Pediatr maslahati

MAQOLALAR

ico
Bola parvarishi borasida pediatr maslahatlari

Bolani ovqatlantirishda nimalarga e’tibor qaratilishi lozim?

Birinchidan, onalar bolani to‘g‘ri ovqatlantirishlari kerak. Ikkinchidan, ayniqsa iliq-issiq kunlarda bolaga ko‘proq suv berish lozim, bu
terlash tufayli organizm yo‘qotgan suyuqlik o‘rnini to‘ldiradi. Uchinchidan esa o‘tkir yuqumli ichak kasalliklarining oldini olish maqsadida shaxsiy gigena qoidalariga rioya etish alohida o‘rin egallaydi. Chunki o‘tkir me’da-ichak infeksiyalari bilan kasallanish 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida 65-70 foizni tashkil qiladi. bola parvarishi Kasallik ko‘pincha iste’mol qilingan suv va oziq-ovqat mahsulotlari orqali yuqishini inobatga olib issiq kunlarda bolalarning ochiq suv havzalarida cho‘milishlarini nazorat qilish, ayniqsa mevalarni qaynagan suvda yuvib berish muhim hisoblanadi. Vitaminga boy ko‘katlarni to‘g‘rab, bola ovqatiga qo‘shib yedirish lozim. Umuman, vitaminli yeguliklar kundalik dasturxonda doimo bo‘lishi shart. Oddiygina misol. Bola organizmida vitamin C yetishmasa, uning aqliy va jismoniy qobiliyati pasayib ketadi, me’da-ichak faoliyati buziladi, bola tez-tez shamollaydigan bo‘lib qoladi. Shunday ekan, askorbin kislotasiga boy petrushka, karam, na’matak, limon, pomidor va sabzi iste’mol qilishni yo‘lga qo‘ygan ma’qul. Vitaminlarning B guruhi yetishmasa, bolada ishtaha yo‘qolishi, asab tizimi faoliyati buzilishi, lanjlik, ozib ketish kabi belgilar kuzatiladi, shu sababli bolalarga go‘sht, jigar, dukkakli donlar, sut mahsulotlari, tuxum va turli sabazavotlarni ko‘proq berish tavsiya etiladi. Vitamin A tanqisligi yosh bolalarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, moddalar almashinuvining bir me’yorda bo‘lmasligiga olib keladi. Bolalarga go‘sht, baliq, sut, tuxum, sariyog‘ va ko‘k no‘xatli taomlarni ko‘proq berish lozim.

Go‘dakning “jajji dorixona”sida nimalar bo‘lishi zarur?

Bular quyidagilar:
  • Asetomenofen (og‘riq qoldiruvchi suyuq dori). Bolalar uchun u paratsetamol bilan birga (isitma tushirish uchun) dorixonadan olinadi. Asosiy nomlari: Taylenol, Panadol;
  • Oq oddiy leykoplastr;
  • Spirtli paxta tamponlari;
  • Antibiotikli maz;
  • Dezinfeksiyalovchi suyuqlik (aptekalarda turli xili mavjud: Betadine, Hibiclens);
  • Steril leykoplastr;
  • Paxtali cho‘plar;
  • Steril bint;
  • Vodorod peroksidi;
  • Muz solingan paketchalar (doim muzlatgichda tursin, bola lat yeganda shikastlangan joyga qo‘yish uchun tayyor bo‘lib turadi);
  • Ipekakuana siropi (qustiradigan suyuqlik bo‘lib, bola tasodifan zaharlanganda vrach bilan maslahat qilgan holda qayt qildirish uchun qo‘llaniladi);
  • Pipetka, o‘lchov qoshiqcha (dori berishda o‘lchash uchun);
  • Burun tozalash uchun namokob suv (dorixonalarda mavjud – Sodium Hloride);
  • Uchi o‘tkir bo‘lmagan kichik qaychi (tirnoq olish uchun);
  • Kichik plastrlar;
  • Termometr;
  • Pinsset;
  • Glitserin svechalar (bola qornida gaz yig‘ilib, ichi qotganda foydalaniladi);
  • Bolalarni cho‘miltirish uchun giyohlar (masalan badanida issiqlik toshmalari bo‘lganida ittikanak – chereda bilan cho‘miltirish foyda beradi.)
  • Regidron (ich buzilishida qo‘llaniladi).

