Bitta bemor mendan: Nevropatologga boruvdim, u menga “araxnoidit” deb tashxis qo‘ydi, boshqa doktorga borsam “leptomeningit” tashxisini qo‘ydi. Qay biriga ishonay, deb so‘rab qoldi.

Araxnoidit yoki leptomeningit qanday kasallik?

Bosh miyada o‘rgimchak to‘risimon parda va uning tagida joylashgan yumshoq pardaning surunkali yallig‘lanishiga araxnoidit yoki leptomeningit deb aytiladi. Demak, araxnoidit va leptomeningit – ikkala nom bilan ataluvchi bitta kasallik. Bu kasallik asosan yoshlarda uchraydi.

Sabablari

Tez-tez o‘tkaziladigan gripp, burun bo‘shliqlari, yuqori nafas yo‘llari va quloqlardagi doimiy shamollashlar natijasida infeksiyalarning miya pardalariga o‘tib turishi araxnoidit (leptomeningit) shakllanishiga sababchi bo‘ladi. Bu kasallik immuniteti pasayib ketgan odamlarda ko‘p uchraydi. Ayniqsa o‘smir yoshidagi bolalar bunday kasallik bilan ko‘p og‘rishadi.

Kasallik qanday namoyon bo‘ladi?

Doimiy kuchayib turuvchi bosh og‘riqlar, ko‘z soqqasining lo‘qillab og‘rishi, engashganda bosh og‘rig‘ining kuchayishi, ensaning tortib og‘rishi kabi belgilar asosiy belgilardir. Keyinchalik xotira buzilishlari, o‘ta jaxldorlik, uyqu buzilishlari, ko‘p terlash, umumiy xolsizlik kabi belgilar qo‘shiladi. Bu kasallikda miyaning ichki bosimi ham oshgan bo‘ladi.

Qanday davolash kerak?

Avvalombor tashxisni malakali nevropatolog yordamida aniqlab olish zarur. Chunki doimiy bosh og‘riqlar har doim ham leptomeningit sababli ro‘y beravermaydi. Agar bemorda haqiqatan ham ushbu kasallik aniqlansa, u holda bemorga 3 bosqichli davolash muolajalari tayinlanadi. Uni qay tarzda o‘tkazishni nevropatolog individual tarzda hal qiladi.

Prof. Ibodullayev Z.R. «Asab va ruhiyat» kitobi.