4.1
(12)

Absans qanday kasallik? U haqiqatan ham epilepsiyaning kichik turimi?

– Absense – fransuzchadan “yo‘q bo‘lmoq, yo‘qolmoq” degan ma’noni anglatadi. Go‘yoki bemorning ongi qisqa vaqtga “o‘g‘irlanadi”, “olib qo‘yiladi va yana qaytarib beriladi”. Bu holatni ba’zi parapsixologlar va ufologlar boshqa sayyoraliklarning ishi deb ham hisoblashadi. Go‘yoki ular yerliklar psixologiyasini o‘rganish uchun odamlarning ongini qisqa vaqtga o‘g‘irlashadi.
Absans – xushning juda qisqa vaqt (2-30 soniya) yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladigan epileptik xuruj. Absanslar tutqanoq xurujlarisiz namoyon bo‘ladi va juda qisqa vaqt davom etadi. Shuning uchun ham uni doktorlar “epilepsiyaning kichik turi” deb atashgan. Biroq absans – epilepsiyaning kichik turi emas. “Kichik epilepsiya” degan atama hozirda qo‘llanilmaydi. Absans – epilepsiyaning yengil kechadigan alohida turi bo‘lib, ba’zida muttasil davolashni talab qilmaydi.

Absans

Absanslar faqat bolalarda uchraydimi?

– Absanslar faqat bolalarda uchraydimi? Mana Siz “absanslar muttasil davolashni talab qilmaydi” deb aytdingiz. Shunga batafsilroq izoh bersangiz.

Ha! Absanslar faqat bolalar va o‘smirlarda uchraydigan kasallik. Katta yoshdagilarda absanslar kuzatilmaydi yoki shunga o‘xshash holatlar bo‘lib turadi, xolos. Biroq bular absans emas. Absanslar bolalik va o‘smirlik davrida juda ko‘p uchrasa-da, ularning deyarli hammasi balog‘at yoshiga yetmasdan o‘tib ketadi. Shuning uchun ham kattalarda absanslar uchramaydi. Masalan “bolalar absans epilepsiyasi”, “o‘smirlar absans epilepsiyasi” “yuvenil mioklonik epilepsiya” da prognoz juda yaxshi. Bunday bemorlarning deyarli 90% to‘la tuzalib ketishadi.

Qolgan 10 % chi?

– 100 % demaganim sababi  ba’zi bemorlarda absanslar bilan birgalikda boshqa tipdagi epileptik xurujlar ham kuzatiladi. Anashu epileptik xurujlar keyin ham davom etaveradi. Ba’zi bemorlarda ular og‘ir tus oladi. Shuning uchun ham epilepsiya bilan og‘rigan katta yoshdagilarning bolalik davri o‘rganilganda ularda absanslar ham kuzatilgan bo‘ladi.

Epilepsiya – bu tutqanoq kasalligimi?

– Epilepsiya – bu tutqanoq kasalligimi? Tutqanoq deganda epilepsiya tushuniladimi? Shu atamalarga oydinlik kiritsangiz.

– Xalq orasida “epilepsiya” deganda tutqanoq kasalligi tushuniladi. Biroq “Tutqanoq kasalligi” atamasi epilepsiyani to‘la-to‘kis qamrab oladigan atama emas. “Tutqanoq xurujlari” deganda bosh va qo‘l-oyoqlar, ya’ni tanada muskullar tortishuvi, qotib qolishi va titrashlari bilan kechadigan xurujlar tushuniladi. Biroq epilepsiyaning tutqanoq xurujlarisiz, ya’ni faqat ongning (xushning) qisqa muddatga yo‘qolishi bilan kechadigan turlari ko‘p.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Epilepsiya va tutqanoq sindromlari haqida bilasizmi? (2-qism)

Absanslarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. “Epileptik xurujlar “ atamasi esa keng ma’no kasb etuvchi atama bo‘lib, uning tutqanoq hurujlari va tutqanoq xurujlarisiz kechadigan turlari mavjud. Absanslar – bu tutqanoq xurujlarisiz kechadigan epilepsiya.