Bu kun ko‘pchilik onalar bola tinchligini o‘ylab pampersdan foydalanishadi…

Bolalarga uy sharoitida pampers taqishda me’yorga amal qilish shart. Ayniqsa o‘g‘il bolalarga pampersni uzoq muddat taqish kelajakda o‘z salbiy asoratlarini berishi (bepushtlikka olib kelishi) mumkin. Bolalar qisqa muddatga, (ya’ni uni poliklinikaga olib chiqqanda yoki mehmonga borganda) ortiqcha noqulayliklarning oldini olish maqsadida pampersdan foydalanish mumkin. Ayrim onalar kun davomida bolalarni pampersda qoldirishadi, bu mutlaqo noto‘g‘ri. Pampers tanlaganda albatta uning havo o‘tkazuvchanligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Uzoq muddat pampersda yuradigan bolalarda hojatga chiqish ko‘nikmalari shakllanmay qoladi, natijada bunday bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga borganda qiynalishadi. Onalar o‘z farzandlarini uy sharoitida pamperssiz parvarish qilishlari hamda ularda zarur ko‘nikmalar shakllanishida yordam berishlari kerak.

Bolani qanday kiyintirgan ma’qul?

Yil fasllari almashadigan paytda bolalar salomatligiga alohida e’tibor talab etiladi, chunki iqlim, ob-havo salomatlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Faslga qarab ovqatlantirish kabi, faslga mos qilib kiyintirish alohida ahamiyat kasb etadi. Bolalarga paxtali matodan tikilgan, tana uchun qulay (tor yoki juda ham keng bo‘lmagan) kiyimlar kiydirish ular organizmi uchun foydali. Kiyim bola tanasiga havo o‘tkazadigan bo‘lsa, u organizmda moddalar almashinuvi me’yorida kechishiga yordam beradi. Bolaning boshiga oq matodan tikilgan soyabonli qalpoqcha kiydirish lozim (sababi, u quyosh nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bola yuziga tushishidan saqlaydi).

Chaqaloqqa vitaminlar qachondan boshlab beriladi?

Chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish uning har tomonlama mukammal o‘sishi, sog‘lom bo‘lishi, turli yuqumli kasalliklarni yengib o‘tishida yordam beradi. Shu sababli, 6 oylikkacha chaqaloq rivojlanishi mobaynida ularga hech qanday vitaminlar, sharbatlar berish shart emas. Ko‘krak sutida chaqaloq organizmi uchun zarur bo‘lgan barcha ozuqalar, hatto vitaminlar yetarlicha mavjud. Bolaga 6 oylikdan so‘ng sekin-asta suv, kompot va meva sharbatlaridan oz-oz berish mumkin, faqat ko‘krak sutidan so‘ng, kuniga 1- 2 marotaba, 1 choy qoshiqdan boshlash tavsiya qilinadi. Bola 1 yoshga yetganda qo‘shimcha ovqat kuniga 3 marotabaga yetkazilishi mumkin, bunda kartoshkali va sabzavotli pyurelar, qiymalagichdan o‘tkazilgan go‘sht, qatiq, guruchli, manniy bo‘tqalari berish mumkin. Bolaga choy ichirish, ovqatiga tuz sepib berish tavsiya etilmaydi. Xullas, onalar go‘daklarini to‘g‘ri parvarishlashsa, ular sog‘lom va baquvvat bo‘lib o‘sadilar.

