2.5
(2)

Oramizda oshqozon og‘rig‘idan shikoyat qiladiganlar kam emas. Ular ko‘pincha o‘zlariga-o‘zlari tashxis qo‘yishadi: “Bu og‘riqlar gastritdan, talabalikda orttirib olganman”, “Oshqozon yarasiga chalindim, shekilli” va hokazo. Shifokordan funksional dispepsiya tashxisini eshitgach esa, bu qanday kasallik, deya hayron bo‘lishadi.

dispepsiya kasalligi

To‘sh ostidagi og‘riqdan bezovta bemorni tibbiy tekshirganda og‘riqqa sabab bo‘ldigan turli organik (yara, gastrit, o‘sma, yot jism) va metabolik (moddalar almashinuvi buzilishi) kasalliklar aniqlanmasa, bunday holatda funksional dispepsiya tashxisi qo‘yiladi. Kuzatuvlarda aniqlanishicha, aholi orasida dispepsiya tarqoqligi 30-40 foizgacha bo‘lsa, umumiy amaliyot shifokoriga murojaat etuvchilarning 5-10 foizida dispepsiya alomatlari kuzatiladi.

Dispepsiya kasalligining asosiy sabablari

  • naslda me’da-ichak kasalliklari bo‘lishi;
  • ruhiy va ijtimoiy omillar: zamon tezkorligi, asab buzilishlari, oilaviy mojarolar, ishxonadagi muammolar, uzoq muddat mehnat ta’tilisiz ishlash;
  • oshqozon-ichak tizimi a’zolarining asab orqali boshqariladigan harakat-qisqarish vazifalarining izdan chiqishi;
  • tana ichki a’zolari, xususan me’daning o‘ta sezgirligi tufayli og‘riqqa bo‘lgan yuqori ta’sirchanlik.

Kasallik belgilari

Funksional dispepsiyaning ikki: ovqat iste’molidan keyingi shikoyatlar (diskenitik) va to‘sh osti sohasida og‘riq turi farqlanadi. Birinchi turda me’da qisqarishi, ovqat luqmasining pastga qarab siljishi buziladi. Bu holatda kishi ovqatlanganidan bir oz vaqt o‘tib, to‘yganlik hissi, kekirish, to‘shosti sohasida ovqatning “to‘p” singari turgandek bo‘lishi, ishtahaning pasayishi singari belgilar kuzatiladi.

Kasallikning to‘sh osti sohasida og‘riq turida esa ovqatdan so‘ng qattiq yoki sust og‘riq paydo bo‘ladi. Tashxisga bo‘lgan asosiy talablardan biri bu – vaqt mezoni, ya’ni bemorni shifokorga murojaat etgan paytida kamida 3 oydan oshiq muddatda vaqti-vaqti bilan bezovta qilayotgan bo‘lishi lozim.

Tashxislash mezoni

Oshqozon-ichak yo‘li a’zolari yuqori qismini endoskopiya va qorin bo‘shlig‘i parenximatoz a’zolarining ultratovush tekshiruvida og‘riqqa sabab bo‘ladigan biror-bir jiddiy o‘zgarishlar aniqlanmaydi. Ayniqsa, endoskopiya davomida oshqozondan olingan namuna – gastrobioptatni gistokimyoviy usulda tekshirilganda yallig‘lanish belgilari, ya’ni gastrit istisno etiladi. Laboratoriya tahlillari ham ko‘pincha me’yorni ko‘rsatadi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Nafas qisishi — sabablari, koronavirus taʼsiri, xavfli jihatlari va davolash usullari

Quyidagi belgilar funksional dispepsiyani inkor etadi:

  • qaytalanib turuvchi ko‘ngil aynishi va tashla qusish, ozish, isitma, me’da-ichak yo‘liga qon ketish, ovqat luqmasining qizilo‘ngachdan o‘tishidagi qiyinchiliklar;
  • yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilarni ichib turish;
  • qaytalanib turuvchi jig‘ildon qaynashi;
  • xelikolbakter pilori bakteriya aksiltanasi qonda yoki boshqa usulda aniqlangan bo‘lishi.

Tibbiyotda “oshqozon ko‘pincha qo‘shnilar uchun yig‘laydi” degan naqldan kelib chiqadigan bo‘lsak, quyidagi keng tarqalgan xastaliklarda og‘riq oshqozon sohasi – to‘sh osti sohasidan boshlanishi mumkin:

  • o‘t-tosh kasalligi (o‘t xaltasidagi tosh) xuruji;
  • o‘tkir appenditsit (ko‘richakni chuvalchangsimon o‘simtasining o‘tkir yallig‘lanishi);
  • o‘tkir pankreatit (oshqozon osti bezining o‘tkir yallig‘lanishi) xuruji;
  • miokard infarkti xuruji;
  • diafragmaning qizilo‘ngach tirqishi churrasining qisilishi;
  • ichak tutilishi hamda ayrim ichki churralarning qisilishi;
  • ovqatdan zaharlanish va boshqa o‘tkir gastritga sabab bo‘ladigan yuqumli kasalliklar;
  • sirka, ishqor eritmalari singarilarni bexosdan (bilmasdan) ichib yuborish va boshqa oshqozondan tashqarida bo‘ladigan kasalliklar.

Oshqozon bexosdan og‘rishi, og‘riqning “pichoq sanchig‘i” singari chidab bo‘lmas darajada qattiq bo‘lishi, teridan sovuq ter chiqib rangparlashuvi, behollik singarilar yashirin yoki oshkora kechgan me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasini teshilish alomatidir. Bunday holatda odatda og‘riqsizlantiruvchi dorilarni qabul qilmay va vaqtni behuda o‘tkazmay darhol yaqin oradagi tez-tibbiy yordam markaziga murojaat etish lozim.

Dispepsiyada dastlabki tavsiyalar

  • funksional dispepsiyada qat’iy parxez tavsiyalari shart bo‘lmasa-da, og‘riqqa sabab bo‘ladigan oziq-ovqat mahsulotlarni kundalik taomnomadan chiqarish lozim. Muhimi, ovqatlanish tartibiga rioya etish va albatta nonushta qilish;
  • yallig‘shlanishga qarshi dori-darmonlarni qabul qilmaslik;
  • tamaki chekish va spirtli ichimliklar ichish mutlaqo mumkin emas;
  • birdaniga ko‘p ovqat yemang, yog‘li ovqatlarni cheklang;
  • ruhiy muvozanatni saqlash, ruhshunos maslahati, ruhiy terapiya va tarbiya, musiqa va kulgi terapiyalardan foydalanish;
  • dam olish, mexnat ta’tilidan vaqtida foydalanish lozim.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Isitma chiqishi: uni tushirish usullari, turlari, tana harorati normasi

Funsional dispepsiya tashxisi to‘xtamiga kelish uchun shifokor-gastroenterolog ko‘rigida bo‘lib va lozim bo‘lgan tibbiy tekshiruvlardan o‘tish orqali, oshqozon-ichak tizimi a’zolari boshqa xastaliklari inkor etilishi lozim. Davolashda me’da shirasi kislotaliligi oshiqligini kamaytiruvchi yoki kamligini ko‘paytiruvchi dorilar, prokinetiklar, aksildepressantlar, aksilatsidlar, og‘riq qoldiruvchilar, spazmga qarshi dorilar, fitoterapiya shifokor tavsiyaga ko‘ra qo‘llaniladi.

© Mubashshir Qosimov, gastroenterolog.

Gastroenterologik kasalliklarda eng kop qo’llaniladigan dori vositalardan biri ITOMEDdir:

https://apteka.uz/uz/product/itomed

*Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar mavjud. Ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.