Qandli diabet

MAQOLALAR

ico
Homiladorlikda qandli diabet (Toʻliq qoʻllanma)

Sizning vujudingizda yangi inson shakllanmoqda. Yodingizda boʻlsin toʻqqiz oy mobaynida tanangizda qiziqarli oʻzgarishlar sodir boʻladi. Siz farzand koʻrishga va ona boʻlishga tayyorlanmoqdasiz. Shunday ekan, qandli diabet bilan hayot tarzini olib borayotgan homilador ayol homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) qanday kechishi, uning oʻziga xos jihatlari haqida bilishi va oʻrganishi lozim.

Homiladorlikning birinchi sakkiz haftasi homila rivojlanishining eng muhim davri hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda oʻzingizning fiziologik va ruhiy holatingizga alohida ahamiyat berishingiz, homiladorlikning har bir bosqichida ham muhimdir. 

Homiladorlikda qandli diabet

Bu masʼuliyatni amalga oshirishda siz shifokoringizning uzluksiz nazoratida boʻlib, u tavsiya qilgan tahlillarni muntazam ravishda bajarib, har oyda bir marta, oxirgi uch oyning har ikki haftasida, oxirgi oyda esa har haftada analiz topshirib turishingiz kerak boʻladi.

Homiladorlik davri qisqacha tasnifi

Odatda homiladorlik 40 hafta yoki 9 jarida oyi davom etadi. Homiladorlik davri gestatsion davr deb ataladi. Har uchta uch oylik – trimestr deb ataladi. Birinchi uch oylik – birinchi trimestr, ikkinchi uch oylik – ikkinchi trimestr va oxirgi uch oylik uchinchi trimestr deyiladi. Har bir davrda homila bachadonda tashqi hayotga tayyorlanib boradi. Asosiy mavzuga kirishishdan oldin har bir trimestrga xos o‘zgarishlar to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun quyida har bir trimestrning qisqacha tasnifini keltiramiz.

Birinchi trimestr

Homiladorlikning dastlabki uch oyida farzandingizning asosiy tana a’zolari (yuragi – u qon aylantirishni boshlaydi, oshqozon tizimi, umurtqa pog‘onasi) va tizimlari shakllanadi. Yo‘ldosh – himoya va ozuqa a’zosi hisoblanib rivojlana boshlaydi va filtr vazifasini bajarib, homilani kerakli ozuqa bilan ta’minlaydi, keraksizlariga esa to‘siq bo‘ladi.

Sakkizinchi haftasida homilada ko‘z (faqat hali yumuq holda), lab, til, qo‘llar (tirsak, bilak), oyoqlar (tizza, to‘piq) rivojlana boshlaydi. To‘qqizinchi haftasigacha tug‘ilajak bola embrion, keyin esa homila deb ataladi. Birinchi trimestr oxirida homilaning uzunligi 7,5 smga, og‘irligi esa 29,0 grammga teng bo‘ladi.

Buyrak, tishlar o‘rni, panjalarda tirnoqlar umuman, asosiy a’zolar va tizimlar shakllanadi. Suyak va mushaklar ham rivojlanib boradi. Boshda soch va kipriklar o‘sa boshlaydi. Sizda esa shu davrda tez-tez toliqish seziladi.

Ikkinchi trimestr

Bu davrda homilaning o‘sishi va rivojlanishi davom etib, uning vazni 200,01 grammga, buyi 17,0-18,0 smga teng bo‘lishi mumkin. Homilaning yurak urishi yana ham sezilarli darajada bo‘lib, shifokor stetoskop yordamida eshitib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Bu paytda homiladorlik gormonlari ishlay boshlaydi.

Ko‘kragingiz kattalashib, og‘riq sezadigan bo‘lib qolishi mumkin. Uning uchi atrofidagi teri to‘q tusga kiradi. Bachadon o‘sib, siydik pufagini siqadi. Shuning uchun peshob haydash tezlashadi. Milklar qizarishi va qonashi mumkin. Shu sababli og‘iz bo‘shlig‘ini, tishlarni toza saqlash kerak. Ikkinchi trimestr oxirida (6 oylik) homila vazni 715 grammga va bo‘yi 27,5-35 smgacha ortadi.

Homila qovoqlari ochiladi, kipriklari o‘sadi, tirnoqlar barmoqlarning oxirigacha o‘sadi. Umuman, homilaning hayotiy zarur tizimlari rivojlanib, takomillashadi, qorningiz ham ko‘rinib qoladi. Homila o‘sgan sari qomatingiz o‘zgarib boradi. Me’da buzilishi, jig‘ildon qaynashi bezovta qilishi mumkin.

Uchinchi trimestr

Homilaning barcha hayotiy zarur a’zolari va tizimlari shakllanib bo‘ladi. Bosh suyak yumshoq va egiluvchan bo‘ladi. O‘sish tezlashadi. Yettinchi oy oxirida homila vazni 1022-1227 grammgacha, bo‘yi 35-42,5 smga teng bo‘ladi. Bu trimestr mobaynida bola tug‘ilishga tayyor bo‘lib, uning vazni 2965-3067,54 grammgacha, bo‘yi 50 smga teng bo‘lishi kuzatiladi.

Gestatsion diabet nazorati va sog‘lom bola

Homiladorlik muddatining har bir bosqichi homila shakllanishida juda muhimdir. Bunga erishish uchun esa homiladorlik rejalashtirilgan va puxta oʻylangan boʻlishi kerak. Qandli diabet kasalligi bor bemorlarga qoʻyilgan asosiy talab – kasallik nafaqat homiladorlik davrida, balki undan 3-6 oy avval kompensatsiyalashgan boʻlishi kerak. 

Homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi glyukoza (qand) miqdorining baland boʻlishi boʻlgʻusi chaqaloqning rivojlanishdagi tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilishining asosiy sababi boʻlishi mumkin. 

Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon oʻtmaydi, glyukoza, keton tanachalari esa bemalol oʻtadi. Ona qonida shakar miqdori yuqori boʻlganda u yoʻldosh orqali homila qoniga oʻtib, homiladorlikning 12 haftalaridan insulin ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan homila meʼda osti bezining beta hujayralarini zoʻriqib ishlashga majbur etadi. Bu esa homila qonida insulinning yana-da koʻpayishiga olib keladi va homila vazni meʼyoridan ortiqchaligiga sabab boʻladi. Bu holat makrosomiya deb ataladi.

Homila meʼda osti bezining zoʻriqib ishlashi oqibatida koʻp miqdorda ishlanib chiqilgan insulin yangi tugʻilgan chaqaloqda uchraydigan gipoglikemiyaga (yaʼni qonda qand miqdori keskin pasayishiga) olib keladi. 

Bu holat titroq, tirishish, sababsiz bezovtalanish kabi belgilar bilan kechib, oʻz vaqtida aniqlanib, choralar koʻrilmasa fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda chaqaloqqa yordam kerak boʻladi (vena orqali glyukoza dorisi yuboriladi), bir necha kun mobaynida yangi tugʻilgan chaqaloqning qonida qand miqdorining nazorati olib boriladi.

Bundan tashqari, qandli diabetga chalingan onalardan tugʻilgan chaqaloqlarda bilirubinning koʻpayish hollari (giperbilirubinemiya) uchrab turadi. 

Yangi tugʻilgan chaqaloqning 60 foizida uchinchi-beshinchi kunlari terisi sargʻishroq tusga kiradi. Fiziologik sariqlikning bu koʻrinishi normal hol hisoblanadi. 

Bolaga bachadon ichida boʻlgan davrida uni tugʻilganidan keyingi davriga nisbatan koʻproq miqdorda qizil qon hujayralari kerak boʻladi. Ortib qolgan qon hujayralari parchalanganda ular bilirubin deb nomlanuvchi sariq modda ishlab chiqaradi. Chaqaloq jigari ishlab chiqilgan bilirubinni tez chiqarib tashlash darajasida rivojlanmaganligi sababli uning terisi sariq tusga kiradi. Odatda, bu hol 10 kungina davom etadi.

Teri sariq tusga kirishi koʻpchilik chaqaloqlarga xos boʻlsada, qandli diabet kasalligi bor ayollardan tugʻilgan chaqaloqlarda uzoqroq davom etishi kuzatiladi. Natijada, bilirubin miya va nervlarni zaharlaydi. Bunday vaziyatda baʼzi bir davolash turlarini qoʻllashga toʻgʻri keladi (maxsus nur yordamida), juda kam holatda qon quyish zarurati tugʻiladi.

Qandli diabetga chalingan onalardan tugʻilgan chaqaloqlarda yana bir muammo, yaʼni qonda kalsiy miqdori kamayib ketishi (gipokalsiyemiya) ham uchrab turadi. 

Homiladorlikda qandli diabet xavf omillari

Qandli diabetli bemorlarda homiladorlikning eng ogʻir asoratlaridan biri – homilaning ona qornida nobud boʻlishidir. Homilaning halok boʻlishiga koʻpincha gipoglikemiya, onadagi ketoatsidoz, homilada insulinning ortiqchaligi oqibatida yoʻldosh qon tomirlarining diabet taʼsirida oʻzgarishlari natijasida yoʻldosh gormonlarining yetishmovchiligi sabab boʻladi. 

Qandli diabeti bor onalardan yangi tugʻilgan chaqaloqlar oʻlimining sabablaridan yana biri homiladorlik davrida oʻpka taraqqiyotining orqada qolganligi natijasida vujudga kelgan nafas olishdagi oʻzgarishlardir. Oʻpka rivojlanib yetilmaganligi sababli vujudga keladigan oʻtkir nafas yetishmovchiligi xavfi moʻljaldan avvalroq tugʻishda hamda noilojlikdan tugʻruqni sunʼiy yoʻl bilan homiladorlikning 35-haftasigacha amalga oshirish natijasida tugʻilgan chaqaloqlarda katta boʻladi. 

Ammo, homilador ayollar oʻz vaqtida tugʻganlarida ham ularda qandli diabet boʻlsa, oʻpka alveolasining rivojlanmasligi natijasida vujudga kelgan nafas olish yetishmovchiligi ancha koʻp uchraydi.

Homiladorlikda qandli diabet kechishi

Homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) bilan ogʻrigan bemorlarning salomatligi toʻgʻridan-toʻgʻri kasallikning nazorat darajasiga bogʻliqdir. 

Qandli diabetli ayollardan tugʻilgan bolaning salomatligi esa, onaning sogʻlomlik darajasiga bevosita aloqador. Shu sababli qandli diabetning puxta nazorati sogʻlom bola tugʻilishi garovidir. 

Buning uchun ayolda homilador boʻlishdan 2-3 oy avval qandli diabet yaxshi kompensatsiyalanishi va bu holat butun homiladorlik davomida saqlanib qolinishi kerak. Bunga sabab, bola shunchalik tez rivojlanadiki, ayol esa hali homiladorlikdan bexabar boʻlishi mumkin.

Bu esa bola uchun juda xavfli, chunki homiladorlikning birinchi 8-10 haftalarida qondagi qand miqdorining baland boʻlishi boʻlgʻusi chaqaloq tugʻma nuqsonlar bilan tugʻilishining asosiy sababi boʻlishi mumkin. 

Homiladorlik davrida sizda koʻp oʻzgarishlar boʻlishi mumkin, bunda nafaqat tashqi koʻrinishingiz, balki diabet nazoratining oʻzgarishi ham sodir boʻladi.

Sizda insulin miqdori va ukollarning soni, parhez, jismoniy harakatlarning rejalari ham oʻzgarishi mumkin. Shu bilan birga kun davomida bir necha marta qonda qand miqdorini ham aniqlashga toʻgʻri keladi. Har bir trimestrda insulinga ehtiyoj oʻzgacha boʻladi; birinchi trimestrda insulin miqdori pasayadi, 2-3- trimestrda esa aksincha koʻpayishi mumkin.

Ushbu oʻzgarishlarni oʻz vaqtida amalga oshirish natijasida homiladorlik koʻngildagidek yakunlanishi mumkin.

Qandli diabet kasalligi turlari, kechishi, sabablari haqida ushbu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet kasalligi — belgilari, turlari, sabablari va davolash usullari

Insulin va gestatsion diabet

Qandli diabet insulin yetishmovchiligi oqibatida yuzaga keladigan xastalikdir. Insulin – yuqori darajada faol boʻlgan kimyoviy modda (gormon) boʻlib, u oshqozon osti bezining alohida hujayralarida ishlab chiqiladi. 

Inson yashash uchun energiya bilan taʼminlanishi zarur. Energiyani esa odam tanovul qiladigan oziq-ovqat mahsulotlardan oladi. Oziq-ovqat mahsulotlari asosan uch xil modda: oqsil, yogʻ, uglevodlardan iborat. 

Oqsil tana uchun qurilish materiali hisoblanadi, yogʻ va uglevodlar – quvvat manbasidir. Glyukozaning asosiy manbasi – uglevodlar. Uglevodlarning katta qismi ichakdan qonga glyukoza tarzida soʻriladi. Glyukoza samarali qayta ishlanib, quvvatga aylanishi uchun insulin mavjud boʻlishi zarur. 

Glyukoza insulin yordamida hujayralarga kirib, tanani energiya bilan taʼminlaydi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida glyukoza hujayraga kira olmaydi va uning qondagi miqdori ortadi. 

Qandli diabet kasalligining 1-turida insulin yetishmovchiligini bartaraf qilish uchun insulin kiritish bilan toʻldiriladi. Insulin har kuni teri ostiga yuborilib turilishi shart. U faqat ukol orqali qilinadi, bunga sabab agar oshqozon orqali xab dori shaklida qabul qilinsa u parchalanib ketib, oʻz taʼsirini koʻrsata olmaydi.

Insulin turlari va yuborish tizimi ayol organizmining ayrim xususiyatlariga bogʻliqdir. 

Sogʻlom kishilarda nahorda qon tarkibida glyukoza – 5,5 mmol/l (100 mg foiz)dan, ovqatlangandan soʻng 2 soat oʻtgach 7,8 mmol/l (140 mg foiz)dan ortmaydi. Ayni shu koʻrsatgichlarga erishish homiladorlik davri davolanishidagi asosiy maqsaddir. 

Bunga shifokor bilan hamkorlikda erishish mumkin. Shuni esda tutish kerakki, nonushtadan oldin yuborilgan insulindan keyin ovqat isteʼmol qilinmasa, qonda shakar miqdori meʼyoridan ham pasayib ketishiga olib keladi. 

Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasining taʼsiri, uning ovqatlanishga muvofiq boʻlishi toʻgʻrisida oʻzi qaygʻurishi lozim.

Insulin turlari va ta’siri

Koʻpchilik har xil insulinni koʻrganlarida sarosimaga tushadilar va ularning farqlari toʻgʻrisida soʻraydilar. Birinchi marta tabiiy insulin 1921-yilda olingan. Koʻp yillardan buyon insulin qoramol hamda choʻchqaning oshqozon osti bezlaridan olinmoqda, shunga mos ravishda ular qoramol va choʻchqa insulini deb aytiladi. Choʻchqa insulinining molekulasi inson insulini molekulasidan faqat birgina aminokislotasi bilan farq qiladi va qandga xuddi inson insulini kabi taʼsir koʻrsatadi.

“Inson” insulini atamasi insulinning tuzilishi faqat odam tomonidan ishlab chiqariladigan insulin tuzilishiga mos kelishini bildiradi. U DNK-rekombinant texnologiya yoʻli bilan olinadi. 

Fabrikada tayyorlangan insulin dorilarida farqlar mavjud. Bu farqlar insulinning teri osti hujayralaridan qonga soʻrilishi tezligida hamda butun insulin soʻriladigan vaqtdadir. Mana shu ikki xususiyatni “insulin taʼsir kuchining boshlanishi” va “taʼsir kuchining davomiyligi” deb aytiladi. Ular oraligʻida esa “eng yuqori faollik davri” – taʼsirning choʻqqisi yotadi. Insulin dorilarining bir necha asosiy turlari mavjud, ulardan biri tiniq insulin eritmasidir. Uning taʼsiri tez bilinadi va taʼsir faoliyati ham uzoq emas.

Dorilarning bu turi qisqa vaqt taʼsir etish kuchiga ega boʻlgan insulin (Aktrapid, Xumulin, Regular, Insuman rapid va boshqalar) qonga soʻrilishining va tana tarkibiga yuborilgach 1/2 soatdan keyin taʼsir qila boshlaydi. Biroq, ayrim oziq-ovqat moddalari, shu jumladan, qand ichakdan qonga yana-da tezroq shimiladi, shuning uchun ham insulin ovqatdan 1/2 soat oldin qabul qilinishi kerak. 

Soʻnggi yillarda oʻta qisqa taʼsir qiluvchi insulin analoglari ishlab chiqilgan boʻlib (Xumalog, Novorapid), ularning taʼsiri inyeksiyalangandan 10-15 daqiqa oʻtib boshlanadi va shu sababli ularni ovqat isteʼmolidan avval va hattoki ovqatlanib boʻlib ham inyeksiyalansa boʻladi. Bu preparatlar taʼsir davomligini uzaytirish maqsadida ularga sekinlashtiruvchi moddalar qoʻshiladi. Insulin va va uning soʻrilishini sekinlashtiruvchi modda qoʻshilmasi odatda, kristallar hosil qiladi.

Kaloriyaga ehtiyoj homiladorlikda qandli diabet holatida oʻzgaradimi?

Inson yashashi, harakatda boʻlishi va mehnat qilishi uchun energiya sarflaydi. U bunday energiya bilan taʼminlanish uchun ovqat isteʼmol qiladi. 

Energiya moddalar almashinuvi jarayonida hosil boʻladi. Uglevodlar (qand) va yogʻlar esa, energiyaning asosiy manbayi hisoblanadi. 

Homiladorlikda qandli diabet kasalligi bor ayollarga tarkibida oson oʻzlashtiriladigan uglevodlari boʻlmagan parhez buyuriladi. Bu parhezning quvvati homilador ayolning mavjud vazniga 30-35 kkal/kg hisoblanadi. 

Parhez ovqatlar tarkibidagi oqsil miqdori 2 g/kg.ga koʻtariladi va oʻrta hisobda sutkasiga 100-120 g.ni tashkil etadi: yogʻlar miqdori 1 g/kg.ni tashkil etib, oʻrta hisobda sutkasiga 50-70 g.ga teng boʻladi. 

Quvvatiga boʻlgan talabning qolgan qismi (50-60 foiz) murakkab uglevodlarga boy mahsulotlar hisobiga qoplanadi. Qabul qilinishi kerak boʻlgan uglevodlarning sof miqdori 200 g.dan kam boʻlmaydi.

Tana oqsillarni go‘sht, baliq, tuxum, yong‘oq, dukkaklilar, sut mahsulotlaridan oladi. Oqsillar homiladorlik davrida qon hajmi, ko‘krak bezi va bachadon to‘qimasini o‘stirishi zarur. Shuning uchun bularga ehtiyoj 1,5-2 barobar yuqori bo‘ladi.

Yod va temir

Oʻrta Osiyo tuproq va suvida yod tanqisligi mavjud hududlar qatoriga kiradi. Bundan tashqari, qishloq aholisida temir tanqisligi anemiya (kamqonlik) koʻp uchrab turadi,  kamqonlik homiladorlik muddati oshgan sari jadallashadi. 

Ayollar organizmida yod va temir kabi muhim mikroelementlarning yetishmasligi qandli diabet bilan kechayotgan homiladorlikning ogʻir kechishiga, asab tizimi buzilgan bolalar tugʻilishiga olib keladi. 

Agar ushbu holatning oldini olish choralari koʻrilmasa, keyinchalik bolada aqlan zaiflik shakllanishi mumkin. Shuning uchun oilada homilador ayolning ovqatlanishiga alohida ahamiyat berish kerak. 

Oziq-ovqatlar oqsil hamda temir va vitaminlarga yetarli darajada boy boʻlishi kerak. Ovqatga faqat yodlangan tuz ishlatilishi lozim. 

Homilador ayollar shifokor koʻrsatmasiga koʻra yod preparatlarini ham qabul qilib turishlari kerak boʻladi, anemiyani davolashda esa, temirli preparatlar buyuriladi.

Bundan tashqari, homilangizning suyaklari baquvvat bo‘lib shakllanishida kalsiy juda muhimdir. Kalsiyga bo‘lgan bir kunlik ehtiyoj 1200 mg.ga teng.

Kalsiy va vitamin D ga ehtiyojni sut bilan to‘ldirish mumkin, sutga allergiyangiz bo‘lsa, boshqa choralar ko‘riladi.

Homiladorlik davrida vitaminlarga ehtiyoj juda baland boʻladi, ayniqsa, folat kislotasiga ehtiyoj 2 barobar ortadi. Shunga koʻra, parhezda shu vitaminga boy boʻlgan karam, jigar, loviya, apelsin, barcha gʻalla mahsulotlari boʻlgani maʼqul. Baʼzi hollarda shifokor tavsiyasiga koʻra ularning preparatlari ham qoʻllaniladi.

Vitamin tanqisligini bartaraf qilish maqsadida ularga boy bo‘lgan oziq-ovqatlar bilan bir qatorda, shifokor tavsiyasiga ko‘ra butun homiladorlik davrida maxsus tayyorlangan polivitamin preparatlari qo‘llaniladi.

Vitaminlar va ularning ahamiyati haqida batafsil maʼlumot olishni istasangiz ushbu maqolani oʻqing: Vitaminlar haqida batafsil ma’lumot

Qandli diabet kasalligi bor bemorlar ko‘pincha qand o‘rnini bosuvchi mahsulotlardan foydalanadilar (asparkam, saxarin va boshqalar). Aniq ma’lumotlarga ko‘ra, bu mahsulotlar yo‘ldosh orqali homilaga o‘tarkan, shuning uchun ulardan gestatsion diabet davrida foydalanmagan ma’qul.

Shuningdek, barcha homilador ayollar uchun man etilgan chekish va spirtli ichimliklar ichish kabi zarali odatlar ham homiladorlikda qandli diabet bilan xastalangan ayollarga ham birdek taʼqiqlanadi.

Homiladorlikda 1-tur qandli diabet va ovqatlanish

Qandli diabetning 1-turida insulin moddasi ishlab chiqarilmasligi bois, tanadagi insulin yetishmovchiligi unga tashqaridan insulin kiritish bilan toʻldiriladi. 

Sogʻlom kishilarda ovqat yeyilganidan soʻng oshqozon osti bezining beta hujayralari tomonidan insulin moddasi ishlab chiqariladi va bu glyukozaning oʻzlashtirilishini taʼminlaydi. 

Qandli diabetning 1-turi bilan ogʻrigan bemorlarda bunday boʻlmaydi. Ular yetishmayotgan insulin moddasini tashqaridan kiritish yoʻli bilan oladilar. Tanaga kiritilgan insulin bemorning qachon va qancha ovqat yeyishini “bilmaydi”. Shuning uchun ham bemor insulin moddasi taʼsiri uning ovqatlanishiga muvofiq boʻlishi toʻgʻrisida oʻzi qaygʻurishi lozim. 

