Bola tug‘ilayotganida yuzaga keluvchi patologik holat (kislorod yetishmasligi) oqibatida kelib chiqadigan asfiksiya, ya’ni bo‘g‘ilish nafas olishning buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Asfiksiyaga moyillik yaratuvchi omillar quyidagicha:
Antenatal (tug‘ruqqacha bo‘lgan) davrda:
- kechki toksikoz;
- gipertoniya (qon bosimi oshishi);
- buyrakning surunkali kasalliklari;
- 35 yoshdan keyingi homiladorlik;
- qandli diabet;
- anemiya (kamqonlik).
- yo‘ldoshning oldin kelishi yoki erta joyidan ko‘chishi;
- qog‘onoq suvsizlanishi davrining cho‘zilishi;
- kindik tizimchasining o‘ralishi yoki tushishi;
- onada gipotoniya (qon bosimi pasayishi);
- ona va homila qonining immunologik nomutanosibligi;
- tinchlantiruvchi va og‘riqsizlantiruvchi (sedativ va analgetik) dori vositalarining tug‘ruqdan 1-2 soat oldin berilishi.
Kislorod yetishmaganda
Kislorod tanqisligi sabablari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, chaqaloq organizmida almashinuv jarayonlari, qon aylanishi, mikrotsirkulyatsiya bilan bog‘lik o‘zgarishlar kuzatiladi. Ularning ifodalanish darajasi gipoksiyaning davomiyligi, homilaning muddatiga yetib tug‘ilishi va neonatal yordamning qay darajada tashkil qilinganligi bilan belgilanadi. Asfiksiyaning asosiy belgisi nafas olishning buzilishidir, bunda yurak faoliyatida o‘zgarishlar kuzatilib, qon aylanishi va asab-mushak o‘tkazuvchanligi izdan chiqadi. Asfiksiyaning og‘ir yoki yengil kechishi Apgar shkalasi bo‘yicha aniqlanadi. Bu shkala 1952 yilda amerikalik akusher Virjiniya Apgar tomonidan taklif qilingan va chaqaloq tug‘ilganidan 1 va 5 daqiqa o‘tgach uning holatiga klinik baho berish orqali o‘tkaziladi. (Bunda yurak qisqarishlari soni, mustaqil nafas olishi, teri rangi, reflektor ta’sirchanlik va mushak tonusi ballar bilan baholab chiqiladi va ushbu ballar yig‘indisiga qarab asfiksiyaning darajasi aniqlanadi.) Lekin hozirgi vaqtda faqat Algar shkalasi buyicha baholash asfiksiyaning birdan-bir mezoni bo‘la olmaydi. Asfiksiya va uning og‘irligining asosiy mezonlarini aniqlashda ilk naonatal davrning kechishi va asfiksiyaning ichki a’zo va tizimlarga bo‘lgan ta’siri darajasi hisobga olinadi. Demak, asfiksiyaning darajasi ilk neonatal davr (hayotining birinchi 7 kuni) kechishiga qarab baholanadi. Asfiksiya bilan tug‘ilgan chaqaloqlar jonlantirish yordamiga muhtoj bo‘lishadi. Jonlantirish muolajasi qancha erta boshlansa, shunchalik ijobiy samara beradi. Bu jarayon tug‘ruq zalida amalga oshiriladi. Bunda chaqaloqning asosiy hayot ko‘rsatkichlari nazorat ostiga olinib, tezkor yordam chora-tadbirlari amalga oshiriladi. Chaqaloklar reanimatsiyasi (jonlantirish) bo‘limida yuqori nafas yo‘llari o‘tkazuvchanligini ta’minlash asfiksiyaning og‘ir-yengilligiga qarab amalga oshiriladi. Yordamchi nafas usullari foyda bermagan hollarda bola yurak faoliyatini me’yorlashtirishga kirishiladi, zarurat tug‘ilganda kindik tizimchasiga dori-darmonlar ham yuboriladi. Tug‘ruq zalida o‘tkazilgan reanimatsion yordamdan so‘ng chaqaloqlar intensiv postga o‘tkazilib ular ustidan muntazam nazorat olib boriladi. Asfiksiya bo‘lgan chaqaloqlarda gipoglikemiya, giperkaliyemiya va boshqa elektrolitlar muvozanatining buzilishi kuzatiladi. Chaqaloq uchun katta ahamiyatga ega asosiy parvarish yo‘nalishlari (issiqlik zanjirini saqlash, ona suti bilan ta’minlash, yo‘rgaksiz parvarish, kindik tizimchasi qoldig‘ini quruq usulda olish) amalga oshiriladi.Go‘dak kuzatuvda bo‘ladi
Davo o‘z vaqtida va bekamu ko‘st o‘tkazilsa bolaning ahvoli yaxshilanadi, lekin asab tizimidagi o‘zgarishlar bir qancha vaqt saqlanib, sekin-asta me’yorlashadi. Ta’kidlab o‘tish kerakki, kelgusida bola rivojlanishi uchun eng ahamiyatlisi onada homiladorlik davrining qanday kechishidir. Homilada markaziy asab tizimi shikastlanishlarining 70-80 foiz sabablari homiladorlikning og‘ir kechishi bilan bog‘liqdir. Asfiksiya bilan dunyoga kelgan bolalar tug‘uruqxonadan chiqqanlaridan so‘ng pediatr va nevropatolog dispanser kuzatuvida turishlari shart. Chaqaloklarda asfiksiya va uning asoratlarini oldini olish uchun homilador ayollar sog‘ligiga alohida e’tibor qaratish, ulardagi ekstragenital kasalliklarni o‘z vaqtida davolash, xavf guruhiga kiruvchi homiladorlarni tug‘ruqxonaga erta yotqizish zarur. Bu kabi amaliy ishlar chaqaloqlar gipoksiyasi yuzaga kelishining oldini olishga albatta yordam beradi.Xadicha MUHAMMЕDOVA, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti “Neonatologiya” kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori.
"Sihat-salomatlik" jurnali.
Ushbu maqolani ham o'qing:
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )