3.7
(3)

Xotira buzilishi sabablari ko‘p. Ular o‘tkazilgan bosh miya jarohatlari, spirtli ichimliklarni suistyemol qilish, ateroskleroz, tez-tez kuzatiladigan stress holatlari va h.k.

Ko‘p odamlar qisqa muddatli xotira buzilishidan aziyat chekadi. Masalan, kimdir kecha nima ovqat yegani, kim bilan uchrashgani yoki ishxonadan qanday topshiriq olganini eslay olmaydi. Ba’zilar kimga necha pul bergani, qayerga borish kerakligi, kimga nima va’da qilganini unutib qo‘yadi.

xotira buzilishi

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Biroq ushbu odamlardan bolalik davrida nima ishlar qilgani, qaysi ustozidan qanday maqtov eshitgani yoki dashnom olgani, opasi yoki akasi bilan qaysi masala ustida tortishganini yaxshi eslashadi. Demak, bir necha yillar oldin bo‘lib o‘tgan voqealar yaxshi eslab qolinsa-da, kechagi kundagi voqealar unutilishi ko‘p odamda uchraydi.

Tushdagi voqealarni eslab qola olmaslik ham xotira buzilishining bir turi bo‘lib, uning insonga ziyoni yo‘q. Yana shuni esda tutish lozimki, inson miyasi aslida zarur bo‘lmagan va ish faoliyatida ishlatilmagan ma’lumotlarni ham “xotira zahirasi” dan o‘chirib tashlaydi. Miya shu yo‘l bilan go‘yoki yangi ma’lumotlarga yo‘l ochadi.

Xotira buzilishlarini davolash va oldini olish uchun ko‘p asabiylashmaslik, zarur bo‘lmagan ma’lumotlar bilan miyani charchatmaslik, to‘g‘ri ovqatlanish, spirtli ichimliklar ichmaslik, aqliy va jismoniy mehnat mutanosibligini saqlash muhim ahamiyatga ega. Agar xotira buzilishlari uzoqroq davom etsa nevropatologlar yoki neyropsixologga murojaat qilib davolanish tavsiya etiladi.

Kitobning boshqa qismlari bilan saytimizning «Asab va ruhiyat» bo‘limida tanishishingiz mumkin.

© Zarifboy Ibodullayev, nevropatolog. Professor.
«Asab va ruhiyat» kitobi.
Asab.uz