Shifokor maslahati

MAQOLALAR

ico
Tredlifting - 3D mezoiplari yuzingizni go‘zallashtiradi
Turli sabablarga ko‘ra ayollar terisining tabiiy tarang holati yo‘qoladi. Albatta, bunday muammoga duchor bo‘lgan ayollar tezda choralar izlab qolishadi. Mana shunday, muammoga chora sifatida biz bugun ayollarimizga 3D mezoiplari orqali yuz terisini torttirish to‘g‘risida ma’lumot beramiz. 3D mezoiplari – bu tibbiyotda ko‘p ishlatiladigan diaksondir. Bu amaliyot kosmetalogiyaga yaqinda kirib kelgani bois ko‘pchilik bundan xabardor emas. Bu muolaja, asoan, ayollarda uchraydigan quyidagi holatlarda :
  • Burun va lab o‘rtasidagi teri burmanlari;
  • Qosh atrofi terisining osilib qolishi;
  • Qorin, bo‘ksa, dumba sohasidagi teri cho‘zilishi;
  • Quloq suprasi atrofidagi teri burmalari;
  • Peshonadagi vertikal teri burmalari;
  • Ko‘krak va bo‘yin sohasidagi teri cho‘zilishlarida tavsiya etiladi.
Tredlifting bir soat davom etib, amaliyot uchun maxsus igna, mezoip va anastetik kerak bo‘ladi. Ignadagi kosmetalogik juda yupqa ip yuz terisining taranglashtirilishi kerak bo‘lgan sohasiga yuboriladi. Yuz terisi qanday tuzilish yoki ko‘rinishda bo‘lmasin uni ip orqali tartiblash mumkin. Teriga yuborilib joylashtirilgan iplant ip 6-7 ( 180-200 kun) oydan so‘ng suv yoki havo ta’sirida parchalanib ketadi.

Va sizning yuzingizda quyidagi ijobiy o‘zgarishlar yuzaga keladi:

  • Yuzdagi ajinlar tekislanib, avalgiga nisbatan bilinmaydi;
  • Yuz shakli tekislanib, qirralar bilinarli ravishda tartibga keladi;
  • Mezoip orqali ta’minlangan terining taranglashuvi 2 yilgacha o‘zgarishsiz, sizning go‘zalligingizga go‘zallik qo‘shib turadi.
Shu o‘rinda, bir holatdan sizni xabardor qilishimiz kerak. Ya’nikim, tredlifting amaliyoti hamma ayollarga ham tavsiya etilmaydi. Masalan,
  • Infektsiyon va onkologik kasalliklarda;
  • Qon quyilishi bilan bog‘liq muammolar bo‘lganda;
  • Tredlifting qilish rejalashtirilayotgan sohalarda yallig‘lanish jarayoni kuzatilganda;
  • Homilador va emizikli ayollarga bu muolajani qo‘llash mumkin emas.
Salomatligingiz va g‘o‘zalligingiz o‘z qo‘lingizda, uni doimo asrang!

«Darakchi» gazetasi.

ico
Prostatit - davolasa bo‘ladigan dard

Ayrim insonlarda prostataning tug‘ma o‘smay qolganligi yoki nimjonlanib qolishi jinsiy qobiliyatda aks etishi mumkin.
Lekin,
prostata bezidagi asab tolalarining uchlari va asab tugunlari uning ba’zan unchalik ahamiyatga ega bo‘lmagan patologik o‘zgarishlarga ham sezgirligini ta’minlaydi. Hatto surunkali ich qotishi yoki bavosil kasalligi prostata bezida vaqtinchalik jinsiy noqobillik tug‘dirishi mumkin.

Prostata bezi adenomasi

Keksalikda jinsiy bezlar faoliyati susayganda prostata bezining faoliyati ham pasayadi. Uning yopishqoq to‘qimasi qisman biriktiruvchi to‘qima bilan aralashib qoladi. Ellik yoshdan oshgada ba’zan uretra atrofi bezlari
o‘sib ketadi. Bu bezlar, ma’lumki, prostataga taqalib turadi. Natijada prostatada shishga o‘xshash bezarar hosila (adenoma) paydo bo‘ladi. Adenoma jom, ya’ni qovuqdagi ulanish apparatini siqib, uning normal faoliyatini buzadi. Bunda siydik chiqarish qiyinlashadi. Adenoma to‘g‘ri ichakni qisib qo‘yishi oqibatida esa, keksalarda ich qotishi yuzaga keladi.
Prostata bezi faoliyatining buzilishi ulg‘aymagan kishilarda ham kuzatiladi. Buning boisi bavosil kasalligi, jinsiy yaqinlikdan tiyilib yurish, zahar tang‘iganda tutib yurish odatda, surunkali qabziyat, oz harakatli turmush tarzi, ovqatlanishdagi betartiblik va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yishdir.

Prostatit bu – prostata bezining yallig‘lanishidan kelib chiquvchi kasallik bo‘lib, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha 73-90 foiz erkak aynan shu xastalikdan aziyat chekadi.

Prostatit kasalligi bezga

  • siydik pufagi;
  • siydik yo‘li;
  • to‘g‘ri ichak;
  • qon tomirlari va kichik tozning limfa tomirlari orqali infeksiya tushish yo‘li bilan paydo bo‘ladi.

Prostata bezining yallig‘lanishi o‘tkir shamollash kasalliklari belgilari bilan kechadi. Bunda bemorning tana harorati 38-39 darajagacha ko‘tarilishi, hojat chiqarayotganda orqa teshikda qattiq og‘riq paydo bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda kasallik surunkali ravishda kechgani uchun erkaklarni hech narsa bezovta qilmaydi. Bunday paytda bemorda yuqoridagi belgilar kuzatilishi, ba’zan esa umuman og‘riq sezilmasligi mumkin:

  • tana harorati 37 darajagacha ko‘tarilishi;
  • tez-tez hojatga borish, borganda tomchilab siydik kelishi (dizuriya);
  • og‘riq bilan qiynalib siyish;
  • qovuq bo‘shlig‘i oralig‘ida og‘riqlar paydo bo‘lishi.

Prostata bezi ishlab chiqargan suyuqlik qonga so‘rilmagani uchun ushbu kasallik bilan og‘rigan erkaklarda ereksiya buzilishi kuzatiladi. Surunkali prostatitdan aziyat chekayotgan erkaklarda asablar tarangligi, ko‘ngil to‘lmaslik, sal narsaga ”tutab“ ketish holatlari ko‘p uchraydi. Shuning uchun bunday bemorlarni davolovchi shifokor nafaqat tajribali urolog, balki yaxshi ruhshunos bo‘lishi darkor.