© Muqaddas Rahmatullayeva, oliy toifali pediatr. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Bola immuniteti past bo‘lsa
Yosh bolalarda immun tizimi ishining izdan chiqqanini quyidagi holatlar orqali bilib olish mumkin:
  • Yil davomida kichkintoy gripp, bronxit va o‘tkir respirator xastaliklarga 5 marotaba, ba’zan undan ham ko‘p chalinsa.
  • Bolada kamqonlik aniqlangan bo‘lsa (qonda gemoglobin miqdorining kamayib ketishi immun tizimi faoliyatini susaytiradi).
  • Kasallikning tez-tez qaytalanishi hamda xastalanish kunlarining cho‘zilishi.
  • Ko‘z atrofining ko‘karishi, holsizlanish, kamquvvatlilik.
  • Gijja kasalligi va allergiyaga chalinsa (shuningdek, disbakterioz xastaligiga moyil bolalarda ham immunitet pastligi kuzatiladi).
Unutmangki, muammoni vaqtida bartaraf etish bola salomatligining tezroq tiklanishida yordam beradi. Avvalo bolani pediatr ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Uning umumiy ahvolidan kelib chiqib, maxsus tibbiy tahlillarni topshirish talab etiladi. Qon tarkibidagi turli infeksiya qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. (Immun tizimini izdan chiqaruvchi zararli viruslarni qon tahlili orqali aniqlasa bo‘ladi.) Maslahat shuki, bola taomnomasini quvvatli sifatli mahsulotlar bilan boyiting, uni ochiq havoda tez-tez sayr qildiring. Uch yoshdan oshgan bolalarni suv havzalarida cho‘miltirib, badanini oftobda toblang, maxsus badantarbiya mashqlari bilan chiniqtiring. Fiziodavolash usullarini qo‘llab, umumiy uqalash mashqlarini (mutaxassis shifokor bilan maslahatlashib) qo‘llang. Tabiiy usullar yordamida sog‘lomlashtirish bola organizmiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Yiliga bir marta yoz kunlari bolani tog‘ yon-bag‘irlariga olib borib, toza havoda ko‘proq dam oldirish uning sog‘ligi uchun foydali. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarga havo vannasini qo‘llash mumkin. Dastlab chaqaloq 1-2 daqiqa kiyimlari yechilgan holda ochiq yotqizib qo‘yiladi. Havo harorati 18-20 darajadan past bo‘lmasligi lozim. Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqadan ko‘paytirib boriladi. Uni qo‘llashdan oldin bolaning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Havo vannasining afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi. Bolalarning immuniteti mustahkam bo‘lishida tabiiy noz-ne’matlarning ham ahamiyati beqiyos. Bu haqda bilib qo‘ysangiz zarar qilmaydi. Masalan sarimsoq shamollashning oldini oladi, apelsin tarkibida S vitamini mo‘l, limon va asalli choy shamollashni davolaydi, asal esa immunitetni ko‘tarib, qonni tozalaydi. Shuningdek qizil sabzi ko‘rish quvvatini oshiradi, sholg‘om shamollashni bartaraf etadi, qizil lavlagi qon ko‘paytirish xususiyatiga ega. Anor organizmni toksinlardan tozalasa, olma ishtahani ochadi. Sut mahsulotlari tarkibidagi lakto va bifido bakteriyalar organizmdagi foydali bakteriyalarni faol holatga keltiradi va immun tizimini mustahkamlaydi.

Rayhon MUDARISOVA, pediatr.

"Sihat-salomatlik" jurnali.

Mavzuga aloqador maqolalar:

ico
Bolani sutdan ajratish (Pediatr tavsiyasi)
Bolani ko‘krakdan ajratishda ham ona, ham bolaning fiziologik xususiyatlari inobatga olinishi darkor. Onaga buning uchun involyutsiya davri boshlangandan keyingi vaqt muvofiq. Involyutsiya davrida sut bilan birgalikda kam miqdorda og‘iz suti (molozivo) ishlab chiqariladi. Ko‘krak hajmi esa kichrayadi va ona go‘dagini bir necha kun emizmasa ham qattiqlashmay, yumshoq bo‘lib turadi. Bolani ikkidan uch yoshgacha bo‘lgan vaqtda ko‘krakdan ajratish oson kechadi. Agar farzandingizni ko‘krakdan ajratmoqchi bo‘lsangiz, uyidagi bir necha muhim qoidalarni bilib olishingiz kerak. [su_note note_color="#99f2b9" text_color="#000000" radius="8"]O‘qishni tavsiya etamiz: Bolani ko‘krak sutidan ayirish[/su_note]

