Vertebrologiya

MAQOLALAR

ico
Umurtqalararo disk churrasi yoxud grija haqida

Shifokorlarning og‘ir ko‘tarmaslik, organizmni haddan ziyod zo‘riqtirmaslik yoki keskin va qaltis jismoniy harakatlar qilmaslik kabi maslahatlariga hammamiz ham amal qilavermaymiz. Sog‘lig‘imizga bee’tiborligimiz oqibatida esa jiddiy muammolarga duch kelishimiz ehtimoli oshadi. Umurtqalararo disk churrasi yoki xalq tilida "grija" kasalligining vujudga kelishi ham ana shunday muammolardan biridir.

Disk churralari yoki disk siqilishlari deb ham ataladi, og‘riqli va insonni zaiflashtiruvchi kasalliklardandir. Uning kelib chiqishi a’zolarning kam harakatligiga va noziklashuviga sabab bo‘ladi, ba’zi hollarda u og‘riqsiz kechadi, chunki disk hech qanday nerv tolasini siqib qo‘ymasligi ham mumkin.

Simptomlar asta sekinlik bilan vaqtlar o‘tib kamayishi mumkin, ammo belgilar kuchayishi davom etsa operativ aralashuv zarur bo‘lishi mumkin.

Ushbu maqolamizda biz sizga disk churralarining nima ekanligi, diagnozi, davosi va profilaktikasi haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Qisqacha faktlar

  • Disk churrasi umurtqa pog‘onasiga ta’sir etadi;
  • Har qanday og‘riq 4-6 hafta ichida o‘tib ketishi mumkin;
  • Disk churralari asorat berishi yoki bermasligi mumkin;
  • Davo choralari konservativ, jismoniy mashqlar, ultratovush terapiyasi va operativ davo.

Disk churrasi grija sabablari

Inson umurtqa pog‘onasi 26 ta suyaklardan tashkil topgan (bo‘yin umurtqalari hisoblanmaganda). Har bir umurtqa suyaklari orasida elastik “yostiqlar” bo‘ladi, ular disk deb ataladi. Bu disklar umurtqa pog‘onasini biriktirib turadi va amartizator vazifasini bajaradi.

Disklar yumshoq boylamlar bilan o‘ralgan. Disk churralarida yumshoq qoplama disk orasida yoriq ichiga kirib qoladi yoki undan tashqariga chiqib qoladi. Ko‘p hollarda bu jarayon bel umurtqalarida kuzatiladi.

Nerv tolalarining o‘sha joyda siqilib qolishi hisobiga tananing ma’lum bir sohalarida va umurtqaning o‘zida og‘riq seziladi. Yosh o‘tgan sari disklar o‘zining elastiklik xususiyatini yo‘qota boshlaydi (disk tolalari saqlaydigan suyuqlik kamayadi), bu esa umurtqalarning egiluvchanligi kamayishiga va disklarda yorilishlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu har doim ham diskda churralar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lavermaydi, inson og‘ir yukni tizzalarini bukmay birdan ko‘targanda ham yuzaga kelishi mumkin.

Disk churralari har qanday yoshda uchraydi. Ammo 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida boshqa yoshlilarga nisbatan ko‘proq kuzatiladi.

Ehtimoliy sabab faktorlari:

  • Og‘irlik: tana vaznining ortiqchaligi disklarga og‘irlik beradi.
  • Genetik: disk churralariga moyillik genetik bo‘lishi mumkin.
  • Kasbga bog‘likligi: og‘ir yuk ko‘tarish, itarish va tortish talab qilinadigan kasblarda ishlovchi shaxslarda kasallik ko‘proq kuzatiladi.

Umurtqalararo disk churrasiga quyidagilar  sabab bo‘lishi ham mumkin:

Disk churrasi yoxud grija belgilari

Ba’zi hollarda kasallik simptomlarsiz kechadi. Kasallikning belgilarga quyidagilar kiradi:

  • Sezuvchanlik kamayishi. Nerv tolalarining siqilishi natijasida, tananing tegishli qismlarida sezuvchalikning pasayishi kuzatiladi.
  • Muskullardagi zaiflik. Nerv tolalarining siqilishi hisobiga ko‘p vaqt yurilganda muskullarda zaiflik sezilishi mumkin.
  • Og‘riq. Belda, yelkalarda va qo‘llarda. Bel disk churralarida dumba sohasida, sonning orqasida va oyoqlarda og‘riq seziladi. Agar muammo bo‘yin umurtqalarida bo‘lsa og‘riq yelka va qo‘llarda bo‘ladi. Tez harakat qilinganda, aksirganda og‘riq o‘tkir sanchuvchi bo‘ladi.

Umurtqalararo disk churrasi (grija) xavflimi?

Nerv tolalari siqilishi va mushaklarning zaiflashuvi hisobiga ba’zi hollarda “ot beli” (horses tail) simptomi ham kuzatiladi, bunda bel sohasi oldinga egilib qoladi. Bundan tashqari nerv tolalarining siqilishi kuchsizlik, shollik, ichaklarning hazm qilishi sustayishi va peristaltikasi buzilishiga va jinsiy zaiflikka olib kelishi mumkin. Bunday hollarda faqatgina operativ davo yordam beradi.

Tekshirish

Faqat shifokorgina tegishli maxsus tekhiruv usullari yordamida disk churralarini (grija) aniqlay oladi. Ular bu jarayonda quyidagi omillarni tekshirishadi:

  • Reflekslarni tekshirish;
  • Orqa sohadagi sezuvchanlikni aniqlash;
  • Muskullarning kuchini tekshirish;
  • Harakatlanish chegarasini ko‘rib;
  • Qo‘llarning ushlab ko‘rish kuchini tekshirib;
  • Rentgenografiya boshqa simptomlar bilan kelsa, ularni istisno qilishda yordam beradi;
  • MRT yoki KT disk churrasining joyini va ezilgan nerv tolasini aniq ko‘rsatadi;
  • Diskogramma (diskografiya) disk orasiga kontrast modda yuborib, disk yoriqlarini ko‘rish mumkin.

Umurtqa grijasini davolash

Churraning paydo bo‘lgan muddati juda katta ahamiyat kasb etadi. Uch oygacha bo‘lgani yengil, uch oydan olti oygacha bo‘lgan churra esa surunkali hisoblanadi. Bundan tashqari, churraning hajmiga ham e’tibor qaratiladi. Agar u 9 millimetrdan kichik bo‘lsa, jarrohlik aralashuvisiz davolash mumkin.

Bu xastalik aslo qo‘rqinchli va bedavo emas, umurtqalararo diks churrasi hali «yangi» bo‘lsa, osongina davolanadi. Agar jarrohlik aralashuvi tayinlansa ham qo‘rqmaslik kerak.  Vaqtida o‘tkazilmagan 15 daqiqalik jarrohlik amaliyoti keyinchalik, kasallikning zo‘rayib borishi natijasida 2 soatlik og‘ir amaliyotga aylanishi mumkin.

Chunki churra teshigida qisilib qolgan a’zolarning qon bilan ta’minlanishi buzilib, asab tolalari ezilishi tufayli a’zolar hayotiyligi so‘nib, yiringlay boshlaydi, bemor bunda kuchli og‘riq his etadi. Churra xurujida og‘riq davomiy bo‘lib, bemor shok holatiga tushib qoladi. Shoshilinch jarrohlik amaliyotigina bemor hayotini saqlab qoladi.

Disk churralari og‘riqli bo‘lishiga qaramay, to‘g‘ri davo undan butunlay qutulishga imkon beradi. Churradan 4 hafta ichida qutulsa bo‘ladi. Belgilar churra paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi jismoniy mehnatni to‘xtatganda, og‘riqqa qarshi to‘g‘ri davo qo‘llanganda yo‘qoladi. Davo tadbirlari dori preparatlari, mashqlar va operativ yo‘l bilan olib boriladi.

Dori preparatlari bilan davolash

  • Dori preparatlari: retseptsiz beriladigan nosteroid yallig‘lanishga qarshi dorilar;
  • Epidural infeksiya: epidural bo‘shliqqa steroid, og‘riqqa qarshi, yallig‘lanishga qarshi preparatlar yuborish og‘riq hissini kamaytiradi, buni faqatgina shifokor mutaxassis bajarishi shart.
  • Muskullar relaksatsiyasi: muskullarni bo‘shashtiruvchi dori preparatlarini qabul qilish spazmlarni yo‘qotadi va og‘riqni kamaytiradi;

Disk churrasini mashqlar bilan davolash

Jismoniy maxsus mashqlar grija tufayli kelib chiqgan og‘riqni kamaytirishga yordam berishning eng qulay va samarali usulidir.

  • Ultrato‘lqinli terapiya (UVCH) ultra chastotali to‘lqinlar qon aylanishini yaxshilaydi va yallig‘lanish jarayonini to‘xtatadi;
  • Belga tushadigan og‘irlikni kamaytirish maqsadida maxsus belbog‘lar taqib yurishingiz ham mumkin;
  • Suzish bilan shug‘ullanish disk churralaridan dorilarsiz va operatsiyasiz qutulish mumkin bo‘lgan samarali yo‘llardan birdir;

Operatsiya yo‘li bilan davolash

Agar simptomlar davo choralari ko‘rilganda ham yo‘qolmasa, sezgining susayishi davom etaversa, jinsiy zaiflik kuchaysa, ichaklarda hazm susayishi davom etsa, son orqasida og‘riqlar kuchaysa, operativ usul qo‘llaniladi.

