Allergiya

MAQOLALAR

ico
Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

Allergik rinitning asosiy belgilari – burun bo‘shlig‘ining qichishish va ta’sirlanishi, aksirish va burundan nazla kelishi, ko‘pincha burun bitishi bilan birga, shuningdek, tomoq qitiqlanishi, ko‘zlar va ko‘z shilliq pardasining qichishishi, yosh oqishi va ko‘z sohasining shishishi bilan ham kuzatilishi mumkin.

Ayrim hollarda allergik rinit bir oz noqulayliklar tug‘dirishi mumkin. Og‘ir hollarda esa u mehnat qobiliyatini yo‘qotishga olib keladi. U bosh og‘rig‘i, holsizlik (tez charchash) va diqqatni jamlashning buzilishi bilan asoratlanishi mumkin. Mavsumiy allergik rinitning sababi – o‘simlik changchisidir. Kishilarda allergik rinit rivojlanishi uchun changchi shamolda changlanadigan o‘simlikka tegishli bo‘lishi va u ko‘p miqdorda hosil bo‘lishi, yengil, uchuvchan va o‘lchami 35 mmk dan katta bo‘lmasligi hamda allergenlik xususiyatiga ega bo‘lishi kerak. Allergik rinitning paydo bo‘lish sabablari va tezligi shu joyning geografik hamda iqlim sharoitiga bog‘liq.

Qozog‘istonda allergik rinitni ko‘proq shuvoq (ermon) changchisi keltirib chiqaradi. Bizning iqlim sharoitimizda esa ko‘proq ermon, burgon, sho‘ra, o‘tlar changlari allergik rinitning asosiy sababchisi bo‘lib hisoblanadi. Krasnodar o‘lkasida ambroziya, Turkmanistonda sho‘ra, Kiyevda boshoqli o‘tlar, timofeyevkalar sabab bo‘lishi mumkin. Allergik rinitning tarqalishini o‘rganishda aeropollinologik tekshirish o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.

Yilning turli davrlarida har qaysi hudud uchun changning sifati va miqdoriy tarkibini mutaxassis botaniklar aniqlab beradilar. Qator mamlakatlarda har kuni havodagi changning miqdori va tarkibiko‘rsatilgan qisqacha rasmiy ma’lumotlar varaqasi chiqariladi. Shifokor-allergologlar allergen o‘simliklarning gullash oylik kalendariga ega bo‘lishlari kerak. Shu maqsadda turli geografik iqlim doiralarida turli xil o‘simliklarning gullash muddatlarini ko‘rsatadigan chang to‘lqinlari aniqlanadi. Bu shifokorlarga o‘z vaqtida kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini o‘tkazishga, bemorlarni esa bu davrda mamlakatning boshqa hududlarigi ko‘chib o‘tishiga imkon beradi. O‘rab turuvchi havo tarkibidagi zamburug‘lar sporalarining miqdori yil fasllariga bog‘liq. Ular ko‘pincha qish oylarida kamayib, yoz va kuz oylarida ko‘payadi.

Zamburug‘larda allergiyaning bo‘lishi ko‘pincha bronxial astmaning rivojlanishiga olib keladi. Zamburug‘lar sporalarining soni bilan begona o‘tlarga allergiyasi bo‘lgan bemorlardagi klinik belgilarning ko‘rinishi orasida bog‘liqlik borligi aniqlangan. Bu dalilni qisman zamburug‘ sporalarining o‘lchamlari kichikligi bilan tushuntirish mumkin. Garchi uy changidagi kanalar yil davomidagi allergen deb hisoblansada, ularning soni nam havoli kuz oylarida ko‘payishi mumkin. Har bir hududning o‘ziga xos xususiyatlari sezuvchanlikning oshishiga va allergik kasalliklarning mavsumiy avj olishiga sharoit yaratishi mumkin.

Sudanning shimoliy qismlarida astma va rinitning avj olishi quruq qish oylarida kuzatiladi. Bunga turib qolgan anhor suvida ko‘paygan mayda chivinlar sabab bo‘ladi. Ko‘rsatib o‘tilgan omillarni bilish, mavsumiy allergik rinitning tashxisida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘simlik changiga nisbatan kesishuvchi allergik reaksiyalar. O‘simliklarning turli oila va avlod vakillari tekshirib ko‘rilganda chang o‘z tarkibida umumiy va umumiy bo‘lgan allergenlarni saqlashi ma’lum bo‘ladi. Shunga bog‘liq holda bemorlarda IgE antitelo bilan kimyoviy tuzilishi jihatidan yaqin bo‘lgan allergenning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga keluvchi o‘zaro kesishuvchi allergik reaksiyalar holati kuzatilishi mumkin. Kesishuvchi reaksiyalarni chang va oziq-ovqat allergenlari keltirib chiqarishi mumkin. Qayin changchisiga allergiya holati ko‘pincha oziq-ovqat allergiyasi bilan bog‘lanib keladi. Yangi mevalar (olma, shaftoli, gilos) yoki sabzi, yong‘oq iste’mol qilinganda Kvinke shishi va badan qichishishi kuzatiladi. Kesishuv reaksiyalarini o‘tloq o‘tlari bilan qovun va banan ham berishi mumkin.

Yil davomida kuzatiladigan allergik rinit. Uy-ro‘zg‘or allergenlari bilan kishi, odatda, yil bo‘yi yaqinlikda bo‘ladi. Ularga uy changi kanalari va uy hayvonlari qazg‘og‘i kiradi. Ba’zi hududlarda suvaraklar va zamburug‘larning ayrim turlari bevosita ahamiyatga ega.

Rinitning boshqa turlari. Noallergik, noinfeksion rinit – bu boshqa guruh kasalliklardir. Bu turdagi rinit bilan kasallangan bemorda turli qitiqlovchi triggerlarga – o‘tkir hidlarga (odekolon, oqartiruvchi moddalar, erituvchilarga), tamaki tutuniga, changlarga, avtomobil gazlariga, atrof-muhit harorati va namligi o‘garishlariga sezuvchanlik ortadi, shuning uchun ko‘proq “vazomotor” emas “idiopatik” rinit terminini ishlatish o‘rinlidir. Kasallikning rivojlanish mexanizmi noma’lum. Noallergik rinit eozinofillar ko‘payishi belgisi bilan  o‘rta yoshdagi kishilar orasida uchraydi. Rinit belgilari (aksirish, burun bo‘shlig‘ida qichishish, burun oqishi) ba’zan hid bilishning pasayishi bilan va burun shilliq qavatida eozinofillarning ko‘payib ketishi bilan birgalikda keladi. Allergiya belgilari (musbat teri sinamalari, IgE ning qonda oshib ketishi) bo‘ladi. Ba’zi hollarda aspirinni ko‘tara olmaslikning boshlang‘ich davrini aniqlash mumkin. Bu bemorlarni glyukokortikoid gormonlar bilan mahalliy davolash ko‘p hollarda yaxshi natijalarni beradi. Burun polipozi 25 foiz bolalarda va 45 foiz katta yoshdagilarda shilliq ajralishi bilan, 30 foiz bemorlarda bronxial astma bilan kechadi. Bu xastaliklarda infeksiya, yallig‘lanishlar va araxidon yoki boshqa moddalar almashinuvi jarayonining buzilishi sababchi omillar deb hisoblanadi. Allergiya polipozga sabab bo‘lsa kerak, ammo to‘yingan hujayralar va eozinofillar faollashuvining yallig‘lanish bilan davom etishi muayyan ahamiyat kasb etadi va bu yerda glyukokortikoidlarning samaraliligini tushuntirishga imkon beradi.

Kasbga oid rinit.  Ish joyida allergen bilan yaqin kontaktda bo‘lish oqibatida rivojlanadi. Uning sabablari tajriba hayvonlari (kalamushlar, sichqonlar, dengiz cho‘chqalari va boshqalar), don mahsulotlari (novvoylar, qishloq xo‘jalik xodimlari) va yog‘och changlari, ayniqsa qattiq daraxt navlari (qizil daraxt, kedr va boshqalar), lateks va kimyo-viy moddalar, shu jumladan kislota angidridlari, platina tuzlari, yelim va erituvchilar bo‘lishi mumkin.

Gormonga bog‘liq rinit. Homiladorlik paytida va jinsiy yetilish davrida hamda gipotireozda va akromegaliyada rivojlanishi mumkin. Ayollarda menopauza davrida gormon balansining buzilishi burunda atrofik o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Dori moddalardan paydo bo‘ladigan rinit turli dori moddalar, jumladan rezerpin, guanitidin, fentolamin, metil-dopa, angiotenzinga aylanuvchi fermentlar, alfa-adenoblokatorlardan (prozazin tipidagi), betta-adrenoblokatorlardan ko‘zga tomiziladigan tomchilar ko‘rinishidagi, xlorpromazindan, aspirindan va boshqa steroid bo‘lmagan yallig‘lanishga qarshi moddalardan va homiladorlikdan saqlanish uchun ichiladigan dorilardan bo‘lishi mumkin.

TASHXISLASH USULLARI

Quyida rinitni tashhislashda foydalanish mumkin bo‘lgan barcha tekshirish usullari sanab o‘tilgan, amaliyotda ularning bir qismi qo‘llanilishi mumkin. Birinchi navbatda bemorda anamnez yig‘ilib, lor organlar ko‘rigidan so‘ng quyidagi tashxislash usullari qo‘llaniladi:

Allergologik sinamalar:

  • teri sinamalari;
  • zardobdagi umumiy IgE ni aniqlash;
  • zardobdagi maxsus IgE ni aniqlash;
  • dag‘al va egiluvchan endoskop yordamida ko‘rish.

Burun-halqum bo‘shlig‘idan surtmalar va yuvilgan suvlarni tayyorlash:

  • sitologik tekshirishlar uchun;
  • bakteriologik tekshirishlar uchun.

Rentgenologik usullar:

  • burun yon bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish;
  • kompyuterli tomografiya (tekshiruvchi a’zo qavatlariga rentgen nuri bog‘lamlarini yuborib, skanirlash yo‘li bilan tekshirish va uni EHM orqali sog‘-lom to‘qimadan farqini aniqlash);
  • magnitli-rezonans tomografiya.

Qonni tekshirish:

  • qondagi shaklli elementlar sonini sanash;
  • qalqonsimon bez funksiyasini tekshirish;
  • antineytrofil sitoplazmatik antitelo;
  • immunoglobulinlar va IgG quyi sinflarini aniqlash.

Anamnez va ko‘rik. Sinchiklab yig‘ilgan anamnez allergik rinitni gumon qilishga imkon beradi. So‘rab chiqish paytida bemorning yashash sharoiti, shu jumladan, bajaradigan ishining alohida xususiyatlari va nasl-nasabi haqida ma’lumotlar olish kerak. Allergik rinit har qanday yoshdagi kishilarda, jumladan, chaqaloqlarda ham uchrashi mumkin. Shuning uchun shifokor belgilar paydo bo‘lish vaqtini aniqlashi zarur. Ko‘p hollarda allergik rinit 20 yoshgacha rivojlanadi, yoshlik paytida uning uchrash tezligi 15 foizni tashkil qiladi. Belgilar paydo bo‘lish tezligini (har kuni, epizodik, yilning aniq bir vaqtida yoki doimiy) hamda ularning cho‘zilishini, qanday ko‘rinishda ifodalanishini va kasallik kechishi jarayonining harakatdagi holatini baholash zarur. Rinit bilan kasallangan bemorlarni ikki guruhga – burundan nazla kelishi va aksirish ustunroq bo‘lgan bemorlarga va burun bitishi ustunroq turadigan bemorlarga bo‘lish mumkin. Allergik rinit bilan kasallangan bemorlar ko‘proq birinchi guruhga kiradi.

Birinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:

  • aksirish (odatda xuruj bilan);
  • burun-halqum bo‘shlig‘iga oqishdan ko‘ra, burundan oqish ko‘proq xarakterli;
  • burun bo‘shlig‘ida qichishish;
  • burun bitishi (har xil ko‘rinishda);
  • kecha-kunduzlik maqomi (belgilari kechasi kamayib, kunduz paytlari kuchayadi);
  • ko‘pincha kon’yunktivit bilan birgalikda yondosh keladi.

Ikkinchi guruh uchun xarakterli xususiyatlar:

  • aksirish onda-sonda yoki umuman yo‘q;
  • quyuq shilliq modda burun bo‘shlig‘idan ko‘proq burun-halqumga oqadi;
  • qichishish yo‘q;
  • burun bitishi (ko‘pincha ancha yaqqolroq ko‘rinishda);
  • kechasi va kunduzgi paytlarda belgilarning doimiyligi (kechasi og‘irlashish kuzatilishi mumkin).

Burunning bir tomonlama bitishi polip borligiga, tuzilish anomaliyalari o‘sma borligiga shubha qilishga majbur qiladi. Hid sezishning pasayishi va yo‘q bo‘lishi polipoz rinosinusitda yoki rinitning og‘ir kechadigan hollarida uchraydi. Burun bitishi bilan bog‘liq belgilar, og‘iz va tomoq qurishi, ovoz ming‘illab qolishi bilan birga kechadigan allergiyada bemor burun uchini kafti bilan tez-tez artib turadi, buning oqibatida burun uchining sal yuqori qismida ko‘ndalang burmalar hosil bo‘ladi.

Aksirish ko‘proq xuruj ko‘rinishida paydo bo‘ladi. So‘rov paytida kasallik belgilarining paydo bo‘lishiga yoki kuchayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan irritantlarni va ob-havo sharoitlarini aniqlash zarur. Agar allergen sut emizuvchilarning qazg‘og‘i, uy changi kanalari va mog‘or zamburug‘lari ko‘rinishida bo‘lsa, kasallik belgilari, odatda har doim saqlanib qoladi. Namlikning ortishi kanalar va mog‘or zamburug‘larining ko‘payishiga imkon beradi. Kanalarning yashab, oziqlanadigan joylari ko‘proq to‘shaklar, yostiqlar, pardalar va gilamlar bo‘ladi. Mog‘or zamburug‘lari uy o‘simliklarida va kitoblarda o‘sadi. Havodagi chang qismlari soni bilan klinik belgilarning ko‘rinishi orasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor. O‘simliklar gullash mavsumining kirib kela boshlashi bilan organizm-ning allergen changiga sezuvchanligi kuchayib borishi natijasida kasallik belgilarining ko‘rinishi ko‘payib boradi. Ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ham rinit belgilarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu provokatsion sinamalar yordamida tasdiqlangan. Yuqori ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar va ruhiyatga ta’sir qiluvchi omillar ham rinitni kuchayishiga olib keladi. Allergiyaga moyilligi bor bemorlarda yuqori nafas yo‘llari infeksiyasining klinik manzarasi allergik reaksiyaga o‘xshash bo‘lishi yoki turli allergenlarga sezuvchanlikning ortishiga olib kelishi mumkin. Meros qilib olish poligen tipida, ya’ni genlar orqali yuzaga kelishiga qaramay, anamnezdagi irsiy anomaliya allergik kasallikning rivojlanish ehtimolini ko‘p-roq qilib qo‘yadi. Bemorning qarindosh-urug‘ida allergik kasalliklarning yo‘qligi zinhor allergik rinit tashhisini yo‘qqa chiqarishga imkon bermaydi. Burun bo‘shlig‘ini surunkali rinit yoki tipik bo‘lmagan bir tomonlama rinitlarning hamma holatlarida endoskopiya qilish zarur. Buning uchun burun ko‘zgularidan, peshona reflektoridan, otoskop (quloq oynasi), burun adapteri bilan Xopkinsning dag‘al endoskopidan yoki egiluvchan nazofaringoskopdan foydalanish lozim.

