Husnbuzar (ugri) chiqishi sabablari va davolash usullari

Husnbuzar ( ugri ) – yo‘g ishlab chiqaruvchi hujayralarning kasalligi, yallig‘lanish natijasida ularning chiqaruvchi yo‘llarida berkilish paydo bo‘ladi. Husnbuzarlar har qanday yoshda uchraydi va sezilarli darajada tashqi ko‘rinishdagi muammolarga sababchi bo‘ladi.

Husnbuzar ( ugri ) paydo bo‘lishiga sabablar

Husnbuzarlarning paydo bo‘lishiga yog‘ bezlari funksiyasining buzilishi ya’ni ularning gipersekretsiyasi sabab bo‘ladi. Bu disfunksiya esa quyidagi faktorlar natijasida kelib chiqadi:

  • Organizmning gormonal qayta qurilishi. Ko‘pincha bu faktor inson balog‘ot yoshiga yetganda yuzaga keladi – steroid gormonlarning ko‘p ajralib chiqishi natijasida yog‘ bezlari ishi kuchayib ketadi. Bu holat insonga irsiy berilgan bo‘ladi. Agar ota-onalarda balog‘ot yoshida husnbuzarlar ko‘p toshgan bo‘lsa, ularning farzandlarida ugrilar paydo bo‘lishi 89 % darajaga yetadi.
  • Hayz ko‘rish siklidan oldingi husnbuzarlar. Ayol organizmida steroid gormonlar doimiy bir xil miqdorda bo‘lmaydi – uning miqdori hayz sikliga bog‘liq bo‘ladi. Hayz siklining oxirgi bosqichlarida gormon miqdori 78 %ga yetadi va shu davrda husnbuzarlar paydo bo‘lishi mumkin. Odatiy kunlarda ayolda husnbuzarlar yo‘q bo‘lsa, hayz ko‘rish kuni yaqinlashgan sari 2-3 dona toshmalar paydo bo‘la boshlaydi.
  • Gormonal husnbuzarlar. Bunday holat o‘smirlik davri bilan bog‘liq emas. Ba’zida katta yoshdagi insonlarni ham husnbuzar toshmalar bezovta qilib turadi. Ularda qandaydir endokrin tizimi tomonidan kamchiliklar bo‘ladi. Masalan, 25 yoshdan katta ayollarda husnbuzarlar paydo bo‘lishi tuxumdon polikistozi bilan tushuntiriladi, erkaklarda esa buyrak usti bezining disfunksiyasi bilan bog‘liq muammolarda.
  • Hazm qilish tizimi kasalliklari. Ko‘pchilik shifokorlar husnbuzarlarning oshqozon ichak tizimi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqligini ta’kidlashadi. Izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, ovqat tarkibida keragidan ortiqcha uglevodlar iste’mol qilish yog‘ bezlarining ishini kuchaytirib yuboradi. Husnbuzarlar gastrit (oshqozon shilliq qavati yallig‘lanishida), pankreatit (oshqozon osti bezi yallig‘lanishida) va disbakteriozda hosil bo‘ladi. Ko‘p hollarda asosiy kasallik davolansa husnbuzarlar ham o‘z o‘zidan yo‘qolib ketadi.
  • Stress. Bevosita stress husnbuzarlar toshishiga olib kelmaydi, lekin ular gormonlar miqdorining o‘zgarishiga olib keladi va buning natijasida husnbuzarlar paydo bo‘ladi.
Foto: Okeydoc.ru

Yuqorida sanab o‘tilgan sabablardan tashqari, yana bir qator muammolar ham husnbuzarlar toshishiga olib keladi. Masalan, immunitetning susayishi, uzoq muddatli yoki surunkali kasalliklarda immunitet sezilarli darajada pasayadi, buning natijasida husnbuzarlar paydo bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Teri leyshmaniozi

Husnbuzarlar tashqi omillar natijasida ham kelib chiqadi, ular ekzogen faktorlar deyiladi va quyidagilani o‘z ichiga oladi:

  • Kosmetika. Barchasi emas, noto‘g‘ri tanlangan kosmetik vositalar. Masalan, ayrim upalar (pudra) noto‘g‘ri foydalanilsa, yog‘ bezlari yo‘lini yopib qo‘yib husnbuzarlar toshishiga olib keladi.
  • Issiq iqlim. Agar husnbuzarlarga moyillik bo‘lsa, faqatgina issiq ob-havo emas, balki namligi yuqori bo‘lgan ob-havo ham ularning paydo bo‘lishiga olib keladi. Chunki bunda organizm ko‘p ter ajratib ba’zida ter bezlari yo‘llari yopilib qoladi.
  • Zaharli moddalar bilan aloqada bo‘lganda. Inson kasbi bilan bog‘liq hollarda, masalan zararliligi ko‘p bo‘lgan ishlar doimiy kimyoviy moddalar, erituvchilar va bo‘yoqlar bilan kontakda bo‘lganda.
  • Dori preparatlari qabul qilganda. Ayrim dori preparatlari ta’sirida ham husnbuzarlar toshadi. Masalan, ayollarda peroral qabul qilinayotgan homiladorlikka qarshi preparatlar to‘xtatilganda, erkaklarda kortikosteroidlar qabul qilganda.

Ajablanarli jihati shundaki, husnbuzarlar hatto gigiyenik qoidalarga o‘ta qattiq rioya qiluvchilarda ham paydo bo‘lib turadi. Ular yuzlarini ko‘p yuvganlari uchun terining tashqi himoyaviy qavatlari yupqalashib ketadi va husnbuzarlar toshish ehtimoli 80 % ga ortib ketadi.

Husnbuzar toshmalari

ugrini davolash
Foto: Medicalnewtoday.com

Yuqoridagi holatlarda paydo bo‘ladigan toshmalar quydagi ko‘rinishlarda bo‘ladi:

Komedonlar. Bu yallig‘lanmagan tuguncha ko‘rinishidagi oq rangli toshmalar, ular tashqi teriga ochiq bo‘lmaydi (yopiq komedonlar). Vaqt o‘tishi bilan ularda chang, yog‘ bezlarining mahsuloti, kir to‘planib – ochiq komedonlarga aylanadi. Ochiq komedonlar cho‘qqisi teriga ochilgan, rangi esa qora bo‘ladi va teri yuzasidan ko‘tarilib turadi.

Pappulez ko‘rinishidagi husnbuzarlar. Mosh kattaligidagi qattiq, teri yuzasidan ko‘tarilib turuvchi qizil-ko‘kimtir rangli toshmalar. Odatda bunday toshmalar butun yuz terisi bo‘ylab toshadi va teriga ga’dir budurlik beradi. Pappulaning oqibati ikki xil bo‘lishi mumkin – ular paydo bo‘ladi va o‘z-o‘zidan yo‘qoladi (qaytar jarayon) yoki pustule ko‘rinishiga o‘tib ketadi.

Pustula ko‘rinishidagi husnbuzarlar. Bular og‘riqli, ichida oqish hosilalar saqlovchi pufakchalardir. Pustulalar odatda issiz (chandiqsiz) yo‘qolib ketishi yoki katta pustulalar hosil qilib yo‘qolganda chandiq hosil qilishi mumkin.

Yuqorida sanab o‘tilgan husnbuzarlar tugun ko‘rinishida yoki kistoz bo‘shliqlar hosil qilib paydo bo‘lishi mumkin, ular aknelarning og‘ir ko‘rinishlaridir. Ularning yo‘qolib ketishi terida chandiqlar hosil bo‘lishi bilan xarakterlanadi.

Husnbuzar toshmalarining paydo bo‘lish bosqichlari

Bemorning holatiga ko‘ra husnbuzarlarning paydo bo‘lishi 4 bosqichga bo‘linadi. Husnbuzarlarning qaysi bosqichida aniqlanganiga qarab davo choralari ham shunga yarasha olib boriladi:

1-bosqich – eng yengil davri, terida yakka yakka holda komedonlar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi, komedonlar ochiq yoki yopiq tipda bo‘lishi mumkin. Bu bosqichda davolash juda oson va oqibati ijobiy bo‘ladi.

Ushbu maqolani ham o‘qing:  Husnbuzar turlari va ularni yo‘qotish usullari

2-bosqich – husnbuzarlar ochiq va yopiq tipdagi ko‘plab komedonlar ko‘rinishida bo‘ladi, bundan tashqari yallig‘langan papullalar ham paydo bo‘ladi. Bu bosqichda davolash imkoni bor va oqibati ham ijobiy. Ammo davolanish davomiyligi kamida 6 haftaga cho‘ziladi.

3-bosqich – husnbuzarlarning og‘ir kechishi bilan xarakterlanadi, teridagi toshmalar yuqoridagi ko‘rinishlarda, ammo judayam ko‘p bo‘ladi, ularda yallig‘lanish yaqqol ko‘zga tashlanadi. Davolanish faqatgina maxsus tanlangan usullar bilangina amalga oshiriladi.

4-bosqich – kamdan kam uchraydigan bosqich. Bu bosqichda ugri elementlarining barchasi terida namoyon bo‘ladi. Davolanish uzoq muddat va jiddiy muolajalar bilan amalga oshiriladi.

Husnbuzarlarni davolash

Husnbuzarlarni davolash qat’iy ravishda kompleks olib borilishi kerak. Faqatgina bir dori preparati yoki kosmetik muolajaning o‘zi bilangina cheklanib qolish kerak emas, uzoq muddat va sabr talab etiladi.

Husnbuzarlarni dorilari bilan davolash

Husnbuzarlarning 2 – bosqichida yallig‘lanish jarayoni boshlanganligi uchun dori preparatlari bilan davolanish talab qilinadi. Shifokorlar quyidagi preparatlarni tavsiya qilishadi:

Benzoilperoksid, tretinoin, azeloin kislota – husnbuzarlarni davolashdagi birinchi guruhdagi vositalar. Ular yallig‘lanishga qarshi va antibakterial ta’sir ko‘rsatishadi. Tretionin esa epiteliy qavatining muguzlanishini normallashtiradi. Ushbu preparatlarning natijasi ularni yetarlicha muddatda qo‘llanilgandagina seziladi, ya’ni 3 oydan kam bo‘lmagan muddatda.

E’tibor bering: sanab o‘tilgan preparatlar teri ta’sirlanishiga va allergik reaksiyalar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin – bunday holatda preparatdan foydalanishni darhol to‘xtating yoki uning miqdorini kamaytiring, ya’ni ularni zararlangan teri sohasiga kamroq surting. Uchchala preparatni bir vaqtning o‘zida qo‘llash mumkin emas – shifokor ulardan ikkitasini tanlashni aytib bera oladi, toshmalar xarakteridan kelib chiqib, albatta.

Antibiotiklar

Husnbuzarlarni davolashda yuqrida sanab o‘tilgan vositalar foyda bermagan hollarda, antibiotiklar tashqi qo‘llash uchun ishlatiladi. Ularga eritromitsin va klindamitsin kabi antibiotiklar kiradi.

E’tibor bering: antibiotiklarni uzoq muddatga foydalanganda ularga o‘rganish paydo bo‘lib, ularning ta’sir effekti kamayib ketishi mumkin.

Antibiotiklar bilan sistemali davolash

Bu yerda antibiotiklarni peroral (ichga) qabul qilish haqida gap ketayapti. Bunday muolajani shifokor tavsiyasiga ko‘ra, husnbuzarlarning o‘rta darajalarida o‘tkazish mumkin. Bemorlarga doksitsiklin va minotsiklin buyuriladi.

Antiandrogenlar

Faqatgina ayollarda husnbuzarlarni davolash uchun tavsiya qilinadi. Ularga gormonal kontroseptiv vositlar buyurilib, tashqi qo‘llash uchun boshqa dorilar bilan birga olib boriladi. Bu gormonlar o‘zida androgen (erkaklik gormoni)ni ko‘p saqlaydi.

Apparatlar bilan davolash

ugri yo‘qotish
Foto: Lipogen.gr

Apparatlar bilan davolash boshqa dori preapartlari bilan kompleks ravishda olib boriladi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Dorsenvall;
  • Krioterapiya;
  • Lazerterapiya;
  • Massaj.

Husnbuzarlarni uy sharoitida davolash

Husnbuzarlarni eng qadimiy xalq tabobati usullari bilan davolash ba’zida samarali natijalar bermasligi mumkin, ular faqatgina kompleks davo uchun qo‘shimcha yordam beradi. Quyidagilar tavsiya qilinadi:

Chistotel o‘simligi nastoykasi. Uni tayyorlash uchun 2 choy qoshiq quritilgan chistotel kukunidan (dorixonalardan topish oson) olib, 500 ml suvga solib qaynatish kerak. Qaynatilgan nastoyka 20-30 daqiqa tindiriladi, so‘ng uni doka bilan filtrdan o‘tkazish kerak. Tayyor bo‘lgan nastoykani zararlangan teri sohasiga primochkalar qilish yo‘li bilan ishlatiladi. Bir sutkada 2 martadan ortiq qo‘llab bo‘lmaydi.

husnbuzarlarni uy sharoitida davolash
Foto: Herbaldoc.ru

Aloe barglari soki. Oddiy aloe o‘simligi barglaridan yulib olinadi, yaxshilab yuvib tashlab, 10 kunga qorong‘u va salqin xonada qoldiriladi. Kutilgan muddat o‘tgandan so‘ng aloe barglarini siqib uning suvini olamiz, u bilan terining zararlangan sohalarini artamiz. Bunday muolajani kuniga 2 marta bajaramiz. Olingan suvni saqlab qo‘yish yaramaydi – chunki uning davolovchi xususiyati yo‘qoladi.

Kalendula nastoykasi. Dorixonalardan bemalol sotib olishingiz mumkin, o‘zingiz tayyorlashingizga hojat yo‘q. Teng hajmda kalendula nastoykasi va asalni aralashtirish kerak. Tayyor bo‘lgan aralashmani terining zararlangan sohasiga kompress qilish kerak. Kuniga 1 mahal muolajani o‘tkazish tavsiya etiladi.

Asetil salitsil kislotasi (aspirin) va asal. Aspirin tabletkasidan 4 dona olib (1 marta foydalanish uchun), uni maydalash va uni suvda eritib aralashma hosil qilish kerak. So‘ngra unga 1 choyqoshiq toza asal solib aralashtiriladi. Tayyor bo‘lgan aralashmani terining zararlangan sohasida 20-30 daqiqaga qoldirish tavsiya etiladi. So‘ng yuzingizni iliq toza suvda yuvib tashlang. Aspirin tromblarni eritish xususiyati bo‘lganligi sababli, terida mahalliy qon aylanishini yaxshilaydi va teri tiklanishiga yordam beradi. Muolajani kuniga 1 marta o‘tkazish tavsiya qilinadi.

Husnbuzarlar bilan kurashishda, albatta, shifokor maslahatlari kerak bo‘ladi. Dori preparatlari va ularning dozasini faqatgina shifokor ko‘rsatmasi bo‘yicha qo‘llash shart! Muammoga har taraflama yondashib uning yechimi topilsa, oqibati ijobiy bo‘ladi.

Asosiysi o‘z vaqtida chora ko‘rishdir. Sog‘ – salomat va doimo go‘zal bo‘lib yuring.

Maqolani baholashni unutmang, iltimos!
1 baho2 baho3 baho4 baho5 baho

Loading...

Telegramdagi rasmiy kanalimizga a’zo bo‘ling!

A’zo bo‘lish
loading...

Tegishli maqolalar

Fikr bildirish

Sizning emailingiz chop etilmaydi. To‘dirish zarur qatorlar * bilan belgilangan.

Close