2.3
(4)

Texnologiyalarning shiddatli rivoji bugungi kun tibbiyotini ham chetlab o‘tgani yo‘q. Estetik tibbiyot sohasidagi so‘nggi uskunalar bunga yaqqol misol. Insonning tashqi ko‘rinishidagi nuqsonlarni bartaraf etish va uni go‘zal va mukammal qiyofaga keltirishda so‘nggi yillarda samarali usullardan foydalanilmoqda. Plastik jarrohlik, yuz terisini yo­shartirish uchun qo‘llanilayotgan mexanik va kimyoviy pilinglar, ineksiya orqali va lazer texnologiyasi yordamida inson tanasi yuzasidagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Plastik jarrohlik tug‘ma va hayotda orttirilgan nuqson va kamchiliklarni to‘g‘rilash, organizmdagi shikastlangan biror a’zoning shakli va funksiyasini qayta tiklash maqsadida qo‘llaniladi. Plastik jarrohlik ikki asosiy turga bo‘linadi: rekonstruktiv va estetik.

Plastik rekonstruktiv jarrohlik

Tug‘ma nuqsonlar, orttirilgan jarohatlar, teri kuyishlaridan keyingi o‘zgarishlarni bartaraf etish maqsadida o‘tkaziladigan amaliyot hisoblanadi. Qarish jarayoni tashqi ko‘rinishda aks etishining oldini olishda esa estetik plastik jarrohlik uslubi qo‘llanadi. Plastik xirurgiyada bemor gavdasining boshqa qismidan olingan to‘qimalar ko‘chirib o‘tkazilishi, boshqa odamdan yoki hayvondan olingan to‘qimalar ko‘chirilishi; bemor to‘qimalariga va organizmiga yot, biroq unga beziyon materiallar (metall, plastmassa, sintetik tola va boshqalar)dan yasalgan turli narsalar singdirilishi mumkin. Plastik xirurgiya yordamida bemor yuzidan tug‘ma va orttirilgan nuqsonlar bartaraf etiladi.
Bugungi kunga kelib, plastik rekonstruktiv va estetik jarrohlik sohasi tibbiyotning muhim va tobora takomillashib borayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘­ra, bugungi kunda sayyoramizda har yili ikki million bemorga ushbu yo‘nalishda tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.

Piling yoki eksfoliatsiya

Kosmetik texnologiyaning maqsadi  teri ko‘rinishini yaxshilash uchun uning yuzasidagi o‘lik hujayralarni olib tashlashdan iborat. Bu muolajadan so‘ng salqigan teri o‘rnini yosh va sog‘lom teri egallaydi. Pilingning har bir turi muguzlashgan teri qatlamini yupqalashtiradi, terini yumshatadi. Shuningdek, u hujayralarning bo‘linishini jadallashtiradi, natijada teri silliq va yorqin ko‘rinish hosil qiladi. Bu muolajadan husnbuzarlar, turli xil chandiqli asoratlar, pigment dog‘larni yo‘qotishda foydalaniladi. Pilingdan keyingi parvarish vrach-kosmetolog tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Homiladorlik taqvimi: 18-hafta

PRP – terapiya

Bo‘g‘imlar, suyak va pay­larni davolashning eng zamonaviy usullaridan biri hisoblanadi. Bunda bemorga trombositlarga boy plazma quyiladi. Plazma – vitaminlar, oqsillar, fermentlar, gormonlar va boshqa bir qator oziq moddalarni o‘z ichiga olgan qonning suyuq bir qismi. Bu muolaja natijasida artrit, osteortit, osteortroz, periartrit kabi xastaliklar davolanadi.

Mezoterapiya

Yuz va tanani parvarishlash va kamchiliklarni tuzatishdagi foydali usullardan biri. Davolash yuzaga juda ingichka va qisqa igna (1,5 mm 6 chuqurlikda) yor­damida amalga oshiriladi. Mezoterapiya teri qarishining oldini olish va davolashda, atrofik, gipertrofik izlarni yo‘­qotishda, yog‘li g‘o­vakli terini, husnbuzarlarning o‘g‘ir ko‘rini­shini davolashda yaxshi natija beradi.

Botoks

Og‘riqsiz va operasiyasiz bajariladigan amaliyot hisoblanib, yuzdagi mimik ajinlarni yo‘qotish uchun qo‘llanadi. Peshona, ko‘z va burun atrofidagi mayda mimik ajinlarni tekislashda mavjud sohaga maxsus ingichka igna yordamida botulotoksin yuboriladi. Preparat teridagi zo‘riqishni bartaraf etib, mimik ajinlarning yozilishini ta’minlaydi.

Biorevitalizatsiya

Organizmning o‘zida gialuron kislota yetishmasligi muammosini hal qilish uchun ishlatiladi. Ushbu muolajadan so‘ng qarish jarayoni sekinlashadi va teri yosharadi. Biorevitalizatsiya ham mezoterapiyaning bir turi bo‘lib, farqli tomoni u terining chuqurroq qatlamlarigacha kirib boradi.

Liposaksiya

Tana va yuz qismidagi ortiqcha yog‘ qatlamlarini liposaksiya usulida tuzatish mumkin. Mazkur amaliyot tananing bir qancha sohalarida mavjud tashqi o‘zgarishlarni me’yoriga keltirish uchun bajariladi. Liposaksiya usulida muammoli sohadagi terining osti yog‘ qavati olib tashlanib, teridagi “qavat” va burishishlar yo‘q qilinadi.

Estetik stomatalogiya

Yosh bilan bog‘­liq holatlar va noto‘g‘ri parvarish tishlarning emal qatlamida yoriqlar paydo bo‘lishiga, uning shikastlanishiga sabab bo‘ladi. Tishlarni oqartirish, ular shaklini chiroyli ko‘rinishga keltirish bugungi kun estetik stomatalogiyasi uchun muammo emas.
Qovoqlarning shaklini to‘g‘rilash, ko‘z atrofidagi mimik ajinlarni yo‘qotish va ko‘z osti qopchalarini blefaroplastika amaliyoti usulida tuzatish mumkin. Odatda bu amaliyot ko‘z atrofidagi teri shaklining o‘zgari­shi, qovoqlardagi shishlarning yaqqol ko‘z­ga tashlanishi kabi holatlarda amalga oshiriladi.
Bugungi kun tibbiyoti nafaqat ma’lum bir xastaliklarni davolash, balki inson tashqi qiyofasini ham yaxshilash imkonini bermoqda. Go‘zal ko‘rinishga ega bo‘lishda esa estetik tibbiyot va zamonaviy kosmetologiya yutuqlarining o‘rni beqiyos.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Parodontoz - sabablari, alomatlari, turlari va davolash

Nigina NURIDDINOVA.

«Sog‘lom avlod uchun» jurnali.

Mavzuga aloqador maqola: Tredlifting — 3D mezoiplari yuzingizni go’zallashtiradi