Agar bemor tanaga kiritilgan insulin moddasi yoʻl qoʻyadigan miqdordan koʻproq ovqat yesa, qand miqdori ortib ketadi. Aksincha, agar u juda kam miqdorda va ancha kech ovqatlansa, gipoglikemiya paydo boʻlishi mumkin.

Shunday qilib isteʼmol qilinadigan ovqat va insulin muvozanatini taʼminlashi oqibatida gipo va giperglikemiyaning oldini olish mumkin. 

Esda tuting, glyukoza miqdori qonda koʻtarilish sababi ikki-uch soat oldin isteʼmol qilingan ovqatlanishga bogʻliq. Agarda har kuni bir vaqtda qonda glyukoza miqdori pasayib borsa, shifokor bilan maslahatlashing. 

Homiladorlik davrida uyqu paytida ham ovqat isteʼmol qilishga toʻgʻri keladi, bolangiz 12 soat emas 24 soat oziqlanadi. Bir xil paytda 1 stakan sut ham gipoglikemiyaning oldini oladi.

Birinchi uch oylikda koʻngil aynashi, ertalabki darmonsizlik, lohaslik oqibatida ovqatlanish kamroq boʻladi. Ahvol yaxshilanishi natijasida sekin-asta ovqatlanish ortadi.

Odatda, uchta asosiy va uchta oraliq ovqatlanish tavsiya qilinadi. Ertalabki nonushta eng kam kaloriyaga ega, bunga sabab ertalab qonda glyukoza miqdori yuqoriroq boʻlishidir.

Homiladorlik davri muammolari

Ko‘ngil aynashini quyidagicha kamaytirish mumkin

  • Boshingizni yostiqdan ko‘tarishdan oldin qotgan yoki shirin bo‘lmagan non yeng;
  • Oz-ozdan, tez-tez va xilma-xil (bir kunda 6-7 marta) ovqatlaning;
  • Achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • Ovqatlangandan so‘ng yotmang.

Ich qotishi profilaktikasi uchun

  • Ko‘p suyuqlik iste’mol qiling;
  • Kam ishlov berilgan g‘alla mahsulotlaridan tayyorlangan non, yormalar, xom uglevodlar iste’mol qiling;
  • Ko‘proq sabzavotlar qabul qiling, harakatda bo‘ling, jismoniy mashqlar bajaring.

Jig‘ildon qaynashi profilaktikasi uchun

  • Oz-ozdan, tez-tez ovqatlaning;
  • Achchiq va yog‘li ovqatlardan o‘zingizni tiying;
  • Shoshilmasdan, yaxshilab chaynab ovqatlaning;
  • Shifokorga murojaat qiling.

Ovqatlanish odatlarining o‘zgarishi

Odatda yaxshi ko‘rib iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarini rad etish oqibatida taomnoma qaytadan ko‘rib chiqiladi.

Qandi diabet kasalligida ovqatlanish tartibi haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet taomnomasi — jadvallar, tavsiyalar va ovqatlanish tartibi

Shifokor tavsiya etgan dori-darmonlardan boshqasini qabul qilmang!

Shifokorlar maslahatisiz dorilarni qabul qilmang. Ular bola rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ma’lumki, ayrim dorilar tug‘ma nuqsonlarga olib keladi. Bolalarda dorilarga moyillik (o‘rganish) hosil bo‘lishi mumkin.

Qandli diabetli homilador ayol jismoniy mashq bajarishi mumkinmi?

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanish inson salomatligini mustahkamlaydi. Qandli diabet kasalligi bilan og‘riganda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ayniqsa, muhimdir.

Jismoniy mashqlar jadal olib borilganda insulin reseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi qand miqdorini pasaytiradi, insulin dozasi kamayishiga olib keladi.

Jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanganda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yog‘lar parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayadi, qonda yog‘ tarkibi yaxshilanadi. Bunda qandli diabet kasalligining tomirdagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar bartaraf etiladi.

Biroq, gestatsion diabet davrida jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarganda ham salomatlik uchun xavfli oqibatga olib kelishi mumkin. Shuning uchun homilador ayollar o‘zlariga yoqadigan va mos keladigan jismoniy mashqlarni shifokor bilan bamaslahat bajarishlari muhimdir.

Shifokor sinchiklab sizning ko‘z, qon bosimi, yurak faoliyatingizni tekshirib, barcha o‘zgarishlarni nazorat qilib turadi.

Jismoniy mashqlar bolaga, glyukoza miqdoriga ta’sir etishi mumkin. Shuning uchun mashqlardan oldin va keyin qonda glyukoza miqdorini o‘lchash zarur.

Homiladorlikda qandli diabet bilan og‘rigan bemor qoni tarkibidagi qand miqdori 13,3 mmol/l yoki undan yuqori bo‘lsa, jismoniy mashqlar bajarish tavsiya etilmaydi.

Bunday ko‘rsatkich bilan tezda shifokorga murojaat etish tavsiya etiladi. Esda tuting, jismoniy harakatlar to‘xtatilgandan keyin ham yana 24 soat ta’siri saqlanadi.

Insulin dozasi, ovqatlanish jadvali va jismoniy mashqlar bir-biriga mutanosibligiga erishish zarur. Bunga siz shifokor yordamida erishishingiz mumkin.

Mashg‘ulotda o‘zingizni yomon his etsangiz tez bironta glyukoza miqdorini ko‘taruvchi oziq-ovqatlardan foydalanishingiz mumkin.

Ahvolingiz ancha yaxshilangandan so‘ng go‘sht bilan buterbrod, bir bo‘lak pishloq, 1 stakan sut iste’mol qiling. Mashqlarni har kuni, ayni bir vaqtda muntazam bajaring. Ehtiyot bo‘ling, haddan ziyod harakat qilmang.

Qanday mashqlar tavsiya etiladi?

Gestatsion diabet bilan kasallangan bemorlarning glyukoza miqdoriga jismoniy harakatlar qanday ta’sir etadi, degan savol qiziqtiradi.

Avvallari ayollar homiladorlik davrida jismoniy mashqlar qilishmagan. Bunga sabab, mashqlarning homilaga yomon ta’siri ehtimol qilingan. Hozirgi kunda homiladorlikdan oldin mashq qilgan bemorlar uni bajarishni davom ettirishlari mumkin. Biroq, homiladorlikdan avval mashq bajarmagan ayollarga ayni shu davrda ularni boshlash tavsiya qilinmaydi.

Bir qator jismoniy mashqlar turi homiladorlik davrida bajarilishi tavsiya etilmaydi – voleybol, basketbol, golf, sakrash, egilish, chang‘ida uchish.

Yurish nafi, ayniqsa, tanovuldan so‘ng qandli diabetda yuqori bo‘ladi. Ayniqsa, ertalabki nonushtadan so‘ng yurish juda foydali hisoblanadi, chunki glyukoza miqdori ertalab baland bo‘ladi.

Suvda suzish ham juda foydali hisoblanadi. Past faollikda aerobika, baquvvat suyanchiqli o‘rindiqda o‘tirib mashqlar bajarish mumkin.

Tug‘ruqdan keyingi esa, mashqlarni 4 yoki 6 haftadan so‘ng bajarish juda muhim. Agar kesarkesish operatsiyasi bo‘lgan bo‘lsa, jismoniy mashqlar undan ham kechroq muddatda bajarilishi mumkin.

Homiladorlikda qandli diabet (Gestatsion diabet) nazorati

Qandli diabetning nazorati qonda glyukoza miqdori va siydikda glyukoza, atsetonni aniqlash orqali olib boriladi. Bunday tahlillarni o‘tkazish esa, glyukoza miqdorini ko‘zda tutilgan raqamlarda olib yurish imkonini beradi.

Qonda glyukoza  miqdorini aniqlash

Homilador ayollarda qandli diabetni kompensatsiyalash uchun qonda va siydikda glyukoza miqdorini tez-tez aniqlab turish kerak boʻladi. 

Olingan natijalar maxsus kundalikka yozib yuriladi, bunga asoslanib, diabet nazorati qanchalik yaxshi olib borilayotganini koʻrish mumkin va kerakli oʻzgartirishlar kiritish imkoni yaratiladi. Buning uchun qon tarkibidagi qand miqdorini uy sharoitida aniqlash vositalaridan foydalaniladi. 

Bu glyukoza darajasini aniqlash uchun moʻljallangan maxsus test yaproqchalari hamda bemor tomonidan test yaproqchalariga yoki glyukometrning chuqurchasiga tomiziladigan qon tomchisidagi qand miqdorini aniqlaydigan glyukometrlardir. 

Test yaproqchalaridagi natijalar ularning boʻyalish darajasini nazorat shkalasi bilan taqqoslash orqali baholanadi. Glyukometrda aniqlangan qon tarkibidagi qand natijalari elektron tabloga chiqariladi. 

Ayrim glyukometrlar elektron xotira bilan jihozlangan boʻlib, ular qon tarkibidagi qand miqdorining ilgarigi olingan koʻrsatkichlarini qayd etib boradi, bu ham bemor uchun, ham shifokor uchun qulaydir.

Koʻpchilik qandli diabeti bor bemorlarga qonda glyukoza miqdorini bir kunda 4 marotaba aniqlash tavsiya etiladi: birinchi, ikkinchi nonushtadan, tushlikdan, uyqudan oldin. 

Homiladorlik davrida kechasi ham qonda glyukoza miqdorini aniqlash muhim.

Siydikda ketonlar (atseton)ni aniqlash

Gestatsion diabet davrida nazorat faqat qonda glyukoza miqdorini aniqlash bilan cheklanmaydi. Siydikda keton tanachalari (atseton)ni aniqlash ham juda muhim hisoblanadi. 

Keton tanachalarining hosil boʻlishi ona va bola sogʻligiga juda ziyondir. Homiladorlikda qandli diabet tufayli keton tanachalari paydo boʻlish xavfi juda yuqori, buning oqibatida ketoatsidoz holati taraqqiy etishi mumkin. Shuning uchun siydikda atsetonni aniqlab turish shart. 

Buni amalga oshirishning juda oson yoʻli bor. Siydik tarkibidagi atseton miqdorini aniqlash uchun ham test yaproqchalari mavjud. 

Atseton borligi gumon qilinganida ana shu test yaproqchalari yordamida uning siydik tarkibidagi miqdorini osonlik bilan aniqlash lozim. Buning uchun yangi yigʻilgan siydikka maxsus yaproqchalar botirib olinadi. Rangi oʻzgarishiga qarab atseton bor-yoʻqligi va miqdorini aniqlash mumkin. 

Har xil muammolarning oldini olish, oʻz vaqtida hal etish uchun insulin tizimini har 5-10 kunda nazorat qilish kerak. Bu nazoratni amalga oshirish uchun balki ishda, uyda oʻzgartirish kerak boʻladi. Buni amalga oshirishni esa shifokor maslahatiga koʻra olib borish tavsiya etiladi.

Qandli diabet homiladorlikda qanday asoratlar berishi mumkin?

Homilador ayollarda qandli diabetning kechishi oʻziga xos xususiyatlarga ega. Hatto sogʻlom ayoldagi homiladorlik uglevod va yogʻ moddalari almashinuvining oʻzgarishlari bilan kechadi. 

Sogʻlom ayollarda glyukoza va aminokislotalar ona qonidan homila qon aylanishiga oʻtadi. Glyukoza miqdori ona qonida pasaygani sari beta hujayralardan ajralayotgan insulin miqdori ham kamayadi, bu esa yogʻlar parchalanishi va keton tanachalari hosil boʻlishini (ketogenez) kuchaytiradi. Natijada, bu holat och qoringa gipoglikemiya va ketoz boʻlishiga olib keladi. 

