Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining epidemiologik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 50 foizi allergik kasalliklar bilan og‘riydi. Ammo raqamlar bundan ham katta bo‘lishi mumkin...
Qon ichidagi «Begona»
Hammaga ma’lumki, immun tizimi bizni yot ta’sirlardan himoya qiladi. Aslida organizmda himoya oqsillari — immunoglobulinlar ishlab chiqiladi. Allergik kasalliklarda bevosita ishtirok etadigan immunoglobulin E odatda meyorida ishlab chiqiladi.
Insonlarda tashqi ta’sirlar (daraxt gullari changi, uy changi, maishiy kimyo, hayvonlar juni, o‘simliklar changi, o‘simlik oqsillari, zamburug‘lar)ga nisbatan qonda immunoglobulin E oshib ketadi. Bu himoyaviy xarakterga ega, ya’ni immunoglobulin E qonimizga tushgan «begona»ni yo‘q qiladi. Ko‘pchilik kishilarda bu holat hech qanday belgilarsiz o‘tib ketadi.
Ba’zi kishilarda immunoglobulin E miqdorining oshib ketishi qonimizdagi gistamin va gistaminsimon moddalar meyoridan ziyod bo‘lishiga va allergik reaksiyaning yuzaga chiqishiga sababchi bo‘ladi.
Kuzatishlarga ko‘ra, allergiyaning ko‘payib ketishiga asosan ekologiyaning buzilishi, atmosferamizga ko‘p miqdorda zaharli gazlarning chiqarilishi, organizmimiz unchalik moslashmagan har xil biologik qo‘shimchalarning ko‘p miqdorda ishlatilishi, sintetik preparatlarning doimiy qo‘llanilishi singari holatlar sababchi bo‘lmoqda.
O‘ttiz foiz – jiddiy ko‘rsatkich
Olimlarning allergiya irsiy kasallik deyishlarida haqiqat bor. Ota yoki onasining birontasi allergik kasallik bilan og‘risa bolaga o‘tish ehtimoli 30 foizni tashkil qiladi. Ammo ota-onasi sog‘lom bolalar ham allergiya bilan tug‘ilishi yoki allergik kasallikka chalinishi mumkin. Oxirgi yillardagi allergik kasalliklarning ko‘payib ketishini ko‘proq ekologiyaning buzilishi bilan bog‘lashmoqda. Hozirda iqtisodi yaxshi rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda allergik kasalliklarning birmuncha ko‘proq uchrashi buning isbotidir.
Allergiyaning kelib chiqish sabablaridan yana biri chaqaloq va yosh bolalarga antibiotik dorilarni pala-partish qo‘llashdir. Hatto bunday vaqtda bolada bronxial astma kelib chiqishi kuzatiladi.
Eyiladigan ovqatimiz ham allergiyaning kelib chiqishiga sababchi bo‘layotganligini ko‘rsatib o‘tishimiz lozim. Yuz yil oldingiga qaraganda eyiladigan ovqat tarkibi o‘zgardi. Kerakli moddalar miqdori ikki marta qisqargan bo‘lsa, kaloriya miqdori oshdi. Harakatchanlik esa kamaydi. Bu narsa semirishga olib kelmoqda. Natijada har xil kasalliklar soni ham oshib bormoqda.
Shunday qilib, oxirgi yillarda olimlarimiz allergiyaning kelib chiqishida ichki va tashqi omillar ta’sirida kelib chiqadi, degan to‘xtamga keldi. Bular hammaga birdek ta’sir qilsada, hammada ham allergiya rivojlanmaydi. Aksincha bu kasallik ayrim tanlangan kishilardagina rivojlanadi. Organizmda allergik reaksiya kelib chiqishi uchun dastlab sensibilizasiya jarayoni bo‘lishi kerak.
Allergiya rivojlanish sabablari
Immun tizimi allergen (yot begona narsa) bilan uzviy aloqada bo‘lganda uning xususiyatlarini xotirasida saqlab qoladi. Keyin o‘sha allergen bilan qayta uchrashganda esa uni «tanib» qarshi hujumga o‘tadi. Ushbu jarayon sensibilizasiya jarayoni deyiladi. Bu turli kishilarda turlicha kechadi va bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Har bir kishi allergiyaning turlari haqida qisqacha ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.
Atopiya so‘zini tez-tez uchratishimiz mumkin. Bu irsiy xarakterga ega bo‘lib, immunglobulin E ni tashqi ta’sirlar (uy va gullar changlari)ga nisbatan ko‘proq ishlab chiqarishga moyil kishilarda atopik dermatit (teridagi o‘zgarishlar), kon’yuktivit, rinit va atopik astma ko‘rinishida kelishi mumkin.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek sensabilizasiya bo‘lgan organizmga qayta va qayta allergen tushishi natijasida organizmdagi allergik reaksiya rivojlanib ketaveradi. Ya’ni kasallik engil darajadan og‘irgacha borib etishi mumkin. Oddiyroq qilib aytganda, allergik rinitda vaqtida davolanmay e’tiborsizlik qilsak, u engil darajadan og‘iriga o‘tadi. Bunda ham davolanmasak aksa urish va burundan suv kelishiga kechasi bo‘g‘ilishlar qo‘shiladi ya’ni astma kasalligi rivojlanadi.
