Dermatologiya

MAQOLALAR

ico
Tirnoqlardagi va teridagi zamburug‘larni davolash

Mikozlar – bu yuqumli kasalliklar bo‘lib, xastalik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlar (zamburug‘lar) yuqishi natijasida rivojlanadi. Ushbu xastalikka Yer shari aholisining salkam 20 foizi chalingan; yoshi, jinsi, yashash joyi yoki ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, u istalgan kishiga yuqishi mumkin1. Zamonaviy tibbiyot yetarlicha rivojlangan va, hatto o‘tkazib yuborilgan shakllarda ham, teri va tirnoq mikozi (zamburug‘i)ga qarshi kurashish imkonini beradi.3

Qanday yuqadi?

Teridan va tirnoqlardan ko‘chib tushgan mayda parchalar bilan birga zamburug‘ qo‘zg‘atuvchilari odamdan odamga yuqadi – bu asosan namligi yuqori bo‘lgan jamoat joylarida yuz beradi. Umumiy hammomlar, saunalar, basseynlar va trenajyor zallaridagi dush xonalarida kishilar teri va tirnoq zamburug‘ini yuqtirib olishlari xavfi yuqori. Shuning uchun bunday borganda barcha ehtiyot choralarini ko‘rish va almashtirib kiyiluvchi o‘z oyoq kiyimiga ega bo‘lish shart.1, 2

Zamburug‘ infeksiyasining tarqalishi Zamburug‘ infeksiyalari – mikozlar qo‘l va oyoq tirnoqlarini, shuningdek terini, hatto boshning sochli qismini ham zararlashi mumkin4.

Dermatomikozlar – terining zamburug‘ kasalliklari bo‘lib, ularda oyoq va qo‘llardagi barmoqlar oralari, kaftlar, burmalar, tana shikastlanadi4. Onixomikozlar – bu bir qator kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘lar keltirib chiqaruvchi tirnoqlar kasalligidir4. Tirnoq qattiq yuzaga ega bo‘lgani va sekin o‘sishi sababli onixomikozni davolash qiyinroq5. Bu infeksiyaga qarshi kurash bir necha oy vaqt talab etishi mumkin.

!!!Har o‘nta holatdan sakkiztasida zamburug‘ teri yuzasidan tirnoqqa tarqaladi6

Tirnoqlardagi zamburug‘ kasalliklarining bosqichlari

Boshlang‘ich bosqich Oyoqlardagi zamburug‘ qanday ko‘rinishga ega ekanini hamma ham bilavermaydi. Xastalikning boshida terining quruqligi, oyoq kaftining yoki barmoqlar orasi burmalarining biroz qichishi bezovta qilishi mumkin7. Odam bu belgilarni oddiy teri quruqlashuvi yoki po‘st tushishi deb o‘ylashi tabiiy. Shu sababli ayrim bemorlar namlantiruvchi va yumshatuvchi vositalarni qo‘llashadi; ammo bular naf bermaydi – kasallik belgilarini bartaraf etmaydi va kishining ahvolini yengillashtirmaydi8. Chunki oyoq kaftlari va tirnoqlardagi zamburug‘lardan faqat zamburug‘larga qarshi maxsus dorilar yordamida davolanish mumkin.3, 7 O‘tkazib yuborilgan bosqich Nisbatan keyingi bosqichlarda tirnoq qalinlashishi, rangi o‘zgarishi, sinishi mumkin3. Teridagi zamburug‘ kasalliklarida esa barmoq orasi burmalarida yoki oyoq ostida mayda yuza yoriqlari kabi belgilar kuzatiladi.7

!!!Zamburug‘ infeksiyasini davolash qancha erta boshlansa, shuncha arzonga tushadi. O‘tkazib yuborilgan shakllarida faqatgina mahalliy emas, balki tizimli tabletka vositalarini qo‘llagan holda murakkab muolaja talab etilishi mumkin.

Davolanishi

Zamburug‘ kasalliklari belgilari kuzatilganida zudlik bilan mutaxassisga murojaat etish lozim. U majmuamiy tekshiruv o‘tkazadi va davolash choralarini belgilaydi.

Zamburug‘ kasalligi alomatlari yaqqol namoyon bo‘lsa, mahalliy davolash kamlik qilishi mumkin. Masalan, tirnoq qalinlashib ketsa, dori undan o‘tib kasallik qo‘zg‘atuvchisigacha yetib borishi qiyin10, 11. Shuning uchun majmuaviy davolashda zamburug‘larga qarshi tabletka shaklidagi dorilarni qabul qilish ko‘zda tutiladi. Mahalliy ta’sir ko‘rsatuvchi vositalar har xil shakllarda chiqariladi (kremlar, mazlar, spreylar, laklar, eritmalar) va bevosita zamburug‘dan zararlangan joylarda qo‘llanadi. Ularni mahalliy qo‘llash zamburug‘dan zararlanish o‘choqlarida preparatning yuqori konsentratsiyasiga erishishni ta’minlaydi. Tizimli preparatlarni qo‘llashda kuzatiladigan toksik ta’sirlarning rivojlanishi mahalliy qo‘llashda uchramaydi10
  !!!Tirnoqdagi zamburug‘ kasalligi hech qachon o‘z-o‘zidan o‘tib ketmaydi – bu kasallikning har qanday bosqichida ham mutaxassis tomonidan belgilangan muolajani olish darkor. Laboratoriya tahlili nafaqat zamburug‘ mavjudligini, balki uning tirnoq ostiga qay darajada chuqur kirib borganini, shuningdek, kasallik qo‘zg‘atuvchining turini ham aniqlash, shunga muvofiq davo preparatini tanlash imkonini beradi.
Zamonaviy farmatsevtika sanoati bir qator vositalarni taklif etadi, ularning muayyan tartibda va to‘g‘ri qo‘llanishi qo‘l hamda oyoq tirnoqlaridagi zamburug‘lardan xalos bo‘lishga yordam beradi. Oyoq kafti zamburug‘ xastaligini qo‘zg‘atuvchilarga qarshi ta’sir ko‘rsatuvchi har xil antimikotik vositalar ko‘p. Shunday vositalardan biri 
Ekzoderil® kremidir. Ekzoderil® preparati tarkibidagi ta’sir etuvchi modda naftifin hisoblanadi. Naftifin oyoq kafti va tirnoqlaridagi mikozlar qo‘zatuvchilarining aksariyatiga qarshi yuksak faollikni namoyon qiladi12. Tirnoqlardagi zamburug‘ infeksiyalari holatida eritma shaklidagi Ekzoderil® qo‘llash mumkin. Ekzoderil® eritmasi zamburug‘ o‘chog‘ida faol moddaning yuqori konsentratsiyasini yaratadi13. 1.Хи Чон Юн и др. Эпидемиология и здоровье: журнал. 2014; 36: e2014017. / Hee Jung Yoon, et al. Epidemiol Health. 2014; 36: e2014017. 2.Сергеев Ю. В., Шпигель Б. И., Сергеев А. Ю. "Фармакотерапия микозов" — "Медицина для всех" — Национальная академия микологии — 2003г. 3.Сергеев А.Ю. "Грибковые заболевания ногтей" — "Медицина для всех" — Национальная академия микологии — 2001 г. 4.Грибковые инфекции. Руководство для врачей. 2 изд.-М.: Издательство БИНОМ,2008.-480 с.: ил. 5.Элевски Б. Обзоры клинической микробиологии: журнал. 1998; 11(3): 415–429. / Elewski B. Clin Microbiol Rev. 1998;11(3): 415–429. 6.Горская Е.И. Скрытые формы микозов стоп: диагностика и лечение. Экспериментальная и клиническая дерматокосметология 2003. 7.Федеральные клинические рекомендации по ведению больных микозами кистей, стоп и туловища. М., 2015. 8.Малишевская Н.П.. Общеклиническое значение проблемы заболеваемости микозами стоп и их эффективного лечения (обзор) / Лечащий врач, № 8. С. 78. 9.Устинов МВ. Фармакоэкономические аспекты терапии онихомикозов. Лечащий врач. 2016(5):56-60. 10.Грибковое поражение ногтевого комплекса: принципы терапии: учебно-методическое пособие для постдипломного образования. — Под редакцией профессора, д.м.н. зав. кафедрой дерматовенерологии ФГБОУ ВО «КубГМУ» Минздрава России Тлиш М. М. 11.Местная и комбинированная терапия онихомикозов: Пособие для врачей. / Под ред. Ю.В. Сергеева. — М.: Национальная академия микологии, 2013. 40 с. 12.Tashqi qo‘llashga mo‘ljallangan Ekzoderil® krem preparatini tibbiy qo‘llash yo‘riqnomasi. Ro‘yxatga olish raqami DV/X 05913/03/19, sanasi 12.03.2019, amal qilish muddati 12.03.2024 gacha. 13.Сергеев Ю. В. "Экзодерил: новые подходы к терапии микозов и инфекционно-воспалительных дерматозов". Пособие для врачей — Национальная академия микологии — 2004 г. “Sandoz Pharmaceuticals d.d.” kompaniyasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi, Toshkent sh., Oybek k., 24, tel. +998781470335. Agar sizda Novartis (Novartis Farma, Sandoz) kompaniyalar guruhi preparatlarini qabul qilish bilan bog‘liq yoqimsiz reaksiyalar yoki alohida vaziyatlar haqida ma’lumot mavjud bo‘lsa, iltimos, bu ma’lumotlarni drugsafety.cis@novartis.com elektron pochta manzili yoki +998 (78) 1470335 telefon raqami orqali jo‘nating. Qo’llashga qarshi holatlar mavjud. Qo’llashdan avval, iltimos, yo`riqnoma  bilan tanishib chiqing yoki mutaxassis bilan maslahatlashing. UZ2305255111
ico
SPFning oʻzi yetarli emas! Yozda yuzni qanday parvarish qilish kerak?

Terining ehtiyojlari mavsumga bogʻliq. Qishda koʻpchilik quruqlikdan aziyat chekadi, yozda esa yuz yaltirab qolaveradi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yuz terisini parvarish qilish tartibi yil davomida oʻzgarib turishi kerak. Yozda uni quyoshdan himoya qilish juda muhim, ammo buning oʻzi yetarli emas. Sizga yozda yuz terisini parvarish qilish uchun qanday vositalarni qoʻshish kerakligi va qaysilarini olib tashlash kerakligi haqida maʼlumot beramiz.

Yaxshiroq tozalash va skrablash

Tozalash har qanday parvarish tizimining asosiy bosqichidir. Yozda usiz iloji yoʻq: teri yogʻliroq boʻlib qoladi, yuzda kir va ter toʻplanadi. Muammoli terini egalari issiqlik va namlik tufayli akne kuchayishini taʼkidlashadi. Yilning shu davrida mutahasisslar quyuq kremli yuvish vositalarini yengil penka bilan almashtirishni tavsiya qiladi (yoki gel). Agar akne allaqachon paydo boʻlgan boʻlsa, salitsil kislotasi boʻlgan mahsulotlardan foydalaning. U bakteriyalar va yalligʻlanishga qarshi kurashish xususiyatiga ega.

Eksfoliantlar

Piling va skrab terini quritadi. Qishda, shundoq ham namlik juda kamligida, eksfoliatsiyani suiisteʼmol qilmaslik yaxshiroqdir. Yozda buning aksi — piling va skrablardan koʻproq foydalaning. Kimyoviy eksfoliatsiya uchun AHA (glikolik) yoki BHA (salitsil) kislotalari boʻlgan mahsulotlar mos keladi. Birinchisi, agar yuzning rangini tekislash kerak boʻlsa, ikkinchisi, agar antibakterial taʼsir muhim boʻlsa (masalan, akne davolash uchun) mos keladi.

Muhim: AHA kislotalari terini quyoshga nisbatan zaif qilib qoʻyishi mumkin. Uni ishlatsangiz bulutli kunda ham SPF haqida unutmasligingiz kerak.

Yengil namlantiruvchilarga oʻting

Yozda terini parvarish qilishda namlantirishni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak. Teri sariyogʻ kabi yaltirasa ham, tashqarida +35 °Cdan issiq boʻlsa ham. Ter va nam ob-havo teringizga namlik hissini beradi, ammo namlantirmaydi. Issiqlikda suvsizlanish xavfi odatda ortadi. Va namlik yetarli boʻlmaganda, teshiklar koʻproq yogʻ chiqaradi. Bu, oʻz navbatida, yalligʻlanishni keltirib chiqaradi.

Yogʻli quyuq krem qishda juda as qotadi. Issiq oylarda yuz koʻpincha oʻz-oʻzidan namlanadi (ob-havo va ter tufayli). Bu emulsiyalar, flyuidlar, losyonlar va boshqa yengil teksturalar uchun juda mos vaqt.

Ultrabinafsha nurlaridan va pigmentatsiyadan himoyalaning

Quyoshdan himoya qiluvchi vositalar butun yil davomida kerak boʻladi. Quyosh koʻproq boʻlsa, ular ikki baravar muhimdir. Amerika dermatologlar assotsiatsiyasi kamida 30 SPF boʻlgan sanskrinalarni tanlashni maslahat beradi. Kremni qoʻllar, oyoqlar, boʻyin va quloqlarni unutmasdan, terining barcha ochiq joylariga surtish kerak. Voyaga yetgan odam uchun maqbul doza 30 grammdan ozroq. Sanskrin har ikki soatda yangilanishi kerak. Plyajda dam olish va sport bilan shugʻullanish uchun maxsus suv oʻtkazmaydigan formulalar mavjud.

Quyosh nafaqat erta qarish, balki teri saratoniga ham olib kelishi mumkin. Oʻzini ultrabinafsha nurlaridan himoya qilish uchun teri melanin pigmentini hosil qiladi. Baʼzida quyosh taʼsirida pigment notekis taqsimlanadi. Shunday qilib, mahalliy giperpigmentatsiya paydo boʻladi. Antioksidantlar qoʻshilgan kosmetika unga qarshi kurashish uchun javob beradi. U zararli erkin radikallar, akne va ajinlar bilan kurashadi.

ico
Angioma: sabablari, belgilari, davolash va oldini olish

Ehtimol, har bir inson hayotida kamida bir marta tanada gʻalati qizil dogʻ paydo boʻlishiga duch kelgan. Angioma, asosan, hech qanday noqulaylik tugʻdirmaydigan yaxshi sifatli oʻsmadir. Qanday hollarda angiomalardan xalos boʻlish kerak va ular paydo boʻlganda tashvishlanish kerakmi?

Angioma nima?