Prostatit kasalligi profilaktikasi

Agar bemor vaqtida shifokorga murojaat etmasa, keyinchalik prostata bezida yiringlash paydo bo‘lishi mumkin. Bunday hollarda tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilib, siydik yo‘llarida qattiq og‘riq seziladi.
Shuni unutmaslik kerakki, kasallikning surunkali turi murakkab kechishi bilan xavflidir. Bu kasallik ko‘p yillar mobaynida inson tanasida yashirin kechgani bois o‘zini sezdirmaydi. Shuning uchun ham ko‘p erkaklar o‘zlarida prostata bezi borligini bilishmaydi. Vaqt o‘tgan sari bezning yallig‘lanishi hisobiga vaziyat yanada murakkablashib boraveradi. Erkak organizmida kechayotgan bu jarayon keyinchalik siydik yo‘liga o‘tib, quyidagi kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin:

  • sistit (qovuqning yallig‘lanishi);
  • piyelonefrit (buyrak va buyrak jomchasi
  • shilliq pardasining yuqoridan pastga qon
  • orqali tushuvchi yoki pastdan siydik yo‘lidan yuqoriga ko‘tariluvchi
  • infeksiya orqali yallig‘lanishi);
  •  vezikulit (urug‘ pufakchalarining yallig‘lanishi);
  • epididimoorxit (moyaklar va ularning ortiqlari (pridatkalari)ning yallig‘lanishi).

Yuqorida sanab o‘tilgan kasalliklar erkaklarda bepushtlikni keltirib chiqaruvchi omilga aylanadi. Tabiiyki, bunday bemorlarning davolanishi qiyin kechadi. Eng achinarlisi, o‘z vaqtida shifokor ko‘rigidan o‘tish va salomatligini mustahkamlashga jiddiy yondoshmagan ba’zi erkaklar bepushtlik dardiga chalinishlari mumkin. Shu bois har bir erkak yilda kamida bir marta urolog, androlog hamda seksopatolog ko‘rigidan o‘tishga odatlanishi kerak.

Prostatit kasalligini davolashning zamonaviy usullari

Hozirgi kunga kelib, prostatitdan aziyat chekayotgan bemorlar og‘riqsiz va samarali davolash usullari yordamida shifo topmoqdalar. Buning uchun avval ularni quyidagi tekshiruvlardan o‘tkazish lozim:

  • kompyuter orqali skaner qilish;
  • uch tomonlama ultratovush tashxisi;
  • Immunofermentli muolaja – PSA (prostata maxsus antigeni).
  • Bemorning yakuniy natijalarini o‘rganib chiqqach, unga prostatit, adenoma,
    ya’ni giperplaziya (bez to‘qimadan vujudga kelgan o‘sma) yoki prostata bezi
    saratoni deb aniq tashxis qo‘yish mumkin.

Ushbu kasallik tashxisi qo‘yilgan bemorlarning tushkunlikka tushishlariga hojat yo‘q. Chunki olimlar allaqachon bunday bemorlarning dardiga ham shifo topish usulini ishlab chiqishgan. Prostata bezi saratoni kasalligini boshlang‘ich davrida davolash ijobiy natija beradi. Lekin xavfli o‘sma hujayralarining boshlang‘ich o‘chog‘idan boshqa a’zolarga qon yoki lifa oqimi bilan o‘tishi natijasida hosil bo‘ladigan ikkilamchi o‘sma (metastaz) paydo bo‘lgan bo‘lsa, kasallikni davolash mushkul kechadi. Shuning uchun erkaklarga vaqti-vaqti bilan shifokor ko‘rigidan o‘tib turishni maslahat beraman.

© "Darmon" jurnali.

ico
Inseminatsiya - sun'iy urug‘lantirish

"Farzandsizlik - og‘tirmas dard" - deya xalqimiz bejizga aytishmaydi. Albatta, bu dardni boshidan o‘tqazgan yoki o‘tqazayotganlar barcha shifokor-u, tabiblarga ko‘rinadilar. Albatta, bunda muammo aniqlanadi, agar iloji bo‘lsa oilaga shifokorlar "quvonch" ulashadi. Agar, muammo yirik bo‘lsa natijani aytishga ham iymanadi, odam!

Aynan, ana shunday hollarda "oilaning" istaklariga binoan zamonaviy tibbiyot na‘munalaridan bo‘lgan, sun‘iy urug‘lantirish - inseminatsiya qo‘llaniladi. Bu usul barcha holatlar uchun qo‘llanilmaydi. U faqat

  • Ayol  to‘liq sog‘lom bo‘lib , biroq er spermalarining urug‘lantirish qobiliyati o‘rtacha pasaygan hollarda;
  • Sperma ko‘rsatkichlari normal bo‘lib, ovulyatsiya payti bachadon bo‘yni ishlab chiqargan shilliq spermatazoidlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida er-xotin juftligining bir-biriga mos kelmasligi (qarama-qarshi bepushtlik) tashxisi qo‘yilsa qo‘llaniladi.

Uning qo‘llanilishi ham ancha qiyinchilik tug‘diradi. Usul bachadon ichida bajariladi. Chunki, inseminatsiya uchun tavsiya etiladigan yuqoridagi har ikkala omil ham spermatozoidlarning bachadon ichiga zarur miqdorda yoki umuman tushmasligi bilan bog‘liq.
Inseminatsiyada dastlab spermaga ishlov beriladi. Ishlov berish esa bir necha qismdan iborat.
Spermatozoidlar inseminatsiya o‘tkazish uchun tayyorlanadi: bu laborotoriya sharoitida  zichlik gradiyenti usullari yordamida amalga oshiriladi. Bu usullar spermatozoidlarni tozalash va taqsimlashga qaratilgan. Natijada inseminatsiya uchun eng harakatchan spermatozoidlar ajraladi. Ular o‘z morfologiyasiga ko‘ra ishlov berilmagan spermaga nisbatan yaxshiroq bo‘ladi.
So‘ng ovulyatsiya bo‘lganini ultratovush tekshiruvida aniqlab, o‘sha kuni yoki ertasiga oldindan tozalab tayyorlangan shahvat kateter yordamida to‘g‘ri bachadon ichiga quyiladi. Albatta, barcha jarayonlar qoidalarga amalqilib o‘tqazilsa, yaqin bir yil ichida o‘sha oilalarning 10 - 20 foizida (Statistika)  "Beshik to‘y" bo‘lishi aniq. Afsuski, ayrim hollarda e‘tiborsizlik yoki shifokorlarning masuliyatsizligi tufayli ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Masalan, ba’zi klinikalarda erkak spermasini, to‘g‘ridan-to‘g‘ri (tozalamasdan, tekshirmasdan) shpris orqali ayol qiniga yuborish muolajalari olib boriladi. Bu homiladorlikka erishishning tabiiy usulidan deyarli farq qilmaydi va farzandsizlik holati yana qayta kuzatilishi mumkin. Bu holat yana ruhiy tushkunlikka olib keladi.Bundan tashqari, tozalanmagan shahvat bachadon ichiga o‘tkir shamollash, turli xavfli kasallik viruslarini olib kirishi ham mumkin.