Teridagi sinamalar. O‘ta sezuvchanlikning tez sodir bo‘ladigan teri reaksiyalaridan allergiyaning IgE ga bog‘liq turini aniqlashda foydalaniladi. Bu sinamalar allergologiyada asosiy tashhis usullaridan biri hisoblanadi.

Usullar. Allergiyaning tez sodir bo‘ladigan turini aniqlash uchun skarifikatsiya sinamalaridan foydalanish afzalroq. Garchi, teri ichiga qilinadigan sinamalar sezgirroq bo‘lsada, ular yolg‘on musbat natijalar berishi va ba’zan umumiy reaksiyalar keltirib chiqarishi mumkin. Shu munosabat bilan ulardan faqat skarifikatsiya sinamalari manfiy bo‘lgan holatlarda foydalanish mumkin. Hozirgi paytda bunday sinamalar soni juda ko‘p. Ularni tekshiruvchining tajribasiga ko‘ra va sinamalarning qaysi biri afzalroq, deb bilishiga qarab tanlanadi.

© Ozod NAZAROV, allergolog, professor.

© "O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

Davomi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 2-qism )

 [divider]
[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]

 

ico
Mavsumiy allergik rinit - tashxislash va davolash choralari ( 2-qism )

Teri sinamalari. Oddiy, og‘riqsiz va arzon tekshirish usuli hisoblanadi. Agar ular o‘z ishini yaxshi biladigan xodim tomonidan yuqori sifatli allergenlar eritmalaridan foydalanilgan holda qilinsa, sinamalar natijasi mutanosib ravishda bo‘ladi. Teridagi sinamalarni ko‘p miqdorda o‘tkazish mablag‘ va vaqt talab qiladi. Bu, ayniqsa, poliklinika amaliyotida zarur emas. O‘tkaziladigan tekshirishlar havodagi eng ko‘p tarqalgan allergenlarga sezuvchanlikni tekshirish bilan chegaralanishi kerak (junga, uy changi kanasiga, mog‘orga, uy hayvonlariga va bosh-qalar).

E immunoglobulini. Umumiy zardobdagi IgE miqdori har xil radioimmun va immunoferment usullar yordamida aniqlanadi. Meyorda IgE tug‘ilgan vaqtda 0-1 kЕd/l ni tashkil etadi va o‘smirlik yoshiga yetguncha asta-sekin ko‘payadi, keyin pasayadi hamda 20-30 yoshlarda aniq bir miqdorda qaror topadi. Umumiy IgE miqdorining 100-150 kЕd/l dan ko‘p bo‘lishi ko‘tarilgan hisoblanadi. Maxsus IgE ni aniqlash, ayniqsa teridagi sinamalar uchun allergenlar ekstraktlarini olishning iloji bo‘lmagan hollarda qo‘l keladi. Bu maqsadda dastlab radioallergosorbent test (PAST) hamda radioimmun va immunoferment usullar qo‘llaniladi.

Sitologik tekshirishlar uchun burun bo‘shlig‘idan surtmalar olish. Burun bo‘shlig‘idan olingan surtmalar va yuvilgan suvlarni tekshirish allergik hamda infeksion rinit orasida differensial tashhis o‘tkazishga imkon beradi. Allergik rinit va eozinofillar ko‘payishi bilan kuzatiladigan noallergik rinit uchun eozinofillar infiltratsiyasi xarakterli, bakterial infeksiyada esa neytrofillar sonining ko‘payishi xos xususiyat hisoblanadi.

Periferik qon hujayralaridan mediatorlarning ajralib chiqishi. Maxsus allergenlar ta’siri ostida qondagi bazofillarning buzilishi yallig‘lanish mediatorlari ajralib chiqishi bilan (gistamin, leykotriyenlar) yuz beradi. Mikroskop yordamida bu mediatorlarning bazofillardan ajralib chiqishini baholash mumkin, ammo bu usuldan faqat ilmiy maqsadlarda foydalaniladi.

Allergik reaksiyalar vaqtida mediatorlarning ajralib chiqishi. Qon, burun oqmalari yoki siydikdagi mediatorlar va fermentlar miqdorini o‘ta maxsus hamda sezgir usullar – gistamin, prostaglandin, leykotriyenlar C4, I4, E4, triptazalar, kininlar, eozinofil kation oqsillarini titrlash yo‘li bilan tekshirish mumkin. Bu moddalarning dastlabki asos qilib olingan miqdorlari hamda allergen ta’sir qilgandan keyingi miqdorlari aniqlanishi mumkin. Hozirgi vaqtda bu usul faqat tadqiqot maqsadlarida qo‘llaniladi.

Prvokatsion usullar. Burun ichiga qo‘zg‘atuvchi ta’sir ko‘rsatuvchi usul muayyan ahamiyatga ega bo‘lib, faqat klinik allergologiyadan maxsus ixtisos olgan mutaxassis tomonidan o‘tkazilishi mumkin.

Otorinolaringologik tekshirishlar endoskopiya, shilliq ajratib chiqarish ishini, hid sezishni tekshirish, burun yo‘llarining o‘tkazuvchanligini baholash tashhis qo‘yish imkoniyatlarini ancha kengaytiradi.

Burun oldi bo‘shliqlarini rentgen nurlari yordamida tasvirga tushirish. Burun oldi bo‘shliqlarining g‘ovaklanish bo‘shliqlari bo‘lishini ancha pasayganini, shilliq qavatning qalinlashganini va hatto yuqori jag‘, peshona va ponasimon bo‘shliqlar devoridagi buzilishlarni aniqlash mumkin. Oddiy rentgenografiyada burun bo‘shlig‘ining yon devorlari va g‘alvirsimon chig‘anoq tuzilishining yaxshi ko‘rinmasligi yolg‘on manfiy va musbat natijalarga olib kelishi mumkin.

Kompyuterli tomografiya (KT). KT hozirgi vaqtda turli burun va burun oldi bo‘shliqlari kasalliklarini tashhislashda asosiy rentgenologik usul bo‘lib qoldi. Garchi boshqa kasalliklarning yo‘qligini aniqlashga imkon bersa ham, allergiya tashhisida esa u hal qiluvchi ahamiyatga ega emas. KT yordamida yumshoq to‘qima va suyak tuzilishi holatlarini birma-bir sinchiklab o‘rganish mumkin. Patologik jarayonning qanchalik tarqalganligini aniqlash hamda aniq belgilari bo‘lgan taqdirdagina tashhis qo‘yish mumkin. Suyak tuzilishi yoki yumshoq to‘qima holati haqida ko‘proq ma’lumotlar olishga imkon beruvchi turli tekshirish usullari mavjud.