Angioma deganda limfa (limfangioma) va qon (gemangioma) tomirlarida qizil hol yoki  “yulduzcha” shaklidagi yaxshi sifatli oʻsma tushuniladi. Kattalardagi angioma tananing deyarli har qanday joyida – yuz va boʻyin, orqa, koʻkrak, qoʻl va oyoqlarda va hatto ichki organlarda paydo boʻlishi mumkin. Baʼzida bu shakllanishlar oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketishi mumkin, lekin koʻpincha yosh oʻtishi bilan (30 yoshdan keyin) ularning soni koʻpayadi. JSST statistik maʼlumotlariga koʻra, kattalarning 75 foizida angioma bor.

Shuni ham taʼkidlash kerakki, angioma koʻpincha qizil hol deb ataladi, ammo uning holga hech qanday aloqasi yoʻq. Hollar tomirlardan emas, balki nevus hujayralari — melanotsitlardan kelib chiqadi.

Angioma turlari

Angiyomalarning juda koʻp turlari mavjud, ammo kelib chiqishi boʻyicha ular ikki guruhga boʻlinadi – gemangioma (qon tomirlari toʻplamidan hosil boʻladi) va limfangioma (limfa tomirlaridan). Limfangiomalar juda kam uchraydi, ularda terining rangi oʻzgarmaydi.

Tuzilish turiga koʻra oddiy (kapillyar), kavernoz, shoxsimon va suyak ichi angiomalari farqlanadi.

Oddiy (kapillyar) angiomalar koʻpincha tugʻma boʻladi. Ular terining yuzasida mutlaqo tekis boʻlishi yoki biroz yuqoriga koʻtarilgan boʻlishi mumkin va toʻq gilos rangdan toʻq koʻk ranggacha boʻladi. Oddiy angioma kengaygan va oʻralgan kapillyarlardan iborat. Oddiy angiomalar terining har qanday joyida paydo boʻlishi mumkin. Ular hech qanday noqulaylik tugʻdirmaydi.

Kavernoz angiomalar pulsatsiyalanuvchi qip-qizil shakllanishlardir. Koʻpincha kavernoz angiomalar keksa odamlarning jigarida, shuningdek orbitalarning yogʻ toʻqimalarida va suyaklarda uchraydi.

Shoxsimon angioma juda kam uchraydi, koʻproq qoʻl va oyoqlarda uchraydi (baʼzan bosh yoki yuzda). Bunda, angioma ustidagi teri normal rangga ega, ammo kapillyar angiomalar bilan qoplanishi mumkin.

Suyak ichi angiomalari asosan bosh suyaklarida rivojlanadi va faqat yaqin atrofdagi toʻqimalarga tarqalganda seziladi. Ular qon ketishiga olib kelishi mumkin va bunday angiomani koʻpincha faqat rentgen nurida aniqlash mumkin.

Angioma sabablari

Mutaxassislar hali ham angioma paydo boʻlishiga olib keladigan sabablar haqida bir fikrga kelishmagan. Asosiy sabab limfa va qon aylanish tizimining buzilishi deb aytiladi.

Koʻpincha angiomalar quyidagilar natijasida paydo boʻladi:

  • gormonal kasalliklar;
  • quyosh ostida tez-tez va uzoq vaqt qolish;
  • jigar (yogʻli gepatoz, sirroz), oshqozon osti bezi va oshqozon-ichak trakti kasalliklari;
  • terining shikastlanishi yoki kuyishi;
  • C vitamini yetishmasligi ( qon tomirlar “moʻrtlashadi”);
  • irsiy omil.

Angioma belgilari

Angiomalar terining nuqsonlari boʻlib, ular noqulaylik yoki ogʻriq keltirmaydi, lekin shikastlanganda koʻp qon ketishi mumkin. Ular tananing har qanday qismida paydo boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha koʻkrakda, yelkaning pastrogʻida va qoʻllarda paydo boʻladi.

Angiomalar turli oʻlchamlarga ega: diametri 0,5 mmdan bir necha millimetrgacha. Shuningdek, ular turlarga qarab har xil koʻrinishi mumkin: gemangioma koʻpincha qizil – koʻk, limfangioma esa rangsiz.

Davolash va diagnostika

Yuzaki angiomalarni tashxislash odatda mutaxassis uchun hech qanday qiyinchilik tugʻdirmaydi. Baʼzi hollarda, boshqa yaxshi yoki yomon sifatli oʻsmalarni istisno qilish zarur boʻlganda, shifokor dermatoskopdan foydalanadi. Melanomani istisno qilish zarur boʻlgan murakkab holatlarda biopsiya buyuriladi.

Agar angioma organizmda boʻlsa, unda bir qator tadqiqotlar qoʻllaniladi – agar suyak ichi angiomasiga shubha tugʻilsa, rentgenografiya buyuriladi, ichki organlarning angiomasini aniqlashda angiografiya, ultratovush, KT qoʻllaniladi.

Zamonaviy davolash usullari

Albatta, odamlar angiomalarni davolash kerakmi yoki hech qanday tashvish tugʻdirmasa, ularga tegmagan yaxshimi degan savolga qiziqishadi. Agar angiomalar kichik boʻlsa, ularga tegmaslik va shunchaki kuzatib turish kerak. Kichik va oʻrta kattalikdagi angiomalar baʼzan olma sirkasili losyonlaridan keyin yaxshi yoʻqoladi (lekin qoʻllashdan avval shifokor bilan maslahatlashing).

Agar angiomalar katta boʻlsa, koʻp shikastlansa va qon ketsa yoki odamning tashqi koʻrinishida aks etib noqulaylik tugʻdirsa, ularni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash mumkin. Angiomani olib tashlashning uchta yoʻli mavjud: radiotoʻlqin bilan, lazer yordamida, elektrokoagulyatsiya qilib. Ushbu usullarning barchasi angiomani atrofdagi toʻqimalarga taʼsir qilmasdan olib tashlashga imkon beradi, protsedura ogʻriqsiz va qonsiz boʻlib, davolanish jarayoni tez oʻtadi va noqulaylik tugʻdirmaydi.

Konservativ davolash (kutish taktikasi, dori-darmonlar ichish, losyonlar) va operativ davolash (kriyodestruksiya, lazer bilan davolash, jarrohlik usullari) turlari mavjud. Ushbu patologiyani aniqlashning har bir holatida bemorga eng maqbul va mos davoni taʼminlaydigan individual yondashuv zarur.

Angiomaning oldini olish

Tugʻma angiomalarning oldini olishni iloji yoʻq. Quyosh nurlaridan saqlanish orqali ularning oʻsmirlik va balogʻat yoshida paydo boʻlishining oldini olish mumkin. Shuningdek, sogʻlom turmush tarzini olib borish va toʻgʻri ovqatlanishga rioya qilish kerak. ⠀

Agar angioma juda koʻp boʻlsa, qoʻshimcha ravishda dermatolog va gastroenterolog bilan maslahatlashish, umumiy va biokimyoviy qon testini oʻtkazish, yashirin sogʻliq muammolari yoʻqligiga ishonch hosil qilish kerak.

ico
Yuz terisi tiniq boʻlishi va pardoz uzoqroq  saqlanishi uchun yuzni qanday parvarish qilish kerak?

Terini toʻgʻri parvarish qilish boʻyicha qisqa qoʻllanmani taqdim etamiz. Bu bir qarashda oddiy koʻringan maslahatlarga amal qilsangiz, teringiz ipak kabi mayin va pardozingiz mukammal boʻladi.

Siz krem yoki pudra sotib olib yuzingiz terisi reklamadagi kabi yorqin va tiniq boʻlishini tasavvur qilasiz. Ammo buning oʻrniga ularni surtganingizda yuzingiz yaltiragan, notekis va qizgʻish rangda boʻlib qoladi.

Terining mayin emasligi, quruqligi, yogʻliligi, tonal kremning sezilib turishi, pardoz tez oʻchib ketishi — bularning barchasi terini tizimsiz parvarish qilishning oqibatlari. Parvarishlangan teri deganda dogʻlari va hatto yengil toshmalari ham yoʻq boʻlgan teri tushunilmaydi. Chinnidek teriga ega qizlar juda ham kam uchraydi. Gap terining sifatida.

Tonal krem ipakka oʻxshash terida juda yaxshi turadi. Ammo xafa boʻlishga shoshilmang — har qanday terini ipak holatiga olib kelish mumkin. Bunday teriga ega boʻlganlar esa uni shunday holatda saqlab qolish uchun astoydil harakat qilishlari kerak.

Terini parvarish qilish press mashqlari toʻplami kabi oddiy, ammo kundalik tartib-intizomni talab qiladi. Ertalab va kechqurun uchta mashqni bajarish kerak: tozalash, tonerlash, namlantirish.

Agar siz ertalab va kechqurun tishlaringizni yuvmasangiz, ular qanday holatga kelib qoladi? Ular sariq rang bilan qoplanadi, ogʻizdan hid paydo boʻladi, emal parchalanadi va natijada kariyes paydo boʻladi. Teri holatida kariyes bu akne yoki oddiy husnbuzarlar.

1. Tozalash

Afsuski, u koʻpincha eʼtibordan chetda qoladi. Eng yomon holatda, yuz suv, sovun yoki dushg geli bilan yuviladi. Baʼzida maxsus tozalash vositalari sotib olinadi, ammo ularning sifatiga har doim ham ahamiyat berilmaydi. Yuvib tashlansa boʻldi ku, deb fikrlaysiz. Albatta, yuvib tashlanadi, ammo tozalash teriga zarar yetkazishi yoki yaxshilashi mumkin. Tanlov oʻzingizdan.

Nima uchun maxsus terini tozalash vositasi sotib olish kerak?

U nafaqat kosmetik vositalarni, balki kun davomida ishlab chiqariladigan sebum zarralarini ham yuvib tashlaydi. Ertalab buni qilish juda muhimdir. Agar siz maxsus tozalash vositasidan foydalanmasangiz, teringiz tez orada idish-tovoq gelisiz yuvilgan tarelkaga oʻxshab qoladi. Axir idishlarni dush geli yoki qoʻlingizga tushgan narsa bilan yuvmaysizku. Yuz teringizni idishdan nima kam joyi bor?

Terini muntazam tozalash pardozning chidamliligiga taʼsir qiladi. Agar siz pardozni tozalanmagan teriga qilsangiz, teridagi sebum bir necha soat ichida kosmetikani eritib yuboradi.

Tozalash vositasini qanday tanlash kerak?

Asosiy qoida — teringiz undan keyin dagʻal boʻlib qolmasligi va tortilmasligi kerak. Toniksiz va namlantiruvchi kremsiz tozalash terining suvsizlanishiga va erta qarishiga olib keladi. Shuning uchun, tozalashdan keyin teriga albatta tonik va namlantiruvchi krem surish kerak.

2. Tonik

Tonik yuzdagi suv va tozalash vositalarining qoldiqlarini olib tashlaydi, terining pH qiymatini normallashtiradi. Bu foydasiz boʻlib koʻrinadigan vosita, ammo undan foydalanishni boshlashingiz bilan taʼsirini his qilasiz. Tonikdan foydalanish tozalash va namlash natijasini bir necha barobar oshiradi.

Toniklar qoʻshimcha namlantiradi, tekislaydi, yuzdagi teshiklar devorlarini mustahkamlaydi. Asosiysi, mahsulot tarkibida alkogol boʻlmasin. Bu holatda istisno, agar dermatolog sizga spirtli toniklarni buyurgan boʻlsa.

3. Namlantirish

Hatto yogʻli terini ham namlantirish kerak. Namlantiruvchi krem ham sizga mos boʻlishi kerak: quruq terini tezda namlik bilan toʻldiradigan, yogʻli terini esa yanada yogʻli qilib qoʻymaydigan bo'lsin.

Namlantiruvchi kremni yoki gelni tarkibiga qarab tanlang. Yogʻli teri egalari uchun yogʻsizlantiruvchi taʼsirga ega yengil namlantiruvchilar mos keladi.

Ushbu oddiy qoidalar sizni ideal yuz terisiga yetishtiradi. Kundalik terini parvarish qilish uchun oʻzingizga mos mahsulotlarni sotib oling va hammom javoniga qoʻyib qoʻying.

Maslahat: bir xil markadagi tozalovchi, tonik va namlantiruvchi vositalardan foydalaning. Koʻp brendlar toʻplamdagi mahsulotlarni bir biriga mos qilib yaratadi, shunda bitta vosita boshqasining taʼsirini kuchaytiradi.

Tanlashda reklamada aytilgan sizni barcha muammolardan xalos qiladigan “moʻjizaviy “ ingrediyentlarga eʼtibor bermang. Shuni tushunish kerakki, goʻzallik uchun bir martalik moʻjiza emas, balki tizimli yondashuv, terining turiga qarab mahsulotlarni tanlash va ulardan foydalanishning muntazamligi muhimdir.

Zamonaviy qizlar goʻzallikni saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlarga ega. Bunga ozgina bilim va intizom qoʻshish  kerak xolos.

ico
Yuz terisi go'zalligining 8ta dushmani
Makiyaj bilan uxlash, chekish teriga juda zararli — ko'pchilik buni biladi. Ammo uning holatiga juda salbiy ta'sir ko'rsatadigan boshqa tashqi va ichki omillar mavjud. Birgalikda ularni tahlil qilamiz.

1. Kam harakat turmush tarzi

Odamlar ko'p vaqtini ishda o'tkazadi, ko'pincha kompyuter qarshisida o'tiradi, bu sog'liqqa juda yomon ta'sir qiladi. Buni teri go'zalligiga ham ta'siri bor: u kislorodga to'yinmaydi va kerakli miqdorda ozuqa moddalarini olmaydi. Agar quruq teri va nosog'lom rang sizning doimiy hamrohingizga aylangan bo'lsa, kam harakat hayot tarzini olib borayotgandirsiz, o'ylab ko'ring.

Nima qilish kerak

Darhol sport zaliga yozilishingiz shart emas - shunchaki kunlik hayotingizga ko'proq harakat qo'shing. Uyda raqslar uyushtiring, parkda sayr qiling, liftdan voz keching yoki ishga bir bekat piyoda boring. Asosiysi, bularni muntazam ravishda qilishingiz kerak.

2. Suv tarkibi

Go'zallik va sog'liq uchun nafaqat siz ichadigan suvning tozaligi, balki tarkibi ham muhimdir. Yuzingizni qanday suv bilan yuvishingizga e'tibor bering. Qattiq, tuz miqdori yuqori bo'lgan suv na to'g'ri tozalikni, na namlikni ta'minlaydi va terining himoya funksiyasiga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkin. Agar teringiz ta'sirchan bo'lsa, bunday suv hatto qizarish va qichishishni keltirib chiqaradi.

Nima qilish kerak

Iloji bo'lsa, yuzingizni filtrlangan yoki buloq suv bilan yuving va namlovchi moddalar (gialuron kislotasi, provitamin B5, E vitamini, allantoin, o'simlik moylari) qo'shilgan kosmetikadan foydalaning. Suv qattiq ekanligini qanday tushunish mumkin? Unda tozalash vositasi yomonroq ko'piklanadi va tozalashdan so'ng siz terining qurishi va qattiqligini his qilasiz. Yana bir yechim — muz bo'laklari (ayniqsa, o'tlarning muzlatilgan damlamasi). Ammo ehtiyot bo'lish kerak: muzdan ortiqcha foydalanish terini quritishi va suvsizlantirishi mumkin, ayniqsa, agar u ilgari quruqlikdan aziyat chekkan bo'lsa.

3. Ifloslangan havo

Agar siz Alp tog'larida yashamasangiz, albatta, zamonaviy ekologik vaziyatning barcha oqibatlarini his qilayotgandirsiz. Ifloslangan havoning turli elementlari, shu jumladan azot dioksidi, SP hujayralarga zarar yetkazishi natijasida terining erta qarishiga olib keladi. Bundan tashqari, katta shahar havosidagi iflos moddalar bizning terimizga joylashadi. Natijada, teshiklar kengayadi, sebum ishlab chiqarilishi ko'payadi va akne paydo bo'ladi.

Nima qilish kerak

Har safar uyga qaytganingizda, darhol qo'lingizni yuving. Bu qoida yuzga ham taalluqli. Bir kun ichida zararli moddalarning millionlab zarralari yuzdagi kosmetika qatlamiga kirib, teshiklarni yopib qo'yadi va terining himoya qatlamini yo'q qiladi. Tarkibida antioksidantlar yetarli miqdorda bo'lgan oziq-ovqat iste'mol qiling (yangi sabzavotlar, rezavorlar va mevalar, shuningdek baliq, choy va achchiq shokolad) va tarkibida E va C vitaminlari bo'lgan kosmetikadan foydalaning. Uyni tez-tez shamollatib turing, iloji bo'lsa, derazani ochiq qoldirgan holda uxlang.

4. Uyqusizlik

Kam uxlash terining holatiga yomon ta'sir qiladi. Umuman tanamiz uchun uyquning asosiy vazifasi dam olish va tiklanishdir. Siz yetarlicha uxlamasangiz, teringiz ham tiklanmaydi: uning himoya funksiyasi yomonlashadi, namlik darajasi pasayadi va ko'proq sebum ishlab chiqariladi. Ko'z ostidagi ko'karishlar, terining xiralashishi, quruqligi - kam uxlashning oqibatlari. Uyqusizlik umumiy sog'lig'ingizga salbiy ta'sir qiladi, bu juda yaqin kelajakda tashqi ko'rinishingizda aks etadi.

Nima qilish kerak

Kechasi kamida 7-8 soat uxlang. Har kuni bir vaqtda yotishga harakat qiling. Uyquga ketishdan oldin televizor ko'rmang, telefonga qaramang.

5. Muntazam niqob taqish

COVID-19 pandemiyasi davrida juda mashhur bo'lgan himoya niqoblari uzoq muddat foydalanilganda terida qizarish, achishish, toshma paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, niqoblar ko'pincha terining ta'sirchanligini oshiradigan propilen tolalarini o'z ichiga oladi. Agar niqobni uzoq vaqt taqsangiz, uning ostidagi yuz terlaydi, ba'zi hollarda bu kontakt dermatitga olib kelishi mumkin.

Nima qilish kerak

Agar yuzingizda niqob taqishning salbiy oqibatlarini ko'rgan bo'lsangiz, xushbo'y hidsiz va bo'yoqsiz yumshoq tozalash mahsulotlari va intensiv namlantiruvchi kremlarga o'ting. Bundan tashqari, tarkibida lipidlar bo'lgan go'zallik mahsulotlari muammoni hal qilishga yordam beradi: keramidlar, xolesterin va yog' kislotalari (Omega 6‑va 9 -). Terini yanada bezovta qiladigan va quritadigan tonal kremlardan bir muddat voz keching.

6. SPFdan kam foydalanish

Quyoshdan himoyalovchi kremni sovuq mavsumda ham ishlatish kerak. Osmon bulutlar bilan qoplangan yoki yomg'ir yog'ayotgan bo'lsa ham, nurlar bulutlarga kirib boradi. Bundan tashqari, issiqlik nurlanishi (infraqizil nurlar) va changning ta'siri terini quritadigan salbiy omillardir.

Nima qilish kerak

Hatto shahar sharoitida va yozdan boshqa fasllarda ham quyoshdan himoyalovchi vositalar haqida unutmang. Spfni o'z ichiga olgan yengilroq teksturali mahsulotlar: fluidlar, kunduzgi kremlar va emulsiyalardan foydalaning.

7. Harorat o'zgarishi

Haroratning o'zgarishi terining holatiga yomon ta'sir qiladi. Sovuq ko'chadan isitiladigan xonaga kirish va chiqish teriga katta salbiy ta'sir ko'rsatadi. Xonani tark etganingizda, terining qon tomirlari avval issiqlikni ushlab turish uchun torayadi va keyin kengayadi — bu haroratning pasayishiga tabiiy reaksiya. Bir muncha vaqt o'tgach, tomirlar asl holatiga qaytadi, lekin siz qanchalik tez-tez tashqariga chiqsangiz, teringizga shunchalik tez-tez zarba bo'ladi. U tez va samarali tiklanish qobiliyatini yo'qotadi, kosmetikadan ozuqa moddalarini yomon o'zlashtiradi va elastikligini yo'qotadi.

Nima qilish kerak

Shamolli va sovuq havoda terining tabiiy himoyasini tiklashga yordam beradigan kosmetikasidan foydalangan yaxshi. Uyga havoni namlantiruvchi uskunani qo'yish va namlik darajasini kuzatish kerak (norma 30dan 50% gacha).

8. Noto'g'ri parvarish

Kosmetik parvarishning vazifasi terining barcha ehtiyojlarini qondirishdir. Agar noto'g'ri tanlangan vositalar (masalan, agressiv skrab) shunchaki foydasiz bo'lsa, omadingiz hisoblanadi. Aks holda, siz dermatologning doimiy mijozi bo'lish xavfi ostidasiz. Allergiya, qizarish, yosh dog'lari yoki yallig'lanishning paydo bo'lishi noto'g'ri parvarishning oqibatlaridir.

Nima qilish kerak

Kundalik terini parvarish qilishning asosiy bosqichlarini e'tiborsiz qoldirmang. Bu tozalash, tonik surish , namlantirish va oziqlantirish. Agar siz muntazam ravishda dekorativ kosmetikadan foydalansangiz, unda  pardozni o'chirish ro'yxatda birinchi o'rinda turadi.  Agar qaysi kosmetika sizga mos kelishini tushunolmasangiz, mutaxassislar bilan maslahatlashganingiz yaxshiroqdir. Ular sizning teringiz turini aniqlaydi va kosmetik vositalarni tanlashda yordam beradi, shuningdek ularni qanday qilib to'g'ri ishlatishni aytib beradi. Unutmang, tashqi zararli omillarning ta'siri ko'pligi sababli, teringiz maxsus himoya va alohida parvarishga muhtoj.
ico
Ko'z atrofidagi teri parvarishida yo'l qoyishingiz mumkin bo'lgan 8ta xato
Ko'z atrofidagi ajinlar ayollar va erkaklarni teri qarishining boshqa belgilariga qaraganda ko’proq bezovta qiladi. Yuz terisining bu qismi juda ehtiyotkorlik bilan parvarish qilishni talab etadi. Ammo ko’pchilik bunda xatolarga yo'l qo’yadi. Birgalikda xatolarni tahlil qilamiz.

1. Yosh o’tganda ko'z atrofidagi terini parvarish qilishni boshlash

Bu birinchi navbatda qutulish kerak bo'lgan noto'g'ri tushuncha. Muammoni hal qilish uchun ko'p kuch va pul sarflashdan ko'ra, uni oldini olish osonroq. Ko'z atrofidagi terini kamida 18 yoshdan boshlab parvarish qilish kerak. Qizlarga kelsak, kiprik uchun tush ishlatishni boshlagan bo’lsa, ko’z atrofidagi terini parvarish qilishni ham boshlashlari zarur.  

2. Ajinlar paydo bo'lishi genda bor va ularga qarshi kurashish befoyda deb hisoblash

Ha, biz ota-onamizga o'xshaymiz va shunga o'xshash genlar to'plamiga egamiz. Ammo ota-onamiz yoshligidanoq terini parvarish qilish imkoniyatiga ega emas edi. Va ular parvarish qila olishganida, bugungi kunda biz kabi parvarish qiluvchi kosmetikaning keng tanloviga ega bo'lishganida qanday ko'rinishga ega bo’lar edi bilmaymiz. Agar siz terini ongli ravishda parvarish qilsangiz, har qanday genetik moyillikni yengishingiz mumkin — bu tajribalardan olingan xulosa.  

3. Ko'zdagi pardozni o’chirish uchun yuzni tozalash vositasidan foydalanish

Ushbu vositalar o'rtasidagi farq nima? Yuz terisini tozalash vositasi dekorativ kosmetika va terining yog'li sekretsiyasini eritadi. Ko'z atrofidagi terida deyarli teshiklar yo'q, shuning uchun unda yog' sekretsiyasi ajralib chiqmaydi. Yuz terisi mahsuloti ko'z atrofini quritadi, bu esa namlikni yo'qotishiga va ajinlar paydo bo'lishiga olib keladi. Ko'zdagi pardozni o’chirish vositasi esa, aksincha, faqat dekorativ kosmetikani eritadi. U teridagi kerakli namlik muvozanatini saqlaydi, uni yanada yumshatadi va namlaydi.

4. Ko'z atrofiga vaqti vaqti bilan krem surtib turish

Har bir odam kuniga 10 000-40 000 marta ko’zini yumib ochadi. Bundan tashqari, yuz ifodalari ko'z atrofidagi teriga qo'shimcha bosimni keltirib chiqaradi. Ayollar deyarli har kuni pardoz qilishadi. Shunday qilib, bu hudud muntazam kundalik parvarish qilishni talab qiladi. Minimal parvarish dasturi – ertalab va kechqurun namlantirish. Agar siz kompyuterda uzoq vaqt ishlasangiz, tinchlantiruvchi ko'z geli yordam beradi. Bunday gel sovitish ta'siriga ega, u ko'zlardan charchoqni oladi.  

5. Faqat bitta terini parvarish qilish vositasidan foydalanish

Masalan, ko'z ostidagi qora doiralar sizni bezovta qiladi. Siz ushbu muammoni hal qilish uchun rolikli maxsus gel sotib olasiz va boshqa hech narsa qo’llamaysiz. Ushbu turdagi vositalar ko'z ostidagi qora doiralarni kamaytirishga qaratilgan aniq vazifani bajarish uchun yaratilgan. Ular terini namlamaydi yoki to'liq parvarish qilmaydi. Kunlik parvarishga ko'z atrofidagi terini namlantiruvchi kremni ham qo'shing.  

6. Kremni ko'z atrofiga noto'g'ri surish

Ko'pchilik ko'z atrofidagi kremlardan foydalana olmasliklaridan shikoyat qiladilar, chunki ko'z qovog'i shishadi. Bunday holatlar noto'g'ri qo’llash tufayli yuzaga keladi. Gap shundaki, terida har qanday krem taxminan 1 sm radiusda tarqaladi, kremni kiprikka yaqin qo'llaganimizda, u kiprik konturiga va ko'zning o'ziga kiradi. Bu shishishni keltirib chiqaradi. Kremni ko’z atrofidagi suyaklarga suring. Harakatlanuvchi yuqori ko'z qovog'iga yoki ko'z ostidagi xaltaga, kipriklarga yaqin joyga surmang. Istisno - bu  ko'rsatmalarida shunday qo'llash tavsiya etilgan vositalar. Layfxak: uchinchi ko'z deb ataladigan sohaga ko'z kremini suring. Shunday qilib, siz ushbu sohada ajinlar paydo bo'lishini sekinlashtirasiz va mavjudlarini kamaytirasiz.  

7. Ko'z atrofidagi terini cho'zish

Ushbu harakat terining erta qarishiga olib keladi. Massaj chiziqlari bo'ylab kremni surish orqali siz barcha parvarish protseduralarining samaradorligini oshirasiz.
  • Barmoqqa kerakli miqdordagi kremni oling.
  • Olingan krem miqdorini boshqa qo'lning barmoqqa taqsimlang va kremni ko'z atrofi nuqtalariga suring.
  • Birinchi nuqtani ko'zning tashqi burchagiga, so'ngra ko'z ostidagi bir nechta nuqtalarni burun ko'prigiga, so'ngra burun ko'prigidan qosh ostiga qo'yamiz.
  • Terini cho'zmasdan yengil harakatlar bilan kremni bir yo'nalishda suring: ko'zning tashqi burchagidan burun ko'prigiga va burun ko'prigidan qosh ostiga.
  • Kremni harakatlanuvchi ko'z qovog'iga va kipriklarga yaqin qo'ymang.
 

8. Faqat sayohatlarda uyqu niqoblaridan foydalanish

Har kuni uyqu niqobi bilan uxlash odati ko'zning charchog'ini kamaytiradi. Biz uxlayotganimizda, ko'z qovog'i yopiq bo'lsa ham, ko'zning to'r pardasiga yorug'lik tushadi. Niqob ko'zga yorug'lik tushishidan saqlaydi, bu esa ko'z atrofidagi mushaklarning bo'shashishiga, chuqurroq uyquga va sifatli dam olishga yordam beradi. Sinab ko'ring, farq deyarli darhol seziladi — yaxshiroq uxlaysiz va ko’zlaringiz dam oladi.    
ico
Qazg’oq muammosini uy sharoitida qanday bartaraf qilish mumkin?
Chiroyli sochlar ayollarga ham, erkaklarga ham ko’rk bag’ishlab turadi, ammo boshdagi qazg’oq taassurotni buzishi mumkin. Qazg’oq nima uchun paydo bo'ladi va uy sharoitida undan qanday qutulish mumkin, bilib olamiz.

Boshdagi qazg’oq sabablari

Boshdagi qazg’oq ko'p odamlarni bezovta qiladi, ammo bu oson hal bo’ladigan muammo. Qazg’oq paydo bo'lishini nazorat qilish uchun siz uning sabablarini bilishingiz kerak. Qazg’oq paydo bo'lishining asosiy sababi Pityrosporum ovale nomli zamburug’dir. U deyarli barcha odamlarning terisida yashaydi, ammo ba’zi sharoitlarda u nazoratdan chiqib, qazg’oqqa olib kelishi mumkin. Pityrosporum ovale bosh terisida yog' bezlarini ishlab chiqarish bilan oziqlanadi. Ular faol ishlab ketganda zamburug’ ham ko'payadi, bu teri hujayralari yangilanishi jarayonining buzilishiga olib keladi. To'liq o'lik bo'lmagan hujayralar terining yuzasida zich bo’lib to'planib, yoriqlar hosil qiladi. Xuddi shu yoriqlar qazg’oq deyiladi. Qazg’oqning sababi quyidagilar bo'lishi mumkin:
  • stress;
  • asab tizimini kasalliklari;
  • yog' bezlarining ishiga ta'sir qiladigan gormonal o'zgarishlar;
  • immunitet tizimi buzilishi;
  • sochlarni juda tez-tez yoki kamdan-kam yuvish;
  • soch uchun mahsulotlarni suiiste'mol qilish: gellar, laklar va boshqalar;
  • sovuq yoki juda issiq iqlim.
Qazg’oq diabet yoki OIV kabi kasalliklarning alomati sifatida ham namoyon bo'lishi mumkin.

Uy sharoitida qazg’oqdan qanday qutulish mumkin

Uyda qazg’oqdan xalos bo'lish uchun quyidagi qoidalarga amal qiling:
  • Yuvishdan oldin sochlaringizni tarang.
  • Sochingizni har kuni yuving. Buning o’zi qazg’oq miqdorini sezilarli darajada kamaytirish uchun yetarli bo'lishi mumkin, ayniqsa muammoning yengil yoki o'rtacha darajasi haqida gap ketganda.
  • Agar qazg’oq juda sezilarli bo'lsa yoki bosh terisi qizargan bo'lsa, qazg’oqqa qarshi shampunlardan foydalaning. Shampun qadog’ida yozilgan ko'rsatmalarga amal qiling. Qazg’oqqa qarshi ko'plab shampunlarni sochlarga surtish va boshda 10-15 daqiqa davomida ushlab turish va keyin yuvish kerak. Agar shampun bir necha hafta foydalanishdan so'ng samarali bo'lmay qolsa, boshqasini sinab ko'ring.
  • Boshingizni qashlamang yoki shilib qo’ymang, bu qazg’oq namoyon bo'lishini kuchaytirishi mumkin.

Samarali shampunlar

Televizorda deyarli har bir shampunning reklamasi qazg’oqdan xalos bo'lishni va'da qiladi, ammo bu va'daga ishonmaslik kerak. Shampunni tarkibga e'tibor berib tanlang. Yorliqda quyidagi komponentlar ko'rsatilishi kerak:
  • Sink pirition – teri kasalliklari va qazg’oq uchun javobgar bo'lishi mumkin bo'lgan zamburug’ va boshqa mikroorganizmlarni o'ldiradi;
  • Salitsil kislotasi – o'lik teri zarralarini yumshatadi (qo'llashdan keyin ba'zilarda teri quriydi, bu holda konditsioner yordam beradi);
  • Selen sulfidi – teri hujayralarining yangilanishini sekinlashtiradi va zamburug’larni o'ldiradi;
  • Ketokonazol – zamburug’ga qarshi kuchli ta'sirga ega;
  • Qatron – teri hujayralarining bo'linishi va yangilanishini sekinlashtiradi.

Xalq tabobati usullari

Xalq tabobati usullari yordamida ham qazg’oqdan xalos bo'lish mumkin. Ulardan biri sifatida shifokorlar romashka damlamasini tavsiya qiladilar, unda bosh terisi va sochlarini yuvishlari kerak. Agar teri ham, soch ham quruq bo'lsa, unda moylar va niqoblar qazg’oqni yengishga yordam beradi. Masalan, zaytun moyi. Uni soch ildizlariga surting, yarim soat ushlab turing va keyin sochlaringizni shampun bilan yuving.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar ikki hafta davomida maxsus shampundan foydalangandan keyin qazg’oq yo'qolmasa, shifokorga borishingiz kerak. Keyinchalik jiddiy davolanish kerak bo'lishi mumkin, chunki qazg’oq seboreik dermatit tufayli ham yuzaga keladi. Faqat shifokor boshqa kasalliklarni istisno qila oladi. Agar bosh terisida yog'li yoki quruq qobiqlar paydo bo'lsa, qichishish bo'lsa, mutaxassis bilan bog'lanishingiz kerak.

Boshdagi qazg’oqning oldini olish

Qazg’oqning oldini olish uchun bir qator qoidalar mavjud, ularning samaradorligi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan:
  • To'g'ri ovqatlanishga rioya qiling, Omega-3, sink, turli xil vitaminlarni o'z ichiga olgan ovqatlar diyetaga kiritilishi kerak. Baliq, tuxum, sut, yong'oqni tez-tez iste'mol qiling.
  • Stressdan saqlaning. Bu immunitetni zaiflashtiradi. Zamburug’ning bosh terisida ko'payishini oldini olish uchun siz his-tuyg'ularingizni boshqarishni boshlashingiz va zo'riqishdan saqlanishingiz kerak. Sport, yoga va ochiq havoda sayr qilish o’zingizni nazorat ostida ushlab turishga yordam beradi.
  • Turli xil uslublar vositalaridan foydalangan holda murakkab soch turmaklari qilmang. Agar buni amalga oshirishning iloji bo'lmasa, tabiiy ingrediyentlarni o'z ichiga olgan mahsulotlarni tanlang.
  • Muss va gellarni qo'llaganingizdan keyin kunning oxirida sochlaringizni shampun bilan yaxshilab yuvib tashlang.
  • Sochingizni tez-tez yuvish odatda tavsiya etilmaydi, agar siz qazg’oqqa moyil bo'lmasangiz. Lekin muntazam yuvish o'lik hujayralarning to'planishiga yo'l qo'ymaydi.
  • O’zingizga mos shampunni tanlang. Quruq bosh terisi uchun sizga namlantiruvchi ta'sirga ega shampun kerak, yog'li teri uchun esa – sebum sekretsiyasini tartibga soluvchi tarkibiy qismlar ega shampun.

Ko’p beriladigan savollar va ularga javoblar

Skrablar boshdagi qazg’oqda yordam beradimi?

Piling va skrablar bir martada qazg’oqni yengadigan mo’jizaviy davo emas. Bular qazg’oqni davolash davrida bosh terisini parvarish qilishda ishlatilishi mumkin bo'lgan vositalardir. Skrab o’lik teri zarralaridan, muss va gel qoldiqlaridan xalos bo'lishga yordam beradi.

Oddiy, tibbiy bo'lmagan shampunlar boshdagi qazg’oqda yordam beradimi?

Do’konlarda taqdim etilgan shampunlar tarkibida qazg’oqqa qarshi kurashda samarali bo'lgan dorivor tarkibiy qismlar bo'lishi mumkin, masalan, sink pirition. Bunday mahsulotlar, dorixonada sotilmasa ham, bosh terisining yog' miqdorini normallashtirishi va bakteriyalar ko’payishini to’xtatishi mumkin. Biroq, shampunning o’ziga ishonish kerak emas. Qazg’oqni davolash keng qamrovli bo'lishi kerak.

Boshdagi qizil qazg’oq nimani anglatadi?

Bosh terisi qizarib, qichishganda, bu nafaqat qazg’oq, balki seboreik dermatit ham bo'lishi mumkin. Bu Malassezia zamburug’lari keltirib chiqaradigan yog' bezlarining yallig'lanishi kasalligi. Nafaqat bosh terisi, balki yuzga ham ta'sir qilishi mumkin. Davolash dermatolog tomonidan amalga oshiriladi.  
ico
Kattalarda ateroma
Ateroma sogʻlik uchun xavfsiz boʻlsa-da juda koʻp uchraydi va noqulaylik tugʻdiradi. Ateromani qanday hollarda olib tashlash kerakligini va nima uchun buni uy sharoitida emas, balki shifoxonada mutaxassis bajarishi kerakligini aytib beramiz.

Ateroma nima

Ateroma (yoki trixodermal kista) – bu terining epiteliy kistalari bilan bogʻliq boʻlgan va yogʻ bezini chiqaruvchi kanalining tiqilib qolishi natijasida hosil boʻlgan yaxshi sifatli oʻsma. Ateroma yoqimsiz hidli oq yoki sariq massa bilan toʻldirilgan yumaloq kapsula koʻrinishida boʻladi. Ateromaning tarkibi uning devorlari tomonidan ishlab chiqariladigan keratin oqsilidan tashkil topgan. Erkaklar ayollarga qaraganda ateromaga koʻproq moyil (yogʻli teri tufayli), shuningdek, yoshlarga qaraganda u oʻrta yoshlilarda va keksa odamlarda koʻproq uchraydi. Joylashuvga kelsak, ateroma tananing har qanday joyida paydo boʻlishi mumkin, lekin koʻpincha yogʻ bezlari koʻp boʻlgan joyda, yaʼni kuraklar orasida va yelkalarda, bosh terisining sochli qismida, boʻyin, yuz, dumba yoki jinsiy aʼzolar yuzasida.

Kattalardagi ateroma sabablari

Mutaxassislar ateromaning bir nechta sabablarini aniqlagan:
  • gormonal buzilish;
  • metabolizm kasalliklari;
  • yogʻ bezlari tuzilishidagi nuqsonlar;
  • soch follikulasining shikastlanishi (bu sekretsiyani buzilishiga olib keladi);
  • yogʻ bezining shikastlanishi (husnbuzar siqib chiqarilganda, soch taralganda, infeksiya kirib qolganda);
  • Gardner sindromi (kam uchraydigan irsiy genetik kasallik);
  • shaxsiy gigiyena qoidalariga eʼtibor bermaslik.

Kattalarda ateroma belgilari

Ateroma boʻlgan joyda terining rangi odatda oʻzgarmaydi, ammo tez oʻsishi bilan u qizarib ketishi yoki toshma bilan qoplanishi mumkin. Baʼzida ateromada yogʻ bezining kengaygan kanali sezilib turadi. Garchi u tashqi tomondan sezilarli nuqsonga oʻxshab koʻrinsa-da, u mutlaqo ogʻriqsizdir. Agar u kichik boʻlsa va kattalashmasa, hech qanday jismoniy noqulaylik tugʻdirmaydi,. Ateromaning oʻlchamlari ham har xil boʻlishi mumkin: toʻgʻnagʻich uchidan tovuq tuxumigacha va undan ham kattaroq oʻlchamlarda (bunday gigantlar rivojlanib ketgan holatlarda paydo boʻladi). Ammo agar ateroma shikastlansa, unda abssessga aylanishi mumkin boʻlgan kuchli yalligʻlanish paydo boʻlishi mumkin. Bunda terining ateroma joylashgan qismi juda qizarib ketadi, shish va ogʻriq paydo boʻladi. Darhol shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Kattalarda ateromani davolash

Ateromani davolash jarroh tomonidan amalga oshiriladi. Asosiysi, infeksiya yuqtirib olmaslik uchun hech qachon uni mustaqil davolamang va uni oʻzingiz ochmang.

Diagnostika

Ateroma odatda hech qanday qiyinchiliklarga olib kelmaydi. Shifokor terining shakllanishi va atrofidagi joylarni vizual tekshiruvdan oʻtkazadi. Ateromaning oʻziga xos xususiyati uning ogʻriqsizligi va yogʻ bezining kengaygan kanalining mavjudligidadir. Biroq, ateromani lipoma yoki gigromadan ajratish juda muhim, ular tashqaridan bir xil koʻrinsa-da turli xil davolashni talab qiladi. Agar zarurat tugʻilsa, jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanganidan soʻng, ateroma parchalari gistologik tekshiruvga yuborilishi mumkin.

Zamonaviy davolash usullari

Ateromani davolashning zamonaviy usullari faqat uni olib tashlashdan iborat: lazer yoki radio toʻlqinli usulda olib tashlash yoki skalpel yordamida klassik jarrohlik uslubida olib tashlash. Ateromani olib tashlash mahalliy narkoz ostida amalga oshiriladi: terini skalpel yordamida ehtiyotkorlik bilan kesib olib, soʻngra ehtiyotkorlik bilan bosib, ateroma kapsulasi bilan siqib olinadi, shundan soʻng yara davolanadi va tikiladi. Agar ateroma qattiq yalligʻlangan boʻlsa, abssess paydo boʻlsa, uning qaytalanishini oldini olish uchun davolash ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Ateromaning oldini olish

Ateromaning oldini olishning oʻziga xos usullari mavjud emas, ammo u yogʻli terida tez – tez hosil boʻlganligi sababli, gigiyena masalalariga eʼtibor berishingiz kerak. Tez-tez dush qabul qiling, teri yogʻliligini kamaytirish uchun maxsus vositalarni buyurishi mumkin boʻlgan dermatolog bilan maslahatlashing. Bundan tashqari, sintetik emas, balki nafas oladigan tabiiy matolardan tikilgan kiyim kiyish va yogʻli va dudlangan ovqatlar, achchiq ziravorlar va gazlangan ichimliklarni isteʼmol qilmaslik kerak.

Koʻp beriladigan savollar va ularga javoblar

Ateromada qanday asoratlar boʻlishi mumkin?

Ateroma – bu yogʻ bezlarining tiqilib qolishi bilan bogʻliq boʻlgan yaxshi sifatli oʻsma. Ammo har qanday oʻsma saratonga aylanishi mumkin. Agar ateromaga koʻp zarar yetkazilsa, u tez – tez quyosh nuriga taʼsiri ostida boʻlsa hujayralar qayta tugʻilishi mumkin. Lekin bu juda kam uchraydigan holat.

Ateromada qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Uning yalligʻlanishi bilan, yaʼni qizarish, ogʻriq, shish paydo boʻlishi, tana haroratining koʻtarilishi kuzatilganda. Ateroma infeksiyani yuqtirganda yiringlashi, abssess rivojlanishi mumkin. Bunday holda, uni jarrohlik yoʻli bilan olib tashlash uchun shoshilinch ravishda jarroh bilan maslahatlashish kerak. Shuni taʼkidlash kerakki, har qanday oʻsma mutaxassisga koʻrsatilishi kerak. Birinchi navbatda, jarrohga murojaat qilish kerak, agar u yomon sifatli oʻsmadan shubhalansa, bemor onkologga yoʻnaltiriladi.

Ateroma koʻproq kimlarda paydo boʻladi?

Ateromalarning paydo boʻlishi xavfi ostida asosan erkaklar, shuningdek, yogʻ bezlari sekretsiyasi buzilgan, akne bilan ogʻrigan va shaxsiy gigiyenani eʼtiborsiz qoldiradigan odamlardir.

Ateroma va lipoma oʻrtasidagi farq nimada?

Ateroma terida joylashgan yaxshi sifatli oʻsma, lipoma esa teri osti yogʻ toʻqimasida joylashgan va yogʻ hujayralari tomonidan hosil boʻlgan massa hisoblanadi.