Ona qonidan homila qoniga insulin, glyukagon oʻtmaydi, keton tanachalari esa bemalol oʻtadi. Shu sababli onada boʻladigan gipoglikemiya va giperglikemiya homila hayoti uchun xavf soladi. 

Gipoglikemiya, giperglikemiya, ketoatsidoz sodir boʻlishining oldini olish chora-tadbirlari oʻz vaqtida aniqlanmasa ular jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli ular toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlish tavsiya etiladi.

Gipoglikemiya

Qon tarkibidagi qand miqdorining meʼyoridan pasayib ketish holati gipoglikemiya deb ataladi. Bunga sabab koʻp miqdorda insulin qabul qilish, kam miqdorda ovqatlanish yoki oʻz vaqtida ovqatlanmaslik, hayajonlanish. Bunday vaziyatda qonda glyukoza miqdori va gipoglikemiya belgilarini tezda aniqlash kerak.

Gipoglikemiya alomatlari:

  • titrash, bosh aylanishi;
  • terlash;
  • oʻziga xos boʻlmagan xatti-harakatlar qilish yoki tirishish;
  • qorin ochishi;
  • bosh ogʻrigʻi;
  • sababsiz koʻz yoshlanishi;
  • diqqatni yigʻib olishning qiyinlashishi;
  • koʻz oldi qorongʻilashishi;
  • rang oqarishi;
  • ogʻiz atrofida sanchiq hissi;
  • kayfiyatning birdan oʻzgarishi;
  • koʻrishning yomonlashishi.

Gipoglikemiyaning dastlabki belgilari paydo boʻlishi bilanoq qonda glyukoza miqdorini aniqlash kerak boʻladi, bunga imkon boʻlmasa tez davo choralarini qoʻllash, yaʼni 2-4 dona oq qand yeyish yoki shakar solingan shirinliklar, limonad, meva-sabzavotlardan birontasi, ikki dona glyukoza tabletkasini qabul qilish tavsiya etiladi.

Eng xavfli tomoni shuki, gipoglikemiya holati kutilmaganda sodir boʻlishi mumkin. Masalan, insulin ertalab soat 7.30 da qilingan va meʼyorida ovqatlangan boʻlsangiz, uning taʼsiri 3 soat davom etadi. Shuning uchun soat 10 va 10.30 oraligʻida qondagi glyukoza miqdorini aniqlash kerak. Bunda glyukoza miqdori 3,3 mmol.ga teng boʻlsa, ertalabki nonushta miqdorini oshirish yoki ertalabki insulin dozasini pasaytirish kerak. 

Gipoglikemiya holatining oldini olish uchun uyda glyukagon ukoli yoxud 40 foizli glyukoza eritmasi boʻlishi muhim.

Giperglikemiya

Ikkinchi muhim muammo – giperglikemiyadir. Qon tarkibidagi qand miqdorining meʼyoridan ortib ketish holati giperglikemiya deb ataladi. Bunday holat insulin yetishmovchiligi oqibatida sodir boʻladi. 

Bunga esa har xil sabablar olib keladi: insulin dorisini muntazam ravishda qabul qilmaslik, parhezda jiddiy buzilishlarga yoʻl qoʻyish, ruhiy va his-hayajon jihatidan zoʻriqishlar (oilaviy mojarolar, ishxonadagi muammolar), hamroh xastaliklar qoʻshilishi (zotiljam, gripp va boshqalar).

Giperglikemiya belgilari:

  • qonda glyukoza miqdorining ortishi;
  • peshobda ham glyukoza miqdori oshadi;
  • tez-tez va koʻp miqdorda peshob ajratish;
  • ogʻiz qurishi;
  • bosh ogʻrishi;
  • ozib ketish va charchash.

Bularning oldini olishning eng yaxshi yoʻli tez-tez qonda glyukoza miqdorini aniqlash va uning belgilari namoyon boʻlishidan oldin davo choralarini qoʻllashdir. 

Homilador ayollarda qonda glyukoza miqdori 6,6 mmoldan oshmasligi kerak, bundan yuqorisiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Giperglikemiya oʻz vaqtida bartaraf etilmasa ketoatsidoz holati sodir boʻlib, tanada keton tanachalari yigʻila boshlaydi. Bu juda xavfli vaziyat boʻlib, tezkor davo choralari qoʻllanishini talab etadi. 

Davolash odatda uch yoʻnalish: insulin dozasini oshirish, ovqat miqdorini kamaytirish, jismoniy harakat qilish orqali olib boriladi.

Homiladorlikda diabetik koma

Qandli diabet kasalligida asosiy energiya manbayi boʻlmish glyukoza insulin tanqisligi oqibatida hujayralarga kira olmaydi. Buning oqibatida yogʻlar parchalanishi tezlashadi, tanada zaharli qoldiq mahsulotlari, avvalambor yogʻ modda almashinuvining oraliq mahsuli – keton tanachalari toʻplanib qolishi kuzatiladi. 

Koʻp miqdorda hosil boʻlgan keton tanachalari peshob bilan chiqa boshlaydi. Biroq barcha ketonlarni tana shu yoʻl bilan chiqara olmaydi va ular tanada qonda yigʻila boshlaydi. Keton tanachalariga b-oksi yogʻ, atsetouksus kislotalari, atseton kiradi, ular qonga nordonlik xususiyatini beradi, shu tufayli bu holat ketoatsidoz deb ataladi. 

Atseton uchuvchi modda boʻlganligi sababli, u oʻpka orqali ajralib chiqa boshlaydi, shu tufayli ham bemorlarning oʻpkadan chiqaradigan nafasida atseton hidi paydo boʻladi.

Odatda, homiladorlik davrida ertalab peshobda keton aniqlanishi oddiy holga kirmaydi. Shuning uchun bu vaziyatda shifokor bilan maslahatlashishga toʻgʻri keladi, qonda glyukoza miqdori 11,1 mmol/l dan baland boʻlsa albatta, peshobda ketonlarni aniqlash shart. 

Ular koʻpayib ketganda ketoatsidoz holatiga olib keladi. Ketoatsidoz va uning eng keskin namoyon boʻlishi – diabetga oid koma, qand diabetli bemor hayotiga xavf soladigan darajada ogʻirlashishi boʻlib, u kechiktirib boʻlmaydigan tez tibbiy yordam koʻrsatilishini talab etadi. Insulin yetishmovchiligi oqibatida ketoatsidoz sekin-asta, bir necha soatlar ichida taraqqiy etadi.

Diabetga oid komadan oldin odatda bemorda ogʻiz qurishi, chanqash, tez-tez siyish, ishtaha pasayishi, koʻngil aynashi, qusish, baʼzida qorinda ogʻriq paydo boʻlishi, holsizlik, koʻp uxlash, chiqarayotgan nafasida atseton hidining paydo boʻlishi kabi holatlar kuzatiladi. 

Suyuqlik katta miqdorda ajralib chiqa boshlashi tufayli suvsizlik alomatlari: teri va shilliq pardalarning qurishi rivojlanadi. Zarur davolash choralari koʻrilmasa bemorning ahvoli yomonlashib boradi: nafas olishi tezlashadi, holsizlik, hafsalasizlik, ruhiy tushkunlik kuchayib boradi, hushidan ketish holati yuz beradi. Komada shu narsa belgiki, bemor hushini toʻla yoʻqotadi. 

Komatoz holatida bemorning hayoti xavf ostida boʻladi, unga zudlik bilan malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi lozim. Aksariyat hollarda bemorni qutqarib qolishga erishiladi, baʼzida esa shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan, oqibat fojiali yakunlanishi mumkin.

Gestatsion tekshiruvlar

Tugʻish sizning sogʻligingiz va sogʻlom bolaga erishish yoʻlida qilgan mashaqqatli mehnat yakunidir. Ayollar uchun onalik eng yuksak baxt boʻlib, hozirgi davrda zamonaviy nazorat yoʻllari bilan bunga erishish imkoni har qachongidan ham qulaydir. 

Homiladorlikda qandli diabet hayot tarziga aylanishi, uni nazorat ostida oʻtkazish yaxshi, albatta. Shunga qaramay boʻlajak farzandingiz sogʻlomligi uchun tibbiy tekshiruvlardan oʻtish maqsadga muvofiqdir. Homiladorlik davri tekshiruvlari bir necha xildan iborat. Bunday tekshiruvlar skrining tekshiruvlarga kirib, homiladorlikning birinchi yarmida perinatal (I toifa) tekshiruvlar deb ataladi. Bunday tekshiruvlar yordamida bola rivojlanishidagi genetik va struktura buzilishlarni aniqlash mumkin. 

Tekshiruvlarning ikkinchi toifasi odatda, homiladorlikning uchinchi trimestridan tugʻish davrigacha olib boriladi. Bunday tekshiruvlardan maqsad bola oʻsishini nazorat qilishdir va tekshiruv fetal nazorati deb ataladi. Ular yordamida yoʻldosh bolaning oziqlanishi va kislorod bilan taʼminlanish darajasini aniqlash mumkin.

Homila 16 haftalik (ikkinchi trimestrning birinchi yarmi) boʻlganda uning oʻsishi va rivojlanishini kuzatish, unda tugʻma nuqsonlar yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun ayollar qonida alfa-fetoprotein (AFP) miqdorining tekshirishi oʻtkaziladi. 

Agar bu test musbat natijaga ega boʻlsa, homiladorlikning ilk muddatlari toʻxtatilishi ona organizmi uchun ancha xavfsizdir. Bunday hollarda qoʻshimcha boshqa testlar qoʻllanilishi tavsiya qilinadi. Ultratovush (UTT) va amniotsentez. Bu qoʻshimcha testlar musbat natija bergan ayollarda esa koʻpincha sogʻlom bola tugʻilishi isbotlangan.

Ona tanasida tovush toʻlqinlari yordamida bolaning tana aʼzolari koʻrinishi va surati olinadi. Olingan koʻrinish sonogramma deb ataladi. Bu usul 20 yildan ziyod qoʻllanib kelinmoqda, bolaga yomon taʼsiri aniqlanmagan. 

Test oldidan qovuq boʻshatilmaydi, vagina orqali ham uni qilish mumkin, bunday holda qovuq toʻla boʻlishi shart emas. Bu test ekran kompyuter-monitoring yordamida bajariladi. Butunlay ogʻriqsiz. 

Siz bir muddat yotib tursangiz, qorningiz transduser yordamida tekshiriladi. Odatda, bunday test homiladorlikning ikkinchi yarmida oʻtkaziladi, bu vaqtgacha bola ancha katta boʻlib qolgan, jinsini aniqlash mumkin. 8 haftada esa har xil rivojlanish nuqsonlarini bilsa boʻladi. Bolaning oʻsish nazoratini bajarish uchun UTT tekshiruvi har oyda qilib turiladi.