Bolani sutdan ajratish uchun muhim tavsiyalar

  • Emizishni keskin to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu bola uchun ortiqcha stress bo‘ladi. Avvaliga kunduzi bolani emizishlar sonini kamaytiring. Uni emizish o‘rniga shishacha yoki piyolada sut bering. Kunduzgi emizishlar sonini kundan-kunga kamaytirib boring. Bola umuman emmay qo‘ygach, kechki emizishlar sonini kamaytirishni boshlang.
  • Kichkintoyga e’tiborli bo‘ling. Agar kunduzi kamroq emizsangiz-u, kechki paytda ko‘proq ema boshlasa, bilingki, uni ko‘krakdan ajratishga hali erta. Ba’zi hollarda bolani sutdan ajratish asnosida u barmog‘ini yoki ko‘rpachasini surishni odat qilishi ham mumkin.
  • Kunduzi bola emizishingizni talab qilsa, uning e’tiborini boshqa narsaga qarating. Masalan, sayr qilgani ko‘chaga, xiyobonga olib chiqing. Kichkintoy sayr asnosida emizishingizni talab qilmay uxlab qolishi mumkin.
  • Iloji boricha yopiq kiyim kiying, ya’ni bolaning nazari ko‘ksingizga tushmasin. Uning yonida yotmang, emishni yodiga solishi mumkin bo‘lgan harakatlardan qoching.
  • Bolaga kechqurun hamma, shu jumladan, «so‘rg‘ichi» ham uxlashini ayting.
  • Shoshilmang, bola yangi qoida va kun tartibiga sekin-asta o‘rganadi.
  • Emizish soni sutkasiga bir yoki ikki martaga kamaygach, uni onadan uzoqlashtirish, masalan, buvisinikiga olib borish mumkin. Bu vaqt mobaynida bola ko‘krakni unutadi, tuni bilan uyg‘onmasdan uxlashga ko‘nikadi. Onasining yoniga qaytganda esa emishni yoddan chiqargan bo‘ladi.

Mumkin emas!

Bola biror kasallikka chalingan yoki yaqinda sog‘ayib, organizmi zaif bo‘lib turganida hamda yoz paytida ko‘krakdan ajratmang!

Ona uchun…

  • Agar sutingiz ko‘p bo‘lsa, mastitning oldini olish uchun dori vositalari qabul qilishingiz mumkin. Ammo ularni albatta shifokor tavsiya etishi kerak.
  • Sut batamom qaytgunga qadar ko‘krakdagi qattiqlikni ketkazish uchun sutni kam-kamdan sog‘ib turish lozim. Ammo ko‘p emas, chunki sog‘ib olingan sut o‘rniga yanada ko‘proq sut kelishi mumkin. Laktatsiyani to‘xtatishga yordam beruvchi dori vositalarini qo‘llashda esa ehtiyotkor bo‘ling. Chunki ularning asorati bor: bu umumiy laktatsiyaga zarar qiladi va yana farzandli bo‘lganingizda sutingiz miqdori kamayib ketishiga olib kelishi mumkin.
  • Ona bolasini ko‘krakdan ajratish davrida o‘zini aybdordek, bolasiga nisbatan vafosizlik qilayotgandek his etadi. Unutmangki, bolani ko‘krakdan ajratish sizni onalik safidan chiqarib qo‘ymaydi. Bolani ko‘krakdan chiqarish davrida ham bola sizning mehringizni his qilishi darkor.