Mamlakatimizda qonunan inseminatsiya qilish va ovulyatsiya induksiyasi usllariga ruxsat etilgan!

ico
Surunkali prostatit - erkaklar kasalligi

Surunkali prostatit erkaklar orasida ko‘p uchraydigan kasallik hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu kasallik 25 yoshdan keyin erkaklarning 25-80 foizida uchraydi. Pala-partish jinsiy hayot kechirish, kam harakat turmush tarzi, spirtli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, sovqotish kabilar prostatit rivojlanishining asosiy sababchilaridir. Odatda surunkali prostatit sekinlik bilan, klinik belgilarsiz rivojlanadi, prostata bezi sekretining va kichik chanoq doirasida qon aylanishining dimlanishi asosida yallig‘lanish jaryoni yuzaga keladi. Avval prostata bezining qon tomirlari kengayadi, keyinchalik chandiqli-sklerotik o‘zgarishlar yuzaga keladi, buning natijasida peshob ajralishi buziladi, jinsiy qobiliyat pasayadi, charchoqlik, asabiylashish kuzatiladi.

Tasniflanishga ko‘ra, prostatit infeksion (yuqumli) va noinfeksion (yuqumli bo‘lmagan, prostata bezini oziqlantiruvchi qon tomirlarini dimlanishi natijasida yuzaga keladi) turlariga bo‘linadi. Infeksion prostatit vaqtida prostata beziga mikroblar, viruslar, bakteriyalar, zamburug‘lar tushadi. Noinfeksion prostatit infeksiya qo‘zg‘atuvchilarisiz yuzaga keladi. Bu kasallikning boshlanishiga prostata bezida qon dimlanishi, kam harakat turmush tarzi, sovqotish sabab bo‘ladi.

Prostatit kasalligi yuzaga kelishiga sabablar nima?

  • prostata bezi anatomik tuzilishining o‘ziga xosligi;
  • gormonlar almashinuvining buzilishi;
  • yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlar;
  • siydik yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari¹;
  • buyrak va siydik qopining yallig‘lanish kasalliklari;
  • pala-partish jinsiy hayot tarzi²;
  • butun tananing sovqotishi;
  • siydik yo‘llarida peshobning yig‘ilib turishi;
  • kam harakat turmush tarzi;
  • immun tizimini susayishi³.

Yuqorida keltirilgan omillarning har qanday kombinatsiyasi prostata bezining yallig‘lanishiga olib kelishi mumkin.

Prostatitni davolash uchun antibakterial terapiya, prostata bezini massaj qilish, fizioterapiya, immun tizimini mustahkamlash va hayot tarzini o‘zgartirish kerak.

Bemorlar uchun kerakli eslatma

  • Prostatitni keltirib chiqaruvchi sabablar turlicha bo‘lib, yagona sababni qidirish va uni davolash uchun qaratilgan davo muolajalari kutilgan natijaga olib kelmaydi. Kasallikning klinik belgilari sezilarli bo‘lmasligi mumkin, agar sizda chanoq oralig‘ida og‘riq kuzatilsa, peshob qilish vaqtida yoqimsiz sezgilar bo‘lsa, siydik yo‘lidan ajralishlar kelsa, albatta, urolog bilan maslahatlashing;
  • prostatit tashxisi kompleks tarzda qo‘yiladi, chunki kasallik turini, kechish bosqichini, asoratlarini va davolash usulini belgilovchi boshqa omillarni e’tiborga olish kerak. Prostatit klinikasi turli bemorlarda turlicha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun to‘g‘ri tashxisni faqat mutaxassis-shifokor qo‘ya oladi;
  • kasallik kechishi o‘ziga xos bo‘lganligi uchun davolash muolajalari ham o‘ziga xos bo‘ladi. Prostatitning klinik kechishi bir xil emas, ba’zida kasallik qo‘zg‘aladi, ba’zida asoratlar yuzaga keladi, ba’zida yashirin kechishi mumkin. Shu sababdan doimiy shifokor kuzatuvi kerak bo‘ladi;
  • prostatitni davolash uchun antibiotikni to‘g‘ri tanlash kerak, ularning dozasi va davolash sxemasini har bir bemor uchun individual holda tanlanadi va bu urogenital mikroflorani aniqlagandan keyin amalga oshiriladi;
  • infeksiyadan qutulish bilangina prostatitni davolab bo‘lmaydi. Prostata bezida qon dimlanishini ham to‘g‘rilash kerak;
  • prostata bezining patologik o‘zgarishlari o‘ziga xos va turlicha bo‘lganligi uchun ham uni davolovchi universal dori vositasi yo‘q. Shifokor sizga turli dori vositalarini va har xil davo muolajalarini tavsiya qilishi mumkin;
  • davolash natijasida uzoq vaqtli remissiyaga (surunkali kasallikning bosilishi) erishilgan taqdirda ham, profilaktik tarzda shifokor ko‘rigidan o‘tib turing, chunki kasallik qo‘zgaganda buni siz sezmasligingiz mumkin;
  • bir necha shifokorlar maslahatini bir vaqtda bajarish to‘g‘ri degan bemorlar yanglishadilar, chunki to‘g‘ri maslahatlar ham ba’zida bir-biriga zid bo‘lishi mumkin. Shuning uchun kasallikni bir shifokor maslahati asosida davolang;
  • jinsiy hayot tarzingizni normallashtiring;
  • davolanish davomida spirtli ichimliklarni iste’mol qilmang, ular prostatitning provokatori hisoblanadi;
  • tananing sovqotishi qisqa vaqt davomida bo‘lsa ham, kasallikning kuchayishiga olib keladi;
  • jismoniy mehnat va sport prostatitni davolashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • surunkali ich qotish prostata bezida qon aylanishini buzadi, prostatitning kechishiga va davosiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • o‘z vaqtida aniqlangan residiv (kasallik qaytalanishi) yengil davolanadi, shifokoringiz tavsiyasiga remissiya vaqtida ham rioya qiling;
  • qanday kasallik bo‘lishidan qat’i nazar, to‘g‘ri olib borilgan sog‘lom turmush tarzi va odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va optimizm ruhi kasallikdan tez va samarali qutilish garovidir.