Allergik rinitni davolash usullari

Allergenlarni yo‘q qilish va atrof-muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar. Rivojlangan mamlakatlarda kishilar ko‘p vaqtlarini xonalarda, ish joylarida o‘tkazadilar. Atrofni o‘rab turgan muhit esa doim turli allergenlarni o‘z ichida saqlaydi, ular o‘z navbatida rinit rivojlanishiga turtki bo‘lishi mumkin. So‘nggi o‘ttiz yil ichida ko‘pchilik mamlakatlarda tashqi muhitdagi, binolardagi allergen va noallergen komponentlar tarkibi ancha o‘zgardi, allergik kasalliklar bilan kasallanish xavfi ortdi. O‘rta iqlimli mamlakatlarda elektr kuchini tejashga intilish, havoni yangilash uchun xonani shamollatish noqulay bo‘lgan uylarning qurilishi natijasida xonalarda uy kanalari soni ko‘pa-yib ketadi. Har qanday holatda (garchi allergenlarni butunlay yo‘q qilishning imkoni bo‘lmagan taqdirda ham) iloji boricha xonalarda o‘rab turuvchi muhit nazorati bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish zarur. Ushbu chora-tadbirlar bemor ahvolini ancha yaxshilash va dori moddalar qo‘llash zaruriyatini kamaytirishi mumkin. Shuni inobatga olish lozimki, allergen manbai yo‘qotilgach (masalan, uy hayvonlari), bir necha hafta yoki oy o‘tgandan keyingina buning samarasini ko‘rish mumkin. Uy changidagi kanalarni yo‘q qilish uchun xona havosining namligini kamaytirish, akaritsidlar hamda himoya qoplamidan foydalanish mumkin. O‘simlik changi va xonada uchramaydigan boshqa allergenlar ta’sirini kamaytirish ancha qi-yinchilik tug‘diradi.

O‘simlik changi allergenlari bilan kontaktni yo‘q qilish choralari

  • O‘simlikning gullash mavsumi haqidagi ma’lumotni oldindan bilish;
  • havosida katta miqdorda allergen bo‘lgan hududlardan uzoqlashish;
  • deraza va eshiklarni zich yopish
  • avtomobillarda himoya filtridan foydalanish
  • tashqarida ko‘zoynak taqib yurish kerak.

Uy kanalari miqdorini kamaytirish chora-tadbirlari

Yotoqxona:

  • to‘shak, ko‘rpa va yostiqlarning ustini qoplash uchun allergen kira olmaydigan matolardan foydalanish kerak;
  • to‘shak, yostiq, bosh taraf oralig‘i atroflari va yotoqxona pollarini har hafta changyutgich yordamida (sinchiklab) tozalash;
  • par yostiq va jun ko‘rpalar (yopinchiqlar)ni sintetik matolardan tayyorlanganlariga almashtirish, ularni har hafta +60oS haroratli suv bilan yuvib turish, iloji boricha gilamlarni olib tashlash;
  • har hafta namlangan latta bilan xona jihozlarining yuza qismlarini artib chiqish, shu jumladan deraza ostlari va shkaflarning yuqori qismlarini ham;
  • paxta tolasidan tayyorlangan pardalar osish va ularni tez-tez yuvib turish;
  • bir martalik (foydalaniladigan) qog‘oz xaltali va filtrli yoki suv manbai bilan bo‘lgan changyutgichlardan foydalanish. Ish vaqtida niqob tutish;
  • tozalash ishlarini boshqa kishi qilgani ma’qulroq;
  • kanalarni yo‘qotish uchun kimyo-viy moddalar (akaritsidlar)ni qo‘llash;
  • mato qoplangan yumshoq mebellarni tozalashga alohida e’tibor kerak. Mebelni kamida 1 haftada 2 marta changyutgich bilan tozalash kerak, shu jumladan stullarning ulanish joyi, suyanadigan va bosh tegib turadigan qismlarini ham.

Bolalar. Tozalash paytida bemor bolalar xonadan tashqarida bo‘lishlari va u yerga 2 soatdan keyingina kirishlari mumkin. Bolalar yumshoq o‘yinchoqlari bilan karavotda uxlashlari mumkin emas. Kanalar miqdorini kamaytirish uchun o‘yinchoqlarni ham changyutgich yordamida tozalash, kimyoviy tozalashga berish yoki kechasiga muzxonaga qo‘yish kerak.

Uy hayvonlari. Iloji boricha uy hayvonlarini saqlamaslik, yangilarini olib kelmaslik, ularni yotoqxonaga kiritmaslik zarur. Oilada allergik kasallikning paydo bo‘lishi bilan hayvonlarni ko‘paytirish tavsiya etilmaydi, chunki bulardan sezuvchanlikning ortib ketishi va rivojlanishi mumkin. Uy hayvonlarini har doim yuvintirib turish lozim.

Maqolaning ilk qismi: Mavsumiy allergik rinit - alomatlar, kelib chiqish sabablari va tashxislash ( 1-qism )

© Ozod NAZAROV, allergologprofessor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

 

ico
Allergiyani diyeta bilan davolash mumkinmi?

Allergiya bu  organizmga tashqaridan kirgan har xil yot moddalarga nisbatan paydo bo‘ladigan gipersezuvchan reaksiya hisoblanadi. Bunday yot moddalar-allergenlar bo‘lib, aksariyat holatlarda zararli hisoblanmaydi (yani ko‘p odamlarga uni yomon ta’siri yo‘q). Ba’zi odamlarning immunitet tizimi ushbu allergenlarni zararli begona moddalar deb bilib, ular bilan kurashib yo‘q qilishga harakat qiladi.

Allergenlar tabiatda, oziq-ovqatlarda, uydagi atrof-muhitda topilishi mumkin. Odam biror narsaga allergiyasi bo‘lsa odatda buni belgisini terida, hazm qilish tizimida, nafas yo‘llarida, burun yoki ko‘zlardagi o‘zgarishlar orqali bilishadi.
 
Biz yozmoqchi bo‘lgan gulchanglar alleriyasi bu turli daraxt, o‘t yoki o‘simliklar gul changlariga (pollen) bo‘lgan o‘ta sezuvchi reaksiya bilan bog‘liq. Ba’zan uni bahor tumovi ham atashadi. Bu mavsumiy holat bo‘lib, har yilning ma’lum bir vaqtida qayta qayta takrorlanadi. Bunday allergiyani eng asosiy belgilari huddi oddiy shamollashga o‘hshaydi:
  • Ko‘zlar qichishadi va yoshlanadi;
  • Burunlar qichishadi, oqadi yoki bitib qoladi;
  • Ko‘p aksirish bo‘ladi;
  • Tomoqlar ham qichishib, biroz yo‘talish bo‘lishi mumkin;
  • Quvvat ketib, holsizlanish yuzaga kelishi mumkin.
 (Mavsumiy gulchangi allergiyasi - "hay fever", "seasonal allergiyes"  nomi bilan ataladi ingliz tilida.)
 
Ushbu allergiyani davolashda yoki uni yomon bo‘lib ketishini nazorat qilishda bizga asosan diyeta va dorivor giyohlar yordam berdi. Diyeta, ya’ni to‘g‘ri ovqatlanish allergiyani davolashda katta yo‘l ko‘rsatar ekan. Allergiya mavsumida (daraxt yoki o‘tlar gulchanglari ko‘paygan paytda) diyetani yanada ham qattiqroq nazorat qilish kerak.
 

