Qon xastaliklari: zamonaviy muolajalar, ijobiy samaralar

Tanadagi barcha hujayra va to‘qimalarni bir-biri bilan uzviy bog‘lab turuvchi qon aslida organizmning me’yoriy faoliyati uchun zarur hisoblanadigan ichki muhit (gomeostaz) ni saqlab turishda ham muhim rol o‘ynaydi. Qon – to‘qimalarga zarur oziq moddalarni yetkazib beradi, organizmni mikrob hamda viruslardan himoyalaydi, tana haroratining bir maromda bo‘lishini ta’minlaydi. Bundan ko‘rinadiki, qon xastaliklari, masalan, og‘ir darajadagi kamqonlik, qon saratoni (leykoz), qon ivish tizimi ishining buzilishi (gemofiliya) kabi kasalliklarni tez va asoratsiz davolash kishilar salomatligini saqlab qolish imkonini beradi.

qon kasalliklari
Foto: Real-vin.com

Intensiv davolash va maqsadlar mushtarakligi

Institutimizda zamonaviy molekulyar – biologik tekshirish usullari amaliyotga intensiv suratda joriy qilinmoqda. Protoonkogenlar, gen-supressorlar, apoptoz o‘zgarishlari, shuningdek hujayralarning sitogenetik tekshirishlari bo‘yicha ham anchagina ilmiy-amaliy izlanishlar qilindi. Gematologiya sohasida erishilgan yutuqlar tufayli leykoz va qon yaratish tizimidagi ko‘plab kasalliklarni o‘rganishda yangi yo‘nalishlar belgilab olindi. Muolajalar sifati va samaradorligi ortdi.

Intensiv polikimyoterapiya davo usuli amaliyotga joriy etildi, yangi patogenetik davo preparatlari paydo bo‘ldi. Natijada turlicha va har xil darajadagi leykoz (qon saratoni) xastaligini davolash bo‘yicha yil sayin yaxshi ko‘rsatkichlarga erishilmoqda. Hozirgi kunda bu borada remissiyalar (xastalikning tinch davri) davomiyligi hamda bemorlarning butkul sog‘ayishlari bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar ham tobora yuqorilab bormoqda.

So‘nggi yillar ichida institut hududida kattalar va bolalar uchun 80 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy onkogematologiya binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Markaziy Osiyoda ilk bor molekulyar tibbiyot va hujayra texnologiyasi bo‘limi tashkil etilib, yetakchi chet el kompaniyalarining sertifikatlangan asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Eng asosiysi, gemoblastozlarni yuqori texnologiyalar asosida davolash klinik amaliyotga kiritilishi (ya’ni molekulyar target terapiya va o‘z o‘zak hujayralari bilan bemorlarni davolash) hujayra terapiyasi o‘tkazish imkonini bermoqda.

Yuqori texnologiyalarga tayanib

Xalqaro GIPAP dasturi bo‘yicha surunkali miyeloid leykemiyaga chalingan 950 bemorga “Novartis Farma” (Shveysariya) firmasining “Glivek” va “Tasigna” preparati yordamida yuqori texnologiyali target terapiyasi qo‘llanildi va bu ijobiy samaralar berdi. Ilgarilari bunday zarur preparatlarni olish uchun bemorlar GIPAP jamg‘armasining talabiga binoan) yiliga 2-3 marta chet eldagi markazlarda tekshiruvdan o‘tishlari kerak bo‘lardi. Bugungi kunda esa institut laboratoriyasida xuddi shu kabi tekshiruvlar imtiyozli tarzda o‘tkazilmoqda.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Tadqiqot: Uyqusizlik genomga ham bog‘liq holat

Miyelom kasalligi bilan og‘rigan 200 nafardan ortiq bemorlarda yuqori samarali kimyoterapiya o‘tkazildi, bu esa 21 nafar (20 nafari miyelomga va 1 nafari limfomaga chalingan) bemorlarni o‘z o‘zak hujayralari bilan samarali davolash imkonini berdi. Demak, gematolog olimlarimiz tomonidan qon kasalliklarini aniqlashda ilg‘or usullar o‘zlashtirilib, davolash jahon andozalariga tenglashtirilyapti, deyishimiz mumkin.