Oprativ usul jarohatlangan diskning qismini almashtirishga asoslangan. Operatsiya laproskopik usulda olib boriladi, qorin oldi devoridan kichik teshik ochilib laproskop kiritilib, orqa bo‘shliqqa kiriladi, orqa umurtqa nervlarini surib turib disk olib tashlanib o‘rniga sun’iy elastik disk joylashtiriladi. U amortizatorlik vazifasini bajaradi. Disk metal, biopolymer yoki boshqa moddadan tuzilgan. (Zamonaviy usul. BJSST bo‘yicha)

Foydali maslahatlar

  • Zax va yelvizakli joylarda turmaslikka harakat qiling;
  • Tana vazningizni nazorat qiling, semirmang;
  • Bel va qorin mushaklarini mustahkamlaydigan gimnastika (masalan, suzish) bilan shug‘ullaning;
  • O‘tirgan holda ishlasangiz, har soatda 10 daqiqa turib yuring;
  • Yurganda, o‘tirganda ham qaddingizni to‘g‘ri tuting;
  • Qattiq matras ustida uxlashga odatlaning;
  • Yotgan holda kitob o‘qimaslik va televizor ko‘rmaslikka harakat qiling;
  • Og‘ir ko‘tarmang, keskin harakatlardan tiyiling.
  • Vibromassaj mumkin emas, chunki uning kuchi juda yuqori.
  • Churra bor joyni qattiq ishqalamaslik lozim. Asab tolalarini siqib qo‘yish xavfi bor.
  • Vertikal holatda turib, turli mashqlar bajarish ham zararli. Mushaklarni zo‘riqtirish mumkin.
  • O‘z bilganingizcha massaj qilmang!
  • Har doim og‘riq qoldiruvchi maz surtib ishqalash ham mumkin emas!

Kasallik uch bosqichda kechadi, maslahatimiz kasallik belgilari kuzatilishi bilan shifokorga murojaat eting :

  • Xastalikning birinchi bosqichida churra o‘lchami 2-3 mm. bo‘ladi. Umurtqa bo‘ylab qattiq og‘riq beradi.
  • Ikkinchi bosqichida bu xastalik doimiy og‘riq bilan xarakterlanadi. O‘lchami 8-15 mm. bo‘ladi.
  • Uchinchi bosqichda og‘riq o‘ta kuchli bo‘lib, asab tizimiga ham ta’sir etadi. Bemorni yura olmaslik darajasiga keltiradi.

ico
Umurtqa pog‘onasida og‘riq - sabablari, xavf omillari, tashxislash va davolash usullari
Umurtqa pog‘onasidagidagi og‘riqlar ish qobiliyatini pasaytirib, shifokorga murojaat qilishga sabab bo‘luvchi holatdir. Umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar har qanday yoshda kuzatiladi, ko‘proq 35 va 55 yoshlar oralig‘ida uchraydi. Umurtqa pog‘onasidagi og‘riqlar orqa sohadagi bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan mushaklar, suyaklar va boylamlarning ish faoliyatida kamchiliklar bo‘lishidan kelib chiqadi. Umurtqa pog‘onasining bel sohasidagi og‘riqlarga bel, dumg‘aza umurtqalari, umurtqalararo disklar, suyaklar va disklar orasidagi boylam, bel nervlari, bel mushaklari, qorin va chanoq sohasi ichki a’zolari va bel sohasidagi terida bo‘ladigan o‘zgarishlar sabab bo‘ladi. Ko‘krak umurtqalaridagi og‘riqlarga esa aorta, ko‘krak sohasidagi o‘smalar va umurtqa suyaklarining yallig‘lanishlari sabab bo‘lishi mumkin.

Umurtqa sohasidagi og‘riq sabablari

Odam organizmining orqa sohasi mushaklar, boylamlar, paylar, disk va suyaklar kompleksidan tuzilgan. Har bir umurtqa suyaklari orasida, ularga yostiqcha vazifasini bajaruvchi disklar bo‘ladi. Yuqoridagi sanab o‘tilgan komponentlardan birontasida o‘zgarish bo‘lsa, orqa umurtqa sohasida og‘riq kelib chiqadi. Umurtqa pog‘onasi og‘rishi

Zo‘riqish

  • Mushaklar zo‘riqishi, charchashi;
  • Boylamlar zo‘riqishi;
  • Mushaklar spazmi;
Zo‘riqish va spazmga olib keluvchi faktorlar:
  • Yuklarni ko‘tarishda xato yo‘l qo‘yish;
  • Juda og‘ir yukni ko‘tarish;
  • Keskin va qo‘pol harakat qilish.

Tizimdagi muammolar

Disklar yorilishi – har bir umurtqa suyaklari disklar bilan tutashgan, disklar umurtqalar uchun himoya “yostiqchasi”dir. Agar disklarda qandaydir yoriqlar paydo bo‘lsa o‘sha yerdan o‘tgan nerv tolalarini ezib qo‘yadi og‘riqqa sabab bo‘ladi. O‘tirg‘ich nervi bo‘ylab og‘riq – o‘tkir va kuchli og‘riq dumba sohasidan to oyoqlarning orqa sohasi bo‘ylab pastgacha kuzatiladi. Bunga sabab disklar churrasi yoki disklardagi yoriqlarning o‘tirg‘ich nervini (nervus ishiadicus) ni ezib qo‘yishidir. Artrit – osteoartrit bilan duch kelgan bemorlar sonda, belda, tizzalarda va qo‘l bo‘g‘imlarda og‘riq sezishadi. Umurtqa kanalining torayishi – spinal stenozda nerv tolalari va tugunlarining joylashishi uchun bo‘shliqning torayib qolishida ham og‘riq kuzatiladi. Umurtqadagi patologik egriliklar – agar inson umurtqa pog‘onasida patologik egriliklar bo‘lsa ham og‘riq sezadi. Masalan skolioz umurtqaning yon tomonga
qiyshayishida. Osteoporoz – suyaklarning, umurtqa suyaklarining ham yemirilishi va sinuvchan bo‘lib qolishi umurtqalar deformatsiyasiga olib keladi va og‘riq hissini chaqiradi. ”Ot dumi” sindromi – “ot dumi” nervi orqa miyaning neg pastki va oxirgi, ingichka ipsimon nerv tolasidir. Mana shu nerv tolasining zararlanishida ham dumbaning yuqori sohasida, bel sohasida to‘mtoq, kuchsiz bo‘lmagan og‘riq sezishadi. Bundan tashqari dumba, jinsiy a’zolar sohasi va sonning sezuvchanligi ham kamayib ketishi mumkin. Ichaklar va siydik ayiruv tizimi tomonidan ham kamchiliklar kuzatilib turadi. Umurtqalardagi o‘smalar – umurtqa sohasida paydo bo‘lgan o‘smalar shu joydan o‘tayotgan nerv tolalarini ezib qo‘yishi natijasida og‘riq kelib chiqadi. Infeksiyali yallig‘lanishlar – agar inson orqa sohasida og‘riq sezsa, tana harorati normadan yuqori bo‘lsa, bunga sabab biror bir infeksiya natijasida yallig‘lanish bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari chov sohasidagi yallig‘lanishlar, buyraklar, siydik qopi yallig‘lanishlari orqa sohada og‘riq sezishga olib keladi. Yotoq matrasining noqulayligi – agar yotoq joyingiz tekis va qulay bo‘lmasa, umurtqa pog‘onangizga noqulay ta’sir qilsa ham og‘riqqa sabab bo‘ladi.

Kunlik harakatlar

Orqa sohada og‘riq kunlik harakatlar natijasida ham kelib chiqadi:
  • Qaltis harakat;
  • Biror bir yukni itarish, tortish;
  • Biror bir og‘ir yukni yelkaga osib ko‘tarib yurish;
  • Uzoq vaqt davomida tik oyoqda turish;
  • Uzoq vaqt davomida yotish;
  • Yo‘tal;
  • Aksirish;
  • Muskullar zo‘riqishi;
  • Muskullar cho‘zilishi;
  • Bo‘yinni uzoq muddat bir xil holatda tutish, mashina haydaganda, kompyuter oldida ko‘p o‘tirganda.

Xavf omillari

Ba’zi bir faktorlar kasallik keltirib chiqarishi yoki uni kuchaytirib yuborishi mumkin. Masalan semizlik qandli diabetning kelib chiqishi uchun xavf omili. Quyidagilar xavf omillariga kiradi:
  • Stresslarga boy kasb;
  • Homiladorlik – homilador ayollar bellarida og‘riq sezishadi;
  • Kam harakatli kasb;
  • Qarilik;
  • Depressiya;
  • Jins – bel og‘riqlari ko‘proq ayollarda uchraydi, erkaklarda esa kamroq;
  • Semizlik;
  • Chekish;
  • Jismoniy mashqlarni juda ko‘p bajarish.

Belgilari

Asosan orqa sohada, umurtqa bo‘ylab og‘riq sezish, og‘riqning oyoqning orqa sohasiga, dumba va kichik chanoq sohalariga o‘tishi. Nerv tolalarining o‘tishi va uning boshqa a’zolarga borishi hisobiga o‘sha a’zolarda ham og‘riq sezilishi mumkin. umurtqa pogonasida ogriq Agar quyidagi belgi va simptomlardan biri og‘riq bilan birga kuzatilsa shifokorga murojaat eting:
  • Tana vaznining kamayishi;
  • Tana harorati oshishi;
  • Orqa sohada yallig‘lanish;
  • Doimiy og‘riq – dam olganda yoki yotganda ham og‘riq qolmasa;
  • Oyoqlarga ham tarqalsa;
  • Tizza sohasida, sonning oldingi yuzalarida og‘riq sezilsa;
  • Siydik tuta olmay qolish;
  • Siyish paytida og‘riq sezish;
  • Najasni ushlay olmay qolish, ya’ni nerv siqilishi natijasida ichaklar mushaklarini boshqara olmay qolish;
  • Chanoq sohasida sezgining pasayishi;
  • Orqa chiqaruv teshigi atrofida sezgining pasayishi;
  • Dumba sohasida sezgining pasayishi;
British National Health Service (NHS) ma’lumot berishicha quyidagi insonlar shifokor maslahatlarini olib turishlari kerak:
  • 20 yoshdan kichik va 55 yoshdan oshgan insonlar;
  • Steroidlarni davomli bir necha oyga qabul qilish;
  • Dori preparatlarini davomli qabul qilish;
  • O‘sma bilan kasallangan bemorlar;
  • Immunitet sistemasi susaygan insonlar.

Diagnozi

Malakali shifokorlar orqa sohadagi og‘riqlarning sababini osonlik bilan aniqlay olishadi. Ko‘pchilik hollarda instrumental ko‘ruv talab etiladi. Disklar, paylar, nerv tolasi, boylamlar va boshqa komponentlarda biror bir muammoga gumon qilinganda rentgenografiya, kompyuter tomografiyasi, MRT tekshiruvlari og‘riqning asl sababini va lokalizatsiyasini topishga yordam beradi. Rentgenografiya – suyaklarda bo‘ladigan muammolarni aniqlashda foyda beradi, artrit yoki suyaklarning sinishida aniqlab beradi. Ammo muskullarda, nerv tolalarida, disklarda bo‘ladigan muammolar haqida ma’lumot bera olmaydi. MRT va kompyuter tomografiyasi (KT) – bu tekshiruv umurtqalararo churralar, boylamlar, paylar, nerv tolalari, qon tomirlari, muskul va suyaklarda bo‘ladigan patologiyalarni aniqlashda eng ko‘p ma’lumot beruvchi usuldir. Suyak rentgenografiyasi – suyaklardagi o‘smalar, singan qismlari, osteoporoz alomatlarini aniqlab beradi. Elektromiografiya – elektr impulslari muskullardan o‘tkazilib, zararlangan nerv tolasini aniqlash imkonini beradi. Agar infeksiyaga gumon qilinsa umumiy qon analizi tekshiriladi, qonning bakterial ekmasi o‘rganiladi.

Davosi

Ko‘pchilik orqa sohadagi og‘riqlar o‘z-o‘zidan o‘tib ketadi – shunchaki e’tibor bilan uy sharoitida muolajalar o‘tkazilsa bo‘lgani. Retsepsiz beriladigan og‘riq qoldiruvchi preparatlar qabul qilish, issiq yoki sovuq komopresslar qo‘yish ham og‘riqni kamaytiradi. Dam olish, yotoq rejimiga rioya qilish ham muskullarni dam oldiradi, lekin ikki kundan ortiq yotoq rejimida qolib ketish ham mushaklar zaiflashib, qon aylanishi kamayishiga sabab bo‘ladi. Umurtqa og‘rishi Odatda orqa sohadagi og‘riqlar 2 guruhga bo‘linadi:
  • O‘tkir – og‘riq to‘satdan paydo bo‘ladi va 3-4 daqiqa davom etib turadi;
  • Surunkali – og‘riq uzoq muddat davomida paydo bo‘ladi, 3 oydan uzoq davom etadi va muammolarga sabab bo‘ladi.
Agar uy sharoitida qilingan muolajalar foyda bermasa shifokor quyidagilarni maslahat berishi mumkin: Medikamentoz davo – orqa sohadagi og‘riqlar analgetiklar yordamida to‘xtamasa, nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlar buyuriladi. Shifokor nazorati ostida, hattoki narkotik analgetiklar orqali blokada qilishi ham mumkin. Fizoterapiya - issiq, sovuq kompressal, ultratovush va elektr stimulyatorlar yordamida orqa sohadagi mushaklarni bo‘shashtirish, harakatlantirish yo‘li bilan og‘riqni kamaytirish mumkin. Maxsus mashqlar bajarish yo‘li bilan ham ayrim guruh mushaklarni harakatlantirish bilan ularning spazmidan qutulish mumkin. Kortizonlar ineksiyasi – epidural sohaga kortizonlar (steroid yallig‘lanishga qarshi vositalar) buyuriladi, bu preparatlar nerv tolalari atrofida bo‘ladigan yallig‘lanish jarayonlarni yo‘qotadi.
ico
Skolioz (Mutaxassis bilan suhbat)
Qaddi-qomatni (osanka) to‘g‘ri tarbiyalash, mustahkamlash va rivojlantirish bu uzoq davom etadigan jarayon. Bolalarning qaddi-qomatini to‘g‘ri shakllantirishni yoshlikdan boshlash va buni har bir bolalar muassasasida – maktab, kollej, universitet va ayniqsa oilada e’tiborni hech qachon pasaytirmaslik kerak, – deydi Travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti bolalar ortopediyasi bo‘limi boshlig‘i, professor Ahror JO‘RAYEV, "Ozbekistonda soglikni saqlash" gazetasi muxbiriga. – Qaddi-qomat» (osanka) deganda nimani tushunamiz va u qachon rivojlanadi? – «Qaddi-qomat» (osanka) – odamning vertikal holatini belgilaydi. Har kungi turmush tarzi ham odamning qaddi-qomati o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin, uning kayfiyati yaxshi yoki yomonligi, o‘z ko‘rinishini tutish holatlari, o‘ta charchoqlik shular jumlasiga kiradi. Kelishgan va raso qaddi-qomat nomuvofiq hayotiy jarayonda yomonlashishi mumkin, bunday holat bola maktabda birinchi yil o‘qish paytida kuzatiladi. 7 yoshlarda bolaning muskul boylam birlashmasi o‘tirishning fiziologik holatiga moslashib boradi. Umurtqa pog‘onasiga birikkan muskul va boylamlarning ta’sirida uning funksiyasi o‘zgarib turadi. Bu 390-400 ta katta-kichik muskul faoliyatiga bog‘liq. Bu muskullar odam tanasini normal ushlab turishdan tashqari qarama-qarshi kuchlarni (aktigravitatsion kuchi) bir-biriga mutanosib qilishdan iborat. Agar muskullar yaxshi rivojlangan bo‘lsa, ularning harakati bir-biriga mutanosib (sinxron) bo‘ladi. Bu o‘z navbatida umurtqa pog‘onasi qiyshaymasdan to‘g‘ri rivojlanishiga yordam beradi. Qaddi-qomatning rivojlanishi murakkab jarayon bo‘lib ota-onalar, shifokorlar, pedagoglar, tarbiyachilardan doimiy e’tiborni talab qiladi. Kelishgan, chiroyli qaddi-qomat, avvalambor, bosh va umurtqa pog‘onasi to‘g‘ri joylashishi, kurak va yelkaning simmetrik holati, belning bir xil uchburchagi, dumba burmasining joylashuvi, umurtqa do‘mboq o‘sigining vertikal holati, umurtqaning fiziologik burilishlari hamda qo‘l-oyoqlarning bir xil uzunligi va oyoq panjasining bir xil holatidir. Umurtqa pog‘onasida harakatli va harakatsiz bo‘limlar farqlanadi. Bo‘yin qismi (7 umurtqadan iborat), ko‘krak (12 umurtqa) va bel (5 umurtqadan) – bular harakatli bo‘limdir. Dumg‘aza qismi esa harakatsiz turadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqning umurtqa pog‘onasi to‘ppa-to‘g‘ri holatda bo‘lib, o‘sish va rivojlanish jarayonida uning qismlarida fiziologik egrilik yuzaga keladi. Chaqaloqning muskul sistemasi rivojlanishi bilan u boshini tutib tura oladi va natijada umurtqa pog‘onasining bo‘yin qismida fiziologik egrilik qabariq yoyi oldinga qaragan bo‘ladi. Qachonki, bola o‘tirishni o‘rganganidan keyin umurtqasining ko‘krak sohasida egrilik hosil bo‘ladi. Bu yoyning qabariq yoyi esa orqaga qaragan bo‘ladi. Asta-sekin bel sohasida ham qabariq yoy hosil bo‘lib, u oldinga qaragan bo‘ladi. Fiziologik egrilik 6-7 yoshlarga borib aniq farqlanadi. Umuman suyaklarning o‘sishi 18-20 yoshlarga borib to‘xtaydi va hamma fiziologik egriliklar bu vaqtga kelib silliqlanadi. Chunki insonning muskul – boylam birikmalari, tog‘ay sohasi qavatlari juda ham harakatchan va egiluvchan holatga yetadi. Eng muhimi, umurtqa pog‘onasining to‘g‘ri rivojlanishiga normal sharoit yaratish kelishgan qaddi-qomatiga imkon yaratadi. Umurtqaning fiziologik egriliklari noto‘g‘ri rivojlanishi natijasida o‘quvchining qaddi-qomati qiyshiq bo‘lib qoladi va bolaning sog‘lom o‘sishiga ta’sir etadi. Fiziologik egriliklar umurtqa pog‘onasining egiluvchan xususiyatlarini oshiradi va odam ichki a’zolarini tashqi muhit shikastlanishlaridan asraydi. – Bolalarda qaddi-qomatning to‘g‘riligini qanday tekshirish mumkin? – E’tibor bilan qaraganda, bu oson. Bolani yechintirib turgan holatda yonbosh tarafdan qarab tekshiriladi (1,5-2,0 metr o‘zingizdan uzoqroqda, xona issiq va yorug‘ bo‘lishi maqsadga muvofiqdir). Tekshirish paytida, albatta, boshni tutib turish, oldinga yoki orqaga egilganligi, ko‘krak qafasi formasi, qorin chizig‘i, tizza bo‘g‘imi bukilmasi, umurtqaning bo‘yin, ko‘krak va bel egriligi rivojlanganiga e’tibor qilish kerak. Bolaning shifokorga qarab turgan holatidagi tekshiruvda, albatta uning yelka sohasi bir xil ekanligiga e’tibor qilish zarur. Uning ko‘krak qafasi chap yoki o‘ng yarmi oldinga chiqqanligi yoki chiqmaganligi, tizza bo‘g‘imi bukmasi qay darajada ekanligi, umurtqaning bo‘yin bel sohasi qabarig‘i oldinga, ko‘krak qismida esa qabariqning orqaga qaraganligini ko‘rish mumkin. Bola orqa bilan turgan holatda tekshirilganda uning yelkasi, ko‘kragining pastki burchagi bir xilligi va umurtqadan bir xil uzoqlikda ekanligi e’tirof etiladi. Keyin esa umurtqaning dumboq o‘sig‘i ustidan barmoqlar yurgizib tekshiriladi. Shunda ular bir xil ekanligini ko‘rish mumkin. Keyin bola oldinga 900 egiltirib tekshiriladi (tizza bukilmaydi, qo‘lini osiltirib turadi). Bolaning ko‘krak sohalari ikki yarmi ham bir xilligi, chap kurak yoki o‘ng kurak sohasining bo‘rtib chiqishini ko‘rish mumkin. Bunday holat bukrilik deyiladi. – Qaddi-qomatning qanday nuqsonlari bor? – Qaddi-qomatning orqa – sohasi yumaloq – bel turi mavjud. Bu tur bolaning tez rivojlanishi paytida muskul-boylam sistemasi kuchsizligi natijasida kuzatiladi. Gavdaning orqa qismida ko‘krak sohasida umurtqa tekis holda ko‘rinadi. Kurak qanotsimon shaklda, yelka sohasi osilgan, bosh oldinga egilgan, qorin esa oldinga chiqqan holatda ko‘rinadi (qorin muskuli yaxshi rivojlanmaganligi tufayli qorin otopiyasi vujudga keladi). Bunday nuqsonlar ko‘pincha 9-13 yoshli qiz bolalarda uchraydi. Qaddi-qomatning orqa sohasi tekis – bel turi farqlanib, bu nuqsonda umurtqaning hamma fiziologik egriliklari silliq, tekis bo‘ladi va umurtqaning egiluvchanlik xususiyati kamayishiga sabab bo‘ladi. Yana qaddi-qomatning orqa sohasida yumaloq-bukilgan turi mavjud bo‘lib, bunda hamma fiziologik egriliklar yanada ko‘proq egiladi. Qaddi-qomatning tekis-bukilgan bel turi mavjud, bunda faqat bel sohasida bukilish ko‘proq bo‘lib, ko‘krak va bo‘yin sohasi egriliklari tekislanadi. Umurtqa pog‘onasi va ko‘krak qafasidagi bu nuqsonlar bir butun organizm funksiyalari buzilishidir. Bunday nuqsonli bolalar va o‘quvchilar parishonxotir, lanj, asabiy, jahldor bo‘ladi. Ular bronxit, o‘pka yallig‘lanishi va sil kasalligiga moyilroqdir. Ba’zan to‘g‘ri rivojlangan bolalarning umurtqa pog‘onasida u yoki bu yon tarafga qiyshayish holati uchraydi. Bu skolioz deyiladi.

Skolioz

Bolalardagi qaddi-qomatning nuqsonlaridan biri skolioz kasalligidir. Bu kasallik umurtqaning o‘ng yoki chap yon tarafga qiyshayishi natijasida paydo bo‘ladi. Bu faqat umurtqa pog‘onasi kasalligi emas, balki bir butun organizmda chuqur o‘zgarishlar bo‘lishi bilan farqlanadi. Bu kasallik sekin rivojlanadi, bezovta qilmagani uchun kech aniqlanadi. Shuning uchun ham uni davolash nihoyatda qiyin kechadi, bu kasallikni ba’zan bartaraf etish mumkin emas. Bola bu kasallikda tez charchaydi, ko‘proq o‘tirgan va yurgan payti umurtqa pog‘onasida og‘riq sezadi. Skolioz kasalligi bor bolalar tekshirilgan paytda umurtqa pog‘onasida qiyshiqlik holati kuzatiladi. Bu umurtqaning dumboq o‘sig‘i chap yoki o‘ng tarafga og‘ganligi bilan izohlanadi. Qiyshaygan tarafda kurak yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi. Kurak umurtqa pog‘onasiga yaqinroq bo‘lib qoladi. Skolioz kasalligining: 1) Yoysimon; 2) S simon turlari uchraydi. Kasallik og‘ir-yengilligiga qarab 4 darajaga bo‘linadi. 1-darajali skolioz – yengil turi bo‘lib, tekshirilgan payti umurtqa qiyshiqligi bola gorizontal holda yotganda yo‘qoladi. 2-darajali skolioz – bola tekis joyda yotgan payti xam qiyshiqlik yo‘qolmaydi. Ko‘krak va bel sohasida qiyshiqlik natijasida muskul o‘rami yoki burtmasini aniqlash mumkin. 3-darajali skolioz – esa qiyshiqlik bir xil holatda, stabillashgan qiyshiqlik kuzatiladi. Bunday skoliozda bukrilik (rebernыy gorb) paydo bo‘ladi. Tos qiyshayishi natijasida oyoqning funksional kaltaligi paydo bo‘ladi. Bola yon tarafga egilib, o‘sha kaltalikni yo‘qotishga harakat qiladi. 4-darajali skolioz – eng og‘ir formasi bo‘lib, bolaning ichki a’zolarida patologik o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Bolani tashqaridan kuzatsangiz, unda bukrilik holatini sezasiz. Oyoq sohalarida falajlik, nevralgiya, parez qayd qilinadi. Kasallikni davolamasa, uning xuruji natijasida umurtqaning o‘z o‘qi atrofida aylanib ketishi natijasida yana ham murakkab deformatsiyalovchi asoratlarga olib keladi. Bunday nuqsonlar o‘z-o‘zidan bolaning ichki a’zolari o‘rnidan siljishiga sabab bo‘ladi va ularning funksiyasi buzilishiga olib keladi. O‘pka, yurak-qon sistemasi ishi buziladi. Surunkali havo yetishmagandek bo‘ladi. Agar o‘z vaqtida skolioz kasalligining boshlang‘ich darajalarida yordam berilmasa, kelajakda bola nogiron bo‘lib qoladi. Umurtqa pog‘onasining qiyshayishi ba’zan ota-onalar yoki shifokorlar tomonidan favqulodda aniqlanadi. Asosan, skolioz kasalligi qiz bolalarda o‘g‘il bolalarga qaraganda uch barobar ko‘proq uchraydi. Ba’zan tengdosh, maktabdosh, sinfdosh bolalar tomonidan bunday nuqsonlilar mazax qilinishi oqibatida odamovi, tez xafa bo‘ladigan, jahldor, ommaga qo‘shilmay yakkalanib qolishi mumkin. – Qanday sabablar qaddi-qomat buzilishiga olib keladi? – Qaddi-qomat buzilishiga olib keluvchi omillar talaygina.
Raxit, kamqonlik, surunkali nafas yo‘llari yallig‘lanishi, yuqumli kasalliklar shular jumlasidandir. Bolalar sog‘lig‘i va qaddi-qomati buzilishida eng avvalo, yaxshi ovqatlanmaslik, ochiq havoda sayr qilmaslik, yetarli uxlamaslik, suzish, gimnastika bilan shug‘ullanmaslik, maktabda bolalarga mos kelmaydigan parta bunday nuqsonlar rivojlanishiga olib keladi. Skolioz kasalligi 7 yoshdan 15 yoshgacha uchraydi. Uning profilaktikasida bolaning qaddi-qomatiga chaqaloqlik davridan e’tibor qaratish birlamchi rol o‘ynaydi. – Bolalarning qaddi-qomatini qanday to‘g‘ri rivojlantirish kerak? Skolioz kasalligining oldini olish mumkinmi? – Ota-onalar bolasining qaddi-qomatida nuqson bo‘lmasligi uchun u tug‘ilganidan boshlab qayg‘urishi zarur. Bolalarni 6 oygacha o‘tirg‘izmaslik va undan keyingi vaqtga kelib o‘zi o‘tirmaguncha kutish kerakligini ota-ona unutmasligi lozim, 3 oylikdan boshlab bolani tez-tez qoringa yotqizish maqsadga muvofiqdir. 9 oygacha bolani oyoqqa qo‘yishga shoshilmaslik tavsiya etiladi. Ko‘p mamlakatlarda Yaponiya, Xitoy, xususan O‘rta Osiyo xalqlarida bolalarni opichlab, oyog‘ini qurbaqa holatida olib yurish keng tarqalgan. Bolani bir qo‘lidan yetaklab yurish tavsiya etilmaydi, iloji boricha o‘zi yurishi kerak, aks holda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushib ba’zi nuqsonlarni keltirib chikarishi mumkin. Bolalarga uqalash, silash, gimnastika mashqlari qildirish tavsiya etiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalar ko‘proq ochiq havoda sayr qilishi va harakat qilib, har xil o‘yinlar bilan shug‘ullanishi kerak. Agar bolada raxit kasalligi aniqlansa, ota-ona darhol bolalar shifokoriga murojaat qilishi va maslahat olishi zarur. Bolani ona suti bilan boqish maqsadga muvofiqdir. Ertaroq bolalarga meva va poliz mahsulotlari, sharbat berish, quyosh vannasini qabul qilish, uzoq vaqt ochiq havoda sayr qildirish mumkin. 6 oydan 1,5 yoshgacha bolalarga xamir mahsulotlari va taomlarini bermaslik kerak. 6 oygacha ona suti, meva sharbati, poliz mahsulotlaridan qaynatma bo‘tqa yoki yog‘siz go‘sht va baliqlardan qaynatmalar berish mumkin. Bular hammasi o‘sayotgan organizmni kerakli mineral tuz va vitaminlar bilan ta’minlaydi. Qaddi-qomat profilaktikasi uchun albatta, 2-3 yoshdan boshlab kompleks gimnastika mashqlariga e’tibor berish kerak. 3 yoshdan boshlab chanada yoki chang‘i uchishni o‘rgatish foydadan holi bo‘lmaydi. Eng asosiy masala – bolaning poyabzaliga qaratilishi zarur. Oyoq kiyimlari katta ham, kichik ham bo‘lmasligi kerak. Agar yassi oyoqlilik mavjud bo‘lsa, albatta stelka-supinator bilan poyabzal kiyish tavsiya etiladi. Bola stulda dars qilayotgan payti bir oyog‘ini tagiga qo‘yib o‘tirmasligi kerak, chunki bunda tana mutanosibligi buziladi va umurtqa pog‘onasi noto‘g‘ri rivojlana boshlaydi. Bolaning yon boshlab kitob mutolaa qilishi taqiqlanadi. Stolga yotqizilgan payti bolalar hech qachon bir tirsakni tushirib, bir tomoniga qiyshayib turishi kerak emas. Bu umurtqa qiyshayishiga sababdir. O‘qishda, yozishda bola stulga suyangan holda qo‘l va ko‘kragini oldinga qo‘yib o‘tirishi lozim. O‘tirg‘ich balandligi boldirning uzunligiga teng bo‘lishi shart, bolaning kuragi o‘tirg‘ichga suyangan holda o‘tirish tavsiya etiladi. Yorug‘lik faqat chap tarafdan tushib turishi shart. Kitob va daftarga egilmasdan masofani saqlab o‘tirish talab etiladi. Bu masofa shunday: tirsakni stolga qo‘ygan holda qo‘l barmoqlari uchi ko‘zning tashqi burchagiga olib kelinadi. Ana shunday surat o‘quvchining ko‘z oldida doska yoniga ilib qo‘yilishi zarur. – Qaddi-qomat nuqsonlari va skolioz kasalligini qanday davolash kerak? – Agar ota-onalar bola qaddi-qomati to‘g‘ri rivojlanishiga yaxshi e’tibor qilmasa, kelajakda ular tanasi, umurtqa pog‘onasida ayrim nuqsonlar paydo bo‘ladiki, keyinchalik ularni bartaraf etish muammo darajasiga ko‘tariladi. Ana shunday nuqsonlarni bartaraf etish biz shifokor-ortopedlar bolalar shifokori, pedagoglar, tarbiyachilar oldidagi muhim vazifalardan biridir. Agar umurtqa sohasida biron-bir nuqson va qiyshiqlik aniqlansa, albatta ularga yordam berish choralarini topmoq zarur. Bunday paytda muhim rejalar ishlab chiqiladi:
  1. bola karavotidagi ko‘rpacha tagiga albatta fanerdan yasalgan taxtacha qo‘yish zarur va bolani orqasi yoki qorni bilan yotqizishga o‘rgatish kerak;
  2. stol va stulda bolaning yoshi va bo‘yiga mos tushadiganini tanlash hamda ba’zan uyda darslarni qorniga yotib bajarishni tashkil etish;
  3. yaxshi ovqatlantirishni ta’minlash;
  4. sumkani orqaga osib yuradigani bilan almashtirish;
  5. bolaning ko‘ruv va eshitish holatini shifokorga tekshirtirish;
  6. kunlik rejimni nazorat qilish, sayr etish, yetarli uyqu har doim bir xil vaqtda bo‘lishini ta’minlash;
  7. maktabda sinf rahbari va shifokor bilan tez-tez muloqotda bo‘lish;
  8. bolaning partada to‘g‘ri o‘tirishini nazorat qilish;
  9. bola og‘irroq narsani ko‘tarmasligi kerak, hatto kichkina ukasini ham ko‘tarishi mumkin emasligini uqtirish;
  10. ertalabki badantarbiyani har kuni bajarish;
  11. shifokor-ortoped ko‘rinishi va uning ko‘rsatmasiga binoan davolash gimnastikasi bilan shug‘ulanishini tashkil etish;
  12. suv sporti, chang‘i uchish foydali ekanligini tushuntirish kerak.
Bugungi kunda Prezidentimiz farmonlari bilan respublikamiz miqyosida bolalar sportini rivojlantirish yo‘lga qo‘yilgan. Bolalarga qaysi sport turiga mos ekanligini aniqlash (albatta shifokor ko‘rigidan o‘tkazilgandan keyin), ayniqsa, qaddi-qomati nuqsonli bolalarga sport turlarini rejim asosida tashkil etish biz shifokor-ortopedlar, bolalar shifokori, maktab shifokorlari, pedagoglar va tarbiyachilar oldidagi muhim vazifadir. Yuqorida zikr etilgan barcha tavsiyalar hayotga tatbiq etilgandagina bolalarning sog‘lom rivojlanishi va o‘sishini ta’minlaymiz. Skolioz – organizmning umumiy og‘ir kasalligi bo‘lib, ota-onalardan, pedagog, tarbiyachi va shifokorlardan 5-6 yil mobaynida sabr-toqat bilan kompleks davolashni talab qiladi. Hurmatli ota-onalar! Bolalaringiz qaddi-qomatiga e’tibor bering. Ular o‘sish va rivojlanish paytida qaddi-qomat buzilishi fojiaga olib kelishini unutmang. Har doim esda tuting! Kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olish osonroqdir! [divider] [highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]  
ico
Osteoporoz - sabablari, turlari, belgilari va davolash usullari
Osteoporoz – suyaklar kasalligi bo‘lib, ularning sinuvchanligi ortishi, mo‘rtlashishi bilan kechadigan holat. Bunga sabab organizmda kalsiy yetishmasligi, umuman suyak tizimida kalsiy elementi kamligi tufayli moddalar almashinuvi buzilishidir. Osteoporoz bilan kasallangan insonlar hayoti xavf ostida bo‘ladi, chunki oddiy jarohatlar yoki to‘qnashuvlar suyaklar sinishiga olib keladi, masalan eshik, stol, tumba kabi jihozlarga qo‘l, oyoqlarni urib olishda. Sog‘lom uchun odatiy bo‘lgan holatlar osteoporoz bilan kasallanganlar uchun xatarli bo‘lishi mumkin.

Osteoporoz sabablari

Statistikaga ko‘ra osteoporoz ko‘proq ayollarda uchraydi, ayniqsa ayol organizmida gormonal buzilishlar yoki klimaks davrida bo‘lsa. Kasallikka moyillikni oshiruvchi faktorlarga ko‘p chekish, spirtli ichimliklar ichish, ovqatlanish tartibining doimiy buzilishlari kiradi. Yoshi katta insonlarda osteoporoz rivojlanishida kalsiyning so‘rilmasligi yoki kalsiyning yetishmasligi bilan tushuntiriladi. Shunday bo‘lsada osteoporoz moddalar almashinuvi buzilishi, ayniqsa gormonal tizim tomonidan kamchiliklar bo‘lganda kelib chiqadi. Gormonal o‘zgaruvchanlik ayollar uchun xos, masalan klimaks yoshi,
 hayz ko‘rish, homiladorlikni sun’iy to‘xtatish kabi holatlar. Xullas, osteoporoz keltirib chiqaruvchi sabablar quyidagilar:
  • Mongoloid / yevropoid irqidagi insonlar ko‘​proq kasallanishadi. Statistika bo‘yicha afroamerika irqiga mansub insonlar hech qachon osteoporoz bilan kasallanishmagan (juda kam hollarda aniqlangan, hatto tibbiyot sohasi e’tiborini ham tortmagan);
  • Suyaklarning nozikligi – bu tug‘ma yoki orttirilgan bo‘lishi mumkin;
  • 65 yoshdan katta insonlar – aynan shu yoshdan boshlab organizmda kalsiy elementi kamayishni boshlaydi, uni o‘rnini to‘ldirish esa qiyinlashadi;
  • Irsiy (genetik) omil – osteoporoz ham irsiy omil natijasida kelib chiqishi mumkin, lekin har doim ham emas. Bunda qarindoshlar yaqinlik darajasi rol o‘ynamaydi;
  • Ayol jinsiga mansublik – ayollarning butun umri davomida gormonal o‘zgarishlar fonida osteoporoz 87 % holatlarda uchraydi.
Osteoporoz Kasallik sabablaridan tashqari unga olib keluvchi xavf omillari ham bor:
  • Hazm tizimi tomonidan kamchiliklar;
  • Oshqozon osti bezi disfunksiyasi;
  • Tuxumdonlardagi o‘zgarishlar, ularni olib tashlash;
  • Ayolning klimaks davri;
  • Ovqat ratsioni tarkibida vitamin D va kalsiy elementining yetishmasligi;
  • Gormonal dori preparatlarini uzoq vaqt davomida qabul qilish;
  • Spirtli ichimliklarni muntazam ichish;
  • Doimiy chekish;
  • Kortikosteroidlar va tutqanoqqa qarshi preparatlarni uzoq vaqt qabul qilish;
  • Ichki sekretsiya bezlarining har qanday buzilishlari;
  • Buyrak usti bezi kamchiliklari.

Osteoporoz turlari

Tibbiyot sohasida osteoporozning uch xil turi farqlanadi, ularning barchasi kelib chiqishida alohida sabablarga ega: Qarilik osteoporoz – kalsiy yetishmaslik fonida kelib chiqadi, suyak hujayralarining yangilanishi sekinlashadi. Bunday turdagi osteoporoz ko‘proq yoshi kattalarda uchraydi, ayniqsa 70 yoshdan oshganlarda. Ayollardaesa klimaks davridan keyin rivojlanadi. Ikkilamchi osteoporoz – bu turdagi osteoporoz 5 % hollardagina uchraydi. Sababi, boshqa biror bir kasallikning suyak tizimiga salbiy ta’sir etishi yoki ma’lum bir turdagi dori preparatlarini uzoq vaqt qabul qilish. Idiopatik osteoporoz – bun turdagi osteoporozni yoshlar osteoporozi ham deyiladi. Chunki bu kasallik yosh bolalarda hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda ham uchraydi. Bu kasallikning sababi hali aniq o‘rganilmagan.

Osteoporoz rivojlanish darajalari

Shifokorlar osteoporoz rivojlanishining 3 ta bosqichini farqlashadi, shunga asoslanib kasallik og‘irlik darajasi ham belgilanadi. Birinchi daraja. Shifokorlar tomonidan suyaklar zichligining pasayganligi, suyaklar soyasining kamayishi aniqlanadi. Odatda osteoporozning birinchi darajasi profilaktik tekshiruvlar natijasida aniqlanadi, chunki u belgilarsiz kechadi. O‘rta daraja. Bu davrga kelib suyaklarning sezilarli darajada zichligi kamayishi, umurtqa suyakalarida deformatsiyalar aniqlanadi. Bu darajaning o‘ziga xosligi – inson suyaklar, bo‘g‘imlar, mushaklarida og‘riqlar sezadi. Yaqqol osteoporoz. Rentgenologik tekshiruvda suyaklarning yaqqol xiralashgani ko‘rinadi. Bu davrga kelib osteoporozni qo‘shimcha tekshiruvlarsiz bemalol aniqlab olsa bo‘ladi.

Osteoporoz belgilari

Kasallik xavfliligi shundaki, u erta bosqichlarda belgilarsiz kechadi. Shuning uchun inson o‘zida osteoporoz kechayotgani, rivojlanayotganini sezmaydi. Quyidagi osteoporoz belgilariga e’tibor qaratish lozim:
  • Tungi vaqtlarda tananing pastki qismlarida sudorgilar bo‘lishi – bu insonning zo‘riqganligi, charchaganligi va noqulay yotib qolganligiga bog‘liq bo‘lmaydi;
  • Beldagi og‘riqlar – doimiy emas, vaqti vaqti bilan paydo bo‘ladi, og‘riq kuchi ham har xil;
  • Hazm qilish tizimida kamchiliklar – bu umurtqa suyaklarining kuchli deformatsiyasida kuzatiladi, suyaklar ichki a’zolarni “bosib” qo‘yadi;
  • Doimiy charchash hissi – bu moddalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq, organizm o‘zida kuch yig‘ishga qiynalib qoladi;
  • Qandli diabet kelib chiqishi – bunday holatda zudlik bilan shifokorga murojaat etish kerak, shunda osteoporozga sabab bo‘layotganini tezroq aniqlash lozim;
  • Og‘iz bo‘shlig‘idagi kamchiliklar – tishlarda ko‘p dog‘lar, qoplamalar paydo bo‘ladi, tez-tez takrorlanuvchi stomatit va parodontit kuzatilishi;
  • Allergik jarayonlar boshlanishi, ilgari shu mahsulotlarga allergiyasi bo‘lmagan insonlarda shu mahsulotga reaksiyaning oshib ketishi;
  • Qo‘l va oyoqlardagi tirnoqlar sinuvchanligi, ularning ko‘chib tushishi;
Bundan tashqari, osteoporoz bilan kasallangan insonlarda sochlarning oqarishi, yurak urish soni ko‘payishi ham kam hollarda uchraydi. Bir qator belgilarni hech qachon inkor etib bo‘lmaydi, ular quyidagilar:
  • Kuraklar orasida doimiy og‘riqlar bo‘lishi;
  • Umurtqa pog‘onasi qiyshayishlari;
  • Katta va kichik suyaklarning sinuvchanligi ortishi;
  • Umumiy mushaklardagi kuchsizlanish;
  • Bo‘y o‘sishining sekinlashuvi.
Yuqorida sanab o‘tilgan holatlar qaytmas bo‘lib, tibbiy yordam bilan bemordagi kasallik rivojlanishini to‘xtatish va uning umumiy ahvolini yaxshilash mumkin.

Chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozi

Shifokorlar chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozini alohida tur sifatida davolashadi. Lekin uning kelib chiqishi barcha osteoporozlar kabi bir xil. Bu turdagi kasallikning eng xavfli jihati son suyagi bo‘yinchasining sinishidir, yoshi katta insonlarda son suyagi bo‘yinchasi sinishiga aynan shu kasallik sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda son suyagi butunlay harakatdan qoladi. Zamonaviy tibbiyot chanoq-son bo‘g‘imi osteoporozlarining erta va o‘rta bosqichalarida endoprotez qo‘yish yo‘li bilan davolaydi.

Osteoparoz kasalligini tashxislash

  • Suyaklar va umurtqa pog‘onasi rentgen qilinadi.
  • Densitometriya — suyaklar mustahkamligi ultratovush, rentgen va kompyuter tomografiyasi yordamida aniqlanadi.
Rentgen tekshiruvi kasallikni ilk bosqichda aniqlash imkonini bermaydi. Suyak massasi 20-30 foizga ozayganida ham rentgen buni ko‘rsatmaydi. U faqat keyingi bosqichlarda ish berishi mumkin. Suyak densitometriyasi suyak massasining aniq miqdorini, mineral zichligini ko‘rsatadi. Buni suyak skriningi deb ham atashadi. Agar ayol sog‘lom bo‘lsa, densitometriya tekshiruvini 65 yoshdan keyin o‘tkazish lozim. Bu borada shifokorlar yakdil. Ammo yosh bo‘lsangiz-da, shifokor sizda suyaklar mo‘rtlashganini taxmin qilsa, densitometriyani avvalroq o‘tkazish ham mumkin. Bunda shifokordan nimaga asosan sizga ayni shu tashxislash usulini belgilagani haqida so‘rang. Apparatga tushishdan avval ma’lum tayyorgarlik lozim. Bu tashxis apparati rentgen nurlari vositasida suyak tarkibidagi minerallar miqdorini aniqlaydi. Agar chekka qishloqda istiqomat qilsangiz, markazga borishingizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Kalsiy qabul qilayotgan bo‘lsangiz, tashxislashdan bir sutka avval uni ichishni to‘xtatib turasiz. Aks holda natijalar noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Shuningdek, osteoporozni tashxislash uchun qonning biokimyoviy tahlili ham amalga oshiriladi va uning tarkibidagi turli gormonlar (estrogenlar, qalqonsimon bez gormonlari), D vitamini, kalsiy, fosfor, magniy kabi moddalar hamda suyak to‘qimalarini parchalovchi, yangilarini yaratuvchi markerlar miqdori aniqlanadi.

Osteoporozni davolash prinsplari

Osteoporozni davolash — juda murakkab jarayon. U bilan immunolog, revmotolog, nevrolog, endokrinolog, ortoped-travmatolog kabi qator mutaxassislar hamkorlikda shug‘ullanishlari kerak. Suyaklarda modda almashinuvining me’yorga kelishini ta’minlash lozim. Suyaklar sinishining oldini olish, og‘riqlarni kamaytirish, bemorning harakat faolligini oshirish masalalari ham davolash jarayonining asosiy maqsadi sanaladi. Osteoporoz medikomentoz davolanadi. Shifokor individual yondashib dori preparatlar buyuradi, masalan osteoporoz ayollarda klimaks davrida kelib chiqqan bo‘lsa, unga gormonal terapiya o‘tkaziladi. Agar kasallik yosh bilan bog‘liq bo‘lsa, vitamin D va kalsiy buyuriladi. Deyarli barcha bemorlarga maxsus diyeta, davolovchi jismoniy tarbiya va massaj buyuriladi. Albatta, har qanday jismoniy zo‘riqish minimal bo‘lishi kerak, uni faqatgina shifokor suyaklarning sinuvchanligini hisobga olib buyuradi. Afsuski, osteoporoz to‘liq davolanmaydi, kerakli diyeta, jismoniy mashqlar va shifokor tomonidan buyurilgan davo o‘tkazish kasallik rivojlanishini sekinlashtiradi, bemor umumiy ahvolini yaxshilaydi.

Osteoporozni xalq tabobati bilan davolash

[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Eslatma: osteoporoz kasalligini davolashda xalq tabobati bilan davolash faqatgina qo‘shimcha davo sifatida olib boriladi. Har qanday sharoitda shifokor bilan maslahatlashish va medikomentoz davo choralarini olish shart![/box]

Mo‘miyo

Osteoporoz kasalligi aniqlanganda kuniga 2 marta mo‘miyo sharchasidan iste’mol qilish tavsiya etiladi. E’tiborli jihatlari shuki:
  • Mo‘miyo sharchalari gugurt cho‘pi boshchasiday bo‘lishi kerak;
  • Mo‘miyoni 50-70 ml suvda eritish kerak;
  • Bu vositani ovqat yeyishdan 20 daqiqa qabul qilish kerak;
  • Davo muolajasi 20 kunni tashkil qiladi.
  • Muolajani yil davomida 5 martagacha o‘tkazish mumkin, lekin orada 2-3 haftalik tanaffus qilish zarur.

Tuxum va limon

10 dona limon suvini siqib olib, unga 6 dona tovuq tuxumi aralashtiriladi. Shundan keyin aralashmani 6 kunga tindirib qo‘yish kerak. 7 kuni aralashmani olib unga – 150 ml konyak va 300 gr asal qo‘shish lozim. Ularni yaxshi aralashtirib, qorong‘u iliq xonada qoldiriladi. Uni har ovqatlangandan keyin 1 choy qoshiqdan qabul qilish tavsiya etiladi. Bunday muolajani oshqozon ichak tizimida kamchiliklar (gastrit, yara kasalligi) bo‘lganda o‘tkazish mumkin emas.

“Yashil” kokteyllar

Osteoporozda ovqat ratsioniga “yashil” kokteyllarni qo‘shish ancha foydalidir. Ularning o‘ziga xosligi nimada:
  • Ozuqaviy moddalarga boyligi – ular 60 % mevalar va 40 % ko‘katlardan tayyorlangan bo‘ladi;
  • Organizmda qabul bo‘lishi juda oson – ular blendr orqali tayyorlanib, so‘rilishga tayyor holda qabul qilinadi;
  • Ushbu kokteyllarni qabul qilishga qarshi ko‘rsatmalar (kam hollarda ayrim mevalarga allergiya bo‘lmagan hollarda), nojo‘ya ta’sirlari umuman yo‘q;
  • Har qanday kokteyl o‘zida kalsiyni ko‘p miqdorda saqlaydi.