Diyetaning eng asosiy yo‘l yo‘riqlari

 
Nimalarni iste’mol qilish mumkin:
 
  • Go‘sht: sigir, qo‘y, echki, tovuq kabilarni go‘sht va organlari.
  • Baliq: turli toza suvda tutilgan baliqlardan seld, salmon, sardina kabi.
  • Tuhum: Omega-3 ga boy sifatli tuhumlar.
  • Sabzavotlar: to‘q yashil bargli ko‘katlar, sholg‘om, turp, sabzi, karam, brokkoli, kartoshka, balgarskiy, gulkaram, qovoq kabilar.
  • Mevalar: olma, nok, kiwi, sitrus mevalar, qulupnay, malina, maymunjon kabilar.
  • Yong‘oq va urug‘lar: turli yong‘oqlar, bodom, handon pista, kunjut, zig‘ir, kungaboqar, chia urug‘lari kabi.
  • Sog‘lom yog‘lar: zaytun yog‘i, kakos yog‘i, avakado yog‘i, qo‘y yog‘i va saryog‘.
  • Sut mahsulotlaridan: kefir yoki qatiq (ulardan tayyorlangan tvorog) va ba’zi pishloq turlari.
  • Ziravorlar: tuz va turli sifatli ziravorlar.
 

Chegaralangan holatda iste’mol qilinishi bo‘lgan oziq-ovqatlar

  1. Donlar (marjumak/grechka, guruch, quinoa va hamirturushlik non);
  2. Dukkakliklar (yasmiq/lentil, no‘hat, mosh kabi)
  3. Tabiiy shirinlik (maple siropi yoki asal)
  4. Kakao kukuni yoki shakari kam shokolad
  5. Sut mahtulotlaridan: sifatli pishloq, qaymoq yoki hom sut.
 
 
Allergiya mavsumida chegaralangan oziq-ovqatlarni umuman iste’mol qilmaslik tavsiya qilinadi. Ayniqsa shakar va shirinliklarning ozginasi ham allergiyani qo‘zg‘atib yuboradi.

Yemaslikka harakat qilish kerak bo‘lgan oziq ovqatlar guruhi

  1. Oq unlik ovqatlar (non, somsa, hamirli ovqatlar kabi)
  2. Shakar yoki har xil shirinliklar, ichimliklar (onda-sondda asaldan tashqari)
  3. Har xil tayyor, yarim tayyor ovqatlar. Xususan turli unlardan (bug‘doy, makka, grechka, guruch, suli) tayyorlangan non va non mahsulotlari, hatto qayta ishlanmagan qora (whole) bo‘lsa ham. Chunki to‘g‘ri usulda tayyorlanmagan.
  4. Qayta ishlangan o‘simlik yog‘lari.
  5. Har xil sintetik vitaminlar.
  6. Oshiqcha pasterizatsiyalangan sut va sut mahsulotlari.

Immunitetni kuchaytiradigan oziq-ovqatlarni ko‘paytirish ham tavsiya qilinadi

Fermentlangan sabzavotlar, suyakli sho‘rva va fermentlangan sut mahsulotlari. Ushbu mavzu haqida quyida ko‘proq ma’lumot topsa bo‘ladi.
 

Allergiya mavsumi paytida nima qilish kerak? 

Agar doimiy to‘g‘ri ovqatlanish bilan ham allergiya boshlanib qolsa bir qancha usullar bilan allergiya belgilarini kamaytirish mumkin.
 1. Diyetaga qattiqroq e’tibor berish kerak!
Aslida sog‘lom lekin allergiyani qo‘zg‘atish mumkin bo‘lgan ovqatlardan chetlanish kerak.
Gulchangi allergiya mavsumi boshlanishidan oldin imkon bo‘lsa mahalliy sifatli, hom asal va ari poleni istemoli qilish turishlik ham yordam beradi. Allergiya belgilari ko‘ringan paytida ozgina asal, zanjabil va kakos yog‘i bilan iliq suv bilan ichimlik qilib ichib yurish ham mumkin.

 

2. Allergiya belgilarini kamaytirishda turli dorivor giyohlardan foydalanish mumkin.

Bizga foydasi bo‘lgan giyohlar (ingliz tilidagi nomlari: Goldenseal roots, Butterbur roots, Stinging Nettle Leaves. Hammasini quritilganini  choy qilib ichish ham mumkin yoki tabletka yoki tayyor suyuq holatdagisini topib iste’mol qilish ham mumkin.

3. Allergiyani davolashda yana burunni yuvish/chayish usuli ham yordam beradi. Tuzli suv bilan maxsus idishda burunlar chayilib turiladi.

4. Allergiya mavsumi kuchaygan paytlarda omega-3 (baliq, zig‘ir urug‘i, yong‘oq kabi); kvertsin/quercetin (olma, piyoz, petrushka, lettuce, pomidor, brokkoli, balgarskiy, malina kabi);va Vitamin C larga boy oziq ovqatlarni ko‘paytirishning ham foydasi bo‘ladi .
5. Allergiya belgilari boshlangan paytida imkon boricha ko‘proq dam olishga harakat qilish kerak. Shamollagan bemorga berilgani kabi har hil suyuq va achchiq sho‘rvalar, zanjabil/limonlik choylar berilsa ham yordam beradi.
6. Jismoniy mashg‘ulotlarni kamaytirish yoki to‘xtatish kerak. Ular ham allergiya belgilarni kuchaytirib yuboradi.
7. Uylarni tez tez tozalab, changlarni artib, oynalarni yopib gulchanglarni kamaytirib, yo‘qotishga harakat qilish kerak.
 
Allergiyani bunday davolanish usulida aytilib o‘tilganidek, ko‘proq hayvon go‘shtlari, yog‘lari qo‘llaniladi. Ba’zi vegan/vegetarian diyetada yuradigan odamlar esa allergiyani davolashda hayvon mahsulotlari umuman  to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblashadi. Vegan diyetada asosan ko‘p sabzavot va mevalar, don va dukkakliklar, yong‘oq va urug‘lar istemol qilinadi. Balki ba’zi odamlar uchun vegetarian diyetasi yahshiroq ta’sir qilar, lekin biz shaxsan bunday holatlarni kuzatmadik.

Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.

Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).

1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:

Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks

Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

© uymaktabi.blogspot.com  

Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

ico
Eng ko‘p allergiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bilasizmi?

Fransiyalik olimlar allergik rinit ko‘rinishida paydo bo‘luvchi reaksiyaning eng ko‘p uchraydigan 5 sababni aniqlashdi. Fransuz ekspertlarining so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo miqyosida turli ozuqaviy allergik reaksiyalar kuzatilmoqda, ular teri kasalliklari, toshmalar va ko‘z yallig‘lanishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek allergik reaksiya insonning nafas olish jarayonida havodagi turli aralashmalarni yutishi natijasida ham kuzatiladi. “Ortodoks” tibbiy portalida shu haqida ma’lumot berildi.

[caption id="attachment_10524" align="aligncenter" width="645"]allergiya sababi Foto: Simptomed.ru[/caption]

Haroratdagi keskin o‘zgarishlar

Ekspertlarning fikricha, burun bitishi ko‘rinishidagi allergik reaksiyalar ko‘pincha haroratning keskin o‘zgarishi natijasida yuzaga keladi. Yozgi jazirama harorat va yuqori namlik yoki qish faslidagi ayoz sovuqlar insonda allergik rinitning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek olimlar konditsioner ishlab turgan xonada ko‘p o‘tirish ham rinitga sabab bo‘lishini qayd etishdi.

Turli hidlar

Bugungi kunda turli hidlarga nisbatan allergik reaksiyalarni juda ko‘p kuzatishimiz mumkin. Shunga qaramay, uning paydo bo‘lishiga nafaqat atir yoki dezodarant sabab bo‘ladi, balki xushbo‘y hid tutatqilari va shag‘amlar ham allergik reaksiyalarni paydo qiladi. Sog‘liqni saqlash uchun ahvolni yomonlashtirayotgan sababni to‘g‘ri aniqlay bilish lozim.