Tib.uz nashri.

[divider]

Mavzuga aloqador maqolalar:

ico
Infaltil — to‘liq rivojlanmagan bachadon

To‘y oldi yugur-yugurlarining o‘zgacha gashti bor. Ammo ba’zan ko‘ngilni xira torttiradigan holatlar ham uchrab turadi. Masalan, tibbiy ko‘rik vaqti bo‘lajak kelinda aniqlangan «yetilmagan bachadon» tashxisini olsak. Bu ma’lumot yoshlarni qo‘rqitishi tabiiy. Negaki ko‘pchilikni bunday tashxis bilan farzandli bo‘lish mumkinmi, degan savol o‘ylantiradi. Xo‘sh, aslida ham havotirga asos bormi? Davolanish-chi, natija beradimi?

Bu kasallikmi?

To‘liq rivojlanmagan bachadon infaltil deb nomlanib, a’zoning rivojlanishdan ortda qolganligi deya tushuniladi. Gap shundaki, qiz bola ulg‘aygani sari ichki a’zolari, shu jumladan bachadoni ham «ulg‘ayadi». Agar bachadon yetilmagan bo‘lsa, tabiiyki, u vazifasini ham yaxshi uddalay olmaydi.

Alomatlari

  • hayz ko‘rmaslik yoki kech hayz ko‘rish;
  • hayz ko‘rganda qon ajralmasining juda kam bo‘lishi;
  • gormonal tizimda o‘zgarishlar yuz berib, qalqonsimon bez kasalliklari rivojlanadi.
  • aqlan va jismonan yetilmaslik;
  • ayollik jozibasining yetishmasligi, ya’ni o‘zini o‘g‘il bolalarcha tutishi va fikrlashi;
  • ko‘kraklarning yetilmasligi;
  • ayrim hollarda soch tuklari ko‘pligi (baroqlik);
  • oyda bir-ikki marta kuzatiladigan tos sohasidagi og‘riqlar (hayz ko‘rmagani sababli);
  • tez-tez bosh og‘rishi.

Agar qizalog‘ingizda shunday alomatlar kuzatilayotgan bo‘lsa, darhol ginekolog ko‘riga oshiqing.

Nega bunday bo‘ladi?

  • Bolalikdagi turli yuqumli kasalliklar;
  • qalqonsimon bez xastaliklari;
  • shuningdek, bosh miya jarohati tufayli bachadon rivojlanishdan orta qolishi mumkin.

Davosi qanday?

Har bir bemorning organizmining individualligini hisobga olib, davo choralari belgilanadi. Bunda bachadon rivojlanganlik darajasi, gormonlar ishining izdan chiqqanligi va sabablari inobatga olinadi. So‘ng bosqichma-bosqich vitaminli muolajalalar va fizioterapiya, gimnastika, keyin esa gormonal terapiya o‘tkaziladi.

«Farzandli bo‘lamanmi?»

Homiladorlik yetilmagan bachadonning turlariga ham bog‘liq. To‘g‘ri muolaja qilinsa va muammo o‘z vaqtida aniqlansa, farzandli bo‘lish ehtimoli ortadi.

Farzandsizlikka faqatgina yetilmagan bachadonning o‘zi emas, endokrin tizimi va tuxumdonlar faoliyatidagi muammolar, ruhiy holat ham sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, ba’zan qizlar bo‘y-bastining kichkinaligi, ozg‘inligi bachadonning hajmiga mos bo‘ladi. Siz xavotirga tushmang, yetilmagan bachadon tashxisi bilan farzand ko‘ra olmaslik fikri hozirda eskirgan. Bugungi tibbiyotda yetilmagan bachadonga yordam berish usullari ko‘p.

Aziz onalar!

Qizalog‘ingiz kelajakda shunday muammolarga duch kelmasligi uchun bolaligidanoq uning jismoniy rivojlanishiga e’tibor bering. Albatta, o‘smirligida ham ruhiy, ham jismoniy salomatligiga befarq bo‘lmang. Farzandingizdagi shamollash kasalliklarini o‘z vaqtida davolang, uni chiniqtiring, jismoniy va aqliy jihatdan charchashiga yo‘l qo‘ymang.

Mutaxassislar bilan maslahatlashish, ayniqsa, ginekolog ko‘rigidan o‘tkazishga uyalmang. Kasallik qanchalik erta (11-13 yoshgacha) aniqlansa, davolash shunchalik oson kechadi.

Ginekolog Hulkar RAVSHANOVA.
Sugdiyona.uz

ico
Enurez - peshob tuta olmaslik

Afsuski, ba’zi ota-onalar farzandining kechasi tagini ho‘llab qo‘yish odatiga bee’tibor qarashadi. «Bola shunday katta bo‘ladi-da!» deydiganlar ham yo‘q emas. Lekin o‘sha bola katta bo‘lgandan keyin ham bu hol davom etsa-chi? Endi bu nafaqat ona, balki bolaning o‘zi uchun ham rosmana muammoga aylanadi. Ayniqsa, kelajakda o‘zga oilaga boradigan, kelin, ona bo‘ladigan qizaloqlar orasida o‘smir yoshga yetganda ham bunday hol uchrashi jiddiy muammo. Tibbiyotda bu «muammo» enurez deb nom olgan. Bu mavzuni yoritishimizga bir muxlisamizning qo‘ng‘irog‘i turtki bo‘ldi. Xo‘sh, farzand o‘smirlik davriga yetganda ham enurezdan aziyat chekishiga sabab nima?
Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutish kerak?
Mavzu doirasida Toshkent shahar bolalar ruhiy-asab kasalliklari markazi dispanser bo‘linmasi boshlig‘i Adiba HOSHIMOVA "
Sug‘diyona" gazetasiga ma’lumot berdi. Quyida ushbu ma’lumot bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

Enurez — uyqu vaqtida ixtiyorsiz peshob ajratish kasalligi. Enurezning klinik o‘rni bolalar va o‘smirlar o‘rtasida katta. Bu kasallik 5 yoshli bolalarning 10, 10 yoshlilarning 5, 14 yoshlilarning 2 foizida uchraydi. 18 yoshlilarning esa har yuztadan bittasida kuzatilishi mumkin.

Enurezning tarqalishida jinsning ham ahamiyati bor: u maktab yoshigacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarning 12, qiz bolalarning esa 7 foizida uchraydi. Kasallik qizlarga nisbatan o‘g‘il bolalarda 1,5-2 baravar ko‘p kuzatiladi. 5 yoshgacha bo‘lgan davrda bu kasallik emas, fiziologik holat hisoblanadi. 5 yoshdan keyin esa peshobini tuta olmaydigan bolalarni albatta davolash kerak.

Enurez sabablari

  1. Markaziy asab tizimining peshob ajratish jarayoni ustidan nazorati shakllanishining ortda qolishi.
  2. Infeksiyalar.
  3. Qabziyat va axlat tuta olmaslik har doim ham jiddiy e’tibor qaratilavermaydigan jiddiy omillar.
  4. Oshqozon-ichak trakti faoliyati o‘zgarishi, surunkali tonzillit ham peshob pufagi faoliyatining buzilishini yuzaga keltirishi mumkin.
  5. Asab tizimi kasalliklari
  6. Ruhiy omillar (oiladagi ziddiyatlar, maktabda vazifalarning og‘irlik qilishi, turar-joy o‘zgarishi va hokazo).
  7. Peshob pufagi faoliyatining buzilishi…

Kasallik nasl suradimi?

Ota ham, ona ham enurezdan aziyat chekkan bo‘lsa, bolada bu kasallik kuzatilishi xavfi 77 foizni tashkil etadi. Agar ota-onadan bittasi tungi peshob tutolmaslikni boshdan kechirgan bo‘lsa, 44%, ota-onaning hech birida bu holat kuzatilmagan bo‘lsa, 15 foiz hollarda bola enurezdan aziyat chekadi.

Qaysi shifokorga murojaat qilish kerak?

Davolash faqat psixiatr yoki nevropatolog tomonidan amalga oshiriladi. Mutaxassis avvalo, kasallik sabablarini aniqlaydi. Buning uchun suhbat va muayyan tekshiruvlar amalga oshiriladi. Mutaxassis albatta enurezga chalingan bolaning ota-onasidan oilaviy muhit qandayligini, bola haqidagi qo‘shimcha shikoyatlar bor-yo‘qligini surishtiradi. Ona homiladorlik davrini qanday o‘tkazgan, boshqorong‘ilik bo‘lganmi, birorta kasallikka chalinganmi yoki siqilishlar bo‘lganmi, bola tug‘ilayotganda tug‘ma patologiyalar kuzatilmaganmi, o‘z vaqtida tug‘ilganmi kabi savollarni ham albatta hisobga olish kerak. Bolaning 3 yoshgacha bo‘lgan rivojlanish davri ham hisobga olinadi. Xullas, barcha ma’lumotlar jamlanib, xulosa chiqariladi. Muolajalar esa so‘rov va tekshiruv natijalariga qarab belgilanadi.

Qanday tekshiruvlardan o‘tish kerak?

Tekshiruv peshob tuta olmaslikning davomiyligi va tezligi, bu muammoga ota-ona va bolaning munosabatini o‘rganishni o‘z ichiga oladi.

Qon va axlatning umumiy tahlili o‘tkaziladi. Bolaning umurtqa pog‘onasi rentgen qilinadi. Chunki shunday vaziyatlar bo‘ladiki, bola umurtqa pog‘onasining eng pastki sohasi qiyshiq tug‘iladi. Agar shu holat aniqlansa, umurtqa pog‘onasining o‘sha qismi bola peshob pufagiga turtki berib turadi va bolada peshob pufagi tez to‘lib qolish reaksiyasi paydo bo‘ladi. Bunday vaziyatda ortoped bilan birga davo muolajalari qilinadi.

Albatta peshob tahlilini o‘tkazish kerak. Bunda buyraklarda, peshob yo‘llarida shamollash alomatlari, tuz yig‘ilish holatlari bor-yo‘qligi aniqlanadi. Agar tahlil natijasi buyraklar va peshob chiqarish yo‘llari ishida buzilishlarni ko‘rsatsa, sinchiklab tekshirish talab etiladi: ultratovush tekshiruvi, peshob pufagining rentgen tekshiruvi, urologik va nevrologik tekshiruv.

Oilaviy totuvlik — muvaffaqiyat garovi!

Asabi buzilib turganda alamini bolasidan oladigan, tergayveradigan ota – onalar bor … Aslida 5 yoshgacha bo‘lgan bolani tergash mumkin emas. Chunki ularda hali fikrlash qobiliyati to‘liq rivojlanmagan bo‘ladi. Bolani tergayversangiz, kunduzi shuning ta’sirida asabi tarang bo‘lib yuradi. Natijada kechasi unda enurez holati kuzatilishi mumkin. Oilada er-xotin yoki qaynona-kelin o‘rtasidagi janjallar ham bolaga ta’sir ko‘rsatadi. Kattalar «bola o‘ynab yuribdi, e’tibor bermaydi» deb o‘ylashadi. Aslida esa har bir gapimiz, o‘zaro munosabatlarimiz ham bolaga ta’sir qilishini hisobga olishimiz kerak.

Xastalik ijtimoiy muammoga aylanib ketmasin!

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, enurezdan aziyat chekuvchilarning 40 foizida ruhiy buzilishlar kuzatiladi. Bola enurezdan aziyat cheksa, asabiy, do‘stlariga qo‘shilolmaydigan bo‘lib qolishi, fanlardan o‘zlashtirishi susayishi mumkin. Chunki u doim shuni o‘ylab siqilib yuradi. Agar davolanmasa, ulg‘aygan sari bolada bu kasallik qolmasa, u ko‘pchilikka qo‘shilolmaydi, mehmonga, lagerga borishdan bosh tortadi, chunki qo‘rqadi. O‘g‘il bolalar, hatto harbiy xizmatga olinmaydi. Bu bola uchun juda katta ruhiy jarohat. Enurez asab tizimini shunday holatga olib keladiki, ayrimlar hatto uylanmaslikka qaror qilishi mumkin. Qizlarda esa turmushga chiqqach, oilasi buzilishi hollari kuzatiladi. Qiz bolada hayz davri boshlansa, kasallik o‘tib ketadi» deb hisoblaydiganlar ham bor. Aslida esa hammada ham bunday bo‘lavermaydi.

