Insonning asab sistemasi juda murakkab tuzilishga ega. Asab sistemasini, xususan bosh miyani olimlar xanuzgacha o‘rganib kelishmoqda va bundan keyin ham uni o‘rganish to‘xtamaydi. Obrazli qilib aytganda, eng ko‘p o‘rganilgan ham bosh miya, eng kam o‘rganilgan ham bosh miya! Ushbu kitobda asab sistemasi va ruhiyatga oid turli ma’lumotlarni keltirib o‘taman. Ular Siz o‘quvchilarga tushunarli bo‘lsin uchun asab sistemasining tuzilishi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tmoqchiman.

Bosh miya katta yarim sharlari qanday tuzilgan?

Bosh miya 2 ta, ya’ni o‘ng va chap yarim shardan iborat. Bosh miyaning chap yarim sharida nutq markazlari joylashgan. Shuning uchun ham bosh miyaning chap yarim sharida so‘z bilan bog‘liq barcha tafakkur operatsiyalari bajariladi. Bosh miyaning o‘ng yarim shari obyektlarning fazoviy joylashuvini tahlil qilish uchun javob beradi. Masalan, atrof-muhitdagi uylar, daraxtlar, mashinalar, haykallar va boringki har qanday shaklga ega bo‘lgan obyektlarninsh shakl-shamoyilini tahlil qiladi. Demak, bosh miyaning o‘ng yarim shari dunyoni so‘z ishtirokisiz idrok etadi va bu yerda ko‘rish analizatorining ahamiyati katta. Chap yarim shar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni idrok etadi. Obrazli qilib aytganda, chap yarim shar asosan so‘z bilan, o‘ng yarim shar esa ko‘z bilan dunyoni anglaydi. Bu uyg‘unlik saqlangan bo‘lsa, insonning xotirasi ham  mustahkam bo‘ladi. Kitoblardagi Siz ko‘rayotgan geometrik shakllarni qabul qilib olish ham o‘ng yarim sharning vazifasi. Biroq, har qanday fazoviy jismlar yoki geometrik shakllarni so‘z bilan ifodalab berish talab qilinsa – bu yerda chap yarim shar yordamga keladi. Demak, chap yarim sharning tili bor. Biroq, hozir men keltirib o‘tgan ma’lumotlar o‘naqaylar uchun xos. Chapaqaylarda esa nutq markazlari bosh miyaning o‘ng yarim sharida joylashgan. Demak, chapaqaylarda chap yarim shar bajaradigan aksariyat funksiyalar o‘ng yarim shar zimmasiga yuklatilgan. Bundan tashqari ambidekstrlar, ya’ni oliy ruhiy funksiyalarni bajarishda miyaning ikkala yarim shari bir xilda ishtirok etadiganlar ham bor. Bundaylar ikkala qo‘li bilan ham bir xil ishlay oladiganlar. Biroq, bu degani ikkala qo‘li bilan ham yoza oladi, degani emas. Masalan, ambidekstr yozganda qalamni o‘ng qo‘liga olsa, non kesganda chap qo‘lini ishlatadi. “Toza” chapaqaylar 10-15 % atrofida. Bizning oramizda ambidekstrlar va o‘naqaylar ko‘pdir. Abidekstrlarda nutq funksiyasini bajarishda bosh miyaning ikkala yarim shari ham ishtirok etadi. Shuning uchun ambidekstrlarda insult sababli nutq buzilsa, u tez tiklanadi.

Neyron nima?

Nerv hujayrasiga neyron deb aytiladi. Barcha a’zolar xujayralardan tashkil topgani kabi, nerv sistemasi ham xujayralardan tashkil topgan. Bu hujayralar neyron demakdir. Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida 14 mlrd. xujayra, ya’ni neyron bor. Neyronlar har xil tuzilishga ega. Neyron tanasi kulrang, undan chiquvchi tolalar esa oq rangda bo‘ladi. Neyronning bitta uzun tolasiga akson deb aytiladi. Akson orqali neyron tanasidan impulslar boshqa neyronlarga va to‘qimalarga uzatiladi. Neyrondagi boshqa bir qancha o‘siqchalar esa dendrit deyiladi. Dendritlar neyronga impulslar olib keluvchi tolalardir. Bosh miyaning po‘stloq qismi kulrang tusda bo‘ladi. Po‘stloqda insoning barcha faoliyatini boshqaruvchi markazlar joylashgan. Bular harakat, sezgi, nutq, ko‘ruv, eshituv, hid bilish, ta’m bilish kabi markazlar. Ular analizator nomi bilan ham yuritiladi. Boshqa neyronlardan farqli o‘laroq, po‘stloq neyronlarining aqli bor! Demoqchimanki, ular nafaqat harakat va sezgi, balki aqliy faoliyatda ham ishtirok etadi. Shuning uchun ham insonning bosh miyasi zararlansa aqliy faoliyat ham buziladi. Orqa miya yoki periferik nervlar zararlansa esa aqliy faoliyat o‘zgarmaydi.

Analizator nima?

Analizator deganda, tashqi ma’lumotlarni qabul qiluvchi, qayta ishlovchi va javob reaksiyasini saqlovchi nerv tuzilmalari tushuniladi. Nerv sistemasida ko‘ruv, eshituv, ta’m bilish, hid sezish, umumiy sezgi, harakat va nutq analizatorlari farq qilinadi. Analizatorlar markazi bosh miya po‘stlog‘ining turli sohalarida joylashgan. Masalan, ko‘ruv analizatori ensa, eshitish analizatori chakka, harakat analizatori peshona, sezgi analizatori tepa bo‘lagida, nutq analizatorlari esa chakka va peshona bo‘laklarida joylashgan. Agar nutq analizatori zararlansa nutq buziladi, harakat analizatori zararlansa falajlik rivojlanadi, eshitish analizatori zararlansa inson eshitmaydigan bo‘lib qoladi va h.k.

Bosh miyaning ichida nima joylashgan?

Bosh miya po‘stlog‘i neyronlardan iborat dedik. Ularning tolalari bosh miyaning ichki qismini tashkil qiladi. Neyron tanasi kulrang tusga ega bo‘lsa, uning tolalari oq rangga ega. Neyron tolalari orqali impulslar o‘tkazib turiladi. Biroq, bosh miyaning qoq o‘rtasida ekstrapiramidal sistema deb atalmish tuzilmalar mavjudki, ular ham inson harakati faoliyatini boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Bu tuzilmalar po‘stlog‘osti yadrolari deb ataladi.

Hissiyot uchun ma’sul tuzilmalar inson miyasining o‘rtasida joylashgan.

Ular ham kulrang tusda bo‘ladi. Bu yirik yadrolar millionlagan neyronlardan iborat. Bu yadrolarda harakat faoliyatida muhim ahamityaga ega bo‘lgan bir qator mediatorlar ishlab chiqariladi. Bularning ichida dofamin moddasi o‘ta ahamiyatlidir. Agar dofamin moddasi yetarli darajada ishlab chiqarilmasa, Parkinson kasalligi rivojlanadi. Miyaning ichki qismida joylashgan bu tuzilmalar inson his-tuyg‘ularini belgilab berishda ham muhim ahamiyatga ega. Obrazli qilib aytganda, bosh miya po‘stlog‘i aql-zakovat, miyaning ichki tuzilmalari esa hissiyot uchun ma’suldir. Davomi >>>
Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz

Ushbu maqolani ham o'qing:
Disk churrasi shu qadar xavflimi?