“Yashil” kokteylni tayyorlash yo‘li

Bunday kokteyl tayyorlash uchun sizga kuchli blendr kerak bo‘ladi. Chunki o‘simliklar tarkibidagi kletchatka yaxshi maydalanishi kerak bo‘ladi. Klassik ko‘rinishdagi kokteyl tayyorlash uchun 60 % meva va 40 % ko‘katlar kerak bo‘ladi. Ba’zi hollarda bunday proporsiyadagi kokteyl ichishga yoqimsiz bo‘ladi. Shuning uchun mevalar nisbatini ko‘paytirsa ham bo‘ladi. Masalan, 80 % meva va 20 % ko‘katlar. Kokteyl uchun har qanday mevalarni tanlash mumkin. Ammo, yumshoqroq, tez so‘riladigan mevalardan tayyorlangan kokteyllar foydaliroq. Masalan, banan yoki xurmo kabi. Olma va nokdan tayyorlangan kokteyllar odatda nordon bo‘ladi. Kokteylni tongda och qoringa ichish tavsiya qilinadi. Umuman olganda kun davomida kokteylni qabul qilish chegarasi yo‘q.

Kalsiyga boy mahsulotlardan kokteyl tayyorlash

Osteoporozda “yashil” kokteyl tayyorlash uchun kalsiyga boy bo‘lgan mahsulotlardan foydalangan yaxshiroq. Masalan: Bargli karam (kale) – bu mahsulotni kalsiy saqlash bo‘yicha “chempion” desak ham bo‘ladi. Barli karamdan kokteyl tayyorlash uchun, uning bargidan 5 dona oling, 4 dona nok, yalpiz o‘simligidan olib 500 ml suvda aralashtiring. Barcha mahsulotlar blendrda aralashtiriladi va kun davomida ichib yuriladi. Agar o‘tkirroq kokteyl ichishni xohlasangiz nok o‘rniga olmadan foydalaning, yalpiz o‘rniga esa limon kislotasini ishlating. Sholg‘om bargidan tayyorlangan kokteylning 1 stakanida 250 mg kalsiy bo‘ladi. Kokteyl tayyorlash uchun sholg‘om bargidan 1-2 dona olinadi, 5-6 dona shaftoli va 500 ml suvga aralashtiriladi. Uni blendrdan chiqarib kun davomida ichib yuriladi. Xitoy karami – o‘zida ko‘p miqdorda kalsiy saqlamasa ham, “yashil” kokteyl sifatida qabul qilish osteoporozda ancha foydali. Buning uchun karam bargidan bir nechtasini olib, 2 ta mango va 500 ml suv bilan aralashtiriladi, so‘ng blendrdan o‘tkazib, ichib yuriladi. Xohishga ko‘ra mangoni xurmo yoki shaftoli bilan almashtirsa bo‘ladi. Kalsiyga boy mahsulotlardan yana kunjut (qovurilgani), bodom, pista, yeryong‘oqni iste’mol qilishni ham unutmang. Shunday qilib “yashil” kokteyllar nafaqat osteoporozni davolash, balki uning profilaktikasida ham foydalaniladi.

Osteoporozda diyeta

Osteoporoz kasalligi erta bosqichlarda aniqlangan bo‘lsa va medikomentoz davo choralari o‘tkazilgan bo‘lsa ham bemor doimo diyetada bo‘lishi lozim. Osteoporoz bilan kasallangan bemorlar ovqat ratsionidan quyidagi mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak:
  • Gazli ichimliklar, tarkibida kofein saqlovchi suyuqliklar masalan, energetik ichimliklar;
  • Margarin, mayonez va har qanday yog‘li sous mahsulotlari, yaxshisi ularni smetana yoki zaytun moyi bilan almashtirgan ma’qul;
  • Qo‘y yoki mol yog‘lari – go‘sht iste’mol qilganda ularni yog‘idan ajratib iste’mol qiligan yaxshiroq;
  • Har qanday kofe ichimliklari;
  • Spirtli ichimliklar;
  • Shakar, uning o‘rniga asaldan foydalaning;
  • Shirinliklar.
Bundan tashqari oqsilga boy mahsulotlarni kamaytirish kerak – ular kuniga 200 gr.dan oshmasligi zarur. Osteoporoz moddalar almashinuvi buzilishi hisobiga kelib chiqishini inobatga olib, natriy elementini kamroq qabul qilish kerak, chunki uning miqdori oshsa, suv tuz balansi buziladi. Uning uchun quyidagi mahsulotlardan cheklanish lozim:
  • Kolbasa mahsulotlari, sosiska va har qanday dudlangan go‘sht;
  • Fast-food;
  • Yarim tayyor mahsulotlar;
  • Chips, suxariklar;
  • Tuzlamalar.
Umuman olganda osteoporozda diyeta turli xil ko‘rinishda buyuriladi. Ushbu kasallikda iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va foydali mahsulotlar quyidagilar:
  • Baliq. Har qanday dengiz va daryo baliqlari osteoporozda organizm uchun foydali. Ularni qovurib emas, qaynatib yoki bug‘da pishirib iste’mol qilish kerak;
  • Sabzavotlar. Iste’mol qilish uchun har qanday sabzavot turiga cheklov yo‘q, hatto pomidor, qovoq, kabachkalarni ham iste’mol qilsa bo‘laveradi;
  • Tuxum. Osteoporoz bilan kasallangan inson uchun tuxum juda foydali mahsulot hisoblanadi;
  • Sut mahsulotlari. Bu yerda hech qanday shubha yo‘q, chunki sut mahsulotlari kalsiy elementiga boyligi har kimga ma’lum. Faqatgina ularning yog‘lilik darajasiga e’tibor qaratilsa bo‘lgani;
  • Ko‘katlar;
  • Mevalar, rezavorlar;
  • Yong‘oq va pistaning har qanday turi;
  • Qo‘ziqorinning har qanday turi;
  • Dukkakli mahsulotlar;
  • O‘simlik moylari.
Osteoporozda iste’mol qilish cheklanmagan mahsulotlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularni kerakli nisbatda qabul qilish uchun shifokor bilan maslahatlashing. Osteoporozda ovqatlanish tartibi quyidagicha bo‘ladi:
  • Bir kunda kamida 5 marta ovqatlanish kerak;
  • Ovqatlanish orasidagi tanaffus 3,5 soatdan oshmasligi kerak;
  • Monodiyetaga rioya etish kerak emas, masalan bir kun davomida faqat bir mahsulotni iste’mol qilish;
  • Uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni iste’mol qilgan yaxshiroq;
  • Ko‘chada qorningiz ochsa yogurt yoki mevalardan iste’mol qilganingiz yaxshiroq;
  • Go‘shtni sabzavotlar bilan yeyish tavsiya etiladi.
Faqatgina diyeta bilan kasallikni davolab bo‘lmaydi, bu shunchaki asosiy davoga yordam beradi xolos. Osteoporoz kasalligi jiddiy va davolash qiyin bo‘lgan jarayondir. Lekin bu, tushkunlikka tushib, suyaklarni himoya qilish uchun yotib olish kerak degani emas. Aksincha aktiv jismoniy mashqlar, medikomentoz davo, diyeta, xalq tabobatidan foydalangan holda kasallikni yengishga harakat qilish lozim. harakat qilganingiz sari xursand bo‘lib boraverasiz.

Osteoporoz kasalligi profilaktikasi

Qariganda osteoporozga chalinmaslik uchun yoshlikdanoq to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarziga rioya etish kerak. Kalsiyga boy mahsulotlar — yog‘siz sut, qatiq, gulkaram, baliq, pishloqni ko‘p iste’mol qilish, spirtli ichimliklar va tamakidan tiyilish, faol harakatda bo‘lish tavsiya etiladi. 65 yoshgacha inson kuniga 1000 mg, 65 dan keyin esa 1500 mg kalsiy iste’mol qilishi lozim. Odatdagi profilaktika choralari ish bermaganda shifokorlar dori vositalariga murojaat etishadi. Ammo unutmang, ularni o‘zboshimchalik bilan yoki har ehtimolga qarshi deya qabul qilish yaramaydi. Chunki har qanday dorining salbiy ta’siri bor. Shunchaki kalsiy qabul qilish bilan esa osteoporozdan qutulib bo‘lmaydi. Chunki uning organizmga so‘rilishi ancha qiyin. Kalsiy va D vitaminini mutanosib tarzda uyg‘unlashtirish lozim. Bu esa faqat shifokorning qo‘lidan keladi. Klimaks davrida osteoporozning oldini olish uchun ayollarga estrogen gormoni buyuriladi. Shuningdek, jismoniy tarbiyaga ham alohida e’tibor qaratish tavsiya etiladi. 40 yoshdan keyin barcha ayollar qalqonsimon bezlar faoliyatini tekshiruvdan o‘tkazib, lozim bo‘lsa, uni davolash choralarini ko‘rishlari kerak. Doimo sog‘-salomat bo‘ling!

© Maqola 11.06.2018 sanasida yangilandi.


Savol: Assalomu alaykum, meni ancha yillardan buyon qiynayotgan kasalligimga davo topolmayapman, meni yoshim 28 ismim N.G‘ulomova. Bundan 10 yil oldin juda mazam qochib yurolmay xato o‘tirolmay qoldim, ishtaham yo‘qolib ozib ketdim, suvni juda ko‘p ichadigan bo‘lib qoldim. Keyin Toshkentda Endokrinologiyada tekshirishlar analizlar natijasida buqog‘imni yonidan ya’ni "okila parashetavetka"ni atrofidan ya’ni o‘ng tomondan adenoma, ya’ni o‘simta borligi aniqlandi, o‘simtani operatsiya qilib olishgandan keyin men birdan yaxshi tarafga o‘zgarib sog‘lig‘imni tiklay boshladim. Hayz ham me’yorda kela boshladi. Faqat kalsiy tabletkasini 3 mahaldan ichib yurdim. Bir oy ichida oyoqga turib yurib ketdim. 25 yoshimdan keyin yana mazam qochdi endokrinologiyaga analiz topshirdim, yana analizlarim yaxshi chiqdi. Kalsiy miqdori qonda me’yordayu, lekin suyaklarga sekinlik bilan singayotgan ekan. Gormonlar almashinuvi buzilib qolgan ekan o‘simtani asorati qolibdi. Har kuni 2 mahaldan kalsiy ichib yuraman, haftasiga bir marta ostolon tabletkasini ham ichaman suyaklarim qotishi uchun, afsuski, juda sust singadi kalsiy o‘zimga bilinadi. Tanamda doim og‘riq bilan yuraman, harakatim cheklangan ko‘p yurolmayman. Arzimagan yiqilshda 2016 yil bitta oyoq, ikkita qo‘lim sindi. Hozirgi kunda qo‘ltiq tayoqda yuraman, hayz ko‘rishim normada juda ham qiynalib ketdim. Sizlardan iltimosim nima qilsam? Qanday tabletka ichsam osteoparozni davolasa bo‘ladi? Javob uchun rahmat. Javob: Osteoporozni davolashda, kasallikning holatini yaxshilash uchun vitamin D3, kalsiy preparatlari, bisfosfonatlarni qabul qilish mumkin. Tushunimizcha, siz bisfosfonatlarni qabul qilmagansiz. Bisfosfonatlar suyakni qalinlashtiradi, ularni ham shifokor tavsiyasi asosida qabul kilish kerak. Travmatolog, endokrinologga ko‘rining. Va doimo shifokor ko'rigidan o‘tib, davolanib turing.