Enurezni davolash

Kattalar va o‘smirlardagi enurez markaziy asab tizimining organik patologiya asorati hisoblanadi va uni davolash nevrologik buzilishlarni to‘g‘irlash bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Peshob yo‘llarini mustahkamlaydigan, asablarini tinchlantiradigan preparatlar, vitaminlar, shamollashni singdirib yuboradigan terapiya va qo‘shimcha fizioterapiya, nuqtali massaj, parafin kabi muolajalarni kompleks tarzda olib borish kerak. Biroq unutmaslik kerakki, kasallik bir davolagandayoq o‘tib ketmaydi, buni 5-6 oyda takroriy kurs qilib davolab turish kerak. Chunki bu surunkali xastalik. Shuning uchun «bir marta davolandim, bo‘lmadi» deb qo‘l siltab qo‘yish noto‘g‘ri.

Enurezdan aziyat chekadigan bolalarni sportning suzish to‘garagiga berish foydali. Suzish bola asabini tinchlantiradi, butun organizmini chiniqtiradi. Bu sport turi bilan yilning issiq oylaridagina emas, balki yil davomida shug‘ullanish kerak. Shunda natijasi bilinadi.

8 muhim qoida

  1. O‘zingiz va farzandingizni aybdorlik hissidan xalos eting! Farzandingiz kechasi o‘rnini ho‘llab qo‘ygani uchun, siz yomon ona hisoblanmaysiz. Shuningdek, banday bo‘lgani uchun dilbandingiz yomon bola emasligini aniq-ravshan tushunishiga erishishga harakat qiling.
  2. Bolani jazolamang! U enurezga chalingani uchun aybdor emas va buning uchun sizdan kam qayg‘urayotgani yo‘q. Unga tagini ho‘llab qo‘ygani uchun na so‘z, na nigoh bilan gina qilmang. Tushuning, bu bolaga yordam bermaydi. Tagini ho‘llab qo‘yishni xohlaydigan bola bo‘lmaydi. Farzandingiz to‘shagini ho‘llab qo‘ysa, «obbo, o‘rning yana ho‘l-ku!» kabi gaplarni aytmang. Yaxshisi, hech nima demang. E’tiboringizni faqat muvaffaqiyatlarga qaratishingiz kerak.
  3. Bola har kuni bir xil vaqtda uyquga ketishga odatlansin. Kechqurun birgalikda kitob o‘qing, rasm chizing. Kechasi televizor tomosha qilmagani, kompyuter o‘yinlari o‘ynamagani ma’qul.
  4. 4 yoshdan bolaga onalar psixoterapiyani qo‘llashlari mumkin. Bu uxlashdan oldin amalga oshiriladi. Bola uyquga ketishidan oldin kaftingizni peshanasiga qo‘yib, unga «hojatga chiqqim kelsa, albatta uyg‘onib, hojatxonaga boraman. To‘shagim quruq bo‘ladi» kabi gaplarni jiddiy va щoshmasdan ayting. Agar bola bu gaplarni takrorlasa, yana-da yaxshi. «O‘z-o‘zini ishontirish» mashqini kuniga 5-7 martadan 1-2 oy davom ettiring.
  5. Bolani kechasi uyg‘otish mumkin emas. Bu tarzda bolada hech qachon peshobi qistaganda o‘zi uyg‘onish refleksi shakllanmaydi. U o‘z peshob pufagini o‘zi sezishga o‘rganishi kerak. Majburan uyg‘otish orqali esa bu refleks paydo bo‘lishiga faqatgina xalaqit berasiz.
  6. «Quruq tunlar» uchun farzandingizni rag‘batlantiring.
  7. Bola bilan birga taqvim tuting. Odatiy mitti taqvimchaga «ho‘l» va «quruq» tunlarni birgalikda belgilab boring. Qurug‘ini qizil, ho‘lini ko‘k qalam bilan belgilang. Ham qiziqarli, ham foydali.
  8. Unutmang: Bu maslahatlar faqatgina ularni muntazam ravishda, hech qanday dam olish kuni yoki bayramlarsiz, 1,5-2 oy davomida bajargandagina yordam beradi.
ico
Qora oqsoqdan saqlaning ( Brutsellyoz )

Qora oqsoq (brutsellyoz) — turli xil yuqish yo‘llariga ega bo‘lgan, keng tarqalgan polietiologik, zooantroponoz, o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir. U organizmning bir qancha, asosan tayanch-harakat a’zolarining hamda asab tizimining shikastlanishi, vujudning zaharlanishi va allergiyaning namoyon bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Shuningdek, infeksion jarayonning rivojlanishi, aksariyat hollarda surunkali kechishi, ko‘p hollarda, keyinchalik bemorlarda nogironlikni keltirib chiqarishi mumkin.
Xastalikni brutsellalar guruhiga mansub bak­teriya­lar paydo qiladi. Mayda shoxli mollardagi qora oqsoq qo‘zg‘atuvchisi odam uchun yuqori patogen hisoblanadi. Qo­­ramollardagi esa nisbatan yengil klinik ko‘rinish­da­gi dardni yuzaga chiqarishi mumkin. Cho‘chqalardagi qo‘z­­­­­g‘atuvchi kamdan-kam hollarda kasallikka sababchi bo‘ladi. It, cho‘l va butazorlarda yashovchi kalamushlarda ham brutsellyozni chaqiradigan turlari bor.
Odam uchun kasallik manbai yirik va mayda shoxli hay­­vonlardir. Qora oqsoq qo‘zg‘atuvchisi organizmga og‘iz, burun, ko‘z shilliq pardalari, jinsiy a’zolar va hi­­­moyalanmagan teri orqali kira oladi. Kasal hay­von­­larni tug‘dirishda qatnashgan odamlarning zarar­la­nish xavfi juda yuqori. Ko‘pincha himoyalanmagan (qo‘l­qopsiz) qo‘l bilan hay­von terisini ajratib olish va unga qayta ishlov berish paytida kasallik yuqadi.
Davolanishni kech boshlash tufayli kasallik su­run­kali holatga o‘tib, yillab davom etishi kuzatilgan. Na­­tijada odam uzoq vaqtgacha ish qobiliyatini yo‘qotib, umrining oxirigacha nogiron bo‘lib qoladi.
Kasallikning oldini olish uchun chorva mollari saq­lanadigan molxonalarni ozoda saqlash kerak. Hay­vonlar boqilgan joy, ularga ishlatilgan asbob-us­ku­nalarni za­rarsizlantiruvchi vositalar bilan himoya­lash lozim. Hayvonlarga yordam berishga ki­rishgan kishi o‘ziga dard yuqtirmaslik uchun shaxsiy gi­giyena va maxsus kiyim­lar­dan foydalanishi zarur. Chor­vachilik ishlari bilan shu­g‘ullanadigan in­sonlar, albatta, o‘zlarini qora oqsoq ka­salligiga tekshirib tu­­rishlari shart. Go‘sht va sut mah­su­lot­larini yaxshilab qaynatib, so‘ngra is­te’mol qi­ling. Belgilanmagan joy­lar yoki qo‘lda sotilayotgan sut, qaymoq va boshqa tur­dagi sut mahsu­lot­larini xarid qil­maganingiz ma’qul.

[divider]

[highlight]Avitsenna.uz sayti orqali mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:[/highlight]

ico
Yurak kasalliklari xavfi

Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari dunyo bo‘yicha hozirgi kunga qadar nogironlik va o‘limning asosiy sababi ekanligicha qolmoq­da. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikriga ko‘­ra, bu muammo yana bir necha o‘n yillar davomida shu tendensiyada davom etishi kutilmoqda.

Statistika

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, barcha o‘lim holatlarining 56 foizi yurak qon-tomir tizimi kasalliklari oqibatida kelib chiqadi. Buning deyarli yarmi (umumiy o‘limning 26 foizi) yurakning koronar kasalliklari ulushiga to‘g‘ri keladi. Yurak qon-tomir kasalliklari Yevropada yiliga 4,3 mln (48%), 27 ta Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining 2 mln (42%) aholisining o‘limiga sababchi bo‘ladi.

Yurak ishemik kasalliklari Yevropada o‘limning eng ko‘p sababi hisoblanadi. Erkaklarda 16%, ayollarda 15% o‘lim yurak i­shemik kasalliklari sababli yuzaga keladi. Insult o‘lim sababchisi sifatida YuIKdan keyingi 2-o‘rinda (ayollarda 17%, erkaklarda 11%) turadi. Yurak qon-tomir kasalliklari, uning asoratlari mehnat qobiliyatini yo‘qotish hamda nogironlikning asosiy sababi hisoblanadi. Mamlakat miqyosida sog‘liqni saqlash tizimiga sarflanayotgan mablag‘ning bir ne­cha marta o‘sishiga olib keladi.

Ma'lumot uchun

XX asrda yurak qon-tomir tizimi kasalliklarining o‘sishi bir tomondan keksa yoshli aholi sonining ortishi bilan tushuntirilsa, ikkinchi tomondan iqtisodiyotning o‘sishi va sanoatlashtirish natijasida mehnat va turmush tarzining yaxshilanishi, ovqatlanish taomillarining o‘zgarishi bilan bog‘liq. 1970-yilda butun dunyo aholisining 37 foizi shaharlarda yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil qiladi, 2020-yilga borib 61 foizga yetishi kutilmoqda. Turmushning o‘z­garishi, eng avvalo, ovqatlanish xarakterining o‘zgarishiga olib keladi. Yuqori kaloriyali ovqatlanish, ratsionda yog‘ miqdorining oshirishi va klechatka, go‘sht hamda rafinadlangan uglevodlarning kamayishi arterial gipertoniya, dislipidemiya va boshqa qator yurak qon-tomir kasalliklarining rivojlanishida asosiy xavf omili hisoblanadi. Gipodinamiya odat­da semizlik (ayniqsa, uning abdominal turi), qandli diabet va insulinorezistentlik bilan birga keladi. Mehnat va turmush sharoitining mexanizatsiyalashuvi, o‘tirgan holda faoliyat ko‘rsatuvchi “xobbi”larning (televizor ko‘­rish, kompyuterda ishlash) paydo bo‘lishi va transport tizimining takomillashuvi energiya sarfining kamayishiga, insonning kam harakat bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Chekish

Chekish yurak qon-tomir tizimi kasalliklariga olib keluvchi yana bir muhim xavf omili hisoblanadi. Bugungi kunda juda ko‘p rivojlangan mamlakatlarda aholi orasida chekish kamayib bormoqda. Rivojlanayotgan va aholisining iqtisodiy ahvoli birmuncha past­roq bo‘lgan mamlakatlarda yirik tamaki ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘z marketing xizmatlarini rivojlantirmoqda. Chekish­ni kamaytirishga davlat tomonidan bo‘layotgan harakatlar (reklamalarni cheklash, jamoat joylari va restoranlarda chekishni ta’qiqlash, aholiga chekishning zarari to‘g‘risida ma’lumotlar berish) tamaki chekishning kamayi­shiga olib keladi. Shotlandiyada chekishni ta’qiqlashdan so‘ng o‘tkir koronar sindrom sababli gospitalizatsiya sezilarli kamaygan. INTERHEART tadqiqotlarida birlamchi miokard infarktining 70 foizi chekish va dislipidemiya bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan.

Irsiy omil sababchimi?

Yurak qon-tomir kasalliklarining rivoj­lanishida irsiy omil muhim o‘rin egallaydi. Afsuski, irsiy omilni turmush tarzini o‘zgartirish yoki dori-darmonlar bilan o‘zgartirib bo‘l­maydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yaqqol irsiy anamnez bo‘lgan kishilarda ham boshqa faktorlar qo‘shilmasa, yurak qon-tomir kasalliklari kamdan kam rivojlanadi. Ko‘pchilik davlatlarning tajribasidan kelib chiqib aytish mumkinki, kasallanish, nogironlik va o‘limni kamaytirishda xavf omillarga qarshi kurash davolashdan ko‘ra samaraliroqdir. Turmush tarzini o‘zgartirish va xavf omillarini korreksiya qilish kasallik progressiyalangunga qadar va manifest ko‘rinishlarida ham bir xilda samarali va foydali ekanligi yirik tadqiqotlarda inkor etib bo‘lmas ilmiy dalillar asosida isbotlab berilgan. Masalan, o‘rtacha giperxolesterinemiya mavjud che­kuvchi bemorlarda samarali usul statinlarni qabul qilish emas, balki chekishni to‘xtatish hisoblanadi.

Tadqiqot natijasi

Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi (AHA) tavsiyalari shimoliy Amerikada o‘tkazilgan Fremengem tadqiqotlari natijalariga asoslansa, Yevropa kardiologlar assotsiatsiyasi (ESC) tavsiyalari SCORE (Systematic Coronary Risk Evalution – Koronar xavfni umumiy baholash) tadqiqotlari tavsiyalariga asoslanadi. O‘rta Osiyo mamlakatlarida bunday yirik tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Shu sababli bugungi kunda sog‘liqni saqlash xodimlarining oldida zamonaviy tashxis va davo usullarini takomillashtirish va reabilitatsiyaning muqobil usullarini ishlab chiqishdek muhim vazifa turadi.

Asosiy vazifa

Yurak qon-tomir tizimi kasalliklari insonning turmush tarzi va mavjud xavf omillari bilan uzviy bog‘liq. Mazkur kasalliklar profilaktikasining asosiy maqsadi kishilarning yurak qon-tomir kasalliklari bilan og‘rishini va ular oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlari chastotasini kamaytirish, ularning umrini uzaytirish va umrining oxirigacha hayot sifatini saqlab qolish hisoblanadi. Ko‘pgina xavf omillari turmush tarzini o‘zgartirish orqali nazorat qilinsa, ayrimlari (arterial gipertoniya, dislipidemiya va qand miqdori) medikamentoz yo‘l bilan korreksiya qilinadi. Yurak qon-tomir tizimi kasalliklarining asoratlari va u bilan bog‘liq no­xush holatlarning oldini olishda kasalliklarning birlamchi profilaktikasi qulay, samarali va iqtisodiy jihatdan arzon ekanligi Yevropa kardiologlar jamiyati (ESC), Amerika kardiologlar assotsiatsiyasi (AHA), Amerika kardiologlar hay’ati (ACC), Butunrossiya kardiologlar Ilmiy jamiyati (VNOK) va Yurak yetish­movchiligi bo‘yicha mutaxassislar jamiyati (OSSN) tomonidan e’tirof etilgan va tavsiya qilingan.

Quyida biz yurakning koronar kasalliklari, ularning kelib chiqishidagi ahamiyati va xavf omillarini korreksiya qilish chora-tadbirlari haqida to‘xtalib o‘tamiz. Yurak koronar kasalliklari xavf omillari ikki guruhga bo‘linadi.

I. O‘zgartirish mumkin bo‘lgan xavf omillari:

  • dislipidemiya;
  • tamaki chekish;
  • yuqori qon bosimi;
  • uglevodlarga tolerantlikning buzilishi yoki qandli diabet;
  • ortiqcha tana vazni yoki semizlik;
  • psixosotsial omillar;
  • gipodinamiya;
  • meva va sabzavotlarni kam iste’mol qilish;
  • ortiqcha (yuqori kaloriyali) ovqatlanish;

II. O‘zgartirib bo‘lmaydigan xavf omillari:

  • yosh (erkaklar 55 yoshdan, ayollar 65 yoshdan yuqori bo‘lishi);
  • jins;
  • irsiy (oilaviy) moyillikning borligi.

Tadqiqotlar natijalari yurak ishemik kasalliklari xavf omillari ahamiyatini baholash, har bir xavf omiliga alohida yondashishni taqozo qiladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining YuIK profilaktikasi bo‘yicha ekspertlarining 1982-yilgi ko‘rsatmalarida YuIK profilaktikasi quyidagi 3 ta komponentdan iborat deb hisoblanadi.

Populyatsion strategiya

Populyatsion strategiya – turmush tarzini o‘zgartirish, tashqi muhit omillari va ijtimoiy-iqtisodiy omillarga qarshi kurash barcha aholini qamrab olishi kerak. Profilaktika Davlat dasturlari asosida amalga oshiriladi. Populyatsion strategiya aholining turmush tarzini o‘zgartirish: chekuvchilar sonini kamaytirish, aholining jismoniy faolligini oshirish, to‘g‘ri va sifatli ovqatlanishni shakllantirishni ta’minlovchi yirik masshtabli dasturlar orqali amalga oshiriladi.
Yuqori xavf strategiyasi aholi orasidan YuIK xavfi yuqori bo‘lgan kontengent ajratib olinib, tegishli chora-tadbirlar olib boriladi.
Ikkilamchi profilaktika YuIK aniqlangan bemorlarda uning asoratlarining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi va amal­ga oshiriladi. Bu bosqichda shuni e’tiborga olish lozimki, ko‘pchilikda xavf omillarini korreksiya qilish boshlangan vaqtda ateroskleroz rivojlangan bo‘ladi. Olib borilayotgan chora-tadbirlar kasallikning salbiy oqibatlarining oldini olgani bilan uni tamomila yo‘qotmaydi. Profilaktik choralarni erta qo‘l­lash orqali xavf omillarini korreksiya qilish yoshlikdan boshlanganda 90 foiz yurak xurujlarining oldi olinishi tadqiqotlarda isbotlangan.

Profilaktika

Yevropa kardiologlar jamiyati (ESC) yurak qon-tomir kasalliklari profilaktikasini quyidagi guruhlarda olib borishni ta’kidlaydi.

  • YuIK, pereferik arteriyalar va bosh miya aterosklerozi tashxisi qo‘yilgan bemorlar guruhi;
  • aterosklerotik genezli yurak qon-tomir kasalliklari kelib chiqish xavfi yuqori bo‘lgan guruh;
  • oila a’zolarida yurak qon-tomir tizimi kasalliklari erta rivojlangan (erkaklarda 55 yoshdan, ayollarda 65 yoshdan avval) aholi guruhi;
  • ota-onalarida yurak qon-tomir tizimi ka­salliklari bor aholi guruhi.

Yevropa kardiologlar jamiyatining (ESC) quyidagi tavsiyalari yurak qon-tomir tizimi kasalliklari, shu jumladan, yurak ishemik kasalliklarining rivojlanish xavfini kamaytiradi:

  • chekmaslik;
  • ratsional (sog‘lom) ovqatlanish;
  • jismoniy faollik (o‘rtacha intensivlikdagi jismoniy mashqlarni kuniga 30 minut bajarish);
  • tana vazni indeksining 25 kg/m2 dan, qorin aylanasining erkaklarda 94 sm dan, ayollarda 80 sm dan kam bo‘lishi;
  • arterial qon bosimining 140/90 mm.sim.ust. dan past bo‘lishi;
  • xolesterinning qondagi miqdori 5 mmol’/l (190 mg/dl)dan past bo‘lishi;
  • past zichlikdagi lipoproteidlar qondagi miqdorining 3 mmol’/l (115 mg/dl) dan past bo‘lishi;
  • qondagi glyukoza miqdorining 5,6 mmol’/l (100 mg/dl)dan past bo‘lishi.

Oybek RO‘ZIYEV, Buxoro davlat tibbiyot instituti
“Ichki kasalliklar” kafedrasi assistenti,
Dilorom OCHILOVA, Buxoro davlat tibbiyot instituti
“Farmakologiya, normal va patologik fiziologiya” kafedrasi assistenti.

“Sog‘lom avlod uchun”  jurnali.