© Miyassar RAHIMJONOVA, diabetolog.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

ico
Qandli diabet kasalligida oyoqlar parvarishi
Qandli diabet kasalligida ko‘pincha oyoqlarda qon aylanishi sekinlashadi, oqibatda terida har xil bakteriyalar qo‘zg‘atuvchi shikastlanishlar ko‘payadi. Ayniqsa oyoq terlaganda ter tarkibida mavjud bo‘lgan glyukoza infeksiyalarning ko‘payishiga sharoit yaratadi. Bemor teridagi yiringli kasalliklarning oldini olishi, ya’ni oyoq terisini ozoda saqlashi lozim. Aks holda teridagi har qanday jarohatlanish uzoq vaqt bitmaydigan yaralarga aylanadi. Har kuni oyoqlarni bolalar sovuni bilan yuving, so‘ng yumshoq sochiq bilan arting. Tirnoqlarni juda qisqa qilib oling. Bunda oyoq barmoqlarining burchak terilari kesilishiga yo‘l qo‘ymang. Qandli diabetda qon tomirlar uzoq vaqt shikastlanganligi bois teri quruqshaydi va osonlik bilan yoriladi. Buning oldini olish uchun yumshatuvchi va namlovchi kremlarni oyoq terisiga surtib turing. Imkon qadar tabiiy matolar (jun, paxta, zig‘ir) dan to‘qilgan paypoqlardan foydalaning. Paypoqlar rezinasi qismasligi kerak, aks holda oyoqlarda qon aylanishi buzilishi mumkin. Poyafzal oyoqlaringizda qulay tursin. Iloji boricha orqa tarafi mustahkam, usti yumshoq, tumshug‘i keng yoki to‘rtburchak shakldagi oyoq kiyimlarni tanlang. Oyoq kaftlari oz bo‘lsada shikastlansa, yaralangan joyga darrov kuchsiz antiseptik surting. Shundan so‘ng quruq mato bosing. Yoddan foydalanmaganingiz ma’qul, chunki dorining rangi yallig‘lanish darajasi yoki infeksiya bor-yo‘qligini aniqlashda qiyinchilik tug‘diradi. Teridagi so‘gal, qadoq va dag‘allashgan joylarni yo‘qotishga urinmang. Shuningdek, shifokor maslahatisiz o‘z-o‘zingizcha davolanmang, bu hol og‘ir oqibatlarga olib keladi.

© Barno SHOG‘AZATOVA endokrinolog, professor.

"Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Qandli diabet (saxar) kasalligi - yashirin belgilari, turlari va davolash usullari

Qandli diabet yoki qand kasalligi — bu moddalar almashinuvi buzilishi holati boʻlib, qonda qand miqdorining oʻzgarishi bilan kechadi.

Insulin gormoni qondagi qandni tegishlicha, energiya sifatida ishlatish yoki zaxira sifatida toʻplash uchun xizmat qiladi. Qandi diabet kasalligida esa, xuddi oʻsha insulin gormonini organizm yetarlicha ishlab chiqara olmaydi yoki undan samarali foydalanolmaydi. Natijada, qonda qandning miqdori normadan koʻpayib,  koʻz, buyrak, nerv va boshqa muhim aʼzolarda turli patologik holatlar yuz beradi.

Qandli diabet turlari

1-tip

1-tip diabetga chalingan odamlarda turli sabablarga koʻra, oshqozon osti bezidagi insulin ishlab chiqaradigan hujayralari insulin ishlab chiqarmaydi.

Insulin organizmda yetishmasligi sababli glyukozani qayta ishlay olmaydi. Natijada ovqatingiz tarkibidagi glyukoza hujayralarga kirib borolmaydi. Bu qonda glyukoza miqdori oshishiga olib keladi. Qonda shakarning yuqori darajasi esa, qisqa va uzoq muddatli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

2-tip

2-tip qandli diabet kasalligida organizmdagi tegishli hujayralarning insulinga nisbatan sezgirligi kamayib, yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarilgan taqdirda ham qondagi glyukozani hujayralarga kiritishda muammo yuz beradi. Oqibatda, qon tarkibida qandning miqdori koʻp boʻlib qolaveradi. Bu esa, organizmda turli muammolarga ilk debocha boʻladi.

Kasallikka ushbu davrda eʼtiborsizlik qilinsa, keyingi bosqichlarida organizmda yetarlicha insulin ishlab chiqarmasligi ham mumkin. Nazorat qilinmagan 2-tip qandli diabet qonda glyukoza miqdorining yuqori darajada saqlanishiga olib keladi. 

Qandli diabet belgilari

Quyida 1-tip qandli diabetning alomatlari keltirilgan:

  • Tez och qolish;
  • Tez chanqash;
  • Koʻrish yomonlashishi;
  • Charchash;
  • Tez-tez siyish;
  • Qisqa vaqt ichida keskin vazn yoʻqotish.

Shuningdek, diabetning asoratlari boʻlgan bemorlarda ketoatsidoz rivojlanishi mumkin. Ushbu holatning belgilari quyidagilarni oʻz ichiga oladi.

Agar sizda diabetning bir yoki bir nechta alomatlari boʻlsa, shifokorga tashrif buyurishingiz kerak. Ammo sizda ketoatsidoz belgilari boʻlsa, darhol tibbiy yordamga murojaat qilishingiz shart. Ketoatsidoz — bu shoshilinch tibbiy yordam shart boʻlgan holatdir.

2-tip diabet organizmda asta-sekin rivojlanadi. Shunga muvofiq ilk simptomlar ham bilinar-bilinmas, yashirin holatda boʻlishi mumkin. 2-tip qandli diabet quyidagi belgilar bilan namoyon boʻladi:

  • Doimiy ochlik hissi;
  • Energiya yetishmasligi;
  • Doimiy charchoq hissi;
  • Ozish;
  • Tez chanqash;
  • Tez-tez siyish;
  • Ogʻiz qurishi;
  • Teri qichishishi;
  • Koʻrishning xiralashishi.

Kasallik rivojlangan sari alomatlar yana-da kuchayib, hayot uchun xavfli belgilar ham kuzatilishi mumkin.

Agar qonda glyukoza miqdori uzoq vaqt davomida yuqori boʻlsa, bemorlarda quyidagi belgilar kuzatilishi mumkin:

  • Jarohat yoki yaralarning sekin bitishi;
  • Teridagi toʻq rangli dogʻlar;
  • Oyoq ogʻrigʻi.

Agar oʻzingizda ushbu yashirin alomatlarning yoki yaqqon belgilarning  ikki yoki undan koʻprogʻini sezsangiz, shifokorga murojaat qiling. Qandli diabetning ushbu tipini nazoratsiz qoldirish hayot uchun xavfli holatlarni yuzaga keltirib chiqaradi.

Qandli diabet sabablari

Qand kasalligining kelib chiqish sabablari tiplariga koʻra, turlicha boʻladi. 1-tip qand kasalligi qanday kelib chiqishi haqida aniq maʼlumotlar hozircha yoʻq. Lekin, bunga organizmda yuz bergan autoimmun reaksiya sabab boʻlishi mumkin, degan fikrlar mavjud. Insonning immun tizimi oshqozon osti bezidagi insulin ishlab chiqaruvchi, beta hujayralarga hujum qilishi natijasida, uni ishdan chiqaradi va ushbu hujayralar asosiy vazifasini bajara olishmaydi.

Ikkinchi tip qandli diabet kelib chiqishida, genetik va hayot tarzi muhim faktor sifatida baholanadi. Notoʻgʻri ovqatlanish, kamharakatlik, semizlik, oilada qandli diabet bilan kasallanganlarning boʻlishi hujayralarning insulinga boʻlgan turgʻunligiga taʼsir etishi mumkin. Natijada, qonda qandning miqdori sezilarli oshishi kuzatiladi.

Qandli diabet kasalligida toʻgʻri ovqatlanish qoidalari, ovqatlanishni nazorat qilib borish haqida ushbu qoʻllanmamiz orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet taomnomasi - jadvallar, tavsiyalar va ovqatlanish tartibi

Erkaklarda qandli diabet alomatlari

Qandli diabet bilan kasallangan erkaklarda umumiy belgilardan tashqari, jinsiy quvvatning sustligi, erektil disfunksiya, umumiy mushak kuchining kam boʻlishi kabi alomatlar ham xos.

Ayollarda qandli diabet alomatlari

Qandli diabetga chalingan ayollarda yuqorida taʼkidlangan umumiy simptomlardan tashqari, terining quruq boʻlib, qichishi kabi belgilari kuzatilishi hamda siydik yoʻllari infeksiyalari, zamburugʻ kasalliklari tez-tez takrorlanib turishi mumkin.

Qand kasalligi xavf omillari

Qandli diabet rivojlanish xavf omillari diabet turiga bogʻliq.

1-tip qandli diabet uchun xavf omillari

1-toifa diabetning aniq sababi nomaʼlum boʻlsa-da, rivojlanish xavfini oshirishi mumkin boʻlgan omillarga quyidagilar kiradi:

  • Oila tarixi. Agar ota-onangiz yoki qarindoshlaringiz 1-toifa diabetga chalingan boʻlsa, kasallik rivojlanish xavfi oshadi.
  • Atrof-muhit omillari. Virusli kasalliklarga tez-tez chalinish kabi holatlar, 1-toifa diabet rivojlanish xavfini oshirishi mumkin.
  • Zararli immunitet hujayralarining mavjudligi. Baʼzida 1-toifa diabetga chalingan odamlarning oila aʼzolari qandli diabetning autoantikorlari borligi tekshiriladi. Agar sizda ushbu antikorlar mavjud boʻlsa, sizda 1-toifa diabet rivojlanish xavfi ortadi. Ammo bu autoantikorlarga ega boʻlganlarning hammasida ham diabet rivojlanmaydi.

2-tip diabet uchun xavf omillari

Qand kasalligi
  • Semizlik. Organizmda yogʻ toʻqimalari qancha koʻp boʻlsa, hujayralaringiz insulinga shunchalik chidamli boʻladi. Bu esa, xavf!
  • Faollik. Qanchalik kam faol boʻlsangiz, xavfingiz shunchalik katta boʻladi. Jismoniy faollik sizning vazningizni boshqarishda yordam beradi, glyukozani energiya sifatida sarflaydi va hujayralarni insulinga nisbatan sezgir qiladi.
  • Oila tarixi. Agar ota-onangiz yoki qarindoshlaringiz qandli diabetga chalingan boʻlsa, kasallik xavfi oshadi.
  • Yoshi. Yosh oshgan sari kasallik rivojlanish xavfi oshadi. Buning sababi, inson yoshi oshgan sari kamroq jismoniy mashqlar qilishga, ogʻirlikni oshirishiga moyil boʻladi. Afsuski, oxirgi vaqtlarda bolalar, oʻspirinlar va oʻrta yoshlilar orasida ham diabetning ikkinchi turi koʻpaymoqda.
  • Homiladorlik diabetiAgar siz homilador boʻlganingizda homiladorlik qandli diabetga chalingan boʻlsangiz, sizda 2-toifa diabet rivojlanish xavfi ortadi.
  • Yuqori qon bosimi140/90 millimetr simob (mm simob ustuni) dan yuqori qon bosimiga ega boʻlish ikkinchi darajali diabet xavfi bilan bogʻliq. Va kasallik rivojlanish xavfini oshiradi. 
  • Anormal xolesterin va triglitserid darajasi. Agar sizda yuqori zichlikdagi lipoproteinlar miqdori past boʻlsa, sizda 2-toifa qandli diabet xavfi yuqori. 

Qand kasalligini aniqlash

Kasallik belgilari sezilsa, albatta, qand kasalligi mavjudligini yoki mavjud emasligini aniqlash kerak. Buning uchun bir nechta laboratoriya va instrumental tekshiruvlar oʻtkazilishi kerak.

  • Qonda glyukoza miqdorini aniqlash. 8 soatlik ochlikdan soʻng, och holatda glyukozaning qon plazmasidagi miqdori tekshiriladi. 
  • Glyukozaga sezuvchanlik sinovi. Och holatda va ovqatdan keyin ikki soat oʻtib qondagi glyukoza miqdorini oʻzaro solishtiriladi.
  • Glikemik kuzatuv. Kun davomida qondagi qand miqdorini bir necha bor tahlil qilish. Davolash samarasini oʻrganish uchun qoʻllaniladi.
  • Siydikda glyukoza, oqsil, oq qon hujayralari mavjudligi tekshiriladi.
  • Siydikda atseton mavjudligini tekshiriladi.
  • Qonda glikolizlangan gemoglobin miqdorini aniqlanadi.
  • Qonning biokimyoviy tahlili.