Absans xurujlari paytida nimalar ro‘y beradi?

– Siz absanslarning turi ko‘p deb aytdingiz. Absanslarning eng ko‘p uchraydigan oddiy turiga ta’rif bersangiz. Absans xurujlari paytida nimalar ro‘y beradi?

– Absansning eng ko‘p uchraydigan turi – bu bir nuqtaga qarab qotib qolishdir. Bu oddiy absans. Oddiyabsansdabemor bir nuqtaga qarab tikilib qoladi. Bu paytda bemorning qorachiqlari kengayadi, yorug‘likka ta’sirlanmaydi, yuzi oqarib ketadi. U nima ish qilayotgan bo‘lsa, shu holatda qotib qoladi, ya’ni gapirayotgan bo‘lsa, gapirishdan to‘xtaydi, yozayotgan bo‘lsa yozishdan, rasm chizayotgan bo‘lsa, rasm chizishdan to‘xtaydi va h.k.

Biroq bemor muvozanatini yo‘qotmaydi, yiqilib tushmaydi. Demak, xuruj paytida bemor qanday vaziyatda bo‘lsa, shu holatda haykaldek qotib qoladi. Bu holat bir necha soniya, odatda 5-15 soniya davom etadi. Absans xuruji o‘tib ketgach bemor yana o‘z ishini davom ettiraveradi. Oddiy absanslar qanday tezlikda paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shunday tezlikda darrov to‘xtaydi. U hozirgina o‘zida nima bo‘lganini sezmaydi yoki atrofdagilardan bilib oladi. Oddiy absanslar paytida ko‘z olmasi bir-ikki aylanib olishi yoki bosh orqaga qimirlab ketishi mumkin. Oddiy absanslardan so‘ng bemorning mazasi  qochmaydi, ish faoliyati susaymaydi, u xuddi sog‘lom odamdek o‘z faoliyatini davom ettiraveradi.

Oddiy absansning qanday bo‘lishini yaxshiroq bilib olmoqchi bo‘lsangiz, hind kinofilmlarida tez-tez takrorlanadigan bir epizodni ko‘z oldingizga keltiring. Bosh rolni o‘ynayotgan chiroyli hind aktrisasi yana bir bosh rolni o‘ynayotgan aktyorga ko‘zi tushsa, unga tikilib qarab turgan joyida qotib qoladi. Bu paytda uning ko‘zlari katta-katta ochilgan, qorachiqlari kengaygan, kipriklari pirpirab turgan bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  24 soatlik ochlik qanday o‘tqaziladi? ( 9-qism )

Go‘yoki yigit ushbu qizning xushini bir necha soniyaga o‘g‘irlab qo‘yadi. Yonidagi dugonasi “Hey senga nima bo‘ldi” deb uning ko‘zlari oldida qo‘llarini o‘tkazsa ham, qiz buni bilmaydi. Bir necha soniyadan keying bu aktrisa o‘ziga keladi. Aynan manashu holat oddiy absansga o‘xshash holatdir. Bu paytda xotira ham qochadi.

Absanslar qaysi yoshda ko‘p uchraydi?

– Absans bolalarda ko‘p uchraydi, deb aytdingiz. Absanslar qaysi yoshda ko‘p uchraydi va bir kunda necha marta bo‘ladi?

– Absanslar eng ko‘p boshlanadigan davr – bu 4-6 yoshlardir. Biroq absanslar juda erta, ya’ni 2 yoshda yoki biroz kechroq, ya’ni 12-14 yoshda ham boshlaydi. Absans xurujlari, ya’ni absanslar bir kunda 20-40 marotaba kuzatiladi. Ba’zi bolalarda absanslar soni bir kunda 100 taga yetadi. Ularning sonini to‘g‘ri sanab aytib berish juda qiyin. Buning uchun 24 soat bolaning yonida kuzatib o‘tirishingiz kerak. Absanslarning bir kunda necha marotaba bo‘lishini bilish uchun EEG videomonitoring tekshiruvi o‘tkaziladi. Buning uchun bemorning boshiga 16 yoki 24 ta elektrod taqib qo‘yiladi va 24 soat mobaynida kompyuterga EEG yozuvi tushiriladi. Maxsus videokamera esa absans xurujlarini yozib boradi.

