Teri sinamalari. Oddiy, og‘riqsiz va arzon tekshirish usuli hisoblanadi. Agar ular o‘z ishini yaxshi biladigan xodim tomonidan yuqori sifatli allergenlar eritmalaridan foydalanilgan holda qilinsa, sinamalar natijasi mutanosib ravishda bo‘ladi. Teridagi sinamalarni ko‘p miqdorda o‘tkazish mablag‘ va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, poliklinika amaliyotida zarur emas. O‘tkaziladigan tekshirishlar havodagi eng ko‘p tarqalgan allergenlarga sezuvchanlikni tekshirish bilan chegaralanishi kerak (junga, uy changi kanasiga, mog‘orga, uy hayvonlariga va bosh-qalar).

E immunoglobulini. Umumiy zardobdagi IgE miqdori har xil radioimmun va immunoferment usullar yordamida aniqlanadi. Meyorda IgE tug‘ilgan vaqtda 0-1 kЕd/l ni tashkil etadi va o‘smirlik yoshiga yetguncha asta-sekin ko‘payadi, keyin pasayadi hamda 20-30 yoshlarda aniq bir miqdorda qaror topadi. Umumiy IgE miqdorining 100-150 kЕd/l dan ko‘p bo‘lishi ko‘tarilgan hisoblanadi. Maxsus IgE ni aniqlash, ayniqsa teridagi sinamalar uchun allergenlar ekstraktlarini olishning iloji bo‘lmagan hollarda qo‘l keladi. Bu maqsadda dastlab radioallergosorbent test (PAST) hamda radioimmun va immunoferment usullar qo‘llaniladi.

Sitologik tekshirishlar uchun burun bo‘shlig‘idan surtmalar olish. Burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar va yuvilgan suvlarni tekshirish allergik hamda infeksion rinit orasida differensial tashhis o‘tkazishga imkon beradi. Allergik rinit va eozinofillar ko‘payishi bilan kuzatiladigan noallergik rinit uchun eozinofillar infiltratsiyasi xarakterli, bakterial infeksiyada esa neytrofillar sonining ko‘payishi xos xususiyat hisoblanadi.

Periferik qon hujayralaridan mediatorlarning ajralib chiqishi. Maxsus allergenlar ta’siri ostida qondagi bazofillarning buzilishi yallig‘lanish mediatorlari ajralib chiqishi bilan (gistamin, leykotriyenlar) yuz beradi. Mikroskop yordamida bu mediatorlarning bazofillardan ajralib chiqishini baholash mumkin, ammo bu usuldan faqat ilmiy maqsadlarda foydalaniladi.

Allergik reaksiyalar vaqtida mediatorlarning ajralib chiqishi. Qon, burun oqmalari yoki siydikdagi mediatorlar va fermentlar miqdorini o‘ta maxsus hamda sezgir usullar – gistamin, prostaglandin, leykotriyenlar C4, I4, E4, triptazalar, kininlar, eozinofil kation oqsillarini titrlash yo‘li bilan tekshirish mumkin. Bu moddalarning dastlabki asos qilib olingan miqdorlari hamda allergen ta’sir qilgandan keyingi miqdorlari aniqlanishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu usul faqat tadqiqot maqsadlarida qo‘llaniladi.

Prvokatsion usullar. Burun ichiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatuvchi usul muayyan ahamiyatga ega bo‘lib, faqat klinik allergologiyadan maxsus ixtisos olgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Otorinolaringologik tekshirishlar endoskopiya, shilliq ajratib chiqarish ishini, hid sezishni tekshirish, burun yo‘llarining o‘tkazuvchanligini baholash tashhis qo‘yish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.

Burun oldi bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish. Burun oldi bo‘shliqlarining g‘ovaklanish bo‘shliqlari bo‘lishini ancha pasayganini, shilliq qavatning qalinlashganini va hatto yuqori jag‘, peshona va ponasimon bo‘shliqlar devoridagi buzilishlarni aniqlash mumkin. Oddiy rentgenografiyada burun bo‘shlig‘ining yon devorlari va g‘alvirsimon chig‘anoq tuzilishining yaxshi ko‘rinmasligi yolg‘on manfiy va musbat natijalarga olib kelishi mumkin.

Kompyuterli tomografiya (KT). KT hozirgi vaqtda turli burun va burun oldi bo‘shliqlari kasalliklarini tashhislashda asosiy rentgenologik usul bo‘lib qoldi. Garchi boshqa kasalliklarning yo‘qligini aniqlashga imkon bersa ham, allergiya tashhisida esa u hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. KT yordamida yumshoq to‘qima va suyak tuzilishi holatlarini birma-bir sinchiklab o‘rganish mumkin. Patologik jarayonning qanchalik tarqalganligini aniqlash hamda aniq belgilari bo‘lgan taqdirdagina tashhis qo‘yish mumkin. Suyak tuzilishi yoki yumshoq to‘qima holati haqida ko‘proq ma’lumotlar olishga imkon beruvchi turli tekshirish usullari mavjud.

Allergik rinitni davolash usullari

Allergenlarni yo‘q qilish va atrof-muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar. Rivojlangan mamlakatlarda kishilar ko‘p vaqtlarini xonalarda, ish joylarida o‘tkazadilar. Atrofni o‘rab turgan muhit esa doim turli allergenlarni o‘z ichida saqlaydi, ular o‘z navbatida rinit rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘ttiz yil ichida ko‘pchilik mamlakatlarda tashqi muhitdagi, binolardagi allergen va noallergen komponentlar tarkibi ancha o‘zgardi, allergik kasalliklar bilan kasallanish xavfi ortdi. O‘rta iqlimli mamlakatlarda elektr kuchini tejashga intilish, havoni yangilash uchun xonani shamollatish noqulay bo‘lgan uylarning qurilishi natijasida xonalarda uy kanalari soni ko‘pa-yib ketadi. Har qanday holatda (garchi allergenlarni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham) iloji boricha xonalarda o‘rab turuvchi muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Ushbu chora-tadbirlar bemor ahvolini ancha yaxshilash va dori moddalar qo‘llash zaruriyatini kamaytirishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, allergen manbai yo‘qotilgach (masalan, uy hayvonlari), bir necha hafta yoki oy o‘tgandan keyingina buning samarasini ko‘rish mumkin. Uy changidagi kanalarni yo‘q qilish uchun xona havosining namligini kamaytirish, akaritsidlar hamda himoya qoplamidan foydalanish mumkin. O‘simlik changi va xonada uchramaydigan boshqa allergenlar ta’sirini kamaytirish ancha qi-yinchilik tug‘diradi.

O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari

  • O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
  • havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
  • deraza va eshiklarni zich yopish
  • avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
  • tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.

Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari

Yotoqxona:

  • to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
  • to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
  • par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
  • har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
  • paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
  • bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
  • tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
  • kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
  • mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.

Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.

Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.

Maqolaning ilk qismi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

© Ozod NAZAROV, allergologprofessor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.