Yoz. Jaziramadan himoyalaning!

Issiq harorat har yili ko‘plab insonlar, ayniqsa, keksalar salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi. Issiq harorat ta’sirida yurak urishi maromining buzilishi va hushning yo‘qotilishi, shuningdek, patologik holatlarning, xususan, yurak-qon tomir va respirator kasalliklarning og‘irlashishi mumkin.
Iqlim o‘zgarishi ob-havoning keskin isishi hodisalarini ko‘paytirishi kutilmoqda, ammo buning salomatlikka xavf soluvchi salbiy ta’sirlaridan himoyalanish mumkin.
Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning issiq ob-havo sharoitiga tayyorlanish va undan himoyalanish bo‘yicha bergan eslatma va ma’lumotlari saytda joylashtirilgan.
Issiq ob-havodan himoyalanish uchun aholiga JSSTning tavsiyalari:

  • Mahalliy sog‘liqni saqlash tashkilotlarining tavsiyalariga rioya qiling.
  • Xona haroratini salqin saqlang va haroratni doimiy o‘lchab boring. Haroratning kunduzi 32°C, kechqurun 24°C darajadan oshmasligi meyor hisoblanadi. Xona haroratini pasaytirish uchun quyosh tushadigan derazalarni parda va jalyuzi bilan yopish, erta tong va kechgi mahal derazalarni ochib, nam sochiqlarni osib qo‘yish mumkin.
  • Jaziramada yurishdan saqlaning. Ko‘proq salqin xonalarda bo‘lishga harakat qiling. Kunning eng issiq pallasida ko‘chaga chiqishdan saqlaning. Imkon qadar og‘ir jismoniy harakatlar qilmang. Bolalar va jonivorlarni avtomobil ichida qoldirmang.
  • Tana haroratini pasaytirish uchun ko‘proq suyuqlik iching. Tez-tez salqin dush va vanna qabul qiling. Tabiiy matodan tikilgan yengil va keng liboslar kiying. Quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va bosh kiyimsiz ko‘chaga chiqmang. Tunda issiq haroratdan qiynalmaslik uchun yengil ko‘rpa-to‘shakdan foydalaning, ustingizni adyol bilan yopmang. Doimiy ravishda suyuqlik iching, alkogolli ichimliklardan tiyiling, kofein va qand mahsulotlarini meyoridan ortiq qabul qilmang.
  • Kam miqdorda, tez-tez ovqatlaning. Oqsilga boy mahsulotlar iste’molini cheklang.
  • Hayotining ko‘p qismini yolg‘iz o‘tkazuvchi do‘stlaringiz, qarindoshlaringiz va qo‘shnilaringizdan tez-tez xabar olib turing. Yolg‘iz qariyalar va bemorlardan har kuni boxabar bo‘ling. Biror dori vositasini doimiy ravishda qabul qilayotgan bo‘lsangiz, bu vosita organizmdagi termoregulyatsiya va suyuqlik balansiga ta’sir qilmasligi xususida davolovchi shifokoringiz bilan maslahatlashing.
  • Dori vositalarini 25°C dan yuqori bo‘lmagan haroratda yoki muzlatgichda saqlang (qadoqdagi dori vositasini saqlash bo‘yicha berilgan qo‘llanma bilan tanishgan holda).
  • Surunkali kasalliklar bilan og‘rigan yoki ko‘p miqdorda dori vositasi qabul qilayotgan bo‘lsangiz, bu bo‘yicha tibbiyot xodimlari bilan maslahatlashing.
Avitsenna.uz saytida mavzuga aloqador quyidagi maqolalarni ham o‘qishingiz mumkin:

 

So‘rov qoldirish

Sizning emailning chop etilmaydi.To‘ldirilishi zarur qatorlar * bilan belgilangan *

*