Biz tana haroratimiz oshsa, shamolladim shekilli, deb gapiramiz. To‘g‘ri! Shamollash – tana harorati ko‘tarilishining asosiy sababchisi. Bunday holatga deyarli barchamiz tushganmiz va odamning issig‘i ko‘tarilsa, qanday alomatlar paydo bo‘lishini yaxshi bilamiz. Biroq ko‘pchilik bemorlar asabdan, ya’ni ruhiy siqilishdan ham tana harorati ko‘tarilishini bilishmaydi. Shu haqda to‘xtalib o‘tsam. Kuchli stress yoki doimiy siqilishlar natijasida odamda tana harorati ko‘tariladi. Bu holat juda kam uchragani uchun, ba’zida vrachlar ham arosatda qoladi.

Belgilari qanday?

Tana harorati 38ºC ga ko‘tariladi-yu, normal holatga qaytmay turadi. Kam hollarda bu ko‘rsatkich 39–40°S ga yetadi. Bunday bemorlar qonida yallig‘lanish belgilari aniqlanmaydi, holsizlanib yotib qolishmaydi, vrach qabuliga bemalol o‘zlari qatnab yurishadi. Yallig‘lanishga qarshi dorilar, aspirin va antibiotiklar ta’siri juda past bo‘ladi yoki umuman ta’sir qilmaydi. Ko‘pincha bunday holat kuchli stresslardan so‘ng vujudga keladi. Demak, asabdan temperatura ham ko‘tarilishini va bu holat bir necha oylab davom etishini esda tutish lozim. Bunday bemorlarga tana haroratini tushiruvchi dorilarni hadeb qilaverish yomon asoratlarga olib kelishi mumkin. Bemor avvalombor tinchlanishi lozim. Bemor tinchlantiruvchi dorilar ichganda ham tana harorati normaga tushishi mumkin. Ba’zida esa hech qanday dori-darmonlar naf bermaydi. Bemorni hadeb samarasiz davolashga urinaverish, uni doktorlardan bezdirib qo‘yishi mumkin. Aksariyat hollarda bemorni rejali tarzda kuzatuvga olish va unga psixoterapevtik yordam ko‘rsatishning o‘zi kifoyadir. Vaqt o‘tib tana harorati yana normaga qaytadi.

Esda tuting!

Tana harorati oshishi bilan bog‘liq har qanday vaziyatda vrachni uyga chaqiring. Vrach Sizga zarur tekshiruvlarni o‘tkazib tana harorati nimadan oshganligini aniqlab beradi.
Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz

Ushbu maqolani ham o'qing:
Disk churrasi shu qadar xavflimi?