda bo‘lganda, uning tana a’zolari, jumladan, buyraklari ham faol bo‘ladi. Shu harakat natijasida buyrakda endigina paydo bo‘layotgan tuz va toshlar tushib ketadi. Yoki ko‘p harakat qilgani tufayli bola ko‘proq suv ichadi va o‘z-o‘zidan buyraklar tez-tez yuvib turilishi natijasida ularda tosh va tuzlarga o‘rin qolmaydi. Bu jarayonda ovqatlanish meyori hamda sport bilan shug‘ullanish bir maromda olib borilishi quvonarlidir. Sportning naqadar sog‘lom turmush tarziga bevosita aloqadorligini mana shu birgina misol orqali ham bilib olish mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, qishloqdagi bolalar harakatli o‘yinlarni o‘ynaganliklari, jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullanganliklari bois shaharlik tengdoshlariga qaraganda ularda buyrak-tosh kasalliklari kamroq uchramoqda.
© "Sog‘lom avlod" gazetasi.
[highlight]Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight] Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )