3
(1)

Faringit, rinit, otit — bularning bari bahordagi bebosh shabbodaning sho‘xligi oqibati bo‘ladi. Agar undan himoyalana olmasangiz, bu yoqimli shabboda ko‘pgina tashvishlarni keltirishi mumkin.

Xavfli vaziyatlar

Avvaliga shabboda bizga qachon xavf tug‘dirishi mumkinligini sanab o‘taylik:

  • muzdekkina xonani xush ko‘ruvchilarning konditsioner tagida o‘tirishi;
  • xonaning qarama-qarshi joylashgan eshik va derazasi ochiq turishi;
  • shamol esayotganda ho‘l soch­lar bilan yurish;
  • muz qo‘shilgan ichimliklar yoki muzqaymoqni suiiste’mol qilish;
  • avtomashinaning barcha oynalarini ochib yurish (jazirama issiqda ham avtomashinaning faqat bir tomondagi oynalarini tushirish kerak);
  • transport yurayotganda oynasidan boshni chiqarib o‘tirish, yuzni shamolga tutish.

Bunday holatlardan qochishga harakat qiling.

Muammoning oddiy yechimi

E’tiborsizligingizdan foydalangan shamol sizni kasal qilishga ulgurgan bo‘lsa va buning alomatlari sezila boshlasa, vaqtni boy bermay davoni boshlash kerak.

Agar hali shifokorga ko‘rinmagan bo‘lsangiz (odatda yelvizakdan orttirilgan kasallik alomatlari tunda sezila boshlaydi), uy sharoitida o‘zingizga yordam berishingiz mumkin.

Shamolning mo‘ljali bo‘yin bo‘lsa…

Agar yelvizak tufayli bo‘yin yoki yonoq mioziti (mushak yallig‘lanishi) kuzatilsa, shu sohaga yallig‘lanishga qarshi mazlar surtish mumkin. 30-40 daqiqa o‘tgach, qizdiruvchi maz surtiladi.

Bu vaziyatda ham kompress yaxshi foyda beradi. Buning uchun dokani uch qavat buklab, spirt yoki odekolonni suv bilan 1:2 nisbatda aralashtirasiz. Shu aralashmaga dokani botirib, og‘riyotgan sohaga qo‘yasiz, ustidan mum qog‘oz va paxta qo‘yib bog‘laysiz. Kompress qo‘yishdan avval surtilgan mazni yaxshilab artib tashlashni unutmang. Kompressni 40-50 daqiqadan ko‘p ushlamaslik kerak.

Ochilgan og‘iz og‘rir

Og‘iz bo‘shlig‘i yallig‘lanishida iliq yoki issiq suvda chayish yordam beradi. Eman po‘stlog‘i, marmarak (shalfey) yoki tirnoqgul (kalendula) qaynatmasida chayish ham samaralidir. Buning uchun o‘simliklarning biridan 1 choy qoshig‘ini olasiz va bir stakan qaynagan suv quyib, damlaysiz. Yarim soatdan so‘ng og‘izni chayasiz.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gripp va shamollash

Agar shamol quloqni kasallagan bo‘lsa, albatta, shifokorga uchrash lozim. Ammo tundagi quloq og‘rig‘iga vaqtinchalik barham berish uchun burunga tumovga qarshi tomchi dori tomizish mumkin. Ajablanmang, axir burun bilan o‘rta quloq o‘zaro bog‘liq bo‘ladi.

Shuningdek, quloqqa quruq issiqlik qo‘yib, kompress qilish ham og‘riq bosilishiga yordam beradi. Kompress quloqning o‘ziga emas, atrofiga qo‘yiladi. Buning uchun bir necha qavatga buklangan doka o‘rtasi qirqilib, teshik hosil qilinadi. Spirt va suvni teng miqdorda aralashtirib, unga dokani botirib olasiz. So‘ng quloqqa qo‘yib, haligi teshigidan quloq suprasini chiqarib qo‘yasiz. Uning ustidan mum qog‘oz yoki sellofan xalta bo‘lagi, so‘ng qalin qilib paxta qo‘yib, boshni o‘rab olasiz. Bu kompress ikki soatdan keyin olinadi va shamol kirmasligi uchun quloq teshigi paxta bo‘lagi bilan yopib qo‘yiladi.

Ko‘z — nozik a’zo

Agar shamollagan ko‘zda govmichcha chiqsa, shifokorga uchrang. Aslo uni o‘zboshimchalik bilan yo‘qotishga harakat qilmang. Aks holda kasallik qo‘zg‘atuvchi bakteriyalar ko‘zning boshqa sohasiga ham tarqashi mumkin.

«Shifo-info» gazetasi.