"X" Harf bo'yicha qidirish

MAQOLALAR

ico
Xurrak otish - sabablari, og‘irlik darajalari, tashxislash va davolash usullari

Ronxopatiya (birlamchi yoki patologik xurrak otish) – bu surunkali kasallik bo‘lib, nafas yo‘llarining obstruksiyalanishi va nafas yetishmovchiligiga olib keluvchi patologik holatdir. Bu kasallik dunyo miqyosida keng tarqalgan. Ko‘pincha yosh erkaklarda uchraydi. Yevropa mamlakatlarida xurrak otish 50 % erkaklarda va 2 % ayollarda uchraydi. 40 yoshdan keyin esa bu kasallik uchrash chastotasi oshib boradi.

Patologik xurrak otish sabablari

Kasallik asosida limfa to‘qimalarining gipertrofiyasi yotadi. Bunga sabab LOR-organlarining surunkali infeksion kasalliklari bo‘la oladi.

xurrak otish sabablari

Kasallik yuqori nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanish jarayonlari natijasida kelib chiqadi, ya’ni mikroblarning invaziyasi hisobiga. Bunda limfa to‘qimalarining gipertrofiyasi (kattalashishi) va nafas yo‘llarining torayishi kuzatiladi. Kasallikda yallig‘lanish faqatgina yutqin halqasidagi limfa to‘qimalari kattalashmaydi, balki burun bo‘shlig‘i, og‘iz bo‘shlig‘i va halqumdagi limfa to‘qimalari ham kattalashadi. Ba’zi hollarda ronxopatiya kasalligi yosh bolalik davrlarida ham yuzaga keladi, vaqt o‘tishi bilan kasallik kuchayib boradi.

Ronxopatiyaning kuchayib borishiga sabablar:

  • Bodomchasimon bezlar va tilning gipertrofiyasi (kattalashishi);
  • Yuz-jag‘ sohasidagi anomaliyalar (masalan, burun to‘sig‘ining qiyshiqligi);
  • Ortiqcha tana vazni.

Ronxopatiya kasalligi klinikasi

Ronxopatiyaning klinik ko‘rinishi turli xilda bo‘ladi. Bunday bemorlar quyidagi holatlarga shikoyat qilishlari mumkin:

Kasallik rivojlanib borishi bilan nafas yetishmovchiligi kelib chiqadi. Qon aylanish tizimida o‘zgarishlar kuzatiladi, qon tarkibi ham o‘zgaradi va moddalar almashinuvi buziladi.

Ronxopatiya holatida shifokor tekshiruvida quyidagi patologik jarayonlarni aniqlashi mumkin:

  • Burun to‘sig‘ining qiyshiqligi va deformatsiyasi;
  • Burun bo‘shlig‘i va sinuslarining surunkali kasalliklari;
  • Tanglay bomomchasimon bezlari gipertrofiyasi, adenoidlar va tilning kattalashuvi;
  • Yumshoq tanglayning kattalashishi;
  • Surunkali faringit va tonzillit;
  • Yuqori nafas yo‘llarining yog‘li infiltratsiyasi.

ronxopatiya

Xurrak otishning og‘irlik darajalari

Ronxopatiya bemorlar hayot sifatini pasaytirib, ish qobiliyatini kamaytiradi. Kasallik belgilari turli xildagi belgilar bilan namoyon bo‘ladi, kechishi esa quyidagi darajalarda bo‘ladi:

Yengil darajasi. Ronxopatiya kasalligining bu ko‘rinishi yaxshi sifatlidir. Xurrak otish faqatgina orqa tomonga yotganda kelib chiqadi. Bunday bemorlar kasallikka e’tibor qaratishmaydi va shifokor ko‘rigidan o‘tishmaydi. Chunki ularning hayot sifati o‘zgarmaydi.

O‘rta o‘girlik darajasi. Bunda xurrak otish apnoe holatlari bilan birga keladi. Bemorning yon atrofidagi oila a’zolari ko‘proq aziyat chekishadi. Tunda uyquning yetarlicha bo‘lmaganligi sababli, kunduzgi uyquchanlik va ish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi.

Og‘ir darajasi. Ronxopatiya bilan kasallangan bemorlar og‘ir darajalariga yetganda, hayot sifatining pasayishi kuzatiladi. Xurrak otish juda kuchli va yon atrofdagilar chidab bo‘lmas darajaga yetadi. Bemorda uyqu davomida apnoe sababli tez-tez bezovta bo‘lish, nafas yetishmasligidan uyg‘onib ketish, kun davomida uxlab qolish (tushlik vaqtida, avtomobil boshqarayotganda, suhbat davomida, majlislarda) holatlari yuzaga chiqadi. Bunday holatda inson o‘zining kasbiy majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmay qoladi, ularning jamoat orasida bo‘lishi qiyinlashadi, ular har qanday joyda uxlab qolishlari mumkin.

Bundan tashqari, ronxopatiyada kuzatiladigan uyqudagi nafas olishning to‘xtab qolish holatlari, bemor hayoti uchun xavf tug‘diradi.

[box type="info" align="aligncenter" class="" width=""]Xurrakning yanada xavfli jihatlaridan biri bu – uyquda nafasning siqilib qolishidir (apnoe). Bunday holat tunda bir necha marta takrorlanadi va qonning kislorod bilan to‘yinish darajasi pasayib ketadi. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, apnoe sindromi bor kishilar ko‘pincha tungi vaqtda insult va infarktga chalinish ehtimolligi yuqori bo‘ladi. Hatto uyquda vafot etish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Shu bois, apnoega chalinganlar shifokor ko‘rigidan o‘tishlari qat'iy talab etiladi.[/box]

Ronxopatiya diagnostikasi

Xurrakdan aziyat chekuvchilar, eng avvlo, LORga murojaat qilishlari zarur. Shifokor bemorning nafas olish yo‘llari tuzilishini aniqlaydi. Agar shu joyda to‘g‘rilashga ehtiyoj mavjud bo‘lsa, otolaringolog qanday davolanish lozimligini aytadi.

Ronxopatiyaning diagnozi quyidagilarga asoslanadi:

  • Bemor shikoyatlari;
  • Kasallik tarixi;
  • Obyektiv ko‘ruv;

Asosiy e’tibor xurrak darajasiga, tungi apnoe holatlariga, bemorning hayot sifati o‘zgarishlariga, nafas yo‘llari obstruksiyasiga va nafas yetishmovchiliklariga qaratiladi.

Ba’zida terapevt va endokrinolog ko‘rigidan o‘tish ham tavsiya qilinadi. Xurrakning tungi vaqtda nafas olishni qiyinlashtirib qo‘yish darajasiga yetib borgani yoki yo‘qligini aniqlash uchun polisomnografiya qildirish kerak bo‘ladi.

Qo‘shimcha sifatida umumiy qon analizi o‘tkaziladi (analizida eritrotsitlar soni va gemoglobin miqdori oshganligini ko‘rishimiz mumkin (eritrotsitoz)), qondagi kislorod va karbonat angidrid gazining parsial bosimi o‘lchanadi.

xurrak otishni davolash

Xurrak otishni davolash usullari

Ronxopatiyani davolash uchun uni keltirib chiqaruvchi kasallikni davolash kerak bo‘ladi.

Ronxopatiyaning davo muolajalari nafas yo‘llarining o‘tkazuvchanligini yaxshilash va xurrak otishdan qutulishga qaratiladi. Bunday natijaga faqatgina operativ-jarrohlik yo‘li bilan erishiladi. Ular quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Tonzillo va adenoidektomiya;
  • Yumshoq tanglayning ma’lum bir qismini tilchasi bilan olib tashlash;
  • Yutqinning yon devorlarini mustahkamlash;
  • Septoplastika (burun devori to‘sig‘i deformatsiya va qiyshayishlarini to‘g‘irlash);
  • Polipotomiya (poliplarni olib tashlash);
  • Burun bo‘shlig‘i sinexiyalarini ochish;
  • Pastki burun chig‘anoqlarini rezeksiya qilish.

Jarrohlik amaliyoti to‘liq shaklda o‘tkazilishi kerak, maxsus tor doiradagi usullar (masalan, kriodestruksiya, lazeroterapiya) kam effektli hisoblanadi.

Agar ronxopatiya kasalligi erta muddatlarda aniqlansa yoki operativ-jarrohlik muolajalari o‘tkazishga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lsa, kasallikni davolash uchun konservativ chora tadbirlar qo‘llaniladi. Konservativ davo choralariga quyidagi bir qator muolajalar kiradi:

  • To‘g‘ri uxlashga e’tibor qaratish lozim. Misol uchun, xurrak otuvchilarga tepaga qarab yotish tavsiya etilmaydi. Yonboshlab va pastroq yostiqda uxlash maqsadga muvofiq. Shuningdek, bosh ham gavda bilan parallel ravishda bo‘lishi kerak. Toki, umurtqaning bo‘yin qismida egilish bo‘lmasin. Agar bunday usulda uxlash sizga noqulay bo‘lsa, u holda ortopedik yostiqlardan foydalanishingiz mumkin.
  • Tana vaznini me’yorda ushlash, har bir yilda 5 kg.ga vazn tashlash, semizlikdan qutulishning boshqa usullarini qo‘llash;
  • Zararli odatlardan voz kechish, chekish va spirtli ichimliklardan butunlay cheklanish (ayniqsa uxlash oldidan spirtli ichimliklar ichmaslik zarur);
  • Yumshoq tanglay va halqum mushaklarini mustahkamlovchi mashqlar bajarish;
  • Orqa taraf bilan yotgan holda uxlamaslik, yon bosh taraf bilan yotib uxlash;
  • Sport bilan muntazam shug‘ullanish;
  • Maxsus terapiya yordamida, nafas yo‘llariga ijobiy bosim o‘tkazib apnoe holatlaridan qutulish.

Xulosa

Ronxopatiya kasalligi oqibati, uning darajasiga va nafas yo‘llari obstruksiyasi natijasida nafas yetishmovchiliklari kelib chiqishiga bog‘liq. Kasallikka o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, og‘ir asoratlarga olib kelishi mumkin, kasallik oqibatida yurak-qon tomir kasalliklari, nafas yo‘llarining qaytmas obstruksiyasi, moddalar almashinuvining buzilishi va hatto uyqu vaqtida to‘satdan o‘lish holatlari kelib chiqishi mumkin. Faqatgina o‘z vaqtida o‘tkazilgan operativ-jarrohlik muolajalari yordamida ronxopatiya kasalligidan to‘liq qutulish va xurrak otishni yo‘qolishiga erishish mumkin. Salomat bo‘ling!

Burundagi yallig’lanish alomatlarini yengish uchun eng ko’p ishlatiladigan dori vositalardan biri Otrivindir.

Otrivin bu – burun bo'shlig'iga purkaydigan tomirlar toraytiruvchi dori vositasi (sprey va tomchi shaklida mavjud)

1 ml Eritma tarkibida: faol modda: ksilometazolin gidroxloridi 1 mg. Yordamchi moddalar: natriy fosfat monobazik dihidrat, natriy fosfat ikki asosli o'n ikki suvli, natriy xlorid, dinatriy edetat, benzalkonium xlorid, metilgidroksipropil tsellyuloza 4000 mPa.S, sorbitol 70%.tozalangan suv

Preparatning narxini ushbu bo’limda ko’rsa bo’ladi -https://apteka.uz/uz/product/otrivin

Nafas yo'li yallig’lanishida keng qo'llaniladigan boshqa preparatlar: Ksilometazolin,Rinostop,Galazolin,Nosilin,Rinokta,Ksilofakt va hk.

*Qo'llash mumkin bo'lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

© Maqola 01.06.2018 sanasida yangilandi.

ico
Xol xavfli o‘smaga aylanadimi?

Melanoma – melanotsitlar (melanin pigmentini ishlab chiqaruvchi teri hujayralari) dan paydo bo‘ladigan o‘sma bo‘lib, so‘nggi o‘n yillar davomida bu kasallik bilan og‘rish holatlari ko‘paydi. 75 foizdan ortiq melanomalar terida joylashgan xollar yoki sepkillar o‘rnida rivojlanadi. Shu sababli mutaxassislar tanadagi xollarni doimo nazorat qilib borishni va ulardan birortasining ko‘rinishi shubha uyg‘otsa darhol onkolog shifokorga ko‘rinishni maslahat beradilar.
Xol (nevus) – teridagi xavfsiz o‘smasimon o‘zgarish bo‘lib, pigmentlanmagan, ya’ni rangsiz bo‘lishi ham mumkin. Asosiy diqqatni jigarrang xollarga – melanotsitar nevuslarga qaratish lozim. Chunki ular melanoma rivojlanishiga turtki berishi mumkin.
Katta yoshdagi odamlarning ko‘pchiligida bir nechtagacha xol bo‘ladi. Ba’zi xollar (odatda eng kattalari) bola ona qornida ekanligida yuzaga kelib, qolganlari hayot davomida paydo bo‘ladi. Agar odamning tanasida xollar juda ko‘p yoki oilasidagilarda teri raki bilan og‘riganlar bo‘lsa, demak bunday odam xavflilik guruhiga kiradi va u muntazam ravishda mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tib turishi hamda terisini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qilishi lozim. Bugungi kunda ommalashib borayotgan solyariy va quyosh vannalaridan foydalanishda meyordan chetga chiqmaslik talab etiladi.
Xollar o‘zgarishiga gormonal tebranishlar (masalan, homiladorlikda) va ultrabinafsha nurlar sabab bo‘ladi. Shu sababli, yozning jazirama quyoshli kunlarida terini mutaxassis tavsiyasiga ko‘ra parvarish qilgan ma’qul. O‘lchami 6 millimetrdan oshgan, kuchli pigmentlangan, teridan ko‘proq bo‘rtib turgan xollarga alohida e’tibor qaratish lozim.
Xollar (nevuslar) melanoma kasalligini keltirib chiqarish xususiyatiga qarab ikki turga bo‘linadi.
Melanomani keltirib chiqarmaydigan nevuslar: Ichki epitelial nevus, papillomatoz nevus, verrukoz nevus (papillomatoz nevusning bir turi),  galonevus (Setton nevus), teri ichi nevusi, mo‘g‘ul dog‘i.
Melanomani keltirib chiqaruvchi nevuslar: Chegarali nevus, ko‘kimtir nevus, otanevus, Ito nevusi, katta gigant pigmentli nevus, displastik nevus, terining pigmentli kerodermiyasi, dyubreyl melonozi.

FRIDMAN QOIDASINI QO‘LLANG

Melanomani iloji boricha erta aniqlash juda muhim. Xavfli xollarni aniqlash uchun o‘z-o‘zini ko‘rikdan o‘tkazish ham foyda beradi. Bu asosan Fridman qoidasi (shuningdek, ABCDE qoidasi deb ham nomlanadi) yordamida amalga oshiriladi:
A (asymmetry) – asimmetriya. Xavfsiz xol simmetriyaga ega bo‘ladi. Ya’ni, holning o‘rtasidan xayolan o‘tkazilgan to‘g‘ri chiziq uni bir xil shakldagi ikki pallaga ajratishi kerak. Agar xol simmetrik bo‘lmasa, uni rasmga olib, vaqti-vaqti bilan o‘zgarishlar sodir bo‘lmayotganligini tekshirib turish kerak.
B (border) – chegara. Xavfsiz xol bir tekisdagi, aniq, yaqqol chegaraga ega. Agar xol chegarasi bir tekis bo‘lmasa, noaniq bo‘lsa, bu xavotirlanish va shifokorga ko‘rinish uchun asos bo‘ladi.
C (color) – rang. Xavfsiz xolning rangi bir xilda, odatda jigarrang tusda bo‘ladi. Agar xolning pigmentatsiyasi kamaysa yoki keskin kuchaysa (qora ranggacha bo‘lishi mumkin), rangi bir tekis emas, aksincha ba’zi joylarida boshqa ranglar (qora, qizil, ko‘k) paydo bo‘lsa, darhol onkolog shifokorga ko‘rinish kerak.
D (diameter) – diametr. Diametri 6 millimetrdan kam xollar kamdan-kam hollardagina melanomaga aylanadilar. O‘lchamlarning kattalashishi, qalinlashuv, shuningdek xol o‘z chegarasidan tashqariga “oqib ketayotgandek” tuyulishi yaxshi belgilar emas.
E (evolution) – evolyutsiya. Xoldagi har qanday o‘zgarishlar – qichishish, po‘st tashlash, achishish, sanchiq, taranglashish, undagi tuk va sochlarning to‘kilishi, yoriq paydo bo‘lishi, yarachalar paydo bo‘lishi, qon oqishi, xol atrofida yallig‘lanish areolasi paydo bo‘lishi mutaxassis shifokor ko‘rigini talab etadi.

ANIQ SABABLARI NOMA’LUM

Melanomani keltirib chiqaruvchi sabablar noma’lum bo‘lsada, unga turtki beruvchi omillar aniqlangan:

  • ultrabinafsha nurlar ta’sirida terisi kuygan odamlar ko‘proq melanomaga chalinadilar;
  • xollarning jarohatlanishi (urib, tirnab, kesib olish), xollar kiyim bilan ham jarohatlanishi mumkin;
  • xollarning ko‘pligi (50 tadan ortiq);
  • teri, sochlar, ko‘zlar rangi yorqin ekanligi;
  • ionizatsiyalovchi radiatsiya va elektromagnit nurlanish;
  • spirtli ichimliklarni ichishda meyordan oshish;
  • uzoq muddat davomida gormonal kontratseptivlar qabul qilish.

[box type="info" align="aligncenter" ]Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ultrabinafsha nurlanishni ham kanserogen, ya’ni xavfli o‘sma hosil qilishi mumkin bo‘lgan omil deb tan olgan. Agar odam tanadagi xavfsiz xolni oldirib tashlamoqchi bo‘lsa, avval mutaxassis shifokor ko‘rigidan o‘tishi va uning ko‘rsatmasiga binoan harakat qilishi lozim.[/box]

Oftobda qancha muddat turish bezararligi haqidagi aniq tavsiyalar yo‘q. Bu boradagi umumiy maslahat shuki, soat 11 dan 17 gacha (ba’zi joylarda 10 dan 16 gacha) quyoshning eng faol vaqti hisoblanib, bu paytda oftobda toblanmaslik kerak. Hatto ertalab va qosh qoraya boshlaganda ham terini quyoshda kuyishdan asrash lozim. Salomatlik uchun ertalab va kech tushishiga yaqin yuz va qo‘llarni quyoshga 10-15 daqiqa tutish yetarli.

DЕRMATOSKOPIYA – ISHONCHLI TЕKSHIRUV

Shifokor ko‘rik paytida avvalo vizual tekshiruvni amalga oshiradi. Buning uchun maxsus lupalardan foydalanib, nevusning tuzilishi, o‘zgarishi, tomirlar holati, melanotsitlar paydo bo‘lishining buzilishi o‘rganiladi.
Dermatoskop (kichik qo‘l mikroskopi) yordamida xolning ichi o‘rganilib, u xavfsiz ekanligini aniqlash mumkin. Shuningdek, sitologik va gistologik tahlil ham o‘tkaziladi.
Birlamchi melanoma (kasallikning erta bosqichi) jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Bunda nafaqat pigmentli o‘sma, balki 2-5 santimetr atrofdagi to‘qimalar ham (kasallik bosqichi, o‘sma bor joydan kelib chiqib) olib tashlanadi.
Ko‘zga tashlanib turadigan joylarni kamroq jarohatlanishiga e’tibor qaratiladi.
Olib tashlangan to‘qimaning gistologik tahliliga ko‘ra immunoterapiya buyurilishi mumkin. Avvalgi joyda yangi melanoma paydo bo‘lishi xavfi mavjudligicha qolaveradi. Shu sababli, teridagi o‘zgarishlarni o‘z vaqtida payqash juda muhim.

Xollarni ultrabinafsha nurdan himoya qilish lozim. Buning uchun:

  • quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalanish lozim;
  • soat 11 va 16 oralig‘ida iloji boricha quyoshda kamroq bo‘lish kerak.
  • solyariydan umuman foydalanmaslik lozim. Xavflilik guruhiga kiruvchilar quyosh vannalaridan umuman voz kechganlari ma’qul;
  • keng ayvonli bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va tanani yopib turadigan kiyim kiyish zarur;
  • bolalar 3 yoshgacha quyoshda toblanish va qorayishdan saqlanishlari kerak, chunki quyoshda kuyish bolada kelajakda melanoma rivojlanishi xavfini oshiradi.

Mirza-Ali G‘OFUR-OXUNOV,

Tibbiyot fanlari doktori, professor.

Sihat - salomatlik jurnali.

ico
Xarakter tiplari: Paranoik tip

Paranoik – maqsadi yoʻlida dunyoni ostun-ustun qilishga tayyor shaxs. U – abadiy dvigatel. Miyasiga biror gʻoya kelib qolsa tamom, hammani oyoqqa turgʻazib uni amalga oshirmaguncha qoʻymaydi. Boshliq lavozimi uchun doim tayyor. Doim oldinga intiladi, qolganlar yetvolishi juda qiyin. Tarixdagi buyuk inqilobchilar aynan paranoiklardir.

paranoik tip, xarakter tiplari
Foto: Moddern-psychoanalysis.ru

Bundaylar oʻjar, taʼsirga berilmaydigan, maqsadidan ogʻishmaydigan odamlardir. Birov ishonmasa ham, maqsadini roʻyobga chiqaradi. Oʻzi ishonsa bas. Agar atrofiga hamfikr, sodiq odamlar yigʻilsa, ularni qadrlaydi. Ammo koʻpincha boshqalarning xohishlari va hislari bilan ishi yoʻq. Sizni gapingizni yo eʼtiborga olmaydi, yo inkor qiladi, yo umuman eshitmaydi.

Paranoiklar xafa boʻlsa yo jahli chiqsa, bu holatdan chiqishlari juda qiyin. Tabiatan janjalkash va arazchi bu odamlar kimdir qilgan yomonlikni yillab koʻnglida saqlab yuradi. Arzimas narsalar ustida yaqinlarini xafa qilib, yuzkoʻrmas boʻlib ketishlari ham mumkin.

➡️ Bolaligi: Paranoik xarakterli odam oiladagi qiyinchilik, muammo va yetishmovchiliklardan alamzada holda shunday xarakterni egallaydi. Kemtiklik oʻrnini katta maqsadlar bilan toʻldirishga intiladi.

Yoki oila aʼzolari uni koʻkka koʻtaraverib shunday qilib qoʻyishi mumkin. Hamma aytganini qilavergach, oʻzining hukmdor ekanligiga ishonmaslikdan boshqa yoʻli qolmaydi.

➡️ Koʻrinishi: Kuchli tana tuzilishga ega, odatda oʻrta boʻyli, faol. Xatti-harakatlari tezkor. Ovozi baland, nutqi tez.

Modaga qiziqmaydi, kiyimi oʻziga qulay boʻlsa boʻldi.

➡️ Yashash tarzi. Uyi ham urfdagiday jihozlanishi shart emas. Yashashiga qulay boʻlsa boʻldi. Koʻpincha uyidan ofis ham qilib olishadi. Buning uchun eng katta va shinam xonani tanlab olishadi.

Oʻzi uchun odatda birovdan tanga ham olmasligi mumkin, lekin ish uchun, maqsadiga yetish uchun istalgan yoʻl bilan birovdan pul olishlari mumkin. “Maqsad vositani oqlaydi” degan shior aynan ularga tegishli.

Oila qurishda hislarga emas, hisob-kitobga qaraydilar. Erkak paranoiklarning xotini boʻysunuvchan va muloyim boʻlishi kerak.

Bolalarini taʼlim-tarbiyasini qattiq nazoratga oladi. Farzand ular uchun istalgan shaklga solish mumkin boʻlgan loy. Koʻpincha, oʻz sohalariga boshlaydilar, izdosh qilib voyaga yetkazadilar.

Sogʻligʻiga eʼtiborsiz. Chunki butun xayollari ishda boʻladi. Kasal boʻlsa oyoqda yurib oʻtkazishvoradi. Kasalxonaga tushib qolsa, chiqishi qiyin. Chunki davolanib boʻlmasidan ishga oʻzini otadi. Natijada oxirigacha tuzalmaydi. Koʻpincha dorilarni ham oʻz vaqtida ichmaydi.

➡️ Aqliy salohiyati: paranoik soʻzining kelib chiqishiga qaraydigan boʻlsak, grekchada “para” – atrofida, “noos” – aql degani boʻlib ,aql atrofida degani. Yaʼni paranoik aqlliday koʻrinadiyu, lekin tugal aqlli emas. Biroq oʻz sohasiga oid har qanday bilimni egallashga tayyor. Ammo keraksiz bilimni egallashga toqatlari yoʻq.

Faqat ish bilan mashgʻul paranoik yumorni uncha tushunmaydi. Shuning uchun hazilni koʻtarmaydi, oʻzi ham hazil qilishni bilmaydi.

Paranoikka maslahatlar

– Hayot faqat ish va maqsadlardan iborat emas. Yaqinlaringizni ham koʻngliga qarang. Ularga vaqt ajrating. Istak va kechinmalari bilan qiziqing.

– Faqat kelajakdagi muvaffaqiyatlar haqida oʻylab, buguningizni unutib qoʻymang. Olayotgan har bir nafasingizni toʻlaqonli his qilib yashang. Bugunni ertadan topolmaysiz.

– Jahl va asabiylikni pasaytirish uchun yoga va meditatsiya bilan shugʻullansangiz foydali.

Paranoik yaqini boʻlganlarga maslahatlar

– U bilan tortishmang. Foydasi yoʻq. U baribir har doim haq, bunday boʻlmasada.

– Maqsadlarini qoʻllab-quvvatlang. Shunda uning eng yaqiniga aylanasiz. Sizni tasavvuringizga sigʻmagan yuksakliklarga oʻzi bilan olib chiqadi.


Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari

ico
Xarakter tiplari: Isteroid tip

Isteroid – boshqa xarakter tiplari ichida eng yorqini. Isteroidlar uchun hayot – teatr, oʻzi – aktyor, qolganlar esa tomoshabin. Oʻzini namoyish qilishni sevuvchi bu shaxslar har doim sizning maqtovingiz, hayratingiz va maʼqullashlaringizga muhtoj. Toʻgʻri, hamma odamga ham bunday narsalar kerak, ammo xarakter tiplari ichida isteroidlarga suv va havoday zarur.

isteroid tip, xarakter tipi
Foto: Index.hr

Aktyorlik qobilyati juda kuchli. Isteroidlar koʻpincha kino, estrada, teatr kabi joylarda oʻz missiyasini namoyon qiladi. Ularga bitta tomoshabin boʻlsa ham yetarli, agar boʻlmay qolsa oʻzlarini juda yomon his qiladilar. Isteroidni atrofdagilar payqamasa, bu oʻlim deganidir. Payqasangiz faqat yaxshi tomonini koʻrishingiz shart, yomon tomonini emas.

Oʻziga juda yuqori baho beradi. Botirday tuyilishi mumkin, lekin faqat atrofdagilargagina shunday. Aslida oʻzlariga ishonchi past.

Hissiyotlari nozik va juda oʻzgaruvchan. Ammo boshqalarning dardiga sherik boʻlolmaydi, sherik kabi tutishni esa zoʻr eplaydi. Kayfiyati tez-tez oʻzgaradi, shu qatori qiziqqan sohasiyu tanishlari ham.

➡️ Bolaligi: Isteroidlar koʻpincha oilaning erkatoy farzandi. Nima desa muhayyo qilinishiga oʻrgatilgan bolalar katta boʻlganida ham atrofdagilardan doimiy eʼtiborni talab qiladi. Ular uy ishlarini ota-onasiga yordam berish uchunmas, oxirida maqtov eshitish uchun qilishadi. Koʻpincha qizlar isterichka deyiladiyu, ammo erkaklar ham isteroid tipga mansub boʻladi. Isteroid oʻgʻil bolalar koʻpincha isteroid ona, opa, buvilarning tarbiyasini koʻrgan boʻladi. Isteroidlarning 60-70% i ayollardir.

Oʻzi isteriya – grekcha hysteria, “bachadon” soʻzidan kelib chiqqan. Qadimgi grek tibbiyotida bachadon yalligʻlansa, butun tana boʻylab koʻchib yuradi va ayol jazavaga tushadi, deb oʻylashgan. Ayol dam kulib, dam yigʻlab, har tusga kirsa bachadon sabab deb bilishgan. Isteroid xulq-atvor mana shu belgilarni namoyon qilgani uchun shu nomni olgan. Biroq bugun isteroid xarakter faqat ayollarga tegishli emasligi aniqlandi.

➡️ Koʻrinishi. Isteroidlar tashqi goʻzalligiga doim eʼtiborli. Qomati shalvirab qolmasligi uchun sport bilan shugʻullanib yurishadi. Doim oxirgi urfda kiyinadi. Sharf, shlyapa, gʻalati turmaklar, turli-tuman aksessuarlar ularning oʻziga xosligini bildirib turishi kerak.

Isteroid tipdagi ayollar oʻzi bilmagan holda yengiltak ayollarga oʻxshab kiyinishi va buni sezmasligi mumkin. Eʼtibor jalb qilish uchun ochiqroq kiyinishadi. Erkaklar ham oʻziga xos uslubda kiyinishi bilan ajralib turadi. Tatuirovkalar ularning jonu dili. Badanida qancha tatu koʻp boʻlsa, isteroidlik darajasi shuncha yuqori.

Nutqi chiroyli, gʻalizlik va tutilishlar yoʻq. Ovozini istagan ohang va tembrga solishi mumkin. Birovlarning gapirishini mahorat bilan oʻxshatib beroladi. Mimikasi juda boy. Yuzi yoqimli.

Yumorni yoqtiradi. Birovlarga oʻzini bilagʻon va ajoyib koʻrsatish uchun latifa va aforizmlar yodlab yurishadi.

➡️ Yashash tarzi: Uyini eng chiroyli va albatta urfdagi mebellar bilan jihozlaydi. Kitob javoni bilimlar manbasidan ham koʻra, uning aqlli ekanini koʻrsatish uchun yangi va chiroyli kitoblar bilan toʻla.

Sevgan insonini tanlashda odamlarning havasi kelishiga eʼtibor qiladi. Sevgisi chuqur emas. Turmushi uncha mustahkam boʻlmaydi, chunki turmushda faqat oʻzini oʻylash koʻp janjallarga olib keladi. Isteroid ayollar eri koʻp pul topishini va bu pullarni bazmu jamshid, dugonalar bilan oʻtirishlarga sarflashni istashadi.

Isteroidlarning tanishlari koʻp va har bazmda yanada oshib boraveradi.

Isteroidga maslahatlar

– Oʻzingiz kabi koʻrinishga ham urining. Har qanday odamda xato va kamchiliklar boʻladi. Ishoning, nuqsoningiz boʻlsa ham, sizni sevishadi.

– Oʻzingizdan boshqa narsalarga eʼtibor qarating. Eʼtiborga muhtoj boshqa odamlar, qilish foydali boʻlgan boshqa ishlar ham bor. Dunyoga ochiling.

Isteroidning yaqinlariga maslahatlar

– Uning hislarga uncha ishonmang. Gʻussalari uncha chuqur emas, shodliklari arzimas narsaga boʻlishi mumkin. Oʻzini oʻldiraman desa, bilingki, rol oʻynayapti xolos.

–Vaʼdalariga qattiq ishonib qolmang. Oʻzingizni hafsala pir boʻlishidan saqlaysiz.

– Zerikarli va bir xil ishlarga jalb qilmang. Yo bajarishadi, yo oxiriga yetkazmay qochib ketadi.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Epileptoid tip

Epileptoid – jiddiy, bosiq, oʻzini tuta biladigan, oʻziga ishongan shaxs. Koʻproq erkaklarda namoyon boʻluvchi ushbu xarakter oʻta tartibliligi bilan ajralib turadi. Tartibligi, hamma narsaga qoidaga koʻra yondashishi bilan boshqalarni ham bezor qilib yuboradi. Vaziyat, atrof-muhit uning nazoratida boʻlishi kerak. Hokimiyatga intilish – epileptoid hayotining mazmuni, bosh maqsadi. Tabiatan ehtiyotkor epileptoid hokimiyat egasi boʻlganidagina oʻzini yaxshi his qiladi. Qaysi sohada boʻlmasin, xoh ishlab chiqarish, xoh sanʼat, uning yoʻlboshchisi, egasi boʻlishi kerak. 

Epileptoid
Foto: Bebetter.today

Epileptoid oldiga maqsad qoʻydimi, unga bir maromdagi qattiq mehnat bilan erishmaguncha qoʻymaydi. Gʻalaba bilan bogʻliq sohalar, sport turlari, oʻyinlarni juda yaxshi koʻradi.

Epileptoid agar yaxshi tarbiya topgan, axloqli boʻlsa – halollik, vijdonlilik, masʼuliyatlilikda unga teng keladigani topilmaydi. Haqiqat uchun kurash uning zoʻr kirishib bajaradigan ishi. Bunda u hech kimni ayab oʻtirmaydi. Shuning uchun epileptoidlar koʻpincha yurist, advokat, prokuror, politsiyachi kabi kasblarni egallaydi va oʻz imkoniyatlarini toʻligʻicha namoyon qiladi. Javobgarlikni yaxshi his qilgani uchun koʻpincha rahbariyatning maqtoviga sazovor boʻladi.

Epileptoid odamlarni oq va qoraga ajratishga oʻrgangan. Unda boshqa rangli boʻyoqlar yoʻq. Konservativ ( qotib qolgan eskicha ) fikrlarga suyangani uchun yaxshi va yomon haqidagi tasavvurini sira oʻzgartirmaydi. Odamlarga nisbatan tushinuvchanlik, kechirimlilik shakllanmagan unda.

Begonalarga shubha bilan qaraydi. Eski va sinalgan doʻstlarni maʼqul koʻradi. Ular uchun togʻday qalqon boʻlishga tayyor. Biroq yangi tanishlarni oʻziga yoʻlatishi deyarli imkonsiz. Shubhakorligi tufayli odamlardan koʻra hayvonlarni yaxshi koʻradi. Chunki odamdan nima kutishni bilmaysan, u oʻzgarishi mumkin, hayvonlarning xulq-atvorida esa oʻzgarish boʻlmaydi, ular “xiyonat” qilmaydi. “Hayvonlarni oʻrganganim sari odamlardan koʻnglim qolyapti” degan aforizm aynan epileptoidga tegishli.

Epileptoid xiyonatni hech qachon kechirmaydi. Unga yetkazilgan ozorni yillab koʻnglida saqlab yuradi. Qaysi oʻqituvchi unga 5-sinfda “3” baho qoʻyganligi doim esida turadi. Buni yodga olganida oʻsha oʻqituvchini jahl bilan soʻkib ham qoʻyadi.

Epileptoidning oʻzgarishini kutish – daraxtning yurishini kutish kabi ahmoqlikdir.

➡️ Bolaligi: Odatda ota-onasidan biri yo ikkalasi ham epileptoid boʻlsa, bolada ham shunday xarakter shakllanadi. Doimiy ozodalik va tartibni talab qilish bolaga ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi.

Epileptoid bola kattalarning oʻzini tutishini kuzatib, kitoblardagilarni oʻqib qanday boʻlishi kerakligini oʻrganib oladi va doim oʻzini shunday tutadi. Bogʻcha va maktabda oʻzini yaxshi, odobli tutadi. Bunday bolalar ota-ona va oʻqituvchi uchun juda qulaydir.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Epileptoidning tana tuzilishi atletlarniki singari, kelishgan va pishiq. Biroq besunaqaylik, assimetriyani ham koʻrish mumkin.

Koʻpincha klassik hamda sport kiyimlarini maʼqul koʻradi. Kiyimlari odatda toʻq rangda, kulrang va jigarrang boʻladi. Uni hech qachon pala-partish koʻrmaysiz, doim toza va tartibli. Koʻylagi ideal darajada dazmollangan, tuflilari yarqiraydi. Kiyimlarini tinimsiz almashtiradi, oʻzi esa bir kunda bir necha marotaba dush qabul qilishi mumkin. Soch turmagi doim bir xil, oʻzgarmaydi. Ortiqcha aksessuarlarni koʻrmaysiz unda.

Mimika, xatti-harakatlari juda bosiq, ifodaviyligi past. Sekin gapiradi, hamma detallarni mayda-chuydasigacha aytadi. Ular gapni oxiriga yetkazgunicha “tez-tez gapirsangchi” deb suhbatdoshi portlab ketishi ham mumkin. Bahslashganda odamni shaxsiyatiga tegishi juda oson.

➡️ Yashash tarzi: Epileptoid shinam va albatta top-toza uyda yashaydi. Har kuni uyi tozalanishi shart. Buyumlar doim oʻz joyida saqlanadi. Hamma narsaning oʻz qutisi, turar joyi bor.

Epileptoid odatda tartibli, “gard yuqmagan”, axloqli odam bilan turmush quradi. Bolalarini ham juda kuchli nazorat ostida tarbiya qiladi. Bu tarbiya bolani ruhan sindirishi mumkinligini oʻylamaydi.

Epileptoidning oila aʼzolari uning agressivligi va hukmronlikka qattiq intilishi tufayli aziyat chekadilar.

Epileptoidga maslahatlar

– Hayotga ijobiy qarashga ham intiling. Odamlarga ham ishonch bildiring. Shunda hayotning yaxshi qirralari koʻpligiga amin boʻlishni boshlaysiz.

– Sport bilan shugʻullaning. Shu orqali ichingizda toʻplanib qolgan salbiy energiyani chiqarib yuborasiz. Rasm chizish, sokin musiqa eshitib uzoq sayr qilish ham juda foydali.

Epileptoidning yaqinlariga maslahatlar

– Uning ozodaligi, tartibliligini maqtang. Shunda sizga munosabati yanada iliqlashadi.

– Jahl ustida uni haqoratlab, kamsitib qoʻymang. Buni u umuman esidan chiqarmasligi mumkin.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Shizoid tip

Ichki dunyosi boy va tashqi olamdan oʻzini doim olib qochadigan shizoidlar koʻpchilikning tasavvurida “gʻalati, odamovi” degan taassurot qoldiradi. Ular juda sezgir va taʼsirchanligi uchun tashqi taʼsirlardan tez charchaydi, shu sababli ham oʻz olamiga ravona boʻladilar. Buyuk ixtirochilar, rassomlar, haykaltaroshlar, kompozitorlar, matematiklar, astronomlar, faylasuflar, dasturchilarning koʻpchiligi shizoid tipga mansubdirlar.

Foto: Twitter.com

Shizoid bir vaqtning oʻzida yaqinlikka intiladi va undan qochadi. “Yaqinroq kel, men yolgʻizman, lekin juda yaqinlashma, qoʻrqaman” – shizoidning munosabatlardagi holati xuddi shunday. Odamlarni qanaqaligini juda tez va yaxshi fahmlaydi, yaxshi kuzatuvchi. Kimgadir dilini ochgisi keladi, ammo unga qaram boʻlib qolishdan qoʻrqib, oʻzidan itaradi. Hech kim uning xavfsizligi va individualligiga rahna solmasligi kerak. Tashqaridan hissiz koʻrinsada, ichida ehtiroslar vulqoni qaynab yotgan boʻladi. Kechinmalarini ifodalashga qiynaladi.

Yuzaki va hech narsa haqidagi suhbatlarni yomon koʻradi, undan koʻra gaplashmaslikni maʼqul koʻradi. Unga suhbatdagi samimiylik vs rostgoʻylik muhim. Oʻzini bolalar va hayvonlar orasida yaxshi his qiladi.

Shizoidga ayrim faoliyat turlarigina qiziq boʻladi. Biror faoliyatga, sohaga qiziqsa, miridan sirigacha oʻrganib, professional darajasiga yetadi. U haqiqiy nazariyotchi. Falsafiy gʻoyalar, dunyoni yaxshilashga oid fikrlarni oʻylashni yoqtiradi. Koʻp energiyasini amaliy faoliyat emas, aynan oʻylashga sarflaydi. Shu sababli chetdan dangasaday koʻrinishi mumkin. Maqtov va tanqidlarga befarq. Yolgʻizlikda ishlash jonu dili. Sheriklar bilan ishlash uning uchun azob. Koʻpincha tunda, hech kim halal bermaydigan pallada ishlashni yoqtiradi.

Shizoidning doʻsti boʻlmaydi, boʻlsa ham bitta boʻladi. Tanishlari ham koʻp emas. Koʻpincha shizoidlar oʻziga oʻxshagan shizoidlar bilan qalin doʻst boʻlishadi. Tarix darsligidagi hamma sanalarni yoddan bilishi mumkin, lekin yaqinlarining tugʻilgan kunlarini unutib qoʻyadi. Biror vazifani ishonib topshirib boʻlmaydi shizoidga. U oʻzi xohlaganday yoʻl tutadi.

➡️ Bolaligi: Chaqaloqligidayoq kuchli yorugʻlik, baland tovush va teginishlarga chidamsiz boʻladi. Onasi haddan tashqari parvona boʻlavergan bola bezor boʻlib, oʻz qobigʻiga kirib olishi mumkin. Yoki onasi koʻpincha yolgʻiz tashlab qoʻygan bola ham keyinchalik hech kimga ishonmay, oʻzi mustaqillikka intiladi va hayotiga hech kimni kirgizishni istamay qoʻyadi va shizoidga aylanadi.

Otasi unday, onasi bunday desa, har xil tarbiya beradigan boʻlsa, farzand arosatda qilib ketadi va maqbul yoʻlni izlab ichki olamiga gʻarq boʻladi. Natijada shizoidlik xususiyatlari shakllanadi.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Gavdasi koʻpincha nomutanosib. Xatti-harakatlari sekin va ifodasiz. Mimikalari kam.

Modaga qiziqmaydi, oʻzi bilganicha kiyinadi. Biror kiyimni qulay deb bilsa, doim shunda yuradi. “Apple” asoschisi Stiv Jobsning doim qora kiyimda yurishi shaxsiy brend yoki stil emas, shunchaki unda boshqa xil kiyim tanlashga xohish ham, qiziqish ham boʻlmagan. Stiv Jobsni haqiqiy shizoid deyish mumkin. Shizoid erkaklar koʻpincha soqol qoʻyib oladi yoki koʻzoynak taqib olishadi.

Shizoid ayollar noodatiy kiyim va aksessuarlari bilan koʻzga tashlanadi. Bu eʼtibor tortish uchun emas, shunchaki ichki olamining ifodasidir.

➡️ Yashash tarzi: Shizoidning uyi qulay boʻlishi lozim. Betartib boʻlsada, undan daholik va ijod isi keladi.

Oila aʼzolari bilan munosabatlari sovuq tuyilsada, u hammaga gʻamxoʻr va mehribon.

Shizoidga maslahatlar

– Odamlarga hislaringiz koʻrsating. Yaqinlaringiz mehringizni his qilishsin. Ayniqsa sevgan insoningiz. Axir ular ham, siz ham yaqinlikka muhtojsiz.

Shizoidning yaqinlariga maslahatlar

– Bemaʼni ulfatchilik va bazmlarga, mehmondorchilikka hadeb chaqirmang. Shizoid uchun bu mislsiz azob.

– Ish jarayonida bezovta qilmang va burningizni suqmang. Biror kashfiyotning yaralishiga toʻsqinlik qilayotgan boʻlishingiz mumkin.

– Betartib va dangasaligini aytib, asabiga tegmang. Sizga shunday koʻrinyapti xolos. Nimaning qayerdaligini yaxshi bilishadi. Ularning tanasi qimir etmasa ham, miyasi ulkan ishlar bilan shugʻullanayotgan boʻladi.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xarakter tiplari: Psixasteniya

Psixasteniya – kuchsiz psixika degan maʼnoni anglatib, psixasteniklarning asosiy xususiyati – energiyaning kamligidir. Bunday odamlar ishda ham, suhbatda ham, oʻzaro munosabatlarda ham koʻp kuch sarflashga qodir emaslar. Shuning uchun ishda qaror qabul qilish yoki ijodkorlik singari psixik quvvat talab qiladigan holatlar ularga qiyinlik qiladi, tayyor vazifani bajarishni maʼqul koʻradilar.

Suhbatga kirishishlari juda qiyin. Chunki suhbatdoshning gaplarini tinglash, unga eʼtiborli boʻlish, mos javob qaytarish kabilarga energiya sarflashdan oʻzlarini saqlaydilar. Odamlar bilan oʻzaro munosabatlar qurishi ham osonlik bilan kechmaydi, axir buning uchun hissiy quvvat yetishmaydi...

Oʻz qobigʻida tashqariga chiqishni istamaydigan psixastenikning yana bir farqli belgisi – haddan ziyod xavotirga moyilligidir. Agar samalyot parvozlarining 1%i halokat bilan tugasa, qolgan 99%i muvaffaqiyatli amalga oshsa, psixastenik mana shu bir foizga oʻzining taalluqli boʻlishini kutadi.

Hayot xavf-xatarga toʻla va istalgan paytda bir baloga yoʻliqishi mumkinligi haqidagi oʻylar uning oʻzini ham toliqtirib yuboradi. Oʻzi va yaqinlari uchun doim xavfsirab yashaydi. Eshikni qufladimi-yoʻqmi, gazni oʻchirganmi, tekshirib koʻrmaguncha tinchlanmaydi.

Psixastenik muvaffaqiyatga erishishiga ishonmaydi. Shuning uchun ham katta maqsadlar qoʻymaydi. Uning uchun gʻalaba ham, magʻlubiyat ham bir xil noqulaylik tugʻdiradi. Gʻalabaga erishsa odamlarning eʼtiboridan oʻzini noqulay his qiladi, magʻlubiyat esa oʻzini tinimsiz ayblashlar tufayli azob beradi. Shuning uchun tinchgina hayot kechirishni maʼqul koʻradi.

Psixastenikning balo-qazolaradan, muvaffaqiyatsizliklardan asrovchi oʻziga xos odatlari boʻladi. Bu qanaqadir duoni takrorlash yoki sariq rangli paypogʻini muhim kunlarda kiyish kabilar boʻlishi mumkin...

Biror faolakatga yoʻliqmaslik uchun psixastenik har doim qoida boʻyicha ish tutadi. Svetoforning sariq chirogʻi yonganda oʻtishni boshlamaydi.

Uning yana bir oʻziga xos xususiyati tinimsiz oʻzini oʻzi analiz qilishidir. Aytgan gaplari, qilgan ishlari yoki kelajakda boʻladigan xatti-harakatlari haqida tinimsiz oʻylaydi. “Yetti oʻylab, bir kes” – aynan psixastenikka tegishli maqol.

Psixastenik masʼuliyatni boʻyniga olishi qiyin. Bu uni bugʻib qoʻyadi. Shuning uchun psixasteniklar katta masʼuliyat talab qilinadigan kasblar, shuningdek rahbarlik lavozimlarida ishlamagani maʼqul. Ijodkorlik ham ularga toʻgʻri kelmaydi.

Psixastenik har doim oʻziga biror ish qidiradi. Nima bilandir band boʻlishi kerak. Boʻsh qolsa yomon xayollar tinch qoʻymaydi. Ammo qiladigan ishi ham koʻp diqqatni talab qiladigan va murakkab boʻlmasligi, avtomatik ravishda bajarilishi maqsadga muvofiq.

Ipoxondriklar – kasal boʻlmasa ham, har doim qandaydir kasallik belgilarini oʻzlarida aniqlab, shifokorlarni bezor qiladiganlarning koʻpchiligi – psixasteniklardir.

➡️ Bolaligi: Psixastenik xarakter tipi tarbiyadan koʻra koʻproq genetikaga yoki onaning homiladorlik davrining kechishida yuz bergan zararli taʼsirlarga bogʻliq. Ammo ota-onasi psixastenik xarakterli oilada oʻsgan bolalar ham psixasteniklikka moyil boʻladi. Kichikligidan doim begonasiraydi. Asosan onasiga kuchli bogʻlanadi va u ishdan kech qolsa, qattiq xavotirga tushadi.

➡️ Tashqi koʻrinishi: Xatti-harakatlari juda zaif, qadam bosishlari sekin. Jismoniy jihatdan rivojlanganlik darajasi havas uygʻotmaydi. Koʻpincha kulrang liboslarda yuradi. Gapirishi sekin va ovozi ancha past, duduqlanish va tutilish koʻp uchraydi. Eʼtibor markazidan doim chetda boʻlishga intiladi.

➡️ Yashash tarzi: Uyi ham, jihozlari ham oddiy, koʻpchiliknikidan farq qilmaydi. Hamma joyni ozoda tutishi kasalliklarning oldini olish uchun, elektr razetkalari ham maxsus qopqoq bilan bekitiladi, toki kimdir behosdan teginib tok urmasligi uchun.

Oila aʼzolari bilan ham koʻp gaplashmaydi, lekin ular uchun har doim qaygʻuradi, kasal boʻlishi yoki oʻlishi oʻylab qoʻrqib yashaydi.

Psixastenikka maslahatlar

– Hayotning yorqin lahzalari haqida ham koʻproq oʻylang. Taskin beruvchi, tinchlantiruvchi kitoblar oʻqing, filmlar koʻring.

– Boshqa odamlar ham siz kabi xato qiladi, kamchiliklari boʻladi. Oʻzingizga past baho berish, ayblashni kamaytiring.

Psixastenikning yaqinlariga maslahatlar

– Unga qiyin va masʼuliyatli vazifalar bermang.

– Suhbatda uni faollikka hadeb chorlamang. Istagan payti gapirsin, istasa sukut saqlasin. Gapirganida uni eʼtibor va hurmat bilan tinglang.

Sarvinoz Omonova.
Psixologning qaydlari.

ico
Xotirani kuchaytirish uchun mashqlar va tabiiy mahsulotlar
Xotira – inson nerv tizimining eng muhim funksiyalaridan biridir. Xotiraning buzilishida inson hayoti davomida diskomfort sezadi va bu jiddiy nevrozlar, depressiyalarga olib keladi. Agar xotiraning buzilishi davom etib ketaversa, insonni mehnat qilish qobiliyatidan mahrum etib, nogironlikka olib keladi. Ko‘p hollarda yoshi qari insonlar xotirasining buzilishi tufayli hayot davomida oddiy yumushlarni ham bajara olishmaydi, xalq tili bilan aytganda “o‘zini o‘zi eplay olmaydi”. Qarilik bilan buzilgan xotirani odatda qaytarib bo‘lmaydi, ammo yoshlikda kuzatiladigan xotira susayishi va yo‘qolishlarini tiklasa bo‘ladi. Xotira bilan bog‘liq muammolarga hatto bolalar ham duch kelishadi. Bunday muammolarni e’tibordan chetda qoldirish kerak emas, chunki inson kelajakdagi hayotiy qobiliyatlari xotira bilan chambarchas bog‘liq. Bolalar xotirasi pasayganda o‘qishdan ortda qoladi, ta’lim olish muassasalariga borgisi kelmaydi, bola asabiy, jaxldor va yig‘loqi bo‘lib qoladi. Jarayonni o‘tkazib yuborgandan keyin qaytarish qiyin, shuning uchun erta davrlarda davo choralarini ko‘rish zarur. Hozirgi kunda xotirani tiklash uchun medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar o‘tkazish mumkin. Agar xotira juda ham pasaygan bo‘lsa, yaxshisi shifokor ko‘rigidan o‘tish kerak.

Xotira nega pasayadi?

Inson xotira funksiyasining mexanizmi juda ta’sirchan, u ko‘pgina sabablar natijasida o‘z funksiyasini o‘zgartirishi mumkin. Shifokorlar fikricha, xotirani pasayishiga quyidagi bir qator holatlar sabab bo‘lishi mumkin:
Ko‘p hollarda bolalar maktabga chiqa boshlaganlarida yoki yuqori sinfga o‘tganlarida xotiralari susaygani seziladi, bu esa bola miyasining zo‘riqishi bilan tushuntiriladi. Bunday vaziyatda ota-onalar bolalariga e’tiborli bo‘lishlari, ularni urishmasliklari zarur.

Xotira pasayganlik belgilari

Xotira pasaygan holatlarning barchasida ham davo talab qilinavermaydi. Medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar o‘tkazish uchun ko‘rsatma, xotiraning qisqa muddatlarda tiklanmasligi bo‘la oladi. Masalan:
  • Biror bir narsani esda saqlab qolishga istak bo‘lsada, ularni yodda saqlab qola olmaslik;
  • Doimiy unutib qo‘yish;
  • Katta hajmdagi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyati yo‘qolishi.
Agar insonda davomiy, eski vaqtlardagi jarayonlarni eslay olish qobiliyati buzilayotgan bo‘lsa, bu bosh miyada qandaydir bir jiddiy kasallik boshlanayotganidan dalolat beradi. xotirani kuchaytirish

Xotirani kuchaytiruvchi dorilar

Yosh bolalarda mustaqil ravishda dori preparatlarni qo‘llash umuman mumkin emas. Dorilar qat’iy ravishda shifokor mutaxassis tomonidan buyuriladi, dozalar va muolaja davomiyligiga e’tibor qaratiladi. Kattalarda charchash, aqliy zo‘riqish, uyqusizlik va stress holatlarida quyidagi ba’zi dori preparatlarini qabul qilishlari mumkin:
  • Glitsin;
  • Intellan;
  • Pantogam;
  • Vitrum memory;
  • Pirasetam;
  • Alfagin;
Bundan tashqari kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi neyrotrop dorilar ham bor:
  • Aminalon;
  • Bilobil;
  • Tanakan;
  • Fenotropil;
  • Noutropil;
  • Aktovegin.
[box type="error" align="aligncenter" class="" width=""]Yuqoridagi preparatlar qat’iy ravishda shifokor tomonidan buyurilishi shart! Ularning nojo‘ya ta’sirlari va qarshi ko‘rsatmalari bor. Preparatlardan shifokor tavsiyasisiz mustaqil foydalanish taqiqlanadi! [/box]

Xotirani kuchaytirish uchun mashqlar

Xotirani tiklash va uni saqlab turish uchun, ish joyida ham bajarsa bo‘ladigan, har qanday yoshdagi insonlar uchun to‘g‘ri keladigan mashqlar bor. Samarali mashqlardan biri rasmlarni eslab qolish. Bunday mashqni o‘tkazish uchun biror bir qiziqarli rasm olish kerak, unda 10 tadan 15 tagacha bo‘lgan jism, hayvon va shu kabilar bo‘lsin. Ushbu rasmga 60 soniya davomida diqqat bilan qarang va u yerdagi narsalarni eslab qolishga harakat qiling. 60 soniya o‘tgandan keyin rasmni berkitib, eslab qolgan narsalaringizni ayting yoki ularni yozing. Bunday mashqni bolalar bilan o‘yin sifatida o‘tkazsangiz, bolaning kayfiyati ham ko‘tariladi. Faqatgina bir rasmdan emas, 2-3 xil rasmlar bilan mashq qilganingiz yaxshiroq. xotirani kuchaytirish uchun mashqlar Sanash – xotirani kuchaytirish uchun yaxshi mashq. Bu samarali usul bo‘lib, 1 dan 20 gacha yoki 20 dan 1 gacha bo‘lgan sonlarni parallel ravishda sanash kerak. Masalan: 1, 20, 2, 19, 3, 18 va hokazo. Har kuni ushbu mashqni takrorlab 10 ta songa oshirib boring va 100 gacha yeting. Mashqni uyqudan oldin bajarsangiz ancha samarali bo‘ladi. Agar inson sonlarning boshqa tillardagi talaffuzini bilsa, parallel ravishda o‘z tili va boshqa tilda sonlarni sanash xotirani tiklashga tezroq yordam beradi. Xotira uchun foydali usullardan biri “chapaqay” qo‘l mashqini bajaring. Chapaqay insonlar uchun o‘ng qo‘lni, o‘naqaylar uchun esa chap qo‘lni ko‘proq ishlatish talab etiladi. Bunday mashq bilan miyaning ishlashi kuchayadi va xotira tiklanishi yaxshilanadi. Xotira mashqlariga o‘qiyotgan paytingizda ikkita bir xil kelgan harflarni topish va ularga e’tibor qaratish ham miyani ishlashga majburlaydi. Sizga yaxshi tanish bo‘lgan jism yoki xonaning ta’rifi haqida batafsil ma’lumot bering, u yerda joylashgan buyumlarni birma bir sanab o‘ting. Bu ham miyaning turli xil qismlarini ishlatib xotira tiklanishiga yordam beradi.

Xalq tabobati orqali xotirani tiklash

Bolalar uchun

Yosh bolalar xotirasini tiklash uchun dori preparatlaridan foydalangandan ko‘ra, xalq tabobatiga murojaat qilgan yaxshiroq. Eng oddiy va mazali bo‘lgan, xotirani kuchaytirishga yordam beradigan mahsulot banandir. Shunchaki bolaga och qoringa 1 dona va uyqudan oldin 1 dona banan berish kerak. Banan tarkibiga kiruvchi moddalar miyada qon aylanishi va nerv tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari banan iste’mol qilish stress holatidan olib chiqishga ham yordam beradi, stress esa bolalarda xotira susayishining bir sababidir. Asal va yalpiz xotirani mustahkamlash xususiyatiga ham ega. Ulardan dorivor ichimlik tayyorlash uchun 1 choy qoshiq yalpiz (quritilgani) olib 2 stakan qaynagan suvga soling, eritmani 30 daqiqa og‘zi yopiq idishda saqlab, so‘ng unga 2 choy qoshiq asal aralashtiring. Bunday ichimlikni bolaga kun davomida berib turing, uni qabul qilishning chegarasi yo‘q, istagiga qarab ichilaveradi. Asal va yalpiz nafaqat xotirani tiklaydi, balki immunitetni ham oshiradi. Xotirani tiklash uchun salat. Qirg‘ichdan chiqarilgan sabziga mayiz va yong‘oq aralashtiring. Unga yogurt qo‘shib bolaga bering. Bundan tashqari salatga asal ham qo‘shsa bo‘ladi, bolakaylar bunday salatni maza qilib yeyishadi. Uning tarkibidagi moddalar nerv tizimi zo‘riqishlari, stressdan xalos etib xotira tiklanishiga yordam beradi.

xotirani mustahkamlash

Kattalar uchun

Kattalarda xotirani tiklash uchun o‘simliklardan foydalanamiz. Qarag‘ay qubba mevasi – bosh miyaga yaxshi ta’sir etadi. Dorivor vosita tayyorlash uchun 1 choy qoshiq qarag‘ay qubba mevasidan olib 250 ml suvda 10 daqiqa qaynating. So‘ng aralashmani soviguncha kutish kerak. Bunday aralashmani 2 choy qoshiqdan 3 marta, ovqatdan keyin qabul qiling. Ovqatdan oldin bunday vositani qabul qilmang, oshqozonga zararli ta’sir etishi ham mumkin. Tuxum sarig‘i ham xotira uchun foydali hisoblanadi. Avvalo, qaynataligan tuxum sarig‘idan 3 dona olib, uni asal bilan yaxshilab aralashtirish kerak. Uni och qoringa iste’mol qiling. Davo muddati 1 oy. Kutilgan natija 1 hafta ichida bilina boshlaydi.

Xotirani yaxshilash uchun tabiiy mahsulotlar

Budan tashqari, quyidagi tabiiy mahsulotlar ham xotirani yaxshilashga, mustahkamlashga yordam beradi:
  • Baliq. Bu mahsulotni ko‘proq aqlli bo‘lishni istaganlar iste’mol qilishlari lozim. Baliq miya hujayralarining uzoq vaqt g‘ayrat bilan ishlashi uchun kerak bo‘lgan moddalarga boy. Shuningdek, tarkibida ko‘p miqdorda fosfor, yarimto‘yingan omega-3 yog‘ guruhi mavjud bo‘lib, u miyadagi qon ta’minotini yaxshilaydi.
  • Karam. Miya faoliyatini me’yorlashtiradi, asab tizimidagi yosh bilan bog‘liq muammolarini bartaraf etishga yordam beradi.
  • Olma sharbati tarkibidagi modda miya katakchalarini oksidantli stress (xotiraning va aql-idrokning susayishi)lardan himoyalaydi. Olma va olma sharbati keksalikda aql tiniqligini saqlab qolishga yordam beradi.
  • Yong‘oq dofaminga boy bo‘lib, fikrlash qobiliyatini yuksaltiradi. Shuningdek, uning tarkibidagi litsin miya faoliyatini yaxshilaydi va xotirani kuchaytiradi. Besh dona yong‘oq-bu bir sutkalik meyor. Shuningdek, yong‘oqlar miyaning barvaqt qarib qolishining oldini oladi.
  • Sarimsoq tarkibida miya hujayralarini faollashtiruvchi moddalar mavjud. U nafaqat xotirani tiklaydi, shu bilan birga miyaning yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlariga ham to‘sqinlik qiladi.
  • Rux xotirani yaxshilaydi. U baliq, qo‘zoqli (struchkovoy) mahsulotlar va non tarkibida mavjud.
  • Yod. Miyaning normal faoliyati uchun muhim hisoblanadi. Aqliy qobiliyat va kayfiyatga ta’sir etadi. Baliq, karam va xurmo tarkibida ko‘p miqdorda yod mavjud.
  • Bor. Agar u yetishmasa, miya faoliyati pastlab ketadi. Shuning uchun ham olma, nok va uzum kabi mevalardan ko‘p miqdorda iste’mol qilib yuring.
  • Magniy. Nerv impulslarini o‘tkazishga javobgar. Yong‘oq, loviya, soya, grechka, kakao va lavlagi magniyning koni hisoblanadi.
  • Temir. Eslab qolish layoqati va diqqatning jamlanishi uchun juda muhim. Temir ko‘p miqdorda go‘sht mahsulotlari, quruq mevalar va ko‘k sabzavotlar tarkibida mavjud.
  • Vitamin C. Na’matak, qora qarag‘at (smorodina), chetan (ryabina), chakanda (oblepixa), sitruslar, qizil qalampir, yerqalampir, petrushka, piyozshivit (ukrop) va karam tarkibida mavjud.
  • B vitaminlar guruhi. Asab tizimini uyg‘unlik bilan ishlashi uchun muhim. B1 - kepak, no‘xat, yormalar, yong‘oq, jigar, tuxum sarig‘i va sutda, B12 - go‘sht, mol jigari, baliq mahsulotlari tarkibida ko‘plab uchraydi.
xotirani

Xotira pasayishidan qanday saqlansa bo‘ladi?

Xotira susaymasligi uchun bir qator oddiy usullar bor. Ular nerv tizimini sog‘lom holatda saqlashga va xotirani pasaymaslik uchun yordam beradi. Profilaktik chora tadbirlarga quyidagilar kiradi:
  • Bir kunda kamida 2 litr suv ichish (suyuq ovqatlardan tashqari);
  • Ovqatlanish ratsioniga e’tibor qaratish;
  • Kunlik xotira mashqlarini bajarish;
  • Har kuni toza havoda sayr qilish;
  • Zararli odatlardan voz kechish;
  • Bir sutkada kamida 8 soat uxlash;
  • Vaqti-vaqti bilan dam olib turish;
  • Stresslardan maksimal darajada qochish.
Yuqorida sanab o‘tilgan chora tadbirlarni bajarib, hattoki qarilik vaqtida ham xotiralarni saqlab qolishingiz mumkin. Salomat bo‘ling!

© Maqola 01.06.2018 sanasida yangilandi.

ico
Xavfli o‘sma kasalliklarini klinik belgilari va erta aniqlash usullari (Mutaxassislar uchun)

Dunyo bo‘yicha barcha davlatlarda onkologik kasalliklarning o‘sishi kuzatilmoqda. Shu bilan birgalikda o‘lim ko‘rsatkichi yildan-yilga o‘sib borayotgani sir emas. Buning asosiy sabablaridan biri o‘sma kasalliklarining o‘tib ketgan bosqichlarda aniqlanishi, yashirin kechishi va erta bosqichda aniqlanmasligidir.

Har yili dunyo bo‘yicha 14 milliondan ortiq kishida onkologik kasallik turlari aniqlanadi, o‘lim ko‘rsatkichi esa 8 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Onkologik kasalliklar ichida eng ko‘p uchraydigan turlari – o‘pka, sut bezi, to‘g‘ri va ko‘ndalang chambar ichak, me’da, teri, jigar va prostata bezi saratonlaridir.

Xavfli o‘sma

Oxirgi yillarda tuxumdon, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i a’zolari, bosh miya, buyrak, siydik qopi o‘smalarining ko‘payishi kuzatilmoqda. Bolalarda xavfli o‘sma kasalliklari 2,5-3 foizni (umumiy kasalliklar strukturasida) tashkil qiladi. Onkologik kasalliklarni barvaqt bosqichlarda aniqlash imkoniyati haligacha yaratilmagan, bu esa o‘lim ko‘rsatkichi o‘sishiga olib kelmoqda. Kasallikni erta aniqlashda uning dastlabki belgilari (simptomlari)ga e’tibor berish kerak.

Kasallik rivojlanishida klinik belgilar muhim axamiyatga ega. O‘sma jarayoni uzoq yillar rivojlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, (10-20 yilgacha) va u 80 foiz bemorning to‘qimalarida o‘smaoldi o‘zgarishi yoki o‘smaoldi kasalliklaridan keyin rivojlanishi mumkin. Shuning uchun o‘sma kasalliklarining o‘ziga xos belgilari kuzatilmaydi, bo‘lsa ham uni ilg‘ab olish qiyin. Bundan tashqari, har bir a’zoning o‘ziga yarasha o‘smaoldi kasaliklari mavjud bo‘lib, ma’lum bir klinik ko‘rinishga egadir.

Xavfli o‘smaning rivojlanishi har bir a’zoga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Organizmdagi o‘smaoldi kasalliklarini o‘z vaqtida aniqlab, uni davolash uning rivojlanishini bartaraf qiladi. O‘smaoldi kasalliklariga tug‘ma anomaliyalar, surunkali o‘zgarishlar, uzoq vaqtdan buyon bitmayotgan yaralar, oqmalar, jarohatdan keyingi o‘zgarishlar, xavfsiz o‘smalar, to‘qimalardagi giperplastik va o‘smaoldi o‘zgarishlari kiradi.

O‘smaoldi kasalliklari

Barcha o‘smaoldi kasalliklari 2 turga bo‘linib, ular xavfli o‘smaga ikki xil yo‘l bilan aylanadi:

  1. Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari.
  2. Obligat o‘smaoldi kasalliklari.

Fakultativ o‘smaoldi kasalliklari

Fakultativ o‘smaoldi kasalliklariga quyidagilar kiradi: teridagi qarilik keratozi, bachadon bo‘yni leykoplakiyasi, eroziyasi, me’da, yo‘g‘on ichak polipi, fibroz-kistoz mastopatiya, fibroadenoma, teratomalar, kuygandan keyingi chandiqlar, oqma yaralar, bachadon bo‘yni gormonal giperplaziyasi. Ushbu kasalliklar o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lib, uzoq vaqt mobaynida organizmda rivojlanib, 5 foizgacha xavfli o‘smalarga aylanishi mumkin.

Obligat o‘smaoldi kasalliklari

Obligat o‘smaoldi kasalliklari aksariyat hollarda xavfli o‘smaga aylanishi mumkin. Shuni inobatga olib, olimlar xavfli o‘sma kasalliklarining dastlabki simptomlarini obligat kasalliklardan qidirish kerak, deyishadi. Obligat kasalliklar turiga yo‘g‘on ichak polipozi, terining pigmentli kserodermasi, teri Bouen dermatozi, Pedjet kasalligi, bachadon bo‘yni displaziyasi, me’daning tana qismi kallyoz yarasi, eroziv egofagit, yarali rektit, indurativ pankreatit va boshqa kasalliklar kiradi. Ushbu kasalliklarning xavfli o‘smalarga o‘tishi uzoq davrni tashkil qiladi (20-30 yil).

Xavfli o‘smalarning klinik belgilari

Xavfli o‘sma rivojlanishi uzoq davom etadigan jarayon bo‘lib, klinik simptomlar shunga yarasha namoyon bo‘ladi. Klinik simptomlarning rak kasalligida paydo bo‘lishi ko‘p jihatdan xavfli o‘smaning qaysi bir a’zoda paydo bo‘lishiga, uning gistologik strukturasiga, kasallik bosqichiga, metastaza borligiga va klinik shakliga bog‘liqdir. Xavfli o‘sma klinik simptomlarining paydo bo‘lishi, ko‘p jihatdan o‘sma jarayonining rivojlanishiga bog‘liq.

L. Shabad (1979 y.) xavfli o‘smalar organizmda rivojlanishida quyidagi bosqichlardan o‘tadi:

  1. Kasallik rivojlanadigan a’zodagi hujayralarda diffuz giperplaziya, yallig‘lanish yoki regenerativ o‘zgargan to‘qimalar davri;
  2. Diffuz giperplaziya o‘rnida o‘choqli proliferatlar rivojlanadi;
  3. O‘choqli proliferatlar qo‘shilib, xavfsiz o‘sma shaklini qabul qiladi;
  4. Xavfsiz o‘smalar keyinchalik qulay sharoitda xavfli turga aylanadi. Mana shu davrda xavfli o‘smalarning dastlabki simptomlari paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni ushbu bosqichda aniqlash maqsadga muvofiqdir.

Xavfli o‘sma kasalliklarining asosiy klinik simptomlari:

  •  mahalliy (tugunli o‘smaning aniqlanishi, o‘choqli o‘zgarishlar, o‘smadan qon ketishi, yaralanishi, undan turli ajralmalarning hosil bo‘lishi, og‘riq, boshqa a’zolar faoliyatining buzilishi va boshqalar;
  • umumiy (tana harorati ko‘tarilishi, varaja, terlash, uyqusizlik, kaxeksiya, havo yetishmasligi, qorinda og‘riq, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi va boshqalar);
  • o‘smaning metastatik zararlanish simptomlari (patologik sinish, og‘riq sindromi, havo yetishmasligi, qorin va ko‘krak bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilishi, ichki a’zo faoliyatining buzilishi, nevrologik buzilish va boshqalar).

O‘sma kasaliklarini erta bosqichlarda aniqlash uchun umumiy amaliyot shifokorlarining onkologik ehtiyotkorligini va aholi tibbiy savodxonligini oshirish kerak.

Onkologik ehtiyotkorlik

Onkologik ehtiyotkorlik quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. Shifokor kasallikning erta bosqichdagi simptomlarini bilishi;
  2. O‘smaoldi kasalliklari haqidagi axborotga ega bo‘lishi va uni davolashi;
  3. Onkologiya xizmatining holatini bilish va bemorni kerakli mutaxassisga yuborish;
  4. Bemorni sinchkovlik va zamonaviy usullar bilan tekshirish, malakali mutaxassisga yuborish;
  5. Bemorga onkologik kasallikning tashxisini qo‘yishda malakali mutaxassislarni jalb qilish va davolash taktikasini hal qilish.

Onkologik kasalliklar ichida dastlabki bosqich quyidagi a’zolarda ko‘proq aniqlanadi: teri saratoni va melanomasida, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, bachadon bo‘yni va to‘g‘ri ichak, prostata bezi saratonida. O‘pka, jigar va me’da saratonlarida zamonaviy tekshirish usullarini keng miqyosda qo‘llab erta bosqichda aniqlash mumkin (ultratovush usuli, multispiral kompyuter tomografiyasi, videogastrofibroskopiya).

Xavfli o‘sma kasalliklarida skrining tekshiruvi foydalari

Aholi orasida skrining tekshiruvining o‘tkazilishi xavfli o‘smalarni hali simptomlari paydo bo‘lmasdan yoki dastlabki simptomlar namoyon bo‘lganda aniqlash imkoniyatini yaratadi.

Hozirda keng miqyosda quyidagi kasalliklarda skrining tekshiruvi qo‘llanilmoqda:

  1. Mammografiya va o‘sma markerlarini aniqlash (SA-15-3) – sut bezi saratonida (50 yoshdan oshgan ayollarda bir yilda bir marta).
  2. Najasda qonni aniqlash (gemokult), sigmoskopiya, kolonoskopiya to‘g‘ri va yo‘g‘on ichak saratonida (bir yilda bir marta).
  3. Pap-test va kolposkopiya bachadon bo‘yni saratonida (har 6 oyda).
  4. Ultratovush tekshirish usuli va o‘sma markerini aniqlash (RSA) prostata bezi saratonida (har 6 oyda).
  5. Multispiral kompyuter tomografiya o‘pka saratonida (1 yilda bir marta).

Ushbu tekshirishlarni aholi orasida xavf omiliga ega bo‘lgan insonlarda o‘tkazish yuqori darajada o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkonini yaratadi. Bundan tashqari, xavfli o‘smalarning klinik simptomlari namoyon bo‘lmaganda, morfologik jihatdan surunkali kasalliklar yoki xavfsiz o‘smaning xavfli o‘smaga o‘tish bosqichini morfologik o‘zgarishlar darajasida aniqlash kelajakda bemorni to‘liq davolash imkonini beradi. Bemor bilan shifokor orasidagi suhbatda kasallikning rivojlanish bosqichiga (anamnez), klinik simptomlari rivojlanishiga va bemorning umumiy ahvoliga e’tibor qaratish kerak.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, tashqi a’zolarda joylashgan o‘smalarda (teri, sut bezi, og‘iz bo‘shlig‘i, yumshoq to‘qima) va vizual jihatdan ko‘rish imkoniyati bor a’zolardan (bachadon bo‘yni, qin, prostata bezi, to‘g‘ri ichak, burun-halqum) xavfli o‘smalarini aniqlashda dastlabki simptomlar quyidagilardan iboratdir: paypaslanadigan hosila, chegaralari noaniq, atrof to‘qimada infiltrativ o‘zgarish borligi bilan ifodalanadi.

O‘smaning rivojlanishi unda yara hosil bo‘lishi, qonashi, hidli ajralmalar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Ushbu jarayonni o‘z vaqtida aniqlash va baholashda instrumental yoki kompyuter tomografiya tekshiruvini o‘tkazish shart emas. Shuni ta’kidlash lozimki, aksariyat hollarda bu o‘zgarishlarni bemorning o‘zi aniqlaydi. Lekin bemorning kasallikdan cho‘chib, tashxisi salbiy chiqishidan qo‘rqishi, bir necha oy mobaynida vrachga emas, aksincha tabibga murojaat qilishi o‘smaning rivojlanib ketishiga, dastlabki bosqichdan keyingi bosqichga o‘tishini tezlashtiradi (I bosqichdan III-IV bosqichgacha).

Shuning uchun har bir inson organizmida yuqoridagi simptomlar paydo bo‘lishi bilan darhol umumiy amaliyot shifokori, keyin esa onkolog ko‘rigi va maslahatiga borishi kerak. Agar bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilsa va davolovchi-vrach klinik simptomlarni to‘g‘ri talqin qilsa, yuqorida ko‘rsatilgan kasalliklarning 70 foiziga dastlabki (I-II bosqichda) rivojlanish davrida to‘g‘ri tashxis qo‘yish mumkin va ular to‘g‘ri davolansa, 90 foiziga 5 yillik ko‘rsatkichga erishish mumkin.

Ichki a’zolarda joylashgan xavfli o‘smalarda klinik simptomlar ko‘pincha o‘tib ketgan bosqichda namoyon bo‘ladi. Bemorda o‘z-o‘zidan ozib ketish, og‘riq paydo bo‘lishi, ishtaha bo‘g‘ilishi, ko‘ngil aynashi, qayt qilish, ich ketishi yoki qotishi, ichakdan patologik ajralmalarning ketishi (qon, shilimshiq, hidli ajralma, ichning qora kelishi, axlatda yoki siydikda qon paydo bo‘lishi, qayt qilganda qon bo‘lishi, yo‘talganda balg‘am bilan qon ketishi, qorin yoki ko‘krak qafasida suyuqlik yig‘ilishi, oyoq yoki qo‘lning o‘sma rivojlanishi natijasida sinishi) dardning o‘tib ketgan bosqichlarida aniqlanadigan simptomlaridir. Aksariyat holatda ichki a’zolar xavfli o‘smasida klinik simptomlar dastlabki bosqichda yaqqol namoyon bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik bemorlar (80 foizgacha) onkologiya muassasalariga kasallikning o‘tib ketgan bosqichlarida xuddi shunday simptomlar bilan murojaat qiladi. Kasallikni erta bosqichda aniqlash uchun xavf omillari bor bemorlarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, ularni dispanser hisobiga olib, tez-tez davolash, morfologik tekshiruvlarini o‘tkazib turish kerak (surunkali kasalliklarda, xavfsiz o‘smalarda, irsiyatga moyil bo‘lgan yallig‘lanish jarayoni ko‘p xuruj beradigan aholi guruhlarida). Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).

Aholi orasida xavf guruhi ichida klinik simptomlar rivojlanishiga va namoyon bo‘lishiga e’tibor qaratish kerak. Albatta, ushbu guruhga mansub aholi orasida zamonaviy tibbiy asbob-anjomlar bilan tekshirishni yo‘lga qo‘yish kerak (magnit-rezonans tomograf, multispiral kompyuter tomografiya, dopler ultratovush tekshiruvi, endoskopik tekshiruvlar, radioizotop tekshiruvi, pozitron-emission tomografiya).

Shuni aytish mumkinki, xavfli o‘sma kasalliklarini barvaqt aniqlash imkoniyati mavjud. Birinchi navbatda, kasallikning klinik simptomlarini to‘g‘ri talqin qilish, aholi orasida xavf guruhiga mansub bo‘lgan insonlarni to‘liq tekshirish va dispanser hisobiga olish, o‘z vaqtida o‘smaoldi kasalliklarini aniqlash, ularning nazoratini olib borish va davolash, zamonaviy tibbiy usullarni keng miqyosda qo‘llash (molekulyar-biologik, molekulyar-genetik, endoskopik, ultratovush, kompyuter tomografiya) maqsadga muvofiqdir. Bu asosiy vazifa umumiy amaliyot shifokoriga yuklatiladi, sababi, bemor birinchi marotaba umumiy amaliyot shifokoriga murojaat qiladi.

Shunday ekan, har bir shifokor saraton kasalliklariga jiddiy yondashgan holda to‘g‘ri tashxis belgilash jarayonida xatolikka yo‘l qo‘ymasligi va bemorni o‘z vaqtida onkolog-shifokorga murojaat etishini ta’minlashi muhimdir.

Ushbu maqolani ham o‘qing: Saraton  -  ruhiyat iztirobi natijasi

M. G‘OFUR-OXUNOV,
Toshkent shahar onkologiya dispanseri bosh shifokori, professor.
"O‘zbekistonda sog‘likni saqlash" gazetasi.

ico
Xavfli virus: Koksaki virusi
Koksaki virusi enteroviruslar, ya’ni oshqozon-ichak viruslari toifasiga kiradi. Mazkur virus ekzantemali enterovirus stomatit infeksiya jarayonini qo‘zg‘atishi bilan xavflidir. koksaki virusi Bu virus birinchi marta AQSHning Koksaki shaharchasida qayd etilgan. Fanga koksakining 30 ga yaqin turi ma’lum.

Virus qanday yuqadi?

Koksaki asosan havo-tomchi yo‘li bilan yuqadi. Virus muhitga moslashuvchanligi bilan xavflidir. Oddiy vodoprovod suvida ushbu virus 780 kungacha yashashi mumkin. Koksaki bolalar infeksiyasini qo‘zg‘atuvchi virus sifatida asosan yosh bolalarda uchraydi. Odatda virus yuqqanidan keyin kasallik 7 kundan 10 kungacha davom etadi. Kamda-kam hollarda kasallik tananing suvsizlanishi,
meningit yoki ensefalit (bosh miyaning shamollashi) bilan kechadi.

Kasallikning dastlabki belgilari

Koksaki virusining dastlabki belgilari kasallik yuqqanidan keyin bir kun ichida namoyon bo‘la boshlaydi. Bolaning umumiy holati va virusning turiga o‘kra dastlabki belgilar turlicha kechadi:
  • tana haroratining 38 darajagacha ko‘tarilishi;
  • umumiy holsizlik;
  • ko‘ngil aynishi va qayt qilish;
  • ich ketishi;
  • og‘izning shilliq qatlamida, ichki tomoq qismida og‘riqli toshmalar paydo bo‘lishi;
  • kaftda, oyoq ostida, barmoqlar orasida kichkina suvli toshmalarning toshishi bilan kuzatiladi.
Faqat laboratoriya tahlili orqali koksakini aniqlash mumkin.

Kasallik aniqlanganda bolani qanday davolash mumkin?

  • Bola to‘liq tuzalib ketmaguncha yotishi zarur;
  • Ko‘p suyuqlik ichish;
  • Bolada diareya yoki qayt qilish holati kuzatilganda maxsus tayyorlangan dorilar ichishi tavsiya etiladi.
  • Shuningdek, shifokor ko‘rsatmasiga qat’iy amal qilish zarur.

Virusdan qanday saqlanish mumkin?

Kasallikni yuqtirmaslik uchun oddiy sanitariya qoidalariga rioya etish, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin yaxshilab yuvish, umumiy cho‘milish havzalaridagi suvni yutmaslik va ovqatlanish uchun ishlatiladigan idishlarni toza saqlash kerak.

© Muhayyo Saidova. Qalampir.uz

ico
Xolesterin haqida nimalar bilasiz?

Shifokorlar bizlarni hamisha sihat-salomatlikka jiddiy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan “xolesterin” deb nomlangan mumsimon yog‘ moddasi bilan qo‘rqitib kelishadi. Odatda ortiqcha xolesterin yurak-qon tomir tizimlariga ziyon yetkazuvchi omillardan asosiysi hisoblanadi. Bunday vaziyatlarda nixoyatda yog‘li oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

xolesterin Qon tarkibidagi xolesterin miqdori me'yoridan oshib ketsa, turli xildagi kasalliklar, shu jumladan, yurak - qon tomir tizimi faoliyati bilan bog‘liq og‘ir xastaliklarning rivojlanishi uchun qulay sharoit paydo bo‘ladi. Biroq, hamma narsa biz o‘ylaganimizdek oddiy emas. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimizki, odam organizmida xolesterin meyoridan ortiq, va aksincha, past darajada bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, ayrim toifadagi odamlar uchun organizmdagi xolesterin moddasining miqdori yuqori darajada bo‘lishi tabiiy holdir. Ba’zi holatlarda bu odamning genetik xususiyatlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Shu o‘rinda aytib o‘tmoqchimizki, ayrim odamlar organizmida zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin (mutaxassislar odatda bunday alomatni sihat-salomatlik uchun o‘ta noxush belgi deb baholashadi)ning meyordagi holatdagidan ancha yuqori bo‘ladi. Shifokorlar bunday holatlarda oilaviy giperxolesterinemiya degan tushunchadan foydalanishadi. Bunday xastalik besh yuzta odamdan birida kuzatiladi. Organizmdagi xolesterin miqdori 300-600 mg/dl.ni tashkil qilishi mumkin.

Bunday xastalikka chalingan odamlarning gen tizimida ikkita nuqsonli genlar (ular ota va onadan o‘tadi) mavjud bo‘ladi. Bunday hollar 1 mln. ta odamlar orasida bir kishida uchraydi. Bunday xususiyatga ega bo‘lgan bemorlarda xolesterinning miqdori 1000 mg/dl.ni tashkil qiladi. Bunday klinik alomatlari bor bo‘lgan odam odatda 20 yildan ortiq umr ko‘rolmaydi.

Ikkinchidan, qon tomirlari xolesterindan iborat tiqinlarga to‘lib toshganida ular xuddi mumdek ko‘rinadi. Zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin arteriyalarning devorlarida to‘planib boraveradi. Shu zayilda mum kabi yig‘ilib borayotgan xolesterin vaqti-soati kelib qon tomirlari bo‘ylab harakatlanadigan qonni yo‘lini to‘sib qo‘yadi va tromb (ivib qolgan qon quyqasi)larni hosil qiladi. Xolesterin to‘planib borayotgan arteriyalarning devori elastiklik xususiyatini yo‘qotib boraveradi.

Uchinchidan, organizmda xolesterin miqdorining darajasi meyoridan oshib ketsa, buning alomatlarini bevosita kuzatish mumkin. Odatda bunday klinik alomatlari bor bo‘lgan odamning terisida qizg‘ish-sarg‘ish rangli qavariq (ksantom)lar paydo bo‘ladi. Bunday alomatlar butun tana bo‘ylab tarqalgan bo‘ladi. Ular odatda yoshi katta odamlarda, qandli diabetga chalingan bemorlarda tez-tez kuzatiladi. Ksantomlar oilaviy giperxolesterinemiyaga chalingan bemorlarda yoshlik davridayoq namoyon bo‘lishi mumkin.

To‘rtinchidan, organizmdagi xolesterin miqdori meyoridan kam darajada bo‘lishi mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xolesterin miqdorining nihoyatda past darajada bo‘lishi ham sihat-salomatlik uchun xavfli. Ekspertlarning e’tirof etishicha, normal holatda organizmdagi xolesterin miqdori 200 mg/dl.ni tashkil qilishi lozim. Xolesterin miqdori bunday darajadan pasayib ketsa saraton kabi xavfli kasallikning kelib chiqish ehtimoli kuchayadi.

Olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, organizmdagi xolesterin miqdori meyoridan past bo‘lgan homilador ayollar aksariyat hollarda muddatidan ilgari tug‘ib qo‘yishar ekan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, organizmdagi umumiy xolesterin yoxud zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin miqdori meyoriga yetmaganida bunday odam hech bir sababsiz xavotirlanishi (vahimaga tushishi) va depressiyaga moyil bo‘lib qolishi mumkin.

Beshinchidan, hozirgi zamonda odam organizmidagi umumiy xolesterin miqdori asta-sekin pasayib bormoqda. Mutaxassislarning e’tirof etishicha, shu vaqtga qadar butun dunyo mamlakatlaridagi 20-74 yoshli odamlarning 33 foizida umumiy xolesterin miqdori 240 mg/dl.ni tashkil qilgan bo‘lsa, 1960 yillarga kelib mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha hisobda 222 mg/dl.ni, 2003-2006 yillarda esa 200 mg/dl.ni tashkil qilgan. Muhimi xastalikka chalinish xavfiga moyil guruhga kiritiladigan odamlarning salmog‘i ham ancha pasaygan (16 foizni tashkil qiladi).

Oltinchidan, muntazam ravishda bajariladigan jismoniy mashqlar tufayli organizm uchun foydali bo‘lgan xolesterin miqdori ancha oshadi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tmoqchimizki, bunday xushxabar mijozlarning irqi va jinsiga qarab ta’sir samarasini oshirar ekan. Qisqacha qilib aytganda, jismoniy mashqlar tufayli zichlik darajasi nihoyatda past bo‘lgan xolesterin miqdori asosan ayollarda, umumiy xolesterin miqdori esa ko‘proq afro-amerikalik irqqa mansub ayollarda pasaygan.

Yettinchidan, tarkibida mutlaqo xolesterin bo‘lmagan oziq - ovqatlar pirovard natijada organizmdagi xolesterin miqdorining oshishiga sabab bo‘ladi. Gap shundaki, tabiatda xolesterin hayvonlarning jigarida ishlab chiqariladi. Shuning uchun uni hayvon mahsulotlarida uchratish mumkin.

Yog‘da qovurilgan ovqatlar, oshirma xamirdan tayyorlangan konditerlik mahsulotlarining tarkibida trans-yog‘lar mavjud bo‘lib ular odam organizmiga tushgach xolesterin miqdorini oshirib yuboradi. To‘yingan yog‘lar umumiy xolesterin miqdorining oshib ketishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biridir. Shuning uchun do‘konlarda mahsulot xarid qilish chog‘ida ularning tarkibiy elementlariga (xususan, turli yog‘lar hamda xolesterinning miqdoriga) katta e’tibor bering.

Sakkizinchidan, organizmdagi umumiy xolesterin miqdorining oshib ketishi erkaklarning potensiyasi (jinsiy mayl)ni susaytirib yuboradi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, meyoridan ortiq darajadagi xolesterin yurak-qon tomir tizimiga jiddiy ziyon yetkazadi. Ammo shu bilan birga ortiqcha xolesterin kutilmaganda boshqa muammolarni ham keltirib chiqarishi mumkin ekan.

2005 yilda shved olimlari tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlarning taxminiy natijalarining ko‘rsatishicha, umumiy xolesterin miqdori 270 mg/dl.ni tashkil qilgan erkak kishilarda boshqalarga nisbatan olganda 4.5 barobarga ko‘proq holatlarda moyaklar saratoni rivojlangan. Bundan tashqari, umumiy xolesterin miqdori yuqori bo‘lgan erkak kishilarda buyraklar faoliyati ishdan chiqqan, Alsgeymer xastaligi rivojlanishiga moyillik borligi aniqlangan.

2009 yilda amalga oshirilgan yana bir ilmiy tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, tarkibida xolesterin miqdori ko‘p bo‘lgan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish jigar sirrozi hamda saratonining rivojlanishida muhim omil bo‘lgan.

© "Sog‘lom avlod" gazetasi.

ico
Xotira nega buziladi?
Xotira buzilishi sabablari ko‘p. Ular o‘tkazilgan bosh miya jarohatlari, spirtli ichimliklarni suistyemol qilish, ateroskleroz, tez-tez kuzatiladigan stress holatlari va h.k. Ko‘p odamlar qisqa muddatli xotira buzilishidan aziyat chekadi. Masalan, kimdir kecha nima ovqat yegani, kim bilan uchrashgani yoki ishxonadan qanday topshiriq olganini eslay olmaydi. Ba’zilar kimga necha pul bergani, qayerga borish kerakligi, kimga nima va’da qilganini unutib qo‘yadi. xotira buzilishi Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biroq ushbu odamlardan bolalik davrida nima ishlar qilgani, qaysi ustozidan qanday maqtov eshitgani yoki dashnom olgani, opasi yoki akasi bilan qaysi masala ustida tortishganini yaxshi eslashadi. Demak, bir necha yillar oldin bo‘lib o‘tgan voqealar yaxshi eslab qolinsa-da, kechagi kundagi voqealar unutilishi ko‘p odamda uchraydi. Tushdagi voqealarni eslab qola olmaslik ham xotira buzilishining bir turi bo‘lib, uning insonga ziyoni yo‘q. Yana shuni esda tutish lozimki, inson miyasi aslida zarur bo‘lmagan va ish faoliyatida ishlatilmagan ma’lumotlarni ham “xotira zahirasi” dan o‘chirib tashlaydi. Miya shu yo‘l bilan go‘yoki yangi ma’lumotlarga yo‘l ochadi. Xotira buzilishlarini davolash va oldini olish uchun ko‘p asabiylashmaslik, zarur bo‘lmagan ma’lumotlar bilan miyani charchatmaslik, to‘g‘ri ovqatlanish, spirtli ichimliklar ichmaslik, aqliy va jismoniy mehnat mutanosibligini saqlash muhim ahamiyatga ega. Agar xotira buzilishlari uzoqroq davom etsa nevropatologlar yoki neyropsixologga murojaat qilib davolanish tavsiya etiladi.
Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor. "Asab va ruhiyat" kitobi. Asab.uz

ico
Xurrakdan qutilish uchun foydali tavsiyalar
Xurrak atrofingizdagilarga noqulaylik tug‘dirish bilan birga salomatlik bilan bog‘liq ancha jiddiy asoratlarni ham keltirib chiqarishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, eng oddiy xurrak kinfartning paydo bo‘lish xavfini 43 foizga oshirar ekan. Bugun biz sizga xurrak haqida butunlay unutish uchun nima qilish kerakligi haqida aytmoqchimiz. xurrakdan qutilish

Yotish holatni o‘zgartirish

Xurrak ko‘pincha chalqancha holatda uxlashni afzal ko‘ruvchilarni ta’qib qiladi. Til xalqumga yaqinroq joylashadi va havoning normal aylanishiga to‘sqinlik qiladi va buning natijasida xurrak ovozi paydo bo‘ladi. Muammoni bartaraf qilish uchun o‘zingizni yonbosh holatda uxlashga o‘rgatishingiz kerak.

Baland yostiqda yotish

Yana bir yechimi — krovatning yuqori qismini ko‘tarish yoki boshning tagiga ko‘proq yostiqlar qo‘yish. Bunday holatda havoning aylanishiga hech narsa xalal bermaydi.

Shifokor yordami

Ba’zan shifokorga borishdan boshqa iloj qolmaydi. O‘pka kasalliklari, shamollash va hatto allergiya ham mo‘tadil nafas olishga to‘sqinlik qiladi, odam uyqusida og‘iz orqali nafas ola boshlaydi — bu xurrakning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Sport

Semirish — xurrakning eng keng tarqalgan sabablaridan biri. Xalqum juda nozik soha bo‘lib, hatto unchalik katta bo‘lmagan yog‘ miqdori ham uning to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatishiga xalal beradi. Shuning uchun sport bilan shug‘ullaning!

Quruq havo

Ba’zida xurrak muammosining eng oddiy yechimi havo namlagich sotib olish bo‘ladi. Quruq havo nafas olish yo‘llarini doimiy ravishda qo‘zg‘atadi. Xonani shamollating, bu yordam berishi aniq.

Chekishni tashlash

Nikotin doimiy qo‘zg‘atuvchi sifatida ishtirok etadi, buning natijasida burun-xalqumda surunkali yallig‘lanish reaksiyasi sodir bo‘ladi. Shuning uchun chekishni tashlaganingiz ma’qul.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Xurrak otish: sababi, oqibati va davosi

Trendymen.ru / Daryo.uz

ico
Xona va ofis uchun eng foydali gullar
Turli maishiy texnika, plastik mebellar, linoleum, panellar, bo‘yoqlar, kir yuvish kukunlari va vositalari xona hamda ofislardagi havoni benzol, fenol, formaldegid, karbonat angidrid gazi, azot oksidlari va ammiak bilan zaharlaydi. Bugun biz xona va ofislarda ekologik vaziyatni yaxshilashga yordam beruvchi xona gullari bilan tanishamiz. [caption id="attachment_6871" align="aligncenter" width="640"]xona uchun gullar Xona va ofis uchun eng foydali gullar | Avitsenna.uz[/caption]

Shefflera (soyabon daraxti)

Chekuvchilar yashaydigan yoki ishlaydigan xonalarda o‘stirish mumkin. Bu o‘simlik tamaki tutuni tarkibidagi nikotin va smolani tez “yutib yuboradi”.

Tillarang ssindapsus (tilla epipremnum yoki potos)

Havoni benzoldan tozalaydi. O‘simlikning keng barglari bu moddani katta miqdorda ham “o‘zlashtira” oladi. Potos tez o‘sadi, uni ko‘p sug‘orish ham talab etilmaydi.

Dratsena

Formaldegidni zararsizlantiradi. Bu o‘simlik oz miqdorda bo‘lsa ham, laklar, yelim va mebeldan chiqadigan formaldegidni zararsizlantiradi.

Xlorofitum

Havoga chiqariladigan gazlarni yaxshi “o‘zlashtiradi”. Shuning uchun birinchi va ikkinchi qavatda istiqomat qiluvchilar uchun bu gul juda foydali.

Xamedoreya (xonaki palma)

Havoni namlantiradi, plastmassadan chiqadigan moddalarni filtrlaydi.

Pechak

Havoni tozalash bo‘yicha rekordchi o‘simlik hisoblanadi. U formaldegid, benzol, ammiak kabi zaharli moddalarni o‘ziga singdiradi.

Benjamin fikusi

Havoni eng yaxshi tozalovchi o‘simliklardan ikkinchi o‘rinda turadi. Pechak singari ko‘pgina zaharli moddalarni o‘ziga singdiradi va changni oxanrabodek o‘ziga tortib oladi.

Madina Muhammadiyeva. Qalampir.uz nashri.

ico
Xotira - doim yonib turadigan sham
Amerikalik kibernetik, neyrofiziolog, psixiatr – Grey Uolter o‘zining «Tirik miya» kitobida xotiraga shunday tushuncha beradi: «Xotira- doimiy yonib turadigan shamdir». Agar yanada qisqa qilib aytiladigan bo‘lsa: «Xotira- bu inson tug‘ilgan paytidan boshlab butun umr davom etadigan jarayon». Agar odam faol va ko‘p o‘qisa, tafakkur qilsa, oldidagi vazifalarni ijodiy hal qilsa, uning xotirasi nur kabi yorishib miyasining barcha sohalarini yoritadi va barcha kerakli malumotlar miyasiga mustahkam o‘rnashib qoladi. Agar aksi bo‘lsa, odam danagasalik qilsa, o‘qimasa, miyasini tafakkurga undmasa uning xotirasi so‘nadi. «Bir qulog‘idan kirib, ikkinchi qulog‘idan chiqib ketdi» iborasi aynan shunday odamlar haqida.

Xotira

Xotira – bu eslab qolish, esda saqlash, keyinchalik yodga olish va avval idrok etilgan, boshdan o‘tkazilgan yoki bajarilgan narsa va hodisalarni tanib olish bilan bog‘liq o‘tmishdagi tajribalarni aks ettiradi. Xotira ruhiy holatning asosiy va murakkab qismini tashkil etadi. Ma’lumki, odam tug‘ilgan soatidan to so‘nggi nafasigacha doimiy tashqi muhitning ta’sirida bo‘ladi. Kuzatishlardan olingan, o‘qilgan va eshitilgan ma’lumotlar yoki kishi shohid bulgan har hil hodisalar odamning ongida ma’lumot sifatida saqlanib qoladi. Shu saqlanib qolgan ma’lumotlarning hammasi xotira deb ataladi. Xotira shartli ravishda uch qismga bo‘linadi:
  • Eslab qolish (fiksatsiya).
  • Ularni uzoq muddat ichida saqlash (retensiya) qobiliyati.
  • Qaytadan eslash, yodga olish (reproduksiya).
Xotiraning taassurotlarni yodlab olish, saqlab qolish va ularni zarur vaqtida qaytadan tiklash jarayonlarining hususiyatlari vaqtga bog‘lik, ya’ni ma’lum bir tartibda vaqtga nisbatan ketma-ketlik bilan va mantiq qoidalariga amal etilgan holda kechadi. Xotiraning yana bir boshqa sifati shundan iboratki, inson xayoti uchun zarur bo‘lmagan ma’lumotlar kisqa muddat ichida (ba’zan tez kunda, ba’zan sekin-asta) esdan chiqariladi. Ammo bu ma’lumotlar xotiradan o‘chmagan holda kishilar ongining tubida saqlanib turadi. Xotiraga bog‘lik bo‘lgan hamma hususiyatlar bolalar tug‘ilib nutqi rivoj topganidan boshlab to o‘smirlik (12-14 yoshlar) davriga yaxshi rivojlanib boradi. So‘ngra unga nisbatan sekinroq bo‘lsa ham uning rivoji 22-25 yoshlargacha davom etadi. Odam bu yoshda har tomonlama kamol topadi. 45-50 yoshdan boshlab xotira ruhiy sog‘lom kishilarda ham asta-sekin pasayadi. Shaxsning yolg‘iz o‘ziga xos hususiyatlari uning tarbiyasi va boshqa omillarga qarab,xotirani ko‘ruv, eshituv, xarakat yoki aralash turlarga ajratish mumkin. Keyingi paytlarda xotirani kisqa muddatli (operativ) va uzoq muddatli (dolgosrochniy) turlari ustida ham mulohazalar yuritilayapti. Undan tashqari,xotirani taqlid kilish (mexanik) va mantiqiy (logik) turkumlarga ham bo‘ladilar. Mexanik(taqlid) turi ko‘prok yosh bolalik davriga to‘gri kelishi kerak. Chunki so‘z va gapning mazmunini tushunmasdan turib bolalar taqlid etish qobiliyatiga asoslanib xotirani rivojlantirishlari mumkin. Bunday alomatlar tug‘ma aqli norasoligi bo‘lgan bemorlarda ham uzoq vaqtgacha kuzatilishi mumkin. Malumotlarni o‘zlashtirish va umuman xotiraning sifatlari ularning qiziqarli bo‘lishiga bog‘lik, mustahkamligi esa mashqqa va qaytadan eslab turishga bog‘lik. Xotiraning sifati odamning tarbiya topayotgan muhitiga, oilaning madaniyati-saviyasiga, odamlarning kayfiyatiga, kasbiga, sog‘ligiga va boshqa omillarga ham bog‘liqdir.

© Neyro.uz nashri.

ico
Xurmoning salomatlik uchun qanday foydali jihatlari bor?
Kuz ne’mati – xurmo tarkibidagi glyukoza va fruktoza kabi yengil hazm bo‘luvchi moddalarning ko‘pligi tufayli uning ikki-uch donasi ham qorningizni to‘ydirishi mumkin. Bu meva tarkibidagi natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir moddalari bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Pishgan xurmo me’da-ichak tizimi, jigar faoliyati, ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, teri va jinsiy bezlar faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Xurmo qovoq, chakanda, o‘rik va boshqa sariq-zarg‘aldoq tusli sabzavotlar va mevalar kabi yosh o‘tishi bilan yuzaga keladigan o‘simtalarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. U hujayra tuzilmalarini shikastlovchi erkin radikallarga qarshi juda kuchli antioksidant hisoblanadi. Xurmo terining keksayish belgilariga qarshi kurashadi, buyrakdagi toshlardan xalos etadi. Tarkibidagi magniy moddasi buyrakda toshlar hosil bo‘lish ehtimolini kamaytiradi. Organizmdan natriy tuzlari chiqishiga yordam beradi. Shuningdek, xurmo yurak kasalliklariga juda foydali. Yana shifokorlar ushbu mevani varikoz va milklar qonashidan aziyat chekuvchi kishilarga tavsiya etadi. Xurmo ichak tayoqchasi, oltinrang stafilokokga qarshi bakteritsid ta’sirga ega. Uning sharbati surunkali diareyadan xalos bo‘lishda yordam beradi. Bundan tashqari, u asab tizimini tinchlantiradi, kishining ish layoqatini oshiradi. Buning uchun 6 ta pishgan mevani bo‘laklarga bo‘lib, qaynab turgan suvga soling va 20 daqiqa davomida qopqog‘i yopiq holda saqlang. Qaynatmani dokada suzib, 0,5 litrdan har 4 soatda iching. Xurmo tarkibida yengil o‘zlashtiriladigan qandlar miqdori ko‘p bo‘lgani bois, u semirish va qandli diabet kasalliklariga chalingan kishilarga tavsiya etilmaydi.
Foydali maqola: Xurmo (Diospyros) tabiiy mo‘jiza

© Vasila PO‘LATOVA. "Sog‘lom avlod" gazetasi.

ico
Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili
Sog‘liq uchun xavfli oziq-ovqat mahsulotlari insoniyat tarixining ilk davridan boshlab odamzotga muammo bo‘lib kelgan. Bugungi kunda biz duch keladigan ko‘pgina muammolar aslida yangilik emas. Jahonda barcha davlatlar oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga doir imkon boricha katta kuch va ko‘p mablag‘ sarf qilganlariga qaramasdan rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda ham oziq-ovqat mahsulotlarining zararlanishidan paydo bo‘ladigan kasalliklar sog‘liqni saqlashning jiddiy masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ich ketish (diareya) xastalliklari sababli dunyoda har yili 1,8 million kishi vafot etishi hisoblab chiqilgan. Bunday holatlarning aksariyati ifloslangan oziq-ovqat mahsulotlari yoki toza bo‘lmagan suvni iste’mol qilinishi bilan bog‘liq. Oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri tayyorlash – ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarining oldini oladi.
200 dan ortiq ma’lum bo‘lgan xastaliklargina oziq-ovqat mahsulotlaridan zararlanish sababli vujudga keladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ovqat tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi kishilar o‘rtasida ularning oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashda tibbiy savodxonligini oshirish muhim ekanligini ancha oldin aniqlagan edi. 1990 yillar boshida JSST “Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi” ni ishlab chiqdi va bu qoidalar faol ravishda turli tillarga tarjima qilinib, ko‘plab nusxalarda nashr etildi. Lekin bu ishni amalga oshirish jarayonida yanada sodda va hammabop qo‘llanma kerakligi ayon bo‘ldi. Xavfsiz ovqatlanish va xavf omillari bo‘yicha mutaxassislar orasida bo‘lib o‘tgan, sal kam bir yil davom etgan bahs – munozaralardan so‘ng JSST tomonidan “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” deb nomlangan plakat ishlab chiqildi. Uning mazmuni aholining eslab qolishini osonlashtirish maqsadida soddalashtirilgan. Xavfsiz ovqat tayyorlashning o‘n olti qoidasi, shuningdek, tavsiya etilgan choralarning batafsil keltirilgan asoslari kiritildi. Oziq-ovqatlarning xavfsizligi buzilgan holatlar sababli rivojlanadigan kasalliklar ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlar uchun birday muammodir. Tibbiy xizmat tizimining katta foizi shu muammoni hal etish bilan band bo‘ladi. Ko‘proq maktabgacha va boshlang‘ich maktab ta’limi yoshidagi bolalar, qariyalar va bemorlarga bu salbiy holat ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, yuqorida bayon etilgan sabablar yana davlat iqtisodiyoti, milliy rivojlanish va xalqaro savdo-sotiqqa ham katta zarar yetkazadi. Bemorlar diareya (
ichketish) sababli oriqlab ketadi. Natijada ular og‘ir ahvolga tushadi. Mikroorganizmlar shunchalik kichkinaki, to‘g‘nog‘ich boshiga ularning milliontasini joylashtirish mumkin. Bakteriyalar, viruslar, zamburug‘lar, mog‘or va parazitlar bularning hammasi mikroorganizmlardir. Oziq-ovqat mahsulotlarining hidi, mazasi, ko‘rinishi ularning xavfsiz ekanligidan yetarli darajada dalolat bermaydi. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’molga yaroqsiz qiladigan mikroorganizmlar ovqatning tashqi ko‘rinishini o‘zgartiradi va ularni xavfli mahsulotga aylantiradi. Masalan, non ustidagi mog‘or zamburug‘i zaharli modda (toksin)larni ishlab chiqaradi. Oziq-ovqat mahsulotlari orqali kasallik chaqiradigan, asosan keng tarqalgan xavfli mikroorganizmlarga quyidagilar misol bo‘la oladi:
  • Bakteriyalar – salmonella, shigella, campylobacter va e.coli ichak tayoqchasi;
  • parazitlar – giardia, trixinella;
  • viruslar-A gepatiti, norovirus kabilardir.
Mikroorganizmlar hamma yerda mavjud. Lekin ko‘proq ular najasda, tuproq va suvda, kalamush, sichqon, hashorat va zararkunandalarda hamda uy va suv hayvonlari, qoramolda, shuningdek, odamlarda uchraydi. Mikroorganizmlar harakat qilishi uchun kimdandir yoki nimadandir foydalanadi. Ular bir joydan boshqa joyga kir tirnoq va qo‘llar orqali o‘tadi. Mitti zararkunandalar ifloslangan suv yoki oziq-ovqat mahsulotlari orqali tarqalishi mumkin. Uy hayvonlari ham ifloslanish manbai bo‘ladi. Agar virus bilan zararlangan oshxona xodimi taom tayyorlashni davom etirayotgan bo‘lsa, ba’zi viruslar yegulik orqali xaridorga o‘tishi mumkin. A gepatiti va noroviruslar aynan shu tarzda yuqadi. Zoonoz – hayvonlardan odamlarga o‘tadigan mikroorganizmlar chaqiradagan yuqumli kasallik hisoblanadi. Parranda grippi va e.coli 0157 infeksiyalari zoonozga misol bo‘ladi. Parranda grippi odamlarga parrandalar bilan bevosita aloqa qilish yoki ular najasi bilan ifloslangan narsalardan foydalanish natijasida yuqishi mumkin. Aksariyat mikroorganizmlar koloniyasi tezda ko‘payish yo‘li bilan keng joyni egallaydi. Ko‘payish uchun ularga quyidagi qulay omillar kerak: oziqlanish, suv, vaqt, issiqlik. Go‘sht, dengiz mahsulotlari, pishirilgan guruch, makaron, sut pishloq va tuxum mikroorganizmlar ko‘payishi uchun eng qulay muhit bo‘lib xizmat qiladi. Bitta bakteriya 1,5 soniya davomida ikkinchisini vujudga keltiradi. Bu degani 6 soat davomida bitta bakteriya 16 millionga ko‘payadi. Zararlash darajasiga yetishi uchun ba’zi mikroorganizmlar juda ko‘p miqdorda ko‘payishi kerak. Boshqa bakteriyalar kam miqdorda ham kasallik qo‘zg‘atishi mumkin. Viruslar o‘lchamlari jihatidan bakteriyalarga qaraganda ko‘p marotaba kichik bo‘ladi. Ular suv yoki oziq-ovqat mahsulotlarida rivojlanmaydi, lekin ular orqali o‘tishi mumkin. Milliardlab insonlarda yiliga bir marotaba yoki undan ko‘p marta oziq-ovqatdan kelib chiqadigan kasallik xuruji kuzatiladi. Ularning o‘zlari xastaligiga mikroorganizmlar bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari sababchi ekanligini bilmaydilar ham. Oziq-ovqatdan kelib chiqadigan xastaliklarning keng tarqalgan belgilari quyidagilardan iborat: Me’da og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, ich ketishi va qusish holatlari kabidir. Ushbu belgilar kasallik sababi bilan bog‘liq. Bu kabi xastalik belgilari bemor taom iste’mol qilganidan so‘ng darhol yoki bir necha kun va hattoki, bir necha haftadan so‘ng paydo bo‘lishi mumkin. Oziq-ovqatdan kelib chiqadigan ko‘pgina dardlarda belgilar bemor oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilganidan 24-72 soat o‘tgach paydo bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida sog‘liq bilan bog‘liq uzoq davom etadigan jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Juda og‘ir kasalliklar, saraton, bo‘g‘imlar yallig‘lanishi, asab kasalliklari ifloslangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish sababli kelib chiqish ehtimoli yuqori. Odatda oziq-ovqatlarning xavfsizligi buzilgan holatlar sababli kuzatiladigan kasalliklar oqibatlari bolalar, bemorlar, homilador ayollar va qariyalar o‘rtasida juda og‘ir kechib, hatto, o‘limga ham olib kelishi mumkin. Ich ketish davomida ko‘p miqdorda suyuqlik ichish tanani suvsizlanishdan saqlab turadi. Oziq-ovqatlarning zararlanishi sababli paydo bo‘ladigan kasalliklarning 3 foizi uzoq vaqt davom etadigan sog‘liqning jiddiy buzilishiga olib kelishi mumkinligi hisoblab chiqilgan. Qo‘l terisi kesilganda, shikastlanganda qo‘lqopdan foydalanish, uni tez-tez almashtirish lozim. Oziq-ovqatlar kelib chiqadigan xastaliklarni davolash bo‘yicha tavsiyalar turli mamlakatlarda turlicha farqlanadi. Shuning uchun ular har bir hududga moslashtirilishi kerak. Agar bemorni ich ketish tez-tez bezovta qilib, uning najasi suvsimon yoki tarkibida qon bo‘lsa yoki bu holat uch kundan ortiq davom etayotgan bo‘lsa shifokorga murojaat etish zarur. Ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarining buzilishi sababli kuzatiladigan kasalliklar bemorlardan boshqalarga yuqishi mumkin. Ularni parvarish qilayotgan sog‘ odamga xastalikning yuqish xavfi mavjud.

Kasallangan bo‘lsangiz nima qilish kerak?

Agar dard chekayotgan bo‘lsangiz oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘lingiz bilan tegmang yoki taom tayyorlamang. Xastalik belgilari yo‘q bo‘lgandan so‘ng 48 soatgacha shu tartibga rioya qiling. Lekin ovqat qilmaslikning iloji bo‘lmasa, taom tayyorlashdan oldin va uni tayyorlash davomida qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuvib turing. Agar kasallik belgilari juda og‘ir bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qiling. Oziq-ovqatlarning zararlanishi sababli kelib chiqadigan xastaliklar faqat mikroorganizmlar sababligina emas balki kimyoviy moddalar tufayli ham paydo bo‘ladi.

Zaharli va zararli omillar

Tabiiy toksinlar, metallar va ekologiyani ifloslantiruvchi moddalar, hayvonlarni zararkunandalardan tozalash uchun ishlatiladigan kimyoviy moddalar, noto‘g‘ri ishlatilgan pestitsidlar, tozalovchi kimyoviy vositalar, oziq-ovqat vositalarini tayyorlashda ishlatiladigan qo‘shimcha (dorivor)lardan noto‘g‘ri foydalanish kabi holatlar. Kimyoviy moddalardan zaharlanish xavfini kamaytirish uchun poliz mahsulotlarini yaxshilab yuvish, ularning po‘stini archish kabi sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish kifoya qiladi. To‘g‘ri saqlangan mahsulotlarda ba’zi tabiiy zaharlarning paydo bo‘lishining oldi olinadi yoki kamayadi. Zaharlanish – kimyoviy ifloslanish natijasida vujudga keladigan betoblikni ifoda etuvchi atama. Ba’zi tabiiy zaharlar (masalan, aflatoksin) oziq-ovqat mahsulotlarining mog‘orlashi oqibatida paydo bo‘ladi. Aflotoksinlar jigarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa o‘z navbatida saraton kasalligini qo‘zg‘atadi. Mikroorganizmlar o‘zingizga va boshqalarga yuqishiga yo‘l qo‘ymang. “Xavfsiz ovqatlanishning eng muhim besh tamoyili” ga rioya qiling, ya’ni:
  1. Tozalikka rioya qiling,
  2. xom oziq-ovqat mahsulotlarini tayyor ovqatlardan ajrating,
  3. taom tayyorlash davomida oziq-ovqat mahsulotlariga issiqlik bilan yaxshi ishlov bering,
  4. oziq-ovqat maxsulotlarini xavfsiz haroratda saqlang,
  5. toza suv va yangi hamda sarxil oziq-ovqat xomashyosidan foydalaning.
Ushbu maqolani ham o‘qing: Oqilona (ratsional) ovqatlanish nima?

© Guli Shayxova, TTA “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi professori. "Sog‘lom avlod" gazetasi.

ico
Xotira pasayishi sabablari va mustahkamlash usullari
Xotira susayishi – ikki jins vakillari orasida keng tarqalib borayotgan, yoshlar va hatto bolalar orasida ham tez-tez uchrayotgan kasalliklardan biri. Ayollar, onalar farzandlari, turmush o‘rtoqlari sog‘liqlari borasida qattiq qayg‘uradilar, g‘amxo‘rlik qiladilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, ayollar – oila atalmish qo‘rg‘onning nafaqat bosh oshpazi, balki o‘rni kelganda bosh shifokorlari hamdir. Shu sabab bugun ko‘tarayotgan mavzumizdagi maslahatlar foydadan holi bo‘lmaydi. xotira Inson xotirasi cheklanmagan hajmdagi ma’lumotlarni saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘lib, mutaxassislarning fikriga ko‘ra, xotirani mustahkamlash usullaridan qanchalik ko‘p foydalansak, kerakli axborotni eslab qolish ham shunchalik oson kechadi. Avvalo, qanday omillar xotira pasayishiga sabab bo‘ladi?

Klimaks davri

Ayollarda hayz ko‘rishning butunlay to‘xtashi kuzatilayotgan bir davrda ayollar xotira funksiyasi va fikrni jamlash bilan bog‘liq talaygina muammolarni boshidan o‘tkazadi.

Gipertoniya

Qon bosimi yuqori bo‘lgan insonda, xotira pasayishi va ruhan og‘irlashish ehtimoli ko‘proq uchraydi.

Qandli diabet

Miyamizning anglash, tushunish, o‘rganish funksiyasini pasaytirishda mazkur kasallik yetakchilik qiladi. Bu holat, asosan, yoshi katta ayollar orasida ko‘proq uchraydi.

B12 vitamini yetishmasligi

Kunlik ovqat tarkibida yetarlicha
B12 vitamini bo‘lmasa, xotira zo‘riqishlarni tez qabul qiladi.

Zaharlanish

Ba’zi zaharlovchi moddalar, inson miya funksiyasini susaytirib yuboradi.

Xotirani mustahkamlash usullari:

  • Esda saqlab qolishni xohlagan narsamizni ifodali o‘qish va uni hech bo‘lmaganda bir marta qaytarish lozim. Masalan, telefon raqami, e’lon yoki yangiliklarni ovoz chiqarib, balandroq o‘qish, ularni eslab qolishni osonlashtiradi;
  • Ma’lumotlarni guruhlarga ajratish yoki ularni tanish biror narsa bilan bog‘lab, eslab qolish mumkin;
  • Uzun matnni tezroq yod olishda o‘qilayotgan ma’lumotning ko‘rinishini miyada yaratish, ularni tasavvur qila olish orqali inson ma’lumotni yanada osonroq esda saqlab qola oladi;
  • O‘qiyotgan narsaga biror kulgili yoki bema’ni narsani bog‘lash – bu xotirani hissiyotlarga bog‘lashga ko‘mak beradi.

Sizda xotira pasayishi kuzatilayaptimi? Unda:

  1. Ayollar uchun har hafta bir mil piyoda yurish xotiraning kuchayishini 13 foizga yaxshilaydi;
  2. Ovqatlanish tartibiga va ovqat tarkibiga e’tibor bering: inson miyasi tana og‘irligining atigi 2% ini tashkil qiladi, lekin qabul qilayotgan kislorod va ozuqalarining 20% ini iste’mol qiladi;
  3. Miya – tananing bir bo‘lagi. Shu bois, tanamiz uchun bajarayotgan jismoniy mashqlar miya faoliyati rivojlanishiga ham yaxshi yordam beradi.
  4. Miyani yangi g‘ayrat, faollik bilan harakatga undang O‘rganish orqali rivojlaning, zero miyamiz borligining sababi ham – yashab turgan muhitimizni o‘rganish, o‘zgartirish hisoblanadi;
  5. Miyangizni chetdagi odamlar fikrlari asosida emas, balki o‘z shaxsiy fikrlaringizga tayangan holda ishlating. Boshqalar fikri asosida qarorlar qabul qilish bora-bora miyani dangasa qilib qo‘yadi. Fikrlarni jamlab, tahlil qilish orqali so‘nggi xulosani faqat o‘zingiz chiqarishingiz lozim. Shu yo‘sinda o‘z miyangizni mashq qildirib borasiz;
  6. Yangiliklarga intiling. Tadqiqot olib borish, sayohat qilish, turar joyni o‘zgartirib turish foydali bo‘lib, insonni muhitga ko‘proq e’tibor berishga undaydi;
  7. Yangi til o‘rganishing. Olib borilgan izlanishlarga ko‘ra,, o‘z tilini ham yaxshi bilmaydiganlar yoki xorijiy tillarni bilmaydigan insonlar xotira susayishi kasaliga nisbatan ko‘proq duchor bo‘lishar ekan;
  8. Asabiylashish va xavotirlanish nafaqat nerv hujayralarini nobud qiladi, balki yangilarining yaralishiga to‘sqinlik qiladi. Miyadagi nerv hujayralarining qanchalik uzoq yashashi ulardan qanday foydalanishimizga bogliq. Kayfiyatingizni doimo yaxshi qilishga va jilmayib yurishga odatlaning.
  9. Hayotda zabt etishingiz mumkin bo‘lgan cho‘qqilarni tasavvur qiling, ilhomlantiruvchi, hissiyotlarni uyg‘otuvchi so‘zlar, nutqlarni tinglang, o‘qing. Maktab, kollej, oliy o‘quv yurtini tugatgandan so‘ng ham izlanishda davom eting. Bunda yoshning ahamiyati yo‘q. Miyangiz rivojlanishda davom etayotgani sizning nima bajarayotganingizda yaqqol ko‘rinadi;
  10. Qolaversa, tabiatimizning o‘zi tabib: mayiz, yong‘oq, asal, sut mahsulotlari xotira pasayishiga davo sifatida e’tirof etiladi.
«Sog‘ tanda sog‘loq aql» deydilar. Tanimizdagi bugun arzimas ko‘ringan dardni vaqtida davolamasak, bir kasallik ikkinchi birini yetaklab kelmasligiga kafolat berib bo‘ladimi?! Zero, inson organizmidagi har bir a’zo zanjir kabi: bir-biriga bog‘liq. Barchangizga mustahkam xotira tilaymiz. Doimo salomat bo‘ling!!!

© Gulruxsor Xudayberdiyeva Ayol.uz

ico
Xavotirlilikning psixologik korreksiyasi
Psixologik lug‘atda xavotirlilikka quyidagicha ta’rif berilgan: “Bu turli hayotiy vaziyatlarda, shu jumladan, bunga asos bo‘lmasa-da, xavotirni his qilishga yuqori moyillikdan iborat individual psixologik xususiyatdir”. Xavotirni xavotirlilikdan farqlash zarur. Agar xavotir – bola bezovtaligining epizodik ko‘rinishi bo‘lsa, xavotirlilik mustahkam holat hisoblanadi. Masalan, bolada bayramda chiqish qilish oldidan yoki sinfda mavzuni gapirib berishda bezovtalanish hollari kuzatiladi. Biroq bu bezovtalik har doim namoyon bo‘lmaydi, boshqa vaziyatlarda u sokin bo‘lishi mumkin. Bu o‘quvchining tayyorgarlik darajasiga bog‘liq. Agar xavotir holati tez-tez va turli vaziyatlarda (dars payti javob berishda, notanish odamlar bilan muloqotda va h.k.) takrorlansa, bu holda xavotirlilik haqida gapirish mumkin. Xavotirlilik qandaydir muayyan vaziyat bilan bog‘liq bo‘lmaydi va deyarli doim namoyon bo‘ladi. Bu holat odamga faoliyatning har qanday ko‘rinishida hamroh bo‘ladi. Qachonki odam aniq nimadandir qo‘rqsa, biz qo‘rquvning ko‘rinishi haqida gapiramiz. Masalan, qorong‘ilikdan, balandlikdan, bo‘sh joydan qo‘rquv. K. Izard “qo‘rquv” va “xavotir” atamalarining farqini shu tarzda tushuntiradi: xavotir – bu ba’zi hislarning uyg‘unlashuvi, qo‘rquv esa faqat shu hislardan biridir. Qo‘rquv odamda istalgan yoshda rivojlanishi mumkin. A.I.Zaxarov fikriga ko‘ra, bir yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarda tungi qo‘rquvlar, hayotining ikkinchi yilida – birmuncha ko‘proq kutilmagan tovushlar, yolg‘izlik, og‘­riq, shuningdek, tibbiy xodimlardan qo‘rquv namoyon bo‘ladi. Hozirgi vaqtgacha xavotirlilikning paydo bo‘lish sabablari yuzasidan muayyan nuqtayi nazar ishlab chiqilmagan. Ammo ko‘pchilik olimlar maktabgacha tarbiya va kichik maktab yoshidagi bolalarda xavotirlilikning asosiy sabablaridan biri bola va ota-ona o‘rtasidagi munosabatlarning buzilishi deb hisoblaydilar. “Maktab o‘quvchisining hissiy turg‘un­ligi” kitobi mualliflari B.I.Kochubey va Y.V.No­vikova xavotirlilik bolada quyidagi holatlarda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan ichki nizolarning mavjudligi oqibatida rivojlanadi deb yozadi: 1. Ota-onalar yoxud ota-ona va maktab (maktabgacha tarbiya muassasasi) tomonidan taqdim etiladigan qarama-qarshi talablar. Masalan, ota-ona bola o‘zini yomon his qilayotgani uchun maktabga yubormaydi, o‘qituvchi esa jurnalga “ikki” baho qo‘yadi va boshqa bolalarning yonida uni dars qoldirgani uchun tergaydi. 2. Noteng (ko‘pincha yuqori) talablar. Masalan, ota-onalar bolaga a’lochi bo‘lishi kerakligi haqida qayta-qayta takrorlaydilar, o‘g‘il yoki qizlari “besh” baho olishiga qaramasdan, sinfning eng yaxshi o‘quv­chisi bo‘lmaganliklariga ko‘nikishni istamaydilar. 3. Bolani kamsituvchi, uni tobe holatga qo‘yuvchi salbiy talablar. Masalan, tarbiyachi yoki o‘qituvchi bolaga: “Agar sen men yo‘qligimda kim o‘zini yomon tutganligini aytib bersang, sening boshqa bolalar bilan urushganingni onangga aytmayman” deydi. Maktabgacha tarbiya va kichik maktab yoshida o‘g‘il bolalar, 12 yoshdan keyin esa qiz bolalar ancha xavotirlidirlar. Bunda qiz bolalar o‘zaro boshqa odamlar bilan munosabat yuzasidan hayajonlanadilar, o‘g‘il bolalarni esa ko‘proq darajada zo‘ravonlik va jazo xavotirga soladi. Nojo‘ya xatti-harakat sodir etgan qizlarni oyisi yoki pedagog u haqida yomon fikrga borishi, dugonalari u bilan o‘ynashdan voz kechishi tashvishga soladi. Bunday vaziyatda o‘g‘il bolalar ko‘proq kattalar ularni jazolashlari yoki tengdoshlari urishlaridan qo‘rqadilar. Kitob mualliflari ta’kidlaganlaridek, o‘quv yili boshlanganidan 6 hafta o‘tgach o‘quvchilarda xavotirlilik darajasi oshadi va ular 7-10 kunlik ta’tilga ehtiyoj sezadilar. Bolaning xavotirliligi uning atrofidagi kattalar xavotirliligining darajasiga bog‘liq. Pedagog yoki ota-onaning yuqori xavotirliligi bolaga o‘tadi. Xayrixoh munosabatda bo‘lgan oilalardagi bolalar tez-tez janjal bo‘ladigan oila bolalaridan ko‘ra kamroq xavotirlanadilar. Shunisi qiziqki, ota-onalar ajrashgach, oiladagi janjallar tugaganida bolaning xavotirlilik darajasi pasaymaydi, aksincha birdan oshib ketadi. Psixolog Y. Brel shunday qonuniyatni ham aniqladi: bolalar xavotirliligi ota-onalar o‘z ishi, yashash sharoiti, moddiy ahvolidan qoniqmagan hollarda ham o‘sar ekan. Ehtimol, shuning uchun ham bugungi kunda xavotirli bolalar soni uzluksiz oshayotgandir. Oilada ota-ona tarbiyasining hukm­ron usuli ham bolaning ichki xotirjamligi yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. Shunday fikr mavjudki, o‘quv xavotiri maktabgacha tarbiya yoshidayoq shakllanish­ni boshlaydi. Bunga tarbiyachi ishining turli usullari, bolani boshqalar bilan doimiy solishtirish, qo‘yiladigan yuqori talab ham sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ota-onalar farzandi erta yoshdan bilim olishi uchun ko‘p sonli o‘qituvchilarni yollaydi, natijada bola soatlab topshiriqlarni bajaradi. Kichkintoyning chiniqmagan va jadal ta’limga tayyor bo‘lmagan organizmi bunday bosimga bardosh berolmaydi, go‘dak betob bo‘­ladi, o‘qish­ga ishtiyoqi yo‘qoladi, yaqinlashib kelayotgan o‘quv mavsumi yuzasidan xavotiri ortadi. Xavotirlilik nevroz yoki boshqa psixik buzilishlar bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tibbiy mutaxassis yordami zarur. Maktabgacha tarbiya muassasasi va maktablarda xavotirli bolalar bilan ishlash oson emas. Hatto boshqa kategoriyadagi “muammoli” bolalar bilan ishlashdan ko‘ra og‘irroq, chunki giperfaol yoki tajovuzkor bolalar sinfda yaqqol ajralib turadilar, xavotirli bolalar esa o‘z muammolarini o‘zida saqlashga intiladi. Ular hodisaning o‘zidan emas, balki oldindan his qiladigan tuyg‘u ta’sirida qo‘rquvga tushadilar. Ko‘pincha ular eng yomonini kutadilar. O‘zlarini himoyasiz his qilib, yan­gi o‘yinlarni o‘ynashdan, faoliyatning yangi turiga kirishishdan cho‘chiydilar. Ular o‘zlariga nisbatan talabchan va tanqidiy ko‘z bilan qaraydilar. Bunday bolalarning o‘z-o‘zini baholashi past darajada, hatto o‘zlarini hamma narsada boshqalardan yomon, o‘ta xunuk, aqlsiz, qovushmagan deb o‘ylaydilar. Bezovta bolalar uchun somatik muammolar ham xos: qorindagi og‘riq, bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, tomoqdagi siqilish, qiyinlashgan yuzaki nafas olish va boshqalar. Xavotir namoyon bo‘lgan vaqtda ular og‘iz qurib qolishi, tomoqqa narsa tiqilishi, oyoqdagi zaiflik, yurakning tez-tez urishini his qiladilar. Xavotirli bola bilan ishlash ancha mushkul vazifa bo‘lib, uzoq vaqt talab qiladi. Mutaxassislar ular bilan ishlashni uch yo‘nalishda olib borishni tavsiya qilishadi: 1. O‘z-o‘ziga baho berishni oshirish. 2. Bolani birmuncha to‘lqinlantiruvchi vaziyatlarda o‘zini boshqarishga o‘rgatish. 3. Mushak zo‘riqishini olib tashlash. Albatta, qisqa vaqt ichida o‘z-o‘zini baholashni oshirish mumkin emas. Har kuni maqsadli yo‘naltirilgan ish olib borish zarur. Bolaga ismini aytib murojaat qiling, kichik muvaffaqiyati uchun ham maqtang, yutuqlarini boshqa bolalar oldida ta’kidlang. Biroq sizning maqtovingiz samimiy bo‘lmog‘i lozim, chunki bolalar soxtalikni tezda sezib, ta’sirlanadilar. Shuningdek, bola uni nima uchun maqtayotganliklarini, albatta, bilmog‘i zarur. Har qanday vaziyatda bolani maqtash uchun sabab topish mumkin. Xavotirli bolalar atrofdagilardan o‘zi to‘g‘risida yoqimli maqtovlarni bilib oladigan, o‘ziga “boshqalarning nigohi” bilan qaraydigan “Xushomad”, “Men senga sovg‘a qilaman” kabi o‘yinlarda ko‘proq ishtirok etishlari zarur. Xavotirli bolalar o‘z muammolari to‘g‘risida ochiq ma’lum qilmaydi, ba’zida esa ularni yashiradi. Bunday hollarda bolani muammoni birgalikda muhokama qilishga chaqirish lozim. Masalan, maktabgacha tarbiya muassasalarida bolalar bilan doira hosil qilgancha o‘tirib, ularning tuyg‘ulari va hayajonlantiradigan vaziyatlardagi kechinmalari haqida gaplashish o‘yin-mashg‘ulotini o‘tkazish mumkin. Maktabda esa badiiy asar qahramonlari timsolida bolalarga eng jur’atli odam – bu hech kimdan qo‘rqmaydigan odam emas, balki o‘z qo‘rquvini yenga oladigan inson ekanligini ko‘rsatish mumkin. Shuningdek, xavotirli bolalar bilan ishlashda tana faol ishtirok etadigan o‘yinlar o‘ynash maqsadga muvofiq. Relaksatsiya, chuqur nafas olish texnikasi, yoga bilan shug‘ullanish, massaj va shunchaki badantarbiya mashqlari ular uchun juda foydalidir.

N. KAMILOVA, psixologiya fanlari nomzodi,  TDPU “Psixologiya” kafedrasi mudiri. "Sog‘lom avlod uchun" jurnali

ico
Xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot
Pekindagi “Guanangmen” shifoxonasining yetakchi mutaxassislaridan biri Suy Yun-Syan qadimiy Xitoy tabiblaridan qolgan manbalarga asoslanib o‘tkazgan tadqiqotlarining natijalarini e’lon qildi. Shu tariqa, Suy Yun-Syan xalq tabobatida qo‘llaniladigan usullarning zamonaviy tibbiy bilimlarga qanchalik yaqin ekanligini ham bir yo‘la sinovdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘la oldi. Xitoy xalq tabobatida qadimiy bir hikmat bor, unda shunday deyiladi: “Tananing yuqori qismida aziyat yetkazayotgan xastaliklar pastki qismdagi a’zolar tufayli davolanadi...”

Bu nima degani?

Aytaylik, sizning qon bosimingiz birdan ko‘tarila boshladi. Nima qilmoq kerak? Xitoy tabobati an’analariga ko‘ra, odamning oyoq kafti o‘rtasida
qon bosimini tushiradigan nuqta mavjud. Xitoy tabiblari bu usulni shunday izohlaydilar: “Ovqatning tagi olib ketmasligi uchun avvalo qozon tagidagi cho‘g‘ni olib tashlash lozim”. Ha, haqiqatan ham, bugungi xitoylik zamonaviy shifokorlar boshi og‘riydigan odamlarga kuniga ikki marotaba — ertalab uyqudan uyg‘onganda va kechasi uyquga yotishdan oldin to‘shakda o‘tirgan holda qo‘lning bosh barmog‘i ila chap va o‘ng oyoqlardagi nuqtalarni uqalash, qashishni tavsiya etadilar. Oyoqlar tagini galma-galdan yuz marotaba uqalang — shunda bu tavsiyalarning naqadar o‘rinli ekanini darhol his etasiz. Shunday qilib, zamonaviy tibbiyot xodimlari qadimgi usullarni qo‘llash bugun ham ijobiy natija berishini ilmiy asosda yana bir bor isbotladilar.
ico
Xalq tabobati durdonalari
Sog‘lom organizm o‘z-o‘zini boshqarish kabi ajoyib xususiyatga ega bo‘ladi. Agar biror-bir «nosozlik» ro‘y beradigan bo‘lsa, u dar­hol bu haqda bizga xabar beradi. Bunda organizmimizga yaqindan yordam berish uchun, jiddiy kasalliklarni oldini olish maqsadida u berayotgan signalga vaqtida e’tibor berib, zudlik bilan kerakli choralarni ko‘rishdir.

Petrushka organizmni tozalaydi

Yuvilgan petrushka ko‘katini mayda to‘g‘rab, ildizini qirg‘ichning mayda tishidan o‘tkazing va to‘g‘ralgan petrushka bilan aralashtiring. Hosil bo‘lgan bir stakan aralashmani kastryulkaga solib, ustidan 2 stakan qaynoq suv soling (agar ko‘kat bir stakandan kam bo‘lsa, suv miqdorini ham kamaytirish kerak). So‘ng qopqoqni yopib, bir sutkaga olib qo‘ying. Har kuni ertalab yarim stakan ana shu damlamadan iching. Muojala o‘n kun davom etiladi, so‘ng ikki kun dam berib yana qaytarish mumkin.

Asal jigarga yordam beradi

Jigar xastaliklariga chalingan bemorlarga shifokorlar 1 kg asalni 1 kg qora smorodina bilan aralashtirib, har kuni ovqatdan yarim soat oldin, bir osh qoshiqdan tanovul qilishni maslahat berishadi. Ushbu muolaja aralashma tugagunga qadar davom ettirilishi kerak.

Nok tushkunlikka qarshi

Duxovkada pishirilgan nok yoki nokli murabbo sizni yo‘taldan xalos etsa, yangi pishgan noklar tushkunlikka tushish ho­latlariga qarshi eng yaxshi vosita hisoblanadi. Shuning uchun shifokorlar tushkunlikka tushgan insonga konfet emas, aynan nok yeyishni tavsiya qilishadi. Bundan tash­qari, nok mevasi oshqozon kasalliklariga ham davo.

Xurmo bargi bo‘qoqqa davo

Ma’lumki, xurmo tarkibida yod bo‘lib, u bo‘­qoq kasaliga davodir. Hovlingizda xurmo daraxti bo‘lsa, uning faqat mevalarini terishga shoshilmang. Chunki uning bargida ham yod bor ekan. Barglarni terib, quritib olib qo‘ysangiz, yilning istalgan faslida choy damlab ichishingiz mumkin bo‘ladi.

Piyoz grippni davolaydi

Gripp yoki qattiq shamollash kasalliklarini davolashda piyozni kosaga maydalab to‘g‘rab, eziladi va piyozli kosa ustiga engashib, boshga kattaroq ro‘mol yopib hidlanadi yoki piyoz shirasidan burunga 1-2 tomchi tomiziladi.

Bo‘g‘imlardagi og‘riqlar tinchlik bermasa…

Asal, suyuq xantal (gorchitsa), tuz hamda sodani bir xil miqdorda olib, bo‘tqa holiga kelgunga qadar yaxshilab aralashtiring. Ushbu aralashmani og‘riq joyiga qalin qilib surting, keyin paxta yoki yumshoq junli sharf bilan oyo­g‘ingizni o‘rang. Shundan so‘ng oyoqlarni bint bilan o‘rab, bir-ikki soatga dam oling. Xuddi bosh­qa kompress­larga o‘xshab, bu muolajani ham uyquga ketishdan oldin qilish tavsiya qilinadi. Agar siz muolajani ketma-ket 4-5 marotaba takrorlasangiz, yax­shi natijaga tezroq eri­­­shasiz.

To‘satdan boshingiz og‘risa...

  1. Peshana va chakkalarga limon po‘stlog‘ining ichki tomonini surting.
  2. Apelsindan bir necha tomchisini dast­ro‘molingizga tomizing va 10-15 daqiqa hidlab turing. Dastro‘molni bosh tomonga qo‘yib uxlasa ham bo‘ladi.
  3. 1 choy qoshiq quritilgan yalpiz barglari ustidan 1 stakan qaynoq suv solib, biroz dam bering va so‘ngra iching.

Olma oshqozon faoliyatini yaxshilaydi

Quritilgan olmani go‘shtqiymalagichdan chiqarib, qaynatiladi va ta’b­ga ko‘ra ozgina shakar solib damlanadi. Asal qo‘shib ichiladi. Ushbu choy ichdagi qabziyatlarni yo‘­­­­­­­­­qotadi va oshqozon faoliyatini yaxshilaydi. [box type="info" align="aligncenter" ]Diqqat! Berilgan tavsiyalar sog‘liq uchun zararsiz bo‘lishiga qaramay, ularni qo‘llashdan avval shifokoringiz bilan maslahatlashing.[/box]

Nargiza Giyosova.

"Bekajon" gazetasi.

ico
Xolesterin me’yori
Qondagi xolesterin miqdorining yuqori bo‘lishi sog‘liq uchun juda xavfli ekanligi hammaga ma’lum. Shu bilan birga “foydali” xolesterinlar ham bo‘lar ekanki, ichki organlar  ish faoliyatini ularsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Asab to‘qimalari, katakchalar(kletki), garmonlar va eng kerakli bo‘lgan  D vitaminlari tarkibida xolesterinlar muhim rol tutadi  hamda oqsillarni bog‘lashda va ko‘chirishda ishtirok etadi. Shuning uchun xolesterindan qutilishga judayam berilib ketish yaramaydi, balki organizmga  zararli xolesterin kelib tushishini cheklab qo‘ysangiz kifoya. Buning uchun ovqatlanish tartibiga rioya qilish, ya’ni organizm foydali  xolesteringa to‘yinishini nazorat qilish kerak. Foydali mahsulotlar.
  • Foydali xolesterin baliq mahsulotlarida ko‘plab uchraydi. Ko‘proq baliq mahsulotlari iste’mol qiling, chunki u qon quyuqlashishining oldini olib, tiqinlar hosil bo‘lish xavfini kamaytiradi.
  • Yong‘oqlar – ular juda yog‘li hisblansada, uning tarkibidagi yog‘lar organizm uchun foydali hisoblanadi. Haftada 5 marta 30 gr dan yong‘oq iste’mol qilish talab qilinadi. Kungaboqar, kunjut va zig‘ir ham foydali xolesterin miqdorini oshirishga yaxshi yordam beradi.
  • O‘simlik moylaridan asosan zaytun, soya, zig‘ir moylariga e’tibor qaratsangiz bo‘ladi. Yuqoridagi moylarning foydali xususiyatlarini saqlab qolish uchun ularda mahsulot qovurmaslik, aksincha tayyor mahsulotga qo‘shib ishlatish kerak.
  • Organizmdagi zararli bo‘lgan xolesterinlardan qutilish uchun bir kunda 25-35 gr kletchatkalar iste’mol qilish lozim.  Kletchatkalar asosan har-xil maxsulot kepaklari tarkibida uchraydi. Kepakni och qoringa 2-3 choy qoshiq miqdorida suvga aralashtirib ichish kerak.
  • Tarkibida pektin bo‘lgan olmani ham unutmaslik lozim. U qon tomirlaridagi ortiqcha xolesterinlarni chiqarishga yordam beradi.
  • Hamda, ortiqcha xolesterindan qutilishda sharbatlarning o‘rni juda muhimdir.  Mevalardan apesin, ananas, olma sharbatlari hamda sabzavotlardan lavlagi, sabzi sharbatlari yaxshi samara beradi.
  • Shu bilan birga ko‘k choyni ham ortiqcha xolesterin dushmani deb hisoblasak bo‘ladi. Ko‘k choy qondagi foydali xolesterin miqdorini ko‘tarib,zararli xolesterin ko‘rsatkichini kamaytirishga yordam beradi..
Sog‘lig‘ingiz o‘z qo‘lingizda Qondagi xolesterin miqdorini meyorida ushlab turish uchun mol va qo‘y yog‘laridan voz kechish hamda sariyog‘, qaymoq, pishloq va sut kabi mahsulotlarni qabul qilishni qisqartirish kerak. Hayvon yog‘laridan farqli o‘laroq tovuq go‘shtini bemalol iste’mol qilsangiz bo‘ladi. Jigar, buyrak, miya, kolbasa, vetchina, sosiska kabi mahsulotlarni taomnomangizdan qisqartiring. Qaynatilgan tuxum yeyishni bir haftada 3 martadan oshirmang. Tuxum sarig‘i tarkibida xolesterin ko‘p bo‘lishi bilan birga ko‘pgina foydali moddalar mavjud bo‘ladi. Shuning uchun tuxumni taomnomadan butunlay chiqarib tashlamasdan, balki kunlik meyorini 1 ta tuxumdan oshmasligini ta’minlasangiz kifoya. Go‘shtli va tovuqli qaynatma sho‘rvalarni iste’mol qilishdan oldin uni sovitib yig‘ilib qolgan yog‘larni olib tashlang. Aynan shu yog‘lar qon tomirlariga katta zarar yetkazadi va zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Doimiy qahva qabul qilishdan voz kechish xolesterin miqdorini 17%ga tushirishga yordam berishini olimlar aniqlashgan. Harakat – bu hayot Qonda xolesterin miqdori yuqori bo‘lganda jismoniy harakatlar bir necha muammoni hal qilishda yordam beradi.Avvalo qon tomirlari zo‘riqishiga va organizmda zararli xolesterin turib qolishiga sababchi bo‘lgan ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi. Ikkinchidan doimiy mashqlar organizmdan zararli xolestirinni chiqarishga yordam beradi va uchinchidan jismoniy tarbiya foydali xolestirin miqdorining ko‘tarilishiga yordam beradi. Mavzuga aloqador maqola: Xolesterin haqida nimalar bilasiz?