© Inobat JO‘RAYEVA, pediatr. "Sug‘diyona" gazetasi.

ico
Bolani ko‘krak sutidan ayirish
Vaqti kelib, bolani ko‘krakdan ayirishga to‘g‘ri keladi. Bu jarayon bolalar uchun qanchalik azob bo‘lsa, onalar uchun ham shunchalar iztirobli… Ammo buning ham o‘z sababi va omillari bor. Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Onalar nima uchun bolani ko‘krakdan ayi­radilar:

  • Bola ikki yoshga yetib, ko‘krak sutiga ehtiyoj sezmagani uchun;
  • Tishlari chiqib, tishlab olish holatlari ko‘paygani uchun;
  • Qorni ochmasa ham emishga ruju qo‘ygani uchun;
  • Ona yana homilador bo‘lib qolsa yoki rejalashtirsa;
  • Ona ishga chiqsa;
  • Sutga ta’sir qiladigan ba’zi dorilarni qabul qilishni boshlasa va hokazo.

Ko‘krakdan ayirish uchun nimalarga e’tibor qilish lozim?

Tabiiyki, vaqti kelib, bolani sutdan ayirishga to‘g‘ri keladi. Ko‘krak sutini emishga o‘rganib qolgan bola osonlikcha bunga ko‘nmaydi. Ko‘krak suti talab qilib yig‘lashga tushadi. Bu paytda otalar ko‘makka kelishi zarur. Bir muddat pyure, bo‘tqa va sho‘rva kabi ko‘shimcha ovqatlarni otasi yedirib tursin. Shunda bola onasiga tarmashavermaydi va sal bo‘lsada ko‘krakni unutadi. Kechqurun ham yoningizda olib yot­mang. Sut hidi uning «xumor»ini qo‘zg‘aydi. Agar yolg‘iz yotishdan qo‘rqsa, otasining yoniga qo‘ying. Ba’zida esa bolalarni yangi o‘yinchoqlar bilan chalg‘itib, ko‘krakdan ayirish mumkin. Yangilikka qiziqqan bola uch-to‘rt kun ichida ko‘krakni unutadi. Dam olish kunlari biror dugona yoki qarindoshingiznikiga olib boring. Ularning bolalari bilan o‘ynab, chalg‘igan bolakay sizga ko‘p ham talpinmaydi. Otasi bilan ko‘chaga sayrga chiqarib yuboring. Sizni qancha kam ko‘rsa, ayirish shuncha oson bo‘ladi.

Qachongacha emizish mumkin?

Xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar oziqlanishi milliy komissiyasi maslahatiga ko‘ra, bolani yarim yoshgacha ko‘krak suti bilan boqish shart. So‘ngra meva va sabzavotli pyure, bo‘tqalar berish mumkin. Agar ko‘krakdan ayirish uchun hech qanday jiddiy sabab bo‘lmasa, emizishda davom ettiravering. Farzandingizni ikki yoshgacha emizsangiz, u turli kasalliklardan hi­moyala­nadi. Hatto uch yoshgacha emizish ham mumkin: chunki ona suti bola uchun eng foydali ozuqadir. Ona suti immunitetni ko‘taradi, infeksiyali kasalliklardan saqlaydi va allergiya chaqirmaydi.

Dori qabul qilish mumkinmi?

Sut kelishini to‘xtatish uchun maxsus tabletkalar ishlab chiqarilgan. Ammo buni faqat mutaxassis maslahati bilan qabul qilish kerak! Chunki ko‘pincha dorilar nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Mavrak (
shalfey) damlamasini (bir osh qoshiq mavrakka qaynoq suv quyiladi va 15 daqiqa damlanadi) kunda bir mahal ichish ham sutni kamaytiradi.

Qachon ayirish kerak?

Bolaning tishi chiqayotganida, kasal bo‘lib qolganida yoki emlanganda ko‘krakdan chiqarish tavsiya etilmaydi. Chunki ona suti bu pallada uni tinchlantiradi va og‘riqni bosadi. Salqin kunlarda jumladan, kuzning oxiri va qishda ko‘k­rakdan ayirish maqbul payt. Yozda ayirish esa ichaklarda muammolar keltirib chiqaradi. Odatda 16-20 soat o‘rtasida sut kam ishlab chiqariladi. Shu pallada bolaga ko‘krak tutib, kamroq emdirib, uni ko‘krakdan ayirish mumkin.