Keyingi yillarda og‘ir qon xastaligi hisoblangan gemofiliyaning nasliy sabablarga bog‘liq bo‘lmagan tarzda yuzaga chiqishi ilk marotaba o‘rganildi. Shuningdek, genetik trombofiliya (tromboz xastaligi va asoratiga nasliy moyillik) ning yangi turini birinchi marotaba isbotlashga erishildi. Tekshiruvlardan so‘ng ayrim qon kasalliklarining aynan bizning populyatsiyaga xos genlari aniqlandi va bu yangiliklarga dunyo olimlari tomonidan qiziqish uyg‘ondi. Ishlab chiqarilgan gen polimorfizmlarini o‘rganish asosida ba’zi autoimmun xastaliklar, masalan, allergik rinit, atopik dermatit kabilar tashxislashning samarali usullari tatbiq etilmoqda.

Gemofiliyani davolashning yagona dasturi

Oxirgi yillarda gemofiliyaga chalingan bemorlarga tashxis qo‘yish, ularni davolash bo‘yicha katta yutuqlarga erishildi. Rossiya Gematologiya ilmiy markazi bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatganmiz. Novo-Nordisk Gemofiliya fondi bilan birgalikda uchta loyiha bajarilishiga erishildi. Bu loyihalar bo‘yicha epidemiologik tekshirishlar o‘tkazilib, respublika miqyosida 1620 nafar bemor nazoratga olindi va birinchi marta gemofiliya bemorlari milliy registri tuzildi.

Zardobdagi VIII va IX omillar miqdorini yangi olingan koagulometr apparati bilan aniqlash orqali bemorlarni o‘z vaqtida davolash muolajalari o‘tkazilib, ko‘zlangan natijalar olinmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlar laboratoriyasi Yaponiyaning “Sysmex” kompaniyasi koagulometrlari va reagentlari bilan ta’minlandi. Vrach-laborantlar shu apparatlar yordamida tahlil qilishni o‘rgandilar. Ilmiy xodimlar tomonidan O‘zbekistonda gemofiliyaga chalingan bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning yagona dasturi ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi.

Suyak to‘qimasining mineral zichligini patologik sinishlarda o‘rganish va tayanch-harakat a’zolari ishini tiklashda jarrohlik usullarisiz davolash muolajalari qo‘llanilyapti. Gemofiliya bemorlarining tayanch a’zolaridagi asoratlarini fizioterapevtik muolaja bilan davolash ham keng yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Qon va uning tarkibiy qismlari donorligiga qarshilik qiluvchi ko‘rsatmalar

Elektron sog‘liqni saqlashni rivojlantirish maqsadida “Uzmedinfo” markazi mutaxassislari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari qon quyish stansiyalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini yo‘lga qo‘yishning ahamiyati to‘g‘risida “Mahorat darslari” o‘tkazilmoqda.

Mutaxassis kadrlar malakasini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Moskva ilmiy gematologiya markazi, D. Rogachev nomli bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiya ilmiy markazi, Sankt-Peterburgdagi V. A. Almazov nomli yurak, qon va endokrinologiya markazi, Turkiyaning Bayandir klinikasi bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari davomida xodimlarni qayta tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va yosh mutaxassislar malakasini oshirishga erishilmoqda. Bu esa qon xastaliklarini davolashda ilg‘or tajribalarga tayangan holda ish ko‘rib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishishimizda nihoyatda katta ahamiyatga ega.

A’lonur SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi
Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutining
direktori, tibbiyot fanlari doktori.
«Sihat-salomatlik» jurnali.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

E-pochta manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy ma'lumotlar * bilan belgilangan

Back to top button