3.8
(23)

Barcha insonlarda uchrashi mumkin boʻlgan patologik-kritik holatlardan biri – nafas yoʻllarida yot jism turib qolishi. Bunday vaziyatda shoshilinch yordam zudlik bilan koʻrsatilishi kerak boʻladi – bir necha soniyalar ichida. Quyida kattalar va bolalar nafas yoʻllarida yot jism tushishida shoshilinch yordam berish haqida maʼlumot keltirib oʻtamiz.

yot jism

Nafas yoʻllariga yot jism tushish sabablari

Bunday vaziyat koʻpincha bolalarda kuzatiladi. Bu albatta bolakaylar tabiatining oʻziga xosligiga bogʻliq – ular ovqatlanish vaqtida oʻyin oʻynashga beriluvchan, gapirishga harakat qiladi, yoʻtal yoki aksa urishlari mumkin. Bundan tashqari bolakaylar tashqi atrof jismlarni oʻrganishda ularning taʼmini, mazasini bilish orqali harakat qiladilar, kichik oʻlchamdagi jismlar tasodifan nafas yoʻllariga oʻtib ketishi mumkin. Bolalar ogʻiz boʻshligʻi va himoya reflekslarining toʻliq shakllanmaganligi tufayli bolalarda yot jism tushish ehtimoli yuqori hisoblanadi. 

Katta yoshdagi odamlar esa ovqatlanish vaqtida haddan ortiq koʻp taom isteʼmol qilishlari yoki suhbat qurishlari natijasida nafas yoʻllariga yot jism tushish mumkin. Bundan tashqari katta yoshdagilar spirtli ichimliklar isteʼmol qilgan vaqtda nerv tizimi himoya reflekslari susayadi, natijada yot jism nafas yoʻllariga oʻtish ehtimoli ortadi.

Nafas yoʻllarida yot jism turib qolganda kuzatiladigan simptomlar

Ushbu patologiyaning oʻziga xosligi shundaki, yot jism koʻpincha ovqatlanish vaqtida nafas yoʻllariga oʻtib keladi. Nafas yoʻllarida yot jism turib qolganda kuzatiladigan belgilar 3 bosqichda yuzaga chiqadi:

  • Boshlangʻich bosqich. Toʻsatdan yuzaga keluvchi kuchli yoʻtal, koʻz yoshlanishi, yuz terisi qizarishi;
  • Belgilar kuchayish bosqichi. Yoʻtal yanada kuchli namoyon boʻladi, nafas olish deyarli roʻy bermaydi, ammo bemor nafas harakatlarini bajaradi, ogʻiz atrofida koʻkarish kuzatiladi;
  • Oxirgi bosqich. Nafas olish butkul toʻxtaydi, bemor hushini yoʻqotadi, qisqa vaqt ichida yurak ish faoliyati toʻxtaydi, klinik oʻlim holati kelib chiqadi.

Yot jismni tashqi belgilarga qarab qanday aniqlash mumkin?

Nafas yoʻllariga yot jism tushgan vaqtda bemor ahvoli quyidagicha boʻladi:

  • Bemor toʻsatdan gapirishdan toʻxtaydi, kulishi, baqirishi yoki yigʻlashi mumkin, qoʻllari bilan tomogʻini ushlab oladi;
  • Kuchli yoʻtal kuzatilib, bemor savollarga javob bermaydi;
  • Bemor nafas olganda xirillash eshitilishi yoki umuman nafas olishi eshitilmasligi mumkin;
  • Bemor ogʻzini katta ochsada nafas ololmaydi;
  • Bemor yuz terisi avvaliga qizaradi, soʻngra oqaradi, keyinchalik esa koʻk tus oladi, ayniqsa ogʻiz atrofida koʻkarish yaqqol namoyon boʻladi;
  • Bir necha soniyalar ichida bemor hushini yoʻqotadi;
  • Juda qisqa muddat ichida yurak urishi toʻxtaydi va klinik oʻlim sodir boʻladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  O‘t-tosh xastaligi profilaktikasi

Nafas yoʻllariga yot jism tushganda birinchi yordam koʻrsatish

Nafas yoʻllariga yot jism tushganligini bilgan odam birinchi yordam koʻrsatishda har bir soniyadan unumli foydalanadi. Chunki patologik holat qisqa muddat ichida yuzaga chiqadi va birinchi yordam koʻrsatish sifati bemor hayoti bilan baholanadi.

Birinchi yordam koʻrsatish algoritmi quyidagicha:

Bemorga “nima boʻldi?” savolini bering. Albatta siz bunday holatda ahmoqona koʻrinishingiz mumkin, ammo aynan shu savol yordamida bemor nafas olyaptimi yoki yoʻqmi, bilib olishingiz mumkin. Aynan, mana shu holat orqali keyingi taktikangizni belgilab olasiz.

Agar bemor umuman nafas olmayotgan boʻlsa unga “kuchliroq yoʻtal, yana yoʻtal, qani boʻlaqol” degan buyruqni bering – yaʼni bemorni hushini yoʻqotmaslik uchun, uni stimmulash uchun har qanday soʻz bilan himoya reflekslarini “uygʻoting”. Koʻpincha mana shu chora tadbirlar yordamida kichik oʻlchamdagi yot jismlar nafas yoʻllaridan chiqib ketish uchun yetarli boʻladi.

Agar yot jism 30 soniya davomida chiqib ketmasa yoki bemor xuruj boshlangan vaqtning oʻzida nafas olmaganligini sezsangiz Xeymlix usulini qoʻllash kerak boʻladi.

Xeymlix usuli

Bu usulni bajarish texnikasi quyidagicha:

Shikastlanuvchining orqa tomonida turing;

Uni ikki qoʻllaringiz bilan quchoqlang, oʻng qoʻlingizni musht qilib chap qoʻlingiz bilan uni kuchli ushlab oling, qoʻllarni qorinning yuqori sohasiga qoʻying. Yoʻnalish – yuqoriga va oʻzingizga torting. Nafas olish sezilsa – bu yot jismning nafas yoʻllaridan chiqib ketganligidan dalolat beradi.

Eʼtibor bering: Xeymlix usuli yot jismning nafas yoʻllaridan chiqib ketguniga qadar yoki bemor hushini yoʻqotgunga qadar amalga oshiriladi. Agar shikastlanuvchi hushini yoʻqotsa, yot jismni chiqarishga qaratilgan harakat toʻxtatiladi va zudlik bilan oʻpka-yurak reanimatsiyasi amalga oshirilishi kerak.

Xeymlix usulini bolalar va homiladorlarda oʻtkazishning oʻziga xosligi

1 yoshdan kichik boʻlgan bolalar nafas yoʻllariga yot jism tushganda birinchi yordam koʻrsatish: bolani qorin sohasi bilan bir qoʻlingizga oling, yuzi (boshi) sizning kaftingizda boʻladi, bolaning boshi tanasiga nisbatan pastroqda boʻladi. Soʻngra ikki kurak oraligʻi sohasiga ikkinchi qoʻlingiz kafti bilan 5 marotaba kuchli sirpanuvchi harakat bilan uriladi. Ikkinchi bosqich – bola yuzini yuqoriga qaratgan holda ikknchi qoʻlingizga oling, soʻngra soʻrgʻichlardan bir barmoq pastki sohaga, toʻsh ustiga 5 marotaba turtki beriladi. Amallarni bajarayotganda kuchli harakatlar qilmang, aks holda bolakay qovurgʻalarini sindirib qoʻyishingiz mumkin.

Agar yot jism bola ogʻiz-halqum sohasida paydo boʻlsa, u koʻrinib turgan boʻlsa – uni barmoqlar yordamida olib tashlash zarur. Agar yot jism chiqmagan boʻlsa yuqoridagi chora tadbirlar qayta amalga oshirilari, yoki yurak urishi toʻxtagan boʻlsa darhol oʻpka-yurak reanimatsiyasi bajariladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Ona suti kamayishi - gipogalaktiya

1-8 yoshgacha boʻlgan bolalarda Xeymlix usuli bajarilishi: bolani oyoqlaringizni bukkan holda son ustiga qoʻying. Qolgan amallar yuqoridagi tartib boʻyicha bajariladi.

Muhim savol: homilador ayollar nafas yoʻllariga yot jism tushganda ham qorin yuqori sohasiga kuchli bosiladimi? Bu amallar homilaga salbiy taʼsir etishi mumkinmi? Homilador ayollarga birinchi yordam koʻrsatish emizikli bolalardagi kabi bajariladi, yaʼni toʻsh osti sohasiga kuchli turtki beriladi.

Nafas yoʻllaridagi yot jismlarni chiqarishdagi oddiy xatoliklar

Nafas yoʻllariga yot jism tushganda inson hayoliga keladigan birinchi amal – bemor yelkasiga urish. Yuqorida keltirilganidek bemor orqa sohasiga kuchli urish zarur, ammo shunchaki yuqoridan emas va juda kuchli emas. Xavf shundaki yot jism gravitatsiya qoidasiga koʻra yuqoridan pastga harakat qiladi, natijada yot jism yanada pastroqqa, traxeobronx shoxlariga tushishi va nafas yoʻllarini toʻliq berkitib qoʻyishi mumkin. Bunday vaziyatda birinchi yordam faqatgina – traxeotomiyadir, hattoki tibbiy malakaga ega boʻlgan mutaxassis yoningizda boʻlsa ham bemor hayotini saqlab qolish katta soʻroq ostida turadi.

Bolalarni hech qachon oyoqlaridan ushlab boshini pastga qaratgan holda ushlamang. Hiqildoq usti togʻ​ayi spazmi yot jism chiqarish samarasini “nol”ga keltirib qoʻyadi. Bundan tashqari bolakay boʻyin umurtqalari sinish ehtimoli ham ortadi. Gap shundaki bolakay hushsiz boʻlgan vaqtda barcha mushaklari boʻshashadi va boʻyin sohasidagi umurtqalar chiqishi yoki sinishi mumkin. Bolakayga yordam berish maqsadida uni nogiron qilishingiz yoki oʻlim holatiga olib borishingiz mumkin.

Va soʻngi eng tipik boʻlgan xató – vahima qilish. Vahimaga tushish vaziyatni toʻgʻri baholash va birinchi yordam koʻrsatishga toʻsqinlik qiladi. Vahima hissini oldindan mulyaj yoki qoʻgʻirchoqlarda mashq qilish orqali bartaraf etish mumkin. Shu yoʻl bilan miyangiz kritik holatda yordam koʻrsatish algoritmini tuzadi va qoʻllaringiz oʻz-oʻzidan amallarni toʻgʻri bajarishga moslashadi, bu esa biror bir inson yoki oʻz qadrdonlaringiz hayotini saqlanib qolishga sababchi boʻlishingizga olib keladi.

Ushbu maqolalarni ham oʻqing:

Bosh miya chayqalishi – tasnifi, belgilari, davosi va birinchi yordam ko‘rsatish usullari

Hushdan ketish sabablari va hushdan ketganda birinchi yordam ko‘rsatish

Kuyish – turlari, darajalari va birinchi yordam ko‘rsatish usullari

Cho‘kish – sababi, turlari va birinchi yordam