© Javlon Abdullayev, shifokor. ATF.UZ - Onlayn tibbiy konsultatsiya

ico
Bexterev kasalligi turlari, davolash usullari
Umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlarning surunkali autoimmun yallig‘lanishi Bexterev kasalligi deyilib, uning klinik alomatlari nevrolog rus olimi Vladimir Bexterev tomonidan ilk bor batafsil bayon etilgan. Shu bois bu kasallik olim nomi bilan ataladi. Kasallik irsiy xarakterga ega. Asosan 15-30 yoshlilar o‘rtasida kuzatiladi va erkaklarda ayollarga nisbatan ko‘proq uchraydi. Bunda umurtqa pog‘onasining bel-dumg‘aza qismi, so‘ngra ko‘krak va bo‘yin hamda kamroq hollarda boshqa bo‘g‘imlar zararlanadi.

Ankiloz — bo‘g‘im suyaklarining qotishi

Bexterev kasalligi umurtqalararo bo‘g‘im, paylar, boylamlar, bo‘g‘imlar va bo‘g‘imlarni o‘rab turuvchi kapsulalarning yallig‘lanishi va suyak to‘qimasining o‘zgarishlari bilan kechadi. Bo‘g‘im va to‘qimalarning surunkali tarzda bir-biriga yallig‘lanib yopishishi oqibatida umurtqa pog‘onasi suyaklarining qotishi (ankiloz) ro‘y beradi. Bemorning butun umri davomida asta-sekinlik bilan rivojlanadigan Bexterev kasalligida harakat borgan sari kamayib, bemorning qaddi-qomatida yoysimon o‘zgarish (ko‘pincha bukchayib yurish holati) ro‘y beradi. Uzoq yillar davomida umurtqa pog‘onasining yallig‘lanishi oqibatida qomat egilgan holatga keladi. Organizmning kasallikka qarshi kurash kuchi (immuniteti) pasayishi, surunkali dardlar, ichak va siydik yo‘li infeksiyalari, murtak bezlarining yallig‘lanishi, gripp va boshqa viruslar, sovuqqotish, shikastlanish, zax va noqulay ish sharoitlarida mehnat qilish Bexterev kasalligi kelib chiqishida muhim rol o‘ynaydi. Og‘riqlar jismoniy harakat vaqtida kamayadi va tunda, tunning ikkinchi yarmida kuchayadi. Ertalablari bel-dumg‘aza qismi qotib turishi, harakatining cheklanishi bezovta qiladi. [caption id="attachment_6231" align="aligncenter" width="650"]Bexterov kasalligi Bexterev kasalligi | Sihat-salomatlik.zn.uz[/caption]

Bexterev kasalligining bir necha turlari

Kasallikning boshlang‘ich davrida bemorlarni uzoq vaqt davomida bel-dumg‘aza sohasi og‘riqlari bezovta qiladi, bunda dumg‘aza suyagining chanoq suyagi yonbosh qismiga birikkan qismida (bo‘g‘imda) yallig‘lanish ro‘y beradi (sakroileit). Bemor ko‘p vaqt tik turganda yoki o‘tirganda belning tez toliqib qolishi ro‘y beradi. Mehnat faoliyati susayib boradi, bemor ozadi. Bel-dumg‘aza sohasidagi og‘riq dumba va son yonbosh qismi bo‘ylab pastga tarqalishi mumkin. Markaziy turida faqat umurtqa pog‘onasi zararlanadi, qaysi qismi ko‘proq zararlanishiga qarab og‘riqlar shu sohani ko‘proq bezovta qiladi. Kasallik bel-dumg‘aza sohasidagi og‘riq bilan boshlanadi. Ko‘krak umurtqalarining zararlanishida og‘riq ko‘krak qafasida, qovurg‘alarda, to‘sh sohasida bo‘ladi, ko‘krak qafasi ekskursiyasining kamayishi hisobiga nafas olishi qiyinlashadi. Og‘riq harakat paytida, chuqur nafas olganda, yo‘talganda ham kuchayadi. Bo‘yin umurtqalari zararlanganda bemorlarni bo‘yindagi og‘riq bezovta qiladi, bo‘yin harakati chegaralanadi, yon-atrofga butun gavdasi bilan qayrilib qaraydi. Umurtqa pog‘onasi yon mushaklari taranglashgan ko‘rinishda bo‘ladi. Rizomiyelik turida umurtqa pog‘onasi bilan bir vaqtda unga yaqin bo‘lgan bo‘g‘imlar: yelka, chanoq-son bo‘g‘imlari zararlanadi. Bemorlarda yelka, chanoq-son bo‘g‘imlarida og‘riq turadi. Bemorning qo‘l harakati cheklanib, o‘tirib-turishi qiyinlashadi, oyog‘ini bukish harakati chegaralanadi. Periferik turida umurtqa pog‘onasi, tizza, boldir-tovon bo‘g‘imlari zararlanadi. Bunda umurtqa pog‘onasida og‘riq bilan bir vaqtda tizza, boldir-tovon bo‘g‘imlarida ham og‘riq, shish kuzatiladi. Skandinav turida umurtqa pog‘onasi bilan bir vaqtda revmatoid artritga o‘xshash tarzda qo‘l panja bo‘g‘imlari ham zararlanadi. Bunda umurtqa pog‘onasida og‘riq, qo‘l panja bo‘g‘imlarida ham og‘riq, shish, ertalabki 30 daqiqadan – 2-3 soatgacha bo‘g‘imlar qotishi kuzatiladi. Bunday bemorlar ko‘pchilik hollarda revmatoid artrit tashhisi asosida davolanib yurishadi. Kasallikka rentgenologik tekshirishlar oydinlik kiritadi. Umurtqa pog‘onasining o‘zgarishiga qarab yana ikki turi farq qilinadi, birinchisi – kifotik turi bo‘lib, u kishi gavdasining egilib borishi va bukrilik rivojlanishi bilan xarakterlanadi. Ikkinchi rigid turida umurtqa pog‘onasi tik ko‘rinishda bo‘lib bemor gavdasining kekkaygan holati bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zi hollarda umurtqa pog‘onasi, bo‘g‘imlar bilan bir vaqtda ko‘z, aorta, buyraklar, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, o‘pka-nafas yo‘llari a’zolari ham zararlanishi mumkin.

Muolajani to‘xtatmaslik kerak

Tekshiruvlarda qon tahlilida kamqonlik, ECHT 30-60 mm/s qadar oshishi qayd etiladi. Rentgenologik tekshiruvda ikki tomonlama sakroileit 2-4 darajasi va umurtqalararo spondiloartrit aniqlanishi Bexterev kasalligi tashhisi qo‘yish uchun yetarli asos bo‘la oladi. Bexterev kasalligiga shubha qilinganda odamda HLA V27 antigeni mavjudligini aniqlash kerak bo‘ladi, ushbu antigenning aniqlanishi bu kasallikka irsiy moyillik borligidan dalolat beradi. Ushbu antigen 80-90% bemorlarda aniqlanadi. Bemorlar butun umri davomida davolanib yurishlari lozim. Imkon topilsa, har 6 oyda bir marotaba statsionar sharoitida yotib muolaja olishlari kerak. Muntazam ravishda mahalliy sharoitda revmatolog nazoratida bo‘lishi va tekshiruvlardan o‘tib turishi zarur. O‘zbilarmonlik bilan davolanish tavsiya etilmaydi. Dori vositalari yordamida, jismoniy tarbiya va fizioterapevtik usullardan foydalaniladi. Bu esa kasallik uzoq davr oralig‘ida remissiya (tinch holat) da bo‘lishi imkonini yaratadi.

Alohida tavsiyalar

  • Og‘ir yuk ko‘tarishdan saqlaning.
  • Agar kun bo‘yi o‘tirib ishlashga to‘g‘ri kelsa, har ikki soat oralig‘ida o‘rningizdan turib umurtqani harakatga keltiruvchi yengil mashqlarni bajaring.
  • Uxlaydigan o‘rningiz juda yumshoq bo‘lmasin, taxta karovatda yotganingiz ma’qul.
  • Ertalab o‘rindan turishdan avval obdon kerishing, gavdangizni shunday cho‘zingki, umurtqalaringiz tortilayotganini o‘zingiz ham his eting.
  • Qaltis harakat qilishdan, yelvizakda o‘tirishdan va ayniqsa infeksion kasalliklarga chalinib qolishdan o‘zingizni asrang.
  • Qishda chang‘i uchish, yozda suzish mashg‘ulotlarini bajarib turing. Umurtqa pog‘onasi va bo‘g‘imlar uchun shifokor tavsiya etgan mashqlarni muntazam bajarib yurish foydali.

© Alisher HAMROYEV, oliy toifali travmatolog-ortoped, tibbiyot fanlari doktori.

"Sihat-salomatlik" jurnali.