Qandli diabet bilan kasallangan barcha bemorlar quyidagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtishlari shart:

  • Endokrinolog;
  • Kardiolog;
  • Nevrolog;
  • Oftalmolog;
  • Jarroh.

Kasallik asoratlari

Qandli diabetning asoratlari organizmda asta-sekin rivojlanadi. Bemor qonda qand miqdorini nazorat qilmasa, kasallikka jiddiy ahamiyat bermasa, jiddiy asoratlar rivojlanish xavfi yuqori boʻladi. Oxir-oqibat diabetning asoratlari hayot sifatining yomonlashishiga, hattoki nogironlikka olib kelishi mumkin.  

Yurak-qon tomir kasalliklariQand kasalligi turli yurak-qon tomir muammolari, shu jumladan yurak ishemik kasalligi, yurak xuruji, ateroskleroz kasalligi xavfini keskin oshiradi. Agar bemor diabetga chalingan boʻlsa, uning yurak kasalliklari yoki insult bilan kasallanish ehtimoli yuqori.

Nervlar shikastlanishi (neyropatiya). Haddan tashqari yuqori qand mayda qon tomirlari (kapillyarlar) devoriga, ayniqsa oyoqlarni oziqlantiruvchi mayda qon tomirlari devorlariga zarar yetkazishi natijasida nerv hujayralarining oziqlanishida buzilish yuz beradi. Bu bora-bora bemor oyoq va qoʻllarining uch qismlarida turli bezovtaliklar, ogʻriqlar, achishish va sezgining pasayib ketishi bilan namoyon boʻladi. Va keyinchalik bu holat qoʻl va oyoqning pastki qismlaridan tashqari, yuqori qismlarda ham seziladi boshlaydi. 

Davo chorasi koʻrilmasa, zararlangan oyoq-qoʻllarda sezish toʻliq yoʻqolishi ham mumkin. Ovqat hazm qilish bilan bogʻliq boʻlgan nervlarning shikastlanishi esa, koʻngil aynish, qusish, diareya yoki ich qotishi bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradi. Erkaklar uchun bu erektil disfunksiyaga olib kelishi mumkin.

Buyrak shikastlanishi (nefropatiya). Buyraklar tarkibida qondagi chiqindilarni filtrlaydigan millionlab mayda tuzilmalar mavjud. Nazorat qilinmagan qandli diabet esa, bu nozik filtrlash tizimiga zarar yetkazishi mumkin. Qand kasalligi buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin, bu esa baʼzida bemordan dializ yoki buyrak transplantatsiyasini talab qiladi.

Koʻzning shikastlanishi (retinopatiya). Qandli diabet koʻz toʻr pardasining qon tomirlariga zarar yetkazishi (diabetik retinopatiya), bu esa bora-bora koʻrlikka olib kelishi mumkin. Qandli diabet, shuningdek, katarakta va glaukoma kabi boshqa jiddiy koʻrish kasalliklari xavfini ham oshiradi.

Oyoq shikastlanishi. Oyoqlarda qon tomir va nervlar zararlanishi oyoqning turli xil ikkilamchi asoratlar rivojlanish xavfini oshiradi. Vaqtida davolash oʻtkazilmasa, oxir-oqibat barmoq, tovon yoki oyoq amputatsiyasini talab qilishi mumkin.

Oyoqlarda yuz berishi mumkin boʻlgan xavflarni oldini olish boʻyicha tavsiyalarimizni “Qandli diabet kasalligida oyoqlar parvarishi” maqolasi orqali oʻqishingiz mumkin.

Teri kasalliklariQandli diabet terining normal tuzilishiga taʼsir etib, turli muammolarga, shu jumladan bakterial va zamburugʻ kasalliklariga  moyilligini oshiradi.

Qandli diabet davosi

1-tip diabet kasalligida, yuqorida taʼkidlanganidek, organizm oʻzi mustaqil insulin ishlab chiqara olmaydi. Shuning uchun qondagi qandni boshqarishda yordam berish uchun insulin qabul qilish kerak boʻladi. 

Insulin 1-toifa diabetni davolashning asosiy usuli hisoblanadi. Kiritilgan insulin tana ishlab chiqara olmaydigan gormon oʻrnini bosadi.
Boshqa qoʻshimcha davolash usullari, shuningdek, taomnoma asosida toʻgʻri ovqatlanish, belgilangan jismoniy mashqlarni bajarish 1-tip diabetning alomatlarini nazorat qilishda foyda beradi.

Insulinning eng koʻp ishlatiladigan toʻrt turi mavjud. Ular qanchalik tez ishlashni boshlashlari va ularning taʼsiri qancha davom etishi bilan farqlanadi:

  • Tez taʼsir koʻrsatadigan insulin 15 daqiqada taʼsir eta boshlaydi va uning taʼsiri 3-4 soat davom etadi.
  • Qisqa taʼsirli insulin 30 minut ichida taʼsir eta boshlaydi va 6 dan 8 soatgacha davom etadi.
  • Oʻrta taʼsir etuvchi insulin 1 soatdan 2 soat ichida taʼsir eta boshlaydi va taʼsiri 12 dan 18 soatgacha davom etadi.
  • Uzoq muddatli insulin inyeksiyadan bir necha soat oʻtgach taʼsir eta boshlaydi va  taʼsiri 24 soat yoki undan koʻp davom etadi.

Bemor qandli diabetning ikkinchi turini samarali boshqarishi mumkin. 2-toifa diabetni boshqarish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish lozim:

  • Ratsioningizga klechatkaga va sogʻlom uglevodlarga boy ovqatlarni qoʻshing . Meva, sabzavot va donli mahsulotlarni isteʼmol qilish qonda glyukoza miqdorini barqaror saqlashga yordam beradi.
  • Faqat toʻyguncha ovqatlaning. Ortiqcha yemang!
  • Oʻz vazningizni meʼyorda tuting. (Vaznni nazorat qilish boʻyicha tavsiyalarimizni saytimizning “Ozish” rukni orqali oʻqib boring.)
  • Yuragingizni sogʻlom saqlashga yordam berish uchun har kuni taxminan yarim soatlik aerobik mashqlar qiling. Jismoniy mashqlar qon glyukozasini nazorat qilishga ham yordam beradi.

Glyukozani nazorat qilish uchun mashqlarni toʻgʻri bajarish ham muhim ahamiyatga ega. Chunki qoidalarga amal qilmaslik aks taʼsir etib, qonda qand miqdorining keskin oʻzgarishiga ham sabab boʻlishi mumkin. Qandli diabet kasalligida tavsiya etiladigan mashqlar va koʻrsatmalar bilan “Qandli diabetda davolovchi mashqlar” maqolamiz orqali maʼlumot oling.

Shifokoringiz qon shakarining juda yuqori yoki juda past boʻlgan dastlabki alomatlarini qanday aniqlashni va har bir vaziyatda nima qilish kerakligini tushuntiradi. Shuningdek, ular sizga qaysi ovqatlar foydali va qaysi ovqatlar foydali emasligini bilib olishga yordam beradi.

Ikkinchi turdagi diabetga chalinganlarning hammasi ham insulindan foydalanishlari shart emas.

Maqola toʻldirib borilmoqda...

ico
Dissirkulyator ensefalopatiya - insult oldi kasalligimi?
Dissirkulyator ensefalopatiya – bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishi bo‘lib, aksariyat hollarda insult rivojlanishi bilan tugallanadi. Dissirkulyator ensefalopatiya asosan yoshi kattalarda uchraydigan kasallik. U 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi va odamning yoshi ulg‘aygan sayin dissirkulyator ensefalopatiya bilan kasallanuvchilar soni oshib boradi. 60 yoshdan oshganlarda esa bu kasallik insult rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham bu kasallik insult oldi kasalligi hisoblanadi. Dissirkulyator ensefalopatiya Quyidagi kasalliklar dissirkulyator ensefalopatiya rivojlanishiga olib keladi:
  • Gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, qandli diabet;
  • Bo‘yindan bosh miya tomon yo‘naluvchi yirik qon tomirlar patologiyasi;
  • Yurak kasalliklari, ayniqsa yurak ishemik kasalligi va aritmiyalar;
  • Buyrak kasalliklari sababli yuzaga kelgan arterial gipertoniyalar;
  • Arterial gipotenziya, ya’ni qon bosimning doimo past yurishi (yoshi kattalarda);
  • Bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi;
  • Doimiy tarzda spirtli ichimliklar iste'mol qilish;
  • Giyohvand moddalarni iste’mol qilish.

Kasallik qanday rivojlanadi?

Dissirkulyator ensefalopatiya shakllanishida bosh miyani qon bilan ta’minlovchi yirik tomirlar va miyadagi mayda tomirlardagi patologik o‘zgarishlar  asosiy rolni o‘ynaydi. Bu buzilishlar oqibatida miya to‘qimalarida o‘ndan ortiq mayda ishemik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Kichik ishemik o‘choqlar miyaning po‘stloq qismida, po‘stloq osti tuzilmalarida, hayotiy muhim markazlar joylashgan miya ustunida joylashadi. Bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishiga, ya’ni dissirkulyator ensefalopatiyaga olib keluvchi asosiy kasalliklar - bular gipertoniya kasalligi va ateroskleroz hisoblanadi.

Tashxis qanday qo‘yiladi?

Dissirkulyator ensefalopatiya – bosh miyaning surunkali qon tomir kasalligidir. Shuning uchun ham to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun avvalambor qon tomir sistemasi kasalliklarini aniqlash zarur. Dissirkulyator ensefalopatiya tashxisi qon tomir sistemasi kasalliklari aniqlangan va zo‘rayib boruvchi nevrologik va neyropsixologik buzilishlar aniqlangan holatlarda qo‘yiladi. Qo‘shimcha ravishda o‘tkazilgan tekshiruvlarda DSE ga olib keluvchi kasalliklar aniqlanishi shart, ya’ni arterial gipertenziya, ateroskleroz, qandli diabet, yurak kasalliklari va h.k.