Lak-bo‘yoq mahsulotlari

Aksariyat kishilar ahvollari lak-bo‘yoq mahsulotlaridan yomonlashganini hattoki xayollariga ham keltirishmaydi. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida biror joyni bo‘yash vaqtida maxsus respirator-niqoblardan foydalanish kerak. Shuningdek bo‘yoq hidi ketmasidan yangi ta’mirdan chiqqan inshootlarda yurish tavsiya etilmaydi.

O‘simlik changlari

Bugungi kunda o‘simliklarning gullashidan jabr ko‘ruvchi kishilar soni muntazam ravishda o‘sib bormoqda. Bu asosan daraxtlar va o‘simliklar ko‘p bo‘lgan hududlarda yashovchi kishilarga xos. Statistikaga ko‘ra, o‘simliklar changi butun dunyo ahli o‘rtasida eng ko‘p allergiyani keltirib chiqaruvchi sabab hisoblanadi.

Atmosferaning ifloslanishi

Mahsulotlarni qayta ishlovchi zavod va korxonalar havoga katta miqdordagi zararli aralashmalarni ajratib chiqaradi, avtotransport esa zararli gazlarni ajratadi, bu ham o‘z navbatida Yer atmosferasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu zararli moddalar ko‘pincha insonlarda allergik kasalliklarni qo‘zg‘atadi.

 

Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.

Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).

1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:

Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks

Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Kun.uz / Orthodox.od.ua

ico
Allergiyani davolash mumkin

Allergiya -  turli xil dorivor moddalar, ovqat mahsulotlari, o‘simlik hidlari, past harorat va boshqa omillarga organizmning sezgirlik xossasining oshishi. Allergiya sust yoki kuchli, keskin yoki sekinlashgan bo‘lishi mumkin, bu organizmning chiniqqanligiga va yoshiga bog‘liq.  Kimyoviy moddalarga, dori vositalariga o‘ta sezuvchanlik nasldan naslga o‘tishi yoki bir necha avloddan keyin ham namoyon bo‘lishi mumkin. Biroq allergik kasallikning o‘zi emas, balki unga moyillik nasldan naslga o‘tadi, bu moyillik bolalikdagi kuchli stressdan keyin, bronxial astma, ichki a’zolar va asab sistemasining og‘ir kasalliklarida yuzaga kelishi mumkin.

[caption id="attachment_2454" align="aligncenter" width="300"]allergenlar Allergenlar[/caption]

Davolash

Davolash dermatolog, allergolog shifokorlar tomonidan olib boriladi. Profilaktik chora sifatida bemorga ko‘tara olmaydigan dorivor, oziq-ovqat, kosmetik moddalarni man qilish,  ratsioanal ovqatlanishga muhim e’tibor qaratish tavsiya etiladi.

Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.

Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).

1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:

Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks

Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

ico
Allergiyadan to‘liq qutilish mumkinmi?

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining epidemiologik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining 50 foizi allergik kasalliklar bilan og‘riydi. Ammo raqamlar bundan ham katta bo‘lishi mumkin...

Qon ichidagi «Begona»

Hammaga ma’lumki, immun tizimi bizni yot ta’sirlardan himoya qiladi. Aslida organizmda himoya oqsillari — immunoglobulinlar ishlab chiqiladi. Allergik kasalliklarda bevosita ishtirok etadigan immunoglobulin E odatda meyorida ishlab chiqiladi.

allergiyadan qutilish

Insonlarda tashqi ta’sirlar (daraxt gullari changi, uy changi, maishiy kimyo, hayvonlar juni, o‘simliklar changi, o‘simlik oqsillari, zamburug‘lar)ga nisbatan qonda immunoglobulin E oshib ketadi. Bu himoyaviy xarakterga ega, ya’ni immunoglobulin E qonimizga tushgan «begona»ni yo‘q qiladi. Ko‘pchilik kishilarda bu holat hech qanday belgilarsiz o‘tib ketadi.

Ba’zi kishilarda immunoglobulin E miqdorining oshib ketishi qonimizdagi gistamin va gistaminsimon moddalar meyoridan ziyod bo‘lishiga va allergik reaksiyaning yuzaga chiqishiga sababchi bo‘ladi.

Kuzatishlarga ko‘ra, allergiyaning ko‘payib ketishiga asosan ekologiyaning buzilishi, atmosferamizga ko‘p miqdorda zaharli gazlarning chiqarilishi, organizmimiz unchalik moslashmagan har xil biologik qo‘shimchalarning ko‘p miqdorda ishlatilishi, sintetik preparatlarning doimiy qo‘llanilishi singari holatlar sababchi bo‘lmoqda.

O‘ttiz foiz – jiddiy ko‘rsatkich

Olimlarning allergiya irsiy kasallik deyishlarida haqiqat bor. Ota yoki onasining birontasi allergik kasallik bilan og‘risa bolaga o‘tish ehtimoli 30 foizni tashkil qiladi. Ammo ota-onasi sog‘lom bolalar ham allergiya bilan tug‘ilishi yoki allergik kasallikka chalinishi mumkin. Oxirgi yillardagi allergik kasalliklarning ko‘payib ketishini ko‘proq ekologiyaning buzilishi bilan bog‘lashmoqda. Hozirda iqtisodi yaxshi rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda allergik kasalliklarning birmuncha ko‘proq uchrashi buning isbotidir.

Allergiyaning kelib chiqish sabablaridan yana biri chaqaloq va yosh bolalarga antibiotik dorilarni pala-partish qo‘llashdir. Hatto bunday vaqtda bolada bronxial astma kelib chiqishi kuzatiladi.

Eyiladigan ovqatimiz ham allergiyaning kelib chiqishiga sababchi bo‘layotganligini ko‘rsatib o‘tishimiz lozim. Yuz yil oldingiga qaraganda eyiladigan ovqat tarkibi o‘zgardi. Kerakli moddalar miqdori ikki marta qisqargan bo‘lsa, kaloriya miqdori oshdi. Harakatchanlik esa kamaydi. Bu narsa semirishga olib kelmoqda. Natijada har xil kasalliklar soni ham oshib bormoqda.

Shunday qilib, oxirgi yillarda olimlarimiz allergiyaning kelib chiqishida ichki va tashqi omillar ta’sirida kelib chiqadi, degan to‘xtamga keldi. Bular hammaga birdek ta’sir qilsada, hammada ham allergiya rivojlanmaydi. Aksincha bu kasallik ayrim tanlangan kishilardagina rivojlanadi. Organizmda allergik reaksiya kelib chiqishi uchun dastlab sensibilizasiya jarayoni bo‘lishi kerak.

 Allergiya rivojlanish sabablari

Immun tizimi allergen (yot begona narsa) bilan uzviy aloqada bo‘lganda uning xususiyatlarini xotirasida saqlab qoladi. Keyin o‘sha allergen bilan qayta uchrashganda esa uni «tanib» qarshi hujumga o‘tadi. Ushbu jarayon sensibilizasiya jarayoni deyiladi. Bu turli kishilarda turlicha kechadi va bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Har bir kishi allergiyaning turlari haqida qisqacha ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Atopiya so‘zini tez-tez uchratishimiz mumkin. Bu irsiy xarakterga ega bo‘lib, immunglobulin E ni tashqi ta’sirlar (uy va gullar changlari)ga nisbatan ko‘proq ishlab chiqarishga moyil kishilarda atopik dermatit (teridagi o‘zgarishlar), kon’yuktivit, rinit va atopik astma ko‘rinishida kelishi mumkin.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek sensabilizasiya bo‘lgan organizmga qayta va qayta allergen tushishi natijasida organizmdagi allergik reaksiya rivojlanib ketaveradi. Ya’ni kasallik engil darajadan og‘irgacha borib etishi mumkin. Oddiyroq qilib aytganda, allergik rinitda vaqtida davolanmay e’tiborsizlik qilsak, u engil darajadan og‘iriga o‘tadi. Bunda ham davolanmasak aksa urish va burundan suv kelishiga kechasi bo‘g‘ilishlar qo‘shiladi ya’ni astma kasalligi rivojlanadi.