Birdaniga ayirish to‘g‘rimi?

Bolani birdaniga emishdan to‘xtatish to‘g‘ri emas. Emish soatlarini kamaytirib boring va kundan-kunga kamroq ko‘krak tuting. Sutingizni to‘liq sog‘ib tashlamang, biroz qolsin. Yo‘qsa, organizm sut tugagani haqida «signal» olgach, yana sut kelishni boshlaydi.

Agar bola ko‘krakni rad etsa…

Bu bolaning yoshiga bog‘liq. Agar bir yoshdan o‘tgan bola emishni istamasa, uni o‘z holiga qo‘y­gan ma’qul. Agar yoshga to‘lmagan bo‘lsa, pediatr ko‘rigiga olib boring. Buning sababi bo‘lishi kerak. Balki uning tili og‘rigan bo‘lishi mumkin. Ehtimol, sepgan atiringizdan «begonasiragandir». Yoki bo‘lmasa sutingizning ta’mi o‘zgargandir. Masalan, sarimsoqpiyoz yeyish ham sutni taxirlashtiradi. Shuningdek, hayz ko‘rish ham sut ta’miga ta’sir qiladi. Bunday pallada sutingizni sog‘ib, qoshiqcha yoki piyolada ichiring.

Ko‘krakdan ayirish usullari:

Odatlarni o‘zgartiring! Avval o‘ng tomonga yonboshlab emdirishga o‘r­gangan bo‘lsangiz, en­di chap tomonga o‘ting. Bunday noqulaylik bolaga yoqmay, ko‘krakni olmasligi mumkin. Soatga qarab emdirgan bo‘lsangiz, endi vaqtni o‘zgartiring. Kechasi iloji boricha emdirmang. Hidingizni o‘zgartiring! Boshqacha iforli atir, loson, talklarni ishlating. Doimiy hi­dingizga o‘rgangan bola ko‘krakdan begonasiraydi.

Ko‘proq emizishning foydasi:

  • Ona bolasini qanchalik ko‘p emizsa, ko‘k­rak va tuxumdon saratoni xavfi shuncha kamayadi.
  • Ko‘krak suti bilan oziqlantirish osteoporoz kasalligining oldini oladi.
  • Ikki yoshgacha emgan bolalarda asab kasalliklari kam uchraydi.
  • Yarim yoshdan ko‘krakdan ayrilgan bolalar diabet va quloq kasalliklariga tez yo‘liqishadi.

Yosh onalar nima deydi?

Shu o‘rinda biz bolasini ko‘krakdan ayirgan yosh onalarni so‘roqqa tutdik. Feruza Ibragimova, 25 yosh: — Bolam ikki yoshdan o‘tsa hamki, emishga ruju qo‘ygandi. Uydami, ko‘chadami, mehmonga borgandami, farqi yo‘q, emishni istab qolardi. Turli usullardan foydalanib ko‘rdim, bo‘lmadi. Oxiri onamning maslahatiga ko‘ra, uni ota uyimga ikki-uch kunga tashlab keldim. Onam unga qaradilar, kechasi xumor tutib yig‘laganda ovutdilar. Uyga olib kelsam, ko‘krak so‘ramadi… Barno Rashidova, 32 yosh: — Bolam bir yoshga yetib-yetmay yana homilador bo‘lib qolgandim. Shu sabab vaqtli ko‘krakdan ayirishga majbur bo‘ldim. Quruq sut aralashmasini tayyorlab berdim, ammo ichmadi. Ikki hafta urinib, uni idishdan emishga o‘rgatdim. Qo‘shimcha taomlar — sutli bo‘tqalar berdim. Hali aqlini uncha tanimagani uchun ko‘krak so‘rab xarxasha qilmadi. Ammo o‘zim ham qiynaldim, shuning uchun keyingi farzandimni uch yoshgacha emizdim. Saida Xoldorova, 28 yosh: — Bolam ikki yoshga yetay deganda, bog‘chaga berib ishga chiqishga qaror qil­dim. Ammo asosiy muammo uni ko‘krakdan ayirish edi. Bog‘chada unutar desam, battar bo‘ldi. Bog‘cha opasini xunob qilib yuboribdi. Bog‘chadan keliboq emdirardim. Oxiri qaynonamning maslahatiga kirib, ko‘kragimga murch sepib emdirdim. Bolaginam yuzini burishtirib, qaytib emmadi.

Ona suti haqida sakkizta noto‘g‘ri tushuncha

Yosh onalar o‘rtasida yuruvchi ba’zi gaplar ko‘pincha haqiqatdan yiroq bo‘ladi. Quyida ana shunday noto‘g‘ri fikrlar bilan tanishasiz.
  • Birinchi fikr: sutni yig‘ish kerak! Ko‘k­rakni bolaga tez-tez bermay, sut limmo-lim to‘l­gach, berish kerak. Shunda sut ko‘payadi.
  • Haqiqatda esa bolaga qancha ko‘p ko‘krak tutilsa, shuncha ko‘p sut keladi. Ko‘krakni sutdan tez-tez bo‘shatib turish sut ishlab chiqarish gormonini tezlashtiradi.
  • Ikkinchi fikr: emdirib bo‘lgach, qolgan sutni sog‘ib tashlab kerak!
  • Noto‘g‘ri! Sog‘ish shart emas. Agar sog‘sangiz, yana sut kelishni boshlaydi. Siz esa ortiqcha sutdan tag‘in bezor bo‘­lasiz.
  • Uchinchi fikr: sutning sifati har xil bo‘ladi. Ba’zi ayollarning suti yog‘li, kaloriyali, ba’zilarda esa aksincha bo‘larmish.
  • Haqiqatda esa ham­ma onaning suti bola yoshiga qarab o‘zgarib turadi. Boshida shirin, vitaminli, keyinchalik yog‘li, to‘yimli bo‘lib boradi. Onaning ovqatlanishi sut sifatiga unchalik ta’sir etmaydi. Ammo och qolish sut kamayishiga olib keladi.
  • To‘rtinchi fikr: sut ko‘krakda turib qol­sa, aynishi mumkin!
  • Haqiqatda esa aynimaydi. Ancha vaqt turib qolgan sut ta’mi o‘z­garishi mumkin, ammo bu bola uchun xavfsiz.
  • Beshinchi fikr: issiqda go‘dak sutdan tashqari, suv ham ichishi shart!
  • Haqiqatda ­esa go‘dak olti oylik bo‘l­guncha sutdan boshqa ichimlikka sira ehtiyoj sezmaydi. Boisi sutning 90%i suvdan iborat.
  • Oltinchi fikr: bir yoshdan so‘ng ko‘krak suti bola uchun befoyda!
  • Haqiqatda esa unday emas. Bir yoshdan so‘ng emadigan ko‘krak sutida ko‘plab vitamin, minerallar mavjud va u bolani kasalliklardan himoyalaydi.
  • Yettinchi fikr: ba’zi ayollar sersut, ba’zilarda esa sut kam bo‘ladi.
  • Haqiqatda esa aslida farzand tug‘ilgach, hammada sut bir xil miq­­­­­­­­­­­­dorda keladi. Ayrim gormonal kasalliklarni hisobga olmasa, albatta. Ammo emizish borasida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘ygan onalarda sut kamayib ketishi kuzatiladi.
  • Sakkizinchi fikr: ona qanchalik ko‘p va xilma-xil ovqatlansa, sut ham ko‘p bo‘ladi!
  • Haqiqatda esa sutning miqdori bolaning emishiga bog‘liq. Sut bolaning istagiga ko‘ra kelarkan.

"Bekajon" gazetasi.

Mavzuga aloqador maqola: Ona suti