4.2
(55)

Paraproktit – to‘g‘ri ichak yoki anal teshigi atrofida joylashgan yog‘ to‘qimalarining nospetsifik yiringli yallig‘lanish jarayonidir. Xalq orasida 0,5 % odamlarda uchraydi, mehnatga layoqatli yoshli insonlar orasida, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 6,1-22,4 % uchraydi. O‘tkir paraproktitda yiringli bo‘shliq ochilib ichki teshik bartaraf qilinmagan hollarda, keyinchalik shu bemorlarning 50-100 % ida to‘g‘ri ichak oqmalari shakllanadi. To‘g‘ri ichak oqmalari bo‘yicha operatsiyadan keyin 15-30 % bemorlarda kasallik qaytalanadi va 5-33 % bemorlarda anal sfinkter yetishmovchiligi kuzatiladi.

O‘tkir paraproktit​

Foto: Zdravlab.com

O‘tkir paraproktit​ sabablari

Paraproktitning kelib chiqishi va rivojlanishida to‘g‘ri ichak yallig‘lanishi (proktit) va natijada u osonlik bilan jarohatlanishi katta rol o‘ynaydi. Ayniqsa, issiq iqlim sharoitida, ovqatlanish tartibini buzish, achchiq taomlarni ko‘p iste’mol qilish umuman yo‘g‘on ichak yallig‘lanishiga (kolit) va shu jumladan to‘g‘ri ichak faoliyati ham buzilishiga olib keladi. Ammo paraproktit – to‘g‘ri ichakni jarohatlantirishining boshqa sabablari, ya’ni jarrohlik va davolash muolajasi yoki yot jinslardan jarohatlanishi (baliq suyagi, meva danaklari va boshqalar) natijasida ham kelib chiqishi mumkin. Ko‘p yillik tajriba va kuzatish natijasi shuni ko‘rsatadiki, kasallikning boshlanishi to‘g‘ri ichak devoridagi anal bezchalari ochiladigan anal kriptlari orqali o‘tgan mikrofloralar pararektal, ya’ni to‘g‘ri ichak atrofidagi yog‘ to‘qimalariga tushib rivojlana boshlaydi. Ushbu muammo bilan shug‘ullangan olimlarning fikricha, deyarli hamma holatda paraproktitning ichki teshigi to‘g‘ri ichak devorida, ya’ni anal kriptlarida bo‘ladi. Demak, o‘tkir paraproktit rivojlanishida “anal kripta”lar yallig‘lanib, o‘z faoliyatining buzilishi asosiy sabablardandir.

O‘tkir paraproktitning turlari

Etiologik omilga ko‘ra:

  • nospetsifik;
  • spetsifik;
  • postravmatik.

Abssesslar, infiltratlarning joylashuvi bo‘yicha:

  • teri osti va shilliq qavat osti;
  • o‘tirg‘ich-to‘g‘ri ichak;
  • tos-to‘g‘ri ichak;
  • to‘g‘ri ichak orti.

O‘tkir paraproktit belgilari

Kasallik odatda o‘tkir boshlanadi, prodromal davrdan so‘ng – 3 kunda tana harorati ko‘tarilishi, titroq, to‘g‘ri ichakda, oraliqda kuchayib boruvchi og‘riqlar. Ushbu simptomlarning namoyon bo‘lish darajasi har xil bo‘lishi mumkin, bu narsa jarayonning joylashuviga, mikrofloraga va organizm kurashuvchanligiga bog‘lik. Ba’zi hollarda klinik kechishida umumiy intoksikatsiya belgilari birinchi o‘ringa chiqib, mahalliy simptomlar esa parda ortida qolganday bo‘ladi. Bu ko‘pincha jarayon pararektal yog‘ to‘qimasida chegaralangan abssess shaklida emas, balki flegmona shaklida rivojlanganda kuzatiladi. Jarayon tarqalib borishi bilan bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi: holsizlik oshib boradi, ishtaha yo‘qoladi, kechqurunlari titroq, kuchli terlash. Yiringli jarayon chegaralanishi bilan og‘riqlar kuchayib, “lo‘qillovchi” xususiyatga ega bo‘ladi. Agar shu paytda adekvat davo o‘tqazilmasa, abssess to‘g‘ri ichak bo‘shlig‘iga yoki teri orqali tashqariga yorilishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Anal yoriq - sabablari va davolash

Agar, o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, kasallik 3 xil natija bilan tugashi mumkin:

  1. To‘g‘ri ichak oqmasi hosil bo‘lishi (85 foiz);
  2. Qaytalovchi paraproktit hosil bo‘lishi (7-11 foiz);
  3. O‘z-o‘zidan yaxshi bo‘lib ketishi (4-5 foiz)

Qachonki ichki yiringli paraproktitning teshigi yiringli jarayon bilan bir paytda yorilsa va buzilsa, yiring ichakka yoki tashqariga yorilib, keyinchalik o‘zicha bitib ketishi mumkin, bu holat juda kam uchraydi. Ko‘pchilik holatlarda esa hosil bo‘lgan yiringli jarayon o‘zicha yorilsa yoki jarrohlik yo‘li bilan faqatgina kesib qo‘yilsayu, ichki teshigi yo‘q qilinmasa, u so‘zsiz to‘g‘ri ichak oqmasiga olib keladi. Bunday holatda oylab, yillab kasallikning birgina belgisi doimo oqmaning tashqi teshigidan yiring kelib turishidir. Ayrim hollarda, oqmaning tashqi teshigi bekilib qolsa, yana tana harorati ko‘tarilib, og‘riq kuchayib bemor bezovtalanadi. Har safar qaytalanganda to‘g‘ri ichak oqmasining yangi-yangi shoxobchalari va yiring bo‘shliqlari hosil bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida anal sfinkterining faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uni yetishmaslik darajasiga olib kelishi mumkin.

O‘tkir paraproktit davosi

Operatsiya iloji boricha mutaxassis tomonidan amalga oshirilsa, paraproktit qaytalanmasligi yoki u to‘g‘ri ichak oqmasiga aylanmasligi, qolaversa, anal sfinkteri yetishmasligining oldini olishga imkon borligini ta’kidlamoqchiman. Operatsiyadan oldin qisqa va unumli tayyorgarlikdan o‘tish kerak, ya’ni antibiotikoterapiya, xo‘qna qilib ichakni tozalash, yiringlar joylashishini aniqlash va nihoyat ichki teshigi qaysi kriptada (oldingi, orqa yoki yonidagi) joylashganini aniqlash muhim.

Operatsiya narkoz yoki bel sohasi anesteziyasi yordamida qilinadi. Jarrohning asosiy vazifasi yiringli bo‘shliqni keng kesish, maxsus zond yordamida ichki teshigini topish va uni kesish, antiseptik tozalash va oqma yo‘lining anal sfinkteri bo‘lgan munosabatini aniqlashdir. Chunki, oqma interasfinkter, transsfinkter yoki ekstasfinkter o‘tgan bo‘lib, buning har birida alohida usullar mas’ul va har bir mutaxassis buni mukammal bilishi zarur. Agar bu jarayon malakali mutaxassis tomonidan amalga oshirilmasa, bemorni nogironlikka olib kelishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Kron kasalligi

Paraproktitning og‘irroq turlarida (50-55 foiz hollarda) hatto ip (tasma) o‘tkazish usulini ham hozirgacha hech kim inkor qilgani yo‘q. Yiringli bo‘shliq retrorektal, pelviorektal yoki isheorektal sohalarda joylashganda, uning klinik kechishi qiyinroq o‘tadi va jarrohlik amaliyoti birmuncha murakkab bo‘ladi. Yuqorida qayd qilingan kasallikning og‘ir formasi yiringli pelviorektal sohasiga joylashgani bo‘lib, o‘z vaqtida, zamonaviy tekshirish usullarini ishlatmay – aniqlanmasa, qorin bo‘shlig‘i yorilishi natijasida inson hayotiga xavf tug‘dirishi mumkin.

O‘zbekiston kolorektal jarrohlarining tajribasi shuni ko‘rsatdiki, o‘z vaqtida tashxislangan va radikal jarrohlik usuli qo‘llangan hollarda bemorlar tez kunda sog‘ayib ish qobiliyatini tiklab oladi. Bu esa o‘z navbatida mehnatga noloyiqlikni kamaytirib, ijtimoiy jihatdan amaliy tibbiyotga yordam beradi.

O‘tkir paraproktit profilaktikasi

Kasallik yuzaga kelmasligi uchun muhim omillardan biri bu — to‘g‘ri ovqatlanish. Eng asosiysi, kundalik ovqatimiz tarkibida o‘simlik kletchatkasiga boy mahsulotlar bo‘lishi, kundalik yeguliklarimiz tarkibida yetarli darajada suyuqlikning bo‘lishi maqsadga muvofiq. Bundan tashqati yetarli tana vaznini nazorat qilib borish, o‘ta og‘ir yuklarni ko‘tarmaslik zarur. Doimo o‘z vaqtida hojatga chiqish, qabziyat yuzaga kelmasligini ta’minlash ham paraproktit profilaktikasi uchun muhim omillardandir.