Absanslarning murakkab turlari

– Zarifboy Rajabovich. Absanslarning murakkab turlari ham bor deb aytdingiz. Ular qanday kechadi?

– Murakkab absanslar oddiy absanslarga qaraganda biroz murakkab kechadi, xushni yo‘qotish uzoqroq (20-30 soniya) davom etadi, yiqilib tushishlar ko‘p kuzatiladi. Hech qanday aurasiz namoyon bo‘luvchi bunday xurujlar sababli bemor ko‘p tan jaroxatlari oladi. Murakkab absanslarda xushning yo‘qolishi bosh va tanada turli xil harakatlar bilan namoyon bo‘ladi. Bemor o‘zicha nimalarnidir gapiradi, mimik muskullari bilan qandaydir imo-ishoralar qiladi, qo‘l-oyoqlari bilan shart bo‘lmagan turli xil harakatlarni bajaradi yoki kimnidir haydaydi. Bu paytda bemorning xushi karaxt holatda bo‘ladi, nimalar qilayotganini o‘zi ham bilmaydi, eslab ham qolmaydi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Giperkenez yoxud titroqlar

Murakkab absanslarga qisqacha ta’rif berib o‘taman. Uning turlari ko‘pdir. Masalan, muskullar titrashi bilan kechuvchi absanslarga  mioklonik absanslar deb aytiladi. Bunda bir necha soniya davom etuvchi xushning yo‘qolishi muskullar titrashi bilan namoyon bo‘ladi. Kichik-kichik titrashlar asosan yuz, bosh, yelka va qo‘llarda, kam hollarda oyoq va gavda muskullarida kuzatiladi. Bu titrashlar xuddi giperkinezlarni (beixtiyoriy harakatlar) eslatadi, biroq ulardan farqli o‘laroq xushning yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Mioklonik absanslar o‘smir yoshida ko‘p uchraydi.

Murakkab absanslarning eng og‘ir turi bu – muskullar tonusining yo‘qolishi bilan kechuvchi turidir.  Bu holat atonik absanslar deb aytiladi. Atonik absanslarda xushning yo‘qolishi muskullar tonusining keskin pasayishi yoki yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladi. Muskullar atoniyasi bo‘yin muskullarida kuzatilsa, bemorning boshi bir necha soniyaga osilib qoladi,  qo‘llarda kuzatilsa qo‘li qimirlamay qoladi yoki qo‘lidagi narsa tushib ketadi, oyoqlarda kuzatilsa yiqilib tushadi. Atonik xurujlar sababli yiqilib tushgan bemor yana o‘rnidan turib yurib ketadi. Atonik absanslarda tana jaroxati ko‘p kuzatiladi. Bu holat 20-30 soniya davom etadi. Atonik absanslar epilepsiyaning og‘ir turi bo‘lmish Lennoks-Gasto sindromida ko‘p kuzatiladi.

Tonik absanslarda  ko‘z olmasi yuqoriga yoki yon tomonlarga ketib qoladi, bosh orqaga yoki yon tomonlarga qayrilib ketadi, qo‘l-oyoq muskullarining tonik qisqarishi kuzatiladi. Muskullarning qisqarishi yengil tarzda ham, og‘ir ko‘rinishda ham namoyon bo‘ladi.  Ba’zi bemorlarda gavdani oldinga bukib oladigan xurujlar ham kuzatiladi. Xuruj paytida bemor xuddi ikki bukilib ta’zim qilayotgan odamni eslatadi.

Bunday bolalarning kelajagi qanday?

– Albatta yaxshi. Aytib o‘tganimdek absanslar bilan kechuvchi epidepsiyani bartaraf etish oson. Biroq, benzonal absanslar bilan kechuvchi epilepsiyani kuchaytirib yuborishini esda tutish lozim. Aynan absanslarni bartaraf etuvchi dorilar ishlab chiqilgan va vrach-nevropatolog tavsiyasiga binoan ushbu dorilarni bemorga berish lozim.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz