3.7
(3)

Uyqu buzilishlari sabablari va turlari ko‘p bo‘lib, ularning ko‘p uchraydigan 2 xil turi bilan Sizlarni tanishtirib o‘tamiz. Bular narkolepsiya va insomniyadir.

Narkolepsiya – ko‘p uxlash

Narkolepsiya – kunduz kunlari bir necha kunlab uyquga ketish bilan namoyon bo‘ladigan patologik holat. Bunday bemorlar kunduz kuni to‘satdan uyquga ketadi va 2-3 kun va undan ham uzoq davrga uxlab yotaveradi.

Sabablari

O‘tkir stress holatlari va ruhiy kasalliklardir. Ba’zida bosh miyaning yallig‘lanish kasalliklari (ensefalit) va bosh miya jaroxatlari ushbu kasallik sababchisidir.

Belgisi va kechishi

Kunduz kunlari to‘satdan uyquga ketib bir necha kunlar uxlab yotish, tungi uyqu rejimining buzilishi, alahsirashlar, xotira buzilishlari, ba’zida tutqanoq xurujlari, qotib qolishlar, hulq-atvor buzilishlari.

Davosi

Narkolepsiya bilan kasallangan bemorlarni psixiatrlar davolashlari kerak. Buning uchun ushbu bemorda narkolepsiyami yoki uyqu buzilishining boshqa turimi, uni aniqlash lozim.

Insomniya uxlay olmaslik

Insomniya – uxlash funksiyasining yo‘qolishi bilan namoyon bo‘luvchi surunkali kasallik. Insomniya bilan 10 % aholi (ba’zi rivojlangan davlatlarda 20 %) aziyat chekadi.

Sabablari

O‘tkazilgan o‘tkir stress, depressiya, parkinsonizm, migren, ensefalit (bosh miyaning yallig‘lanishi) va bosh miya jaroxatlari uyqu yo‘qolishining asosiy sabablaridir. Bir-ikki kunga uxlay olmaslik barchamizda kuzatiladigan odatiy holdir. Bunday holatlar ayniqsa nevroz bilan kasallanganarda ko‘p uchraydi. Biroq, insomniya uzoq yillar uyqu yo‘qolishi bilan namoyon bo‘ladigan kasallik bo‘lib, jiddiy davolanishni talab qiladi.

Belgisi va kechishi

Asosiy belgisi bir necha oylar va yillar mobaynida uxlay olmaslik. Boshqa belgilar kuzatilmaydi. Insomniya bilan kasallangan odamlar boshqa odamlar kabi ishga ham qatnayveradi, aqliy va jismoniy faolligi ham boshqalarnikidan farq qilmaydi. Ular tunlari yaxshi asarlar yozishadi, ixtirolar qilishadi. Masalan, insomniya bilan kasallangan bir advokat zo‘r yuridik qonunlarini tunda o‘ylab topgan va amaliyotga tadbiq qilgan. Agarda insomniya bilan kasallangan bemorda boshqa bir nevrologik buzilishlar aniqlansa, unda bu bemorda jiddiy nevrologik va neyropsixologik kasalliklar aniqlanishi mumkin.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Uyqu gormoni - melatonin. U biz uchun qanchalik muhim?

Davosi

Avvalombor kasallik sabablari bartaraf etilishi kerak. Jismoniy mehnat va sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish kerak. Uxlatuvchi dorilar 10 kun mobaynida ta’sir qilmasa, ularni qabul qilishni to‘xtatish lozim. Nevropatolog yoki neyropsixologga uchrab, ularning maslahatlari bilan ish tuting.

Prof. Ibodullayev Z.R.
«Asab va ruhiyat» kitobi.