Nafas yo‘llari allergiyasiga havoda uchib yurgan mayda allergenlar sababchi bo‘ladi. Bularga zamburug‘ sporalari, o‘simlik changlari, uy kanalarining qismlari, hayvonlarning juni va qazg‘oqlari va boshqa allergenlar sababchi bo‘lishi mumkin. Ular to‘xtovsiz aksa urish, burun bitishi, burundan suv kelishi, ko‘z qichishi va yoshlanishi, yo‘tal yoki bo‘g‘ilish belgilari bilan kechishi mumkin.

Teri allergiyasi maishiy ximiya, turli xildagi metallar, dorilar va kosmetikalar, ovqat mahsulotlari va boshqa allergenlar saqlovchilar teridagi o‘zgarishlar bilan kechadi. Bular har xil teridagi o‘zgarishlar bilan kechadigan allergik kasalliklarni keltirib chiqaradi, ya’ni allergik dermatozlar paydo bo‘ladi. Bular ekzema, eshak emi, eksudatli diatez har xil kattalikdagi toshmalar yoki pufakchalar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Sutdan to sitrusgacha...

Ovqat allergiyasida ko‘pincha tarkibida allergen saqlovchi mahsulotlarni ko‘proq ist’mol qilish natijasida kelib chiqadi. Bu boshqa oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirmaydi, degani emas. Zero har qanday oziq-ovqat mahsulotlari allergiya chaqirishi mumkin. Ushbu allergiya ham immunoreaksiya hisobiga kelib chiqadi va qorindagi og‘riq, qusish, ich ketishi, Kvinke shishi, eshak emi – ekzema, teridagi qichishishlar kuzatiladi.

Ko‘proq o‘zida allergen saqlovchi mahsulotlar: (sigir suti, tuxum oqsili, tovuq go‘shti, baliq, achchiq qalampir, asal, qizil mahsulotlar, uksus, mayonezlar, qulupnay, yong‘oqlar, sitrus mevalar, dukkakli o‘simliklar) ovqat allergiyasini keltirib chiqaradi.

Hasharotlar (asalari, nonxo‘rak, pashsha, chivin, kanalar) chaqishidan keyingi allergiya ko‘pincha shish ko‘rinishida (og‘riqli qizil suvli shish yoki har xil kattalikdagi qizil shish) bo‘ladi. Bunda bemorda holsizlik, qon bosimining tushib ketishi, eshak emi toshishi, bo‘g‘ilish, bosh aylanishi ro‘y beradi. Ba’zan qorindagi og‘riq, qusish, hiqildoq shishi bilan kechib anafilaktik shokkacha borishi mumkin.

Butkul yo‘qotish qiyin, ammo...

Allergik kasalliklarni davolashda kasallikning boshlangan vaqtiga e’tibor berishimiz kerak. Allergik kasalliklar uchun bu juda muhim bo‘lib, kasallik qanchalik tez rivojlanib borsa, organizm uchun shunchalik xavfli hisoblanadi.

Surunkali kasallik bo‘lgani uchun allergiyani butunlay organizmdan yo‘qotib yuborish anchagina mushkul. Kasallik qo‘zishining oldini olish uchun sog‘lom turmush tarzini tashkil qilish kerak. Bular quyidagilardan iborat: mavsumiy chang allergiyasining qo‘zish vaqtida boshqa joyga vaqtincha ko‘chib o‘tish, agarda har qanday gulga allergiyangiz bo‘lsa, uy ichi va tashqarisidagi gullar, it, mushuk junlariga allergiyangiz bo‘lsa ulardan voz kechish lozim.

Hozirda allergiyani to‘liq dori-darmon bilan davolab yuborishning imkoni mavjud emas. Shu davrgacha ishlab chiqarilgan birinchi, ikkinchi  va uchinchi sinfga ega bo‘lgan antigistamin dorilar kasallikning xuruji davrida faqatgina allergiyaning belgilarini vaqtincha xuddi «tez yordam»dek to‘xtatadi, ammo allergiyani butkul davolamaydi.

Allergiyani davolashda amaliyotda keng qo‘llaniladigan davolash usuli bu immunoterapiya hisoblanadi. Allergen miqdori davolash kursi davomida oshirilib boriladi. Ushbu usul bilan davolash davomida allergik kasallikning engillashishiga yoki butunlay davolanib ketishiga erishiladi.

 Maqola O‘zR FA Immunologiya institutining immunolog-allergolog shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Xayrulla HATAMOV maslahatlari asosida tayyorlandi.

Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.

Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).

1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:

Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks

Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

© "Darakchi" gazetasi.

ico
Pollinoz changga allergiyami?

Fasllar kelinchagi bahorni kim sevmaydi deysiz. Borliq yashil rangga burkanadi. Ayniqsa, daraxtlar, yam-yashil oʻsimliklar, rang-barang gullar – butun olamga oʻz chiroyini koʻz-koʻz qiladi va bizni sehrlab qoʻyadi. Toʻyib-toʻyib koʻklam taftini, gullar iforini sipqorging keladi.

Ammo taassuflar boʻlsinki, hammamiz ham shunday qila olmaymiz, bizni hayajonga solgan gullar changi hamisha ham salomatligingizga ijobiy taʼsir etavermaydi. Ularning baʼzilari tibbiyot tilida allergiya deb atalgan va hozirda koʻpchilikni qiyin ahvolga solib qoʻyayotgan xastaliklarni qoʻzgʻaydi. Shunday oʻsimliklar singari, turli xil neʼmatlar, moddalar shu xususiyati uchun allergen deb ataladi.

pollinoz, changga allergiya

Uy va oʻsimliklar changlari, uy hayvonlarining terisi, qazgʻogʻi va junlari, har xil dori-darmonlar va bir qator oziq-ovqatlar allergik xastaliklarni zohir qilishi mumkin. Ammo, barcha oʻsimlik va gullar ham bunday holatni keltirib chiqaravermaydi. Chunonchi, shimolda fazoga taralgan oʻsimlik gullari changlarining baʼzi birlari allergiya belgilarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu allergenlar aksariyat kishilarda tumov xastaligi yoki (“polin” inglizlarda oʻsimlik changi degani) boshqa ibora bilan aytadigan boʻlsak – “pichan isitmasi” shaklida namoyon boʻladi.

Pollinoz kasalligi sabablari

Bu xastalikni keltirib chiqaruvchi bizga maʼlum omillarga terak, shaftoli, majnuntol, chinor singari daraxtlarning gullari, shuningdek, ismaloq, suli, togʻ yalpizi, ermon, burgan, sassiq va xushboʻy shira, makkajoʻxori, shuvoq, kungaboqar va boshqa oʻnlab oʻsimliklarning gullari changini kiritish mumkin.

Bu oʻsimliklarni shartli ravishda 2 guruhga boʻlish mumkin: shamolda changlanuvchi va hasharotlar yordamida changlanuvchi oʻsimliklar.