Nafas yo‘llari allergiyasiga havoda uchib yurgan mayda allergenlar sababchi bo‘ladi. Bularga zamburug‘ sporalari, o‘simlik changlari, uy kanalarining qismlari, hayvonlarning juni va qazg‘oqlari va boshqa allergenlar sababchi bo‘lishi mumkin. Ular to‘xtovsiz aksa urish, burun bitishi, burundan suv kelishi, ko‘z qichishi va yoshlanishi, yo‘tal yoki bo‘g‘ilish belgilari bilan kechishi mumkin.
Teri allergiyasi maishiy ximiya, turli xildagi metallar, dorilar va kosmetikalar, ovqat mahsulotlari va boshqa allergenlar saqlovchilar teridagi o‘zgarishlar bilan kechadi. Bular har xil teridagi o‘zgarishlar bilan kechadigan allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi, ya’ni allergik dermatozlar paydo bo‘ladi. Bular ekzema, eshak emi, eksudatli diatez har xil kattalikdagi toshmalar yoki pufakchalar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.
Sutdan to sitrusgacha...
Ovqat allergiyasida ko‘pincha tarkibida allergen saqlovchi mahsulotlarni ko‘proq ist’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bu boshqa oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirmaydi, degani emas. Zero har qanday oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirishi mumkin. Ushbu allergiya ham immunoreaksiya hisobiga kelib chiqadi va qorindagi og‘riq, qusish, ich ketishi, Kvinke shishi, eshak emi – ekzema, teridagi qichishishlar kuzatiladi.
Ko‘proq o‘zida allergen saqlovchi mahsulotlar: (sigir suti, tuxum oqsili, tovuq go‘shti, baliq, achchiq qalampir, asal, qizil mahsulotlar, uksus, mayonezlar, qulupnay, yong‘oqlar, sitrus mevalar, dukkakli o‘simliklar) ovqat allergiyasini keltirib chiqaradi.
Hasharotlar (asalari, nonxo‘rak, pashsha, chivin, kanalar) chaqishidan keyingi allergiya ko‘pincha shish ko‘rinishida (og‘riqli qizil suvli shish yoki har xil kattalikdagi qizil shish) bo‘ladi. Bunda bemorda holsizlik, qon bosimining tushib ketishi, eshak emi toshishi, bo‘g‘ilish, bosh aylanishi ro‘y beradi. Ba’zan qorindagi og‘riq, qusish, hiqildoq shishi bilan kechib anafilaktik shokkacha borishi mumkin.
Butkul yo‘qotish qiyin, ammo...
Allergik kasalliklarni davolashda kasallikning boshlangan vaqtiga e’tibor berishimiz kerak. Allergik kasalliklar uchun bu juda muhim bo‘lib, kasallik qanchalik tez rivojlanib borsa, organizm uchun shunchalik xavfli hisoblanadi.
Surunkali kasallik bo‘lgani uchun allergiyani butunlay organizmdan yo‘qotib yuborish anchagina mushkul. Kasallik qo‘zishining oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzini tashkil qilish kerak. Bular quyidagilardan iborat: mavsumiy chang allergiyasining qo‘zish vaqtida boshqa joyga vaqtincha ko‘chib o‘tish, agarda har qanday gulga allergiyangiz bo‘lsa, uy ichi va tashqarisidagi gullar, it, mushuk junlariga allergiyangiz bo‘lsa ulardan voz kechish lozim.
Hozirda allergiyani to‘liq dori-darmon bilan davolab yuborishning imkoni mavjud emas. Shu davrgacha ishlab chiqarilgan birinchi, ikkinchi va uchinchi sinfga ega bo‘lgan antigistamin dorilar kasallikning xuruji davrida faqatgina allergiyaning belgilarini vaqtincha xuddi «tez yordam»dek to‘xtatadi, ammo allergiyani butkul davolamaydi.
Allergiyani davolashda amaliyotda keng qo‘llaniladigan davolash usuli bu immunoterapiya hisoblanadi. Allergen miqdori davolash kursi davomida oshirilib boriladi. Ushbu usul bilan davolash davomida allergik kasallikning engillashishiga yoki butunlay davolanib ketishiga erishiladi.
Maqola O‘zR FA Immunologiya institutining immunolog-allergolog shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Xayrulla HATAMOV maslahatlari asosida tayyorlandi.
Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.
Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).
1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:
Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).
Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks
Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.
*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.
© "Darakchi" gazetasi.