Dissirkulyator ensefalopatiya kasalligini davolash

Dissirkulyator ensefalopatiya surunkali kechuvchi kasallik ekan, davolash jarayoni ham bosqichma-bosqich uzoq davom etishi kerak. Avvalombor kasallik sababi bartaraf etiladi. Parallel ravishda bosh miyada qon aylanishi va moddalar almashinuvini yaxshilovchi dorilar, qonni suyultiruvchi vositalar, miya xujayralari orasidagi impulslar o‘tkazuvchanligini tiklovchi dori vositalari tavsiya etiladi. Bunday bemorlar doimo nevropatolog nazoratida turishi va bosh miya hamda yurak faoliyatini tekshirtirib turishlari lozim.
Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz

 

ico
Qandli diabetda davolovchi mashqlar
Qandli diabet bilan og‘riganda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish ayniqsa zarurdir. Jismoniy mashqlar moddalar almashinuvining barcha turlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Muntazam jismoniy harakatlar bajarilganda insulin reseptorlarining sezgirligi ortadi, bu esa qon tarkibidagi shakar miqdori ozayishiga va insulin yoki shakar miqdorini ozaytiruvchi dorilarni kamroq ichishga olib keladi. Mashqlar bilan doimiy shug‘ullanilganda organizmda oqsil almashinuvi yaxshilanadi, yog‘larning parchalanishi kuchayadi, tana vazni kamayib, qondagi yog‘ tarkibi me’yorga tushadi. [caption id="attachment_6863" align="aligncenter" width="440"]Qandli diabetda mashqlar MedPlanet.com | Avitsenna.uz[/caption] Qandli diabet kasalligining tomirlardagi asorati rivojlanishi uchun vujudga keladigan shart-sharoitlar ham jismoniy mashqlar tufayli bartaraf etiladi. Kasallikda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan jismoniy mashqlar qisqa va uzoq muddatli turlarga bo‘linadi. O‘z navbatida qisqa muddatli jismoniy mashqlar rejalashtirilgan va rejalashtirilmagan bo‘lishi mumkin. Siz rejalashtirilmagan ozroq jismoniy mashqlar (og‘ir yuk ko‘tarish, transportga yugurib yetib olish singarilar)ni bajarsangiz, u holda gipoglikemiya (ya’ni qon tarkibida shakar miqdori me’yordan kamayib ketish holati) ning oldini olish uchun tez va osnon hazm bo‘ladigan taomni tegishlicha NB da (non birligi) zudlik bilan iste’mol qilishingiz lozim. Rejalashtirilgan qisqa muddatli mashqlar (jismoniy tarbiya darsi, suv havzasida suzish, diskoteka singarilar) paytida har yarim soatda qo‘shimcha ravishda sekin hazm bo‘ladigan NB (masalan, bir bo‘lak non va ho‘l meva) iste’mol qilishingiz zarur. Uzoq muddatli jismoniy mashqlar vaqtida (masalan dalada ishlash yoki sayohatga chiqishda) uning jadalligi va ko‘proq davom etishiga, shuningdek tanangiz xususiyatlariga bog‘liq tarzda insulin dorisi miqdorini 25-50 foizga kamaytirish mumkin. Gipoglikemiya paydo bo‘lganda esa yengil hazm bo‘ladigan uglevodlar (shirin ichimliklar, sharbatlar) ichish bilan uning o‘rni tez to‘ldiriladi. Jismoniy mashqlar qon tarkibidagi shakarning miqdori kompensatsiyalangan darajada (me’yorda)bo‘lganida bajarilishi kerak. Bordiyu kompensatsiyalanmagan davrda jismoniy mashqlar o‘tkazilsa qon tarkibidagi shakar miqdori ortishi mumkin. Shu tufayli qandli diabet bilan og‘rigan bemorning qoni tarkibidagi shakar miqdori 15 mmol/l dan yuqori bo‘lganda unga jismoniy mashqlar tavsiya etilmaydi. Jismoniy mashqlarni kun davomida ma’lum tarzda taqsimlash oqilona tadbir hisoblanadi. Masalan, ertalab badantarbiya bilan shug‘ullangan ma’qul. Asosiy mashqlarni esa ovqat yeyilgandan so‘ng 1-2 soat o‘tgach, gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli past bo‘lgan paytda ya’ni taom hazm bo‘lib, tana quvvatga kirganda bajarish lozim. Unutmaslik kerakki, insulin dorisini qabul qiluvchi bemorlar jismoniy mashqlarni uquvsizlik bilan bajarishsa gipoglikemiyaning rivojlanish ehtimoli kuchayadi, bu esa salomatlik uchun xavfli oqibatlarni keltirib chiqaradi. Har kuni bir xildagi jismoniy mashqlar bajarilishi maqsadga muvofiq bo‘lib, bu hol diabetni yaxshi nazorat qilish imkonini beradi. Kundalik jismoniy mashqlardan tashqari bir qancha harakatli mashg‘ulotlar, masalan, velosiped minish, konkida uchish, suvda suzish, raqsga tushish, yugurish va gimnastika bilan shug‘ullanish ham profilaktik tadbirlar sirasiga kiradi. Yodda tutish lozimki, bemorda qandli diabetdan tashqari yurak-qon tomir xastaliklari mavjud bo‘lsa, u o‘zidagi jismoniy yuklamani aniqlab olish uchun soha mutaxassisidan maslahat olishi lozim.

Quyidagilarga ahamiyat bering!

Rioya etilishi zarur bo‘lgan jismoniy mashqlarni tanlash va bajarishda quyidagilarga ahamiyat berish zarur:
  • har bir kishi yoshiga va sog‘ligi holatiga qarab mashq turi va jadalligini yakka tartibda tanlaydi;
  • insulin qabul qiluvchilar mashqlarni kuniga ayni bir vaqtda muntazam bajarishlari kerak;
  • mashg‘ulotlar davomiyligi va jadalligi asta-sekin oshirib boriladi;
  • mashqlardan so‘ng bemor charchab qolmasligi lozim.

© Yulduz AMINJONOVA, Chilonzor tibbiyot kolleji o‘qituvchisi, mutaxassis. "Sihat-salomatlik" jurnali.

ico
Makkajo‘xorining dorivor xususiyatlari
Hozirgi kunda makkajo‘xorini deyarli barcha do‘kon rastalarida uchratish mumkin. Uning tarkibida B, PP, C, fosfor, kaliy va yurak faoliyatini yaxshilovchi K vitaminlari mavjud. Yog‘li taomlarni xush ko‘ruvchilar bu sabzavotdan ko‘proq tanovvul qilishlari lozim. Chunki u xolestrenni chiqarib yuborish xusussiyatiga ega. Biz o‘ylab ham o‘tirmay tashlab yuboradigan makkajo‘xori popugidan esa dorishunoslar dori tayyorlaydilar. Quyida uy sharoitida makkajo‘xori va uning popugidan tayyorlanadigan foydali reseptlar bilan o‘rtoqlashamiz.

Glaukomada

15 gramm maydalangan makkajo‘xori popugiga 1 stakan qaynagan suv quyib, 40 daqiqaga damlab qo‘ying. So‘ng uni dokada suzib olib bir kunda uch marta 1 osh qoshiqdan qabul qiling. Orqasidan suv ichmang, yaxshisi, suvni bir oz vaqt o‘tgandan keyin iching.

Pankreatitda

2 dona makkajo‘xorini yuvib, popuklaridan ajratmay, yumshaguncha qaynating. So‘ng sabzavot qaynatilgan suvni, bir kunda uch marta bir stakandan ichib yuring, makkajo‘xorini esa yeng.

Qandli diabetda

2 osh qoshiq makkajo‘xori uni va 1 osh qoshiq maydalangan na’matakni aralashtiring. Ustiga 2 stakan qaynagan suv quyib, bir necha daqiqa olovga qo‘ying. So‘ng 1 soatga damlab qo‘yib, kuniga uch marta, ovqatdan 15 daqiqa keyin yarim stakandan qabul qiling. 3 hafta muolajani qilib, 3 hafta dam olasiz.

Ortiqcha vaznda

Makkajo‘xori ishtahani pasaytiruvchi eng samarali sabzavotdir. Shu sababli u semizlikdan aziyat chekayotganlarga tavsiya etiladi. Buning uchun 20 gramm makkajo‘xori popugiga 200 ml. qaynagan suv quyib, 1 soatga damlab qo‘ying. Damlamani kuniga 1 osh qoshiqdan 5 mahal iching.

Burun ustidagi qora nuqtalardan xalos bo‘lishda

2 osh qoshiq makkajo‘xori unini bir dona ko‘pirtirilgan tuxum oqi bilan aralashtiring. Tayyor niqobni yuzdagi qora nuqtalar ustiga surting. Qurib qolganida oldin iliq, so‘ng sovuq suv bilan yuving. Muammodan xalos bo‘lish uchun muolajani ikki marta takrorlasangiz kifoya.

© Sugdiyona.uz nashri.

ico
Qandli diabet taomnomasi — jadvallar, tavsiyalar va ovqatlanish tartibi

Qandli diabet (qand kasalligi) asoratlari jihatdan xavfli boʻlgan kasalliklardan biri hisoblanishiga qaramasdan, uni har bir bemor mustaqil ravishda qandli diabet taomnomasi va yoʻriqnomalari orqali nazorat qilib borishi hamda ijobiy natijaga erishishi mumkin.

Kasallik rivolanishi bosqichida oshqozon osti bezidagi betta hujayralarda insulin yetarli darajada ishlab chiqarilmaydi (baʼzan, umuman ishlab chiqarilmaydi) yoki gormon oʻz fiziologik vazifasini bajara olmay qoladi. Keyingi holatda insulin ishlab chiqarilsa ham, tolalarni unga boʻlgan sezuvchanligi kamayib ketadi, oqibatda, glyukoza hujayralar ichiga kira olmaydi.

Har ikkala holat ham inson qonida glyukoza miqdorini oshib ketishiga olib keladi yoki tibbiyot tili bilan aytganda qandli diabet kasalligi rivojlanadi. Ularning birinchisida qandli diabetning birinchi, keyingisida esa kasallikning ikkinchi tipi yuzaga keladi.

Qandli diabet kasalligi haqida mana bu maqola orqali batafsil maʼlumot oling: Qandli diabet kasalligi — belgilari, turlari, sabablari va davolash usullari

Qandli diabet taomnomasi

Har ikkala holat ham inson qonida glyukoza miqdorini oshib ketishiga olib keladi yoki tibbiyot tili bilan aytganda qandli diabet kasalligi rivojlanadi. Ularning birinchisida qandli diabetning birinchi, keyingisida esa kasallikning ikkinchi tipi yuzaga keladi.

Qandli diabetni davolash tamoyillari quyidagi tadbirlardan iborat:

  • Parhez ovqatlanishga amal qilish;
  • Jismoniy mashqlar bilan shugʻullanish;
  • Qonda qand miqdorini tushiruvchi tabletkalar qabul qilish;
  • Insulin yordamida davolash.

Qayd etilganlar orasida qandli diabet taomnomasi asosida parhez ovqatlanish yetakchi oʻrinlardan birini egallab, bemor qandni tushiruvchi tabletkalar yoki insulin qabul qilganda ham unga amal qilishi lozim. Aks holda, olib borilgan muolajalar yetarlicha samara bermaydi. Shuning uchun qandli diabetga moyilligi boʻlgan yoki unga chalingan kishilar tavsiya etilgan ovqatlanish tartibiga amal qilishlari shart.

Parhezga amal qilish qandli diabet taʼsirida yuzaga keladigan qator ichki aʼzolardagi (yurak, buyrak, asab tizimi, koʻz tubi, oyoqlar va boshqalar) jiddiy oʻzgarishlarning oldini olish imkonini yaratadi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, qand kasalligi turli asoratlar berishi bilan xavfli hisoblanadi. Shuning uchun asoratlar yuzaga kelmasligi uchun organizmni nazorat qilib, aʼzolar parvarishiga ham ahamiyat berish lozim. Jumladan, qandli diabetda ayrim bemorlar oyoqlarining ogʻrishiga shikoyat qilishadi, vaholanki, qandli diabetda ovqatlanish tartibiga amal qilish hamda oyoqlarni toʻgʻri parvarishlash orqali bu kabi muammodan forigʻ boʻlish mumkin. Qandli diabetda oyoqlarni toʻgʻri parvarishlash haqida mana bu maqola orqali toʻliq maʼlumot oling : Qandli diabet kasalligida oyoqlar parvarishi

Tibbiyotda qandli diabetga chalingan kishilar uchun parhez taomnoma tuzishda non birligidan foydalaniladi. Ushbu birlik uglevodlarni oʻlchash imkonini beradi.

Oziq – ovqat mahsulotlarining tarkibi va sifatidan qatʼiy nazar (olma, non yoki boshqa mahsulotlar) 1 non birligida 12-15 gramm yengil hazm boʻladigan uglevod saqlovchi ozuqa mahsuloti boʻladi.

Qandli diabet taomnomasi boʻyicha tavsiya etiladigan mahsulotlar

Qandli diabetga chalingan bemorlarga quyidagi oziq-ovqatlar tavsiya etiladi:

  • Qora yoki diabetlar isteʼmol qiladigan maxsus non – kunda 200 gr;
  • Yogʻsiz mol goʻshti, baliqli yoki sabzavotli shoʻrvalar — haftada 2 marta;
  • Yogʻsiz mol yoki terisidan ajratilgan tovuq goʻshti (kunda 100 gr) yoki baliq mahsulotlari (kunda 150 gr) qaynatilgan yoki dimlangan holda;
  • Boshoqli, dukkakli va makarondan tayyorlangan taomlar isteʼmolini chegaralash (ularni isteʼmol qilgan kunlarda non miqdorini keskin kamaytirish).
    Boshoqli mahsulotlardan javdar va grechka (grechixa), baʼzan bugʻdoy, perlovka yoki guruchli taomlar (ulardan tayyorlangan boʻtqalar yogʻ almashinuvini yaxshilaydi va jigar faoliyatini meʼyorlashtirib, unda yogʻ oʻtirishini kamaytiradi). Manna yormasi bundan istisno.
  • Sabzavotlar va koʻkatlar — kartoshka, lavlagi, sabzi kunda 200 gr dan. Karam, salat bargi, rediska, bodring, pomidor va koʻkatlar istalgan miqdorda yangi uzilgan, qaynatilgan holda;
  • Tuxum — chala pishgan, omlet koʻrinishida yoki boshqa taomlarga qoʻshilgan holda haftada 2 donagacha;
  • Nordon, shirin — nordon mevalar (olma, apelsin, limon, olxoʻri, maymunjon, naʼmatak va boshqalar) kunda 200-300 gr gacha;
  • Sut va sut mahsulotlarini (qatiq, prostokvasha, shirin boʻlmagan yogurt, tvorog) shifokor ruxsati bilan kunda 2 piyoladan. Haftaning baʼzi kunlarida chegaralangan miqdorda pishloq, qaymoq, smetana;
  • Tvorog — kun ora turli taomlar koʻrinishida kunda 100-200 gr.

Ichimliklardan qora, koʻk va sutli choy, tomat yoki boshqa nordon meva va sabzavot sharbatlarini ichish mumkin. Bemorlar kuniga 5-6 marta aniq bir vaqtda ovqatlanishlari hamda taomnoma tarkibi vitaminlar, mikro-makroelementlarga boy boʻlgan mahsulotlardan tuzilishi lozim.

Qandli diabetda isteʼmol qilish man etilgan mahsulotlar

Qandli diabet bilan xastalangan bemorlar taomnomasi quyidagi oziq – ovqat mahsulotlaridan toʻliq holi boʻlishi shart:

  • Oshirma va qavatli xamirli mahsulotlar;
  • Tortlar;
  • Yogʻli shoʻrvalar;
  • Manna yormali sutli boʻtqalar;
  • Ugra oshi, yogʻli goʻsht, oʻrdak, gʻoz goʻshti va qazi — qarta;
  • Dudlangan mahsulotlar;
  • Kolbasalar, yogʻli va tuzlangan baliq;
  • Yogʻli baliq konservalari;
  • Ikra, shoʻr pishloq, qaymoq, tuzlamalar;
  • Uzum, banan, anjir murabbo, konfetlar, turshak, ananas, mayiz, xurmo, oʻrik, qovun;
  • Muzqaymoq, shirin sharbatlar, gazlangan ichimliklar va limonadlar;
  • Spirtli ichimliklar.

2-tip qandli diabet bilan kasallangan bemorlar uchun qandli diabet taomnomasi glikemik indeks jadvalidan foydalanilgan holda tuziladi . Ushbu jadval u yoki bu ozuqa mahsulotini qaysi darajada qonda qand miqdorini oshirishi mumkinligini koʻrsatadi.

Glikemik indeks deganda, mahsulotlar tarkibidagi uglevodlarning glyukozaga aylanish tezligi tushuniladi.

  • Glikemik indeksi 30 % kam boʻlgan mahsulotlarni qandli diabetga chalingan bemorlar taomnomasiga istalgancha qoʻshish mumkin;
  • Indeksi 30 – 50 % boʻlgan mahsulotlarni – har kuni zarur miqdorda qabul qilish lozim;
  • Glikemik indeksi 50 – 70 % boʻlgan mahsulotlar — chegaralangan miqdorda tavsiya etiladi;
  • Indeks 70 – 90 % boʻlgan mahsulotlarni – isteʼmol qilish chegaralanishi kerak, chunki ular qisqa vaqtda qonda qand miqdorini oshiradi;
  • Glikemik indeks 90 – 100 % boʻlgan mahsulotlarni — qandli diabetga chalingan bemorlar isteʼmol qilishi taqiqlanadi. Chunki ularni qabul qilish kasallikning jiddiy asoratlari rivojlanishiga sabab boʻladi.

Tabiiyki har xil meva – sabzavotlar va oziq – ovqatlar turlicha glikemik indeksga ega.

Olma, nok va tropik sharoitda oʻsadigan baʼzi mevalarning glikemik indeksi past boʻlganligi sababli ularni qandli diabetga chalingan bemorlar chegaralanmagan miqdorda isteʼmol qilishlari mumkin.

Olcha, shaftoli, olxoʻrining glikemik indeksi kam boʻlganligi tufayli, qandli diabetda tavsiya etiladigan parhez dasturxoniga qoʻshish zararsiz hisoblanadi.

Tarvuz, ananas, mango kabi oʻrta glikemik indeksga ega boʻlganlarni kam miqdorda isteʼmol qilish tavsiya etiladi.

Quruq mevalar, meva sharbatlari juda yuqori glikemik indeksga ega va shu sababli taomnomaga qoʻshish taqiqlanadi.

Mevalar orasida eng foydalilaridan biri olma hisoblanib, uning poʻsti tarkibida koʻp miqdorda kaliy, C vitamini va tolalar mavjud. Shuningdek, olmadagi pektin moddasi qonni bir muncha tozalash xususiyatiga ega. Olma kabi tropik mevalar ham oʻz tarkibida koʻp miqdorda C vitamini va tolalar saqlaydi.

Olcha sogʻliq va uzoq umr koʻrishga ijobiy taʼsir etadigan mevalardan biri hisoblanadi. Uning tarkibidagi kumarin moddasi tromb hosil boʻlishiga toʻsqinlik qiladi.

Qora qoragʻat (smorodina) ham C vitaminiga boy, qandli diabetga chalingan bemorlar qon – tomirlari devoriga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Oziq-ovqatlar va glikemik indeks

Quyidagi jadvalda isteʼmol qilinadigan va taomlar tayyorlashda foydalaniladigan oziq – ovqatlarning glikemik indeksi keltirilgan. Ulardan foydalanib qandli diabetga moyilligi boʻlgan yoki unga chalingan kishilar oʻz taomnomalarini tuzishlari mumkin.

YormalarGlikemik indeks
  1Jo‘xori90 – 100
2Manna yormasi70 – 90
3Guruch70 – 90
4Bug‘doy70 – 90
5Tariq70 – 90
6Suli50 – 70
7Arpa50 – 70
8Grechixa50 – 70
9Jo‘xori uni30 – 50
10No‘xot30 – 50
11Arpa yormasi30dan kam
Non mahsulotlariGlikemik indeks
1Blinchik50 – 70
2Teshik kulcha70 – 90
3Qattiq non90 – 100
4Bug‘doy non90 – 100
5Javdar non90 – 100
6Cheburek70 – 90
7Vafli70 – 90
8Quymoq50 – 70
9Pechenye70 – 90
10Achitqili xamir70 – 90
11Oddiy xamir70 – 90
SabzavotlarGlikemik indeks
  1Ko‘k no‘xot50 – 70
2Kartoshka70 – 90
3Bodring30dan kam
4Sholg‘om70 – 90
5Lavlagi30 – 50
6Loviya30 – 50
7Boshqa sabzavotlar 30 kam 
ShirinliklarGlikemik indeks
1Vafli fruktozada50 – 70
2Asal70 – 90
3Qand90 – 100
4Pirojni90 – 100
5Shokolad90 – 100
Sut mahsulotlariGlikemik indeks
1Sut30 – 50
2Kefir30 – 50
3Ryajenka30 – 50
4Tvorog30 – 50
5Qaymoq30 – 50
6Yogurt30 – 50
7Quyultirilgan sut90 – 100
8Brinza30 – 50
9Sariyog‘50 – 70
10Golland pishlog‘i50 – 70

Tabiiyki, qandli diabetga chalingan ayrim bemorlarni qahva ichish mumkinmi yoki yoʻqmi degan savol qiziqtiradi. Mavjud adabiyotlarda bu savolga qarama — qarshi fikrlar bildirilgan boʻlsa ham qahva adrenalin sintezini kuchaytirib, qonda qand miqdorini oshirishi isbotlangan. Shu sababli undan foydalanmaslik maqsadga muvofiq.

Qandli diabetga chalingan bemorlar ovqatlanishda quyidagi tamoyillarga amal qilish lozim:

  • Kunda kamida 3 marta qandli diabet taomnomasi asosida ovqatlanish;
  • Hech qachon oʻzni och qolish darajasiga olib bormaslik;
  • Kaloriyasi nisbatan yuqori boʻlgan taomlarni kunning birinchi yarmida isteʼmol qilish;
  • Ovqatlanish orasida biror narsa tamaddi qilishga odatlanmaslik;
  • Qorin och qolmagan boʻlsa, shunchaki birovga hamroh boʻlib yoki kayfiyatni koʻtarish uchun taom isteʼmol qilmaslik;
  • Ovqatlanish vaqtida kitob oʻqimaslik yoki televizor koʻrmaslik;
  • Toʻyganlikni his qilganda, kosa yoki laganda ovqat qolsa ham uni isteʼmol qilishni toʻxtatish;
  • Masalliqlarni xarid qilishda ularni kaloriyasi va yogʻiga eʼtibor berish.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek “qandli diabet kasallik emas, balki hayot tarzidir”. Shunga qaramay, ayrimlar qandli diabet bilan xastalanishni, xudiki, hayotni boy berishdek qabul qilishadi va hech qanday yoʻriqnomalarga ahamiyat bermay hayot kechirishadi. Afsuski, bunday hollar ham uchrab turadi, lekin qand kasaliga bundayin munosabatda boʻlish yaramaydi.

Chunki avvalroq taʼkidlaganimizdek, uning asoratlarini bartaraf etish kasallikning oʻzini nazorat qilgandan anchayin qiyin. Shuning uchun doimiy ravishda endokrinolog koʻrigidan oʻtish, qandli diabet taomnomasi boʻyicha ovqatlanish, maxsus jismoniy mashqlar bajarish lozim.

Shifokorlar tomonidan tavsiya etiladigan maxsus davolovchi mashqlar haqida quyidagi maqola orqali maʼlumot olishingiz mumkin:  Qandli diabetda davolovchi mashqlar

Agar qandli diabet bilan homiladorlikni rejalashtirayotgan yoki allaqachon homiladorlik davrini boshdan oʻtkazayotgan boʻlsangiz, diabetolog Miyassar Rahimjonova muallifligidagi “Homilador ayollarda qandli diabet” maqolasini oʻqib chiqishingizni tavsiya etamiz.

“Sog‘lom ovqatlanish – salomatlik mezoni”
kitobi asosida tayyorlandi.