Pollinoz belgilari

Yuqorida sanab oʻtgan oʻsimliklarning gullash davriga qarab xastalik xuruj qiladigan davr boshlanadi. Bunda bemorning burundan nafas olishi birmuncha qiyinlashadi (baʼzan burun butunlay bitib qolib, bemor faqat ogʻizdan nafas oladi), betinim aksa uradi, burunning shilliq qavati shishadi, oʻtkir tumov alomatlariga xos belgilar boshlanarkan, hatto bemorga dastroʻmolcha yetkazish qiyin boʻlib qoladi. Shuningdek, bemorda burun, tanglay, koʻz qichishadi. Koʻzdan ketma-ket yosh oqadi. Ertalablari koʻz atrofi shilliq pardasida yiring paydo boʻlishi ham mumkin.

Bundan tashqari, bemorlarda umumiy ahvolning ogʻirlashishi, bosh ogʻrigʻi, baʼzan quruq yoʻtal, serjahllik, tez charchash alomatlari qoʻshilib boradi. Allergik tumovning xuruji shunchalik kuchli boʻladiki, hatto bemorni vaqtincha ishga yaroqsiz ham qilib qoʻyishi mumkin. Bemorda tumov kuchaya borib, burun shilliq qavatining qon bilan taʼminlanishi buziladi.

Xastalikning qanchalik ogʻir oʻtishi havodagi oʻsimlik changlari miqdoriga, kasallikning mavsumiy oʻtishiga va har bir bemorning changga nisbatan sezgirlik darajasiga bogʻliq. Ayniqsa, hidga nisbatan oʻta sezgir bemorlarda havodagi turli hidlarning sal ortishi, havo haroratining oʻzgarishi ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Xastalik havo quruq, issiq boʻlib shamol esgan kunlari nihoyat darajada kuchayadi va aksincha, biroz sovuq havoda yoki hatto ertalabki salqinlik vaqtida ancha “qoʻyib” yuboradi yoki moʻtadillashadi.

Yuqorida bayon qilib oʻtilgan holatlarga mayda bronx va bronx shilliq qavatlari ham qoʻshilsa, u holda bemorning nafas olishi qiyinlashadi, natijada “chang astmasi” belgilari vujudga keladi. Bunda bemorning koʻrinishi oʻzgarib, yoʻtaladi, nafas olish va chiqarish ogʻirlashadi, bemor boʻgʻila boshlaydi. Koʻkarib ketadi. Bu holatni allergik tumov bilan ogʻrigan va ogʻriyotgan bemorlarning 20 foizida kuzatish mumkin.

Faqatgina oʻsimlik changigina aybdormi?

Xoʻsh, odamlarning shunday aziyat chekishlariga faqat oʻsimlik changigina aybdormi? Yoʻq, albatta bu “aybdor”lar qatoriga xastalikning avj olishiga turtki boʻladigan boshqa omillar ham kiradi. Jumladan, xalq xoʻjaligi tarmoqlariga kimyoviy moddalarning tobora koʻproq kirib kelayotgani, atrof-muhitning ifloslanishi, ayniqsa havo oqimida kanserogen, allergik va boshqa moddalarning kundan-kunga ortib borishi, kimyoviy dori-darmonlarning tabobat olamida keng va beqiyos darajada koʻp ishlatilishi, ayniqsa bemorlarning shu dorilarni nazoratsiz pala-partish “oʻzbilarmonlik” bilan isteʼmol etishlari allergiya xastaligi keng tarqalishiga sabab boʻladi. Shunday ekan darddan forigʻ boʻlish yoʻli bormi, degan savol tugʻilishi tabiiy albatta. Eng avvalo shuni aytib oʻtish kerakki, koʻpchilik bemorlar xastalikning boshlanish davrini “oʻtkazib” yuboradilar. Tumov boʻlibman deya oʻzbilarmonlik bilan dori-darmon qilishadi.

Pollinoz kasalligini davolash

Xastalikni oddiy dori-darmonlar bilan davolash esa har doim ham koʻngildagidek natija beravermaydi. Chunki ularning baʼzilarining oʻzi bemorda qoʻshimcha allergik holatni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun allergiyaga moyil bemor har bir dorini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan yondashib, avval “sinab koʻrib” soʻng isteʼmol qilishi zarur.

Bunda xastalik alomatini sezgan bemor zudlik bilan allergolog-shifokorga uchrashi va nazoratida boʻlishi kerak. Xastalikning oldini olish uchun imkon qadar allergendan uzoqda boʻlish, uning gullash davrida havo almashtirish – iqlimi namroq yerlarda dam olishga borish, agar buning iloji boʻlmasa, allergen oʻsadigan dalalarga, dala hovlilarga, bogʻlarga bormaslik kerak. Agarda shu yerda xizmat qilishga toʻgʻri kelib qolsa, u holda koʻz uchun himoya oynagi va niqobidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu esa yuqori nafas yoʻllariga allergenlar taʼsirini bir oz boʻlsada kamaytiradi.

Pollinoz xastaligiga chalingan bemorlar oʻz organizmlari, ayniqsa yuqori nafas yoʻllarini chiniqtirishlari lozim. Yovvoyi holda oʻsib, atrof-muhitga oʻz allergenlarini tarqatuvchi ermon, shuvoq, shoʻra, burgan, ismaloq singari giyohlarni yoʻqotish, xastalikni oldini oluvchi omillardan biridir. Xastalik avj olgan davrda hamda xuruj nafas siqish jarayoni bilan kechayotgan davrda shamollab qolmaslik, muzdek chanqovbosdi ichimliklarni isteʼmol qilmaslik darkor.

Shuningdek, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, bemor yotadigan xonada chang tutuvchi narsalar: gilam, paryostiq saqlanmasligi, xonani nam latta bilan tez-tez artish, tozalash lozim. Bulardan tashqari, bemorning ovqatlanishiga eʼtibor muhim oʻrin tutadi. Oʻz vaqtida tarkibida allergenlar boʻlmaydigan yoxud allergiyani qoʻzgʻatmaydigan ovqatlarni isteʼmol qilish lozim. Baliq, asal, limon, pista-bodom, tortlar, tovuq goʻshti, tuxum, shokolad, apelsin, xolva, pista yogʻi, rangli chanqovbosdi ichimliklar singari allergiyani qoʻzgʻatadigan va uni zoʻraytiruvchi oziq-ovqatlardan oʻzini tiyish yaxshi samara beradi.

Umuman, allergiya odamni ancha sarosimaga solib qoʻyadigan, baʼzan uzoq yillar davom etadigan xastalikdir. Xastalik qanchalik oʻz vaqtida aniqlanib, davolansa, shunchalik qisqa vaqt ichida undan butunlay holi boʻlish mumkin. Buning hammasi oʻzimizga bogʻliqdir.

Allergiya alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Teriksdir.

Teriks bu – qobiq bilan qoplangan 10 mg n10 (1x10) tabletkalar (blister ko’rinishida).

1 ta qobiq bilan qoplangan tabletka tarkibi:

Faol modda: cetirizin dihidroxlorid 10 mg. Yordamchi moddalar: Makkajo'hori kraxmali, monogidrad laktoza, PVP K30, magniy stearat, Sheffcoat white 04 5X00257/5X00266 (Gidroksipropilometilsellyuloza, titan dioksid, polietilen glycol / makrogol).

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi - https://apteka.uz/product/teriks

Allergiyada keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Zodak, Fenistil gel, Allerkaps, Alsetro, Aldes, Zefeksal, Klaridol va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Qutbiddin Nizomov. Allergolog.
Jamshidbek Nazarov. Allergolog.
